background
logotype
image1 image2 image3

4-bosqich. 2-tur: Zotus-salosil jangi. Makka fathi oldidan

IV BOSQICH
2-tur: Zotus-salosil jangi. Makka fathi oldidan
Javoblar va izohlar


1. Zotus-salosil jangiga Rasululloh s.a.v. kimni amir etib tayinladilar?
a) Ubayda ibn Jarroh r.a.
b) Amr ibn Os r.a.
c) Xolid ibn Valid r.a.
d) Umar ibn Hattob r.a.
To’g’ri javob: Amr ibn Os r.a.
Izoh: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Shom tepaliklarida turuvchi arab qabilalarining Mu’ta jangida tutgan mavqiflarini, ya’ni ularning rumliklarga qo‘shilib musulmonlarga qarshi urushga kirishganini ko‘rganlaridan keyin bunday voqea yana qaytib takrorlanmasligi uchun u qabilalarni rumliklardan ajratib yuboradigan va musulmonlar bilan munosabatlari iliqlashishishga sabab bo‘ladigan juda katta dono siyosat olib borish zarurligini his qildilar. Bu rejalarini amalga oshirish uchun Amr ibn Osni tanladilar. (“Rohiyq al-maxtum”)

2. Zotus-salosil jangi qachon bo’ldi?
a) 8-hijriy yil, jumodul-avval oyida
b) 8-hijriy yil, jumodul-oxir oyida
c) 8-hijriy yil, rajab oyida
d) 8-hijriy yil, sha’bon oyida
To’g’ri javob: 8-hijriy yil, jumodul-oxir oyida
Izoh: Mu’ta jangidan keyin, sakkizinchi hijriy jumodul-oxira oyida uni mazkur qabila bilan munosabat o‘rnatishga yubordilar. (“Rohiyq al-maxtum”)

3. Zotus-salosil jangiga chiqqan musulmon qo’shinining umumiy soni qancha edi?
a) 300 kishidan ortiq
b) 400 kishidan ortiq
c) 500 kishidan ortiq
d) 700 kishidan ortiq
To’g’ri javob: 500 kishidan ortiq
Izoh: Rasululloh ularga qarshi Amr ibn Os boshchiligida uch yuz muhojirni yubordilar. Bu qo‘shinga madad berish uchun ketma-ket Ubayda ibn Jarroh boshchiligida ikki yuz kishilik qo‘shin jo‘natdilar. (“Nur ul-yaqiyn”)

4. Zotus-salosil jangi jamoalariga Rasululloh s.a.v. jami nechta bayroq tikib berdilar?
a) 1 ta
b) 2 ta
c) 3 ta
d) 4 ta
To’g’ri javob: 3 ta
Izoh: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Amr ibn Osga bitta oq va bitta qora bayroq tikib berdilar va uni muhojir va ansorlardan tashkil topgan uch yuz kishilik jamoaga bosh qilib yubordilar, ichlarida o‘ttizta otliq ham bor edi. Unga yo‘l-yo‘lakay Baliy, Uzra va Balqayn qabilalaridan yordam olishni buyurdilar. Ushbu qo‘shin kunduzlari yashirinib, tunlari yo‘l bosib, dushman diyoriga yaqinlashgach, Amrga dushmanning soni ancha ko‘pligi haqida xabar yetib keldi. Shundan so‘ng u Rofi’ ibn Makis al-Juhaniyni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga qo‘shimcha kuch so‘rab yubordi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Abu Ubayda ibn Jarrohni ikki yuz kishilik jamoa bilan unga madadga yubordilar. Unga ham alohida bayroq tikdilar. (“Rohiyq al-maxtum”)

5. Zotus-salosil jangi amiri jang haqidagi xushxabarlarni bildirish uchun kimni Rasululloh s.a.v. huzuriga jo’natdi?
a) Avf ibn Molik r.a.
b) Rofe’ ibn Makis r.a.
c) Horis ibn Umayr r.a.
d) Shujo’ ibn Vahb r.a.
To’g’ri javob: Avf ibn Molik r.a.
Izoh: Shundan so‘ng Amr ibn Os o‘zlarining sog‘-salomat ekanliklari va jang haqidagi xabarlarni bildirish uchun Avf ibn Molik al-Ashja’iyni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga chopar qilib yubordi. (“Rohiyq al-maxtum”)

6. Zotus-salosil jangi amiri ustidan qaysi masalada Rasulullohga shikoyat qilishdi?
a) Izg’irinli kechada olov yoqtirmaganidan.
b) Qochayotgan dushman ortidan quvishga ruxsat bermaganidan.
c) Junub holiday imomlikka o’tganidan.
d) Barcha javoblar to’g’ri.
To’g’ri javob: Barcha javoblar to’g’ri.
Izoh: Ular Madinaga yetib kelganlarida Rasululloh odatlaricha safarda nimalar bo‘lganini so‘rab-surishtirdilar. Sahobalar Amr ibn Osdan norozi bo‘lib, izg‘irinli kechalarda gulxan yoqtirmaganidan, qochayotgan dushmanning orqasidan quvishga yo‘l qo‘ymaganidan, junub holatida namoz o‘qiganidan shikoyat qilishdi. Payg‘ambar alayhis-salom Amr ibn Osdan nega bunday qilganini so‘radilar. "Dushman sonimiz ozligini bilib qolmasin deb o‘t yoqishga ruxsat bermadim, yo‘lda ganimning pistirmasi bo‘lishi mumkinligidan xavfsirab qochayotganlarning orqasidan quvishni ta’qiqladim, Ollohning Qur’ondagi: "O’zinglarni o‘zinglar halok etmanglar", degan oyatiga binoan g‘usldan o‘zimni tiydim, yuvinsam sovuqda shamollab o‘lishim mumkin edi. Shu sababli tayammum qilib namoz o‘qiyverdim", dedi lashkarboshi. Payg‘ambar miyig‘ida kulimsirab, Amr ibn Osni. aql bilan ish tutgani uchun maqtadilar. (“Nur ul-yaqiyn”)

7. Qizil dengiz bo’yidagi Juhayna qabilasi bilan jang qilishga Rasululloh s.a.v. kimni yubordilar?
a) Abu Qatoda r.a.
b) Abu Ubayda r.a.
c) Amr ibn Os r.a.
d) Sa’d ibn Uboda r.a.
To’g’ri javob: Abu Ubayda r.a.
Izoh: Shu yilning rajab oyida Rasululloh Abu Ubayda Omir ibn Jarroh boshchiligida uch yuz kishilik qo‘shinni Qizil dengiz bo‘yidagi Juhayna qabilasi bilan jang qilishga jo‘natdilar. (“Nur ul-yaqiyn”)

8. Qizil dengiz bo’yidagi Juhayna qabilasi bilan jang qilishga borgan musulmon qo’shini soni qancha edi?
a) 100 kishi
b) 200 kishi
c) 300 kishi
d) 70 kishi
To’g’ri javob: 300 kishi
Izoh: Shu yilning rajab oyida Rasululloh Abu Ubayda Omir ibn Jarroh boshchiligida uch yuz kishilik qo‘shinni Qizil dengiz bo‘yidagi Juhayna qabilasi bilan jang qilishga jo‘natdilar. (“Nur ul-yaqiyn”)

9. Qizil dengiz bo’yidagi Juhayna qabilasi bilan jang qilishga borgan musulmon qo’shiniga o’z tuyalarini so’yib yedirga sahoba kim edi?
a) Qays ibn Sa’d r.a.
b) Sa’d ibn Ma’oz r.a.
c) Mu’oz ibn Jabal r.a.
d) Sa’d ibn Uboda r.a.
To’g’ri javob: Qays ibn Sa’d r.a.
Izoh: Qays ibn Sa’d ibn Uboda degan mard yigit bo‘lib, u uch kun mobaynida uchta tuyasini so‘yib, odamlarga yedirdi. (“Nur ul-yaqiyn”)

10. Haziraga yuborilgan 15 kishilik qo’shinga Rasululloh s.a.v. kimni amir qilib tayinladilar?
a) Abu Qatoda r.a.
b) Abu Ubayda r.a.
c) Amr ibn Os r.a.
d) Sa’d ibn Uboda r.a.
To’g’ri javob: Abu Qatoda r.a.
Izoh: Ushbu sariyyani 8-hijriyning sha’bon oyida yubordilar. Sababi – Banu G’atafon Najd o‘lkasidagi Muhorib qavmiga qarashli Xazira degan joyda jamlanayotgani xabari yetib keldi. Shu bois Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularga qarshi Abu Qatodani o‘n besh kishilik sariyyaga bosh qilib yubordilar. Sariyya u yerga yetib borib, ba’zilarini o‘ldirib, asir va g‘animatlar bilan o‘n besh kun deganda Madinaga qaytib keldi. (“Rohiyq al-maxtum”)

11. Makka fathining amalga oshishiga turtki bo’lgan sabab nima edi?
a) Hudaybiya sulhining buzilishi.
b) Qurayshning yahudiy qabilalari bilan birlashib Madinaga hujum qilish haqidagi rejasi.
c) Quraysh bo‘ysunmaguncha arablar yalpisiga bo‘ysunmasligi uchun uning fath qilinishi shartligi.
d) Makkaning uch buyuk sarkardasi musulmonlar safiga qo’shilib, ularning qo’shin soni ham ortganligi.
To’g’ri javob: Hudaybiya sulhining buzilishi.
Izoh: Dardni yashirsang isitmasi oshkora qiladi deganlaridek, Quraysh va uning shartnomadoshi Bani Bakr o‘z dushmanliklarini tutib tura olmay Hudaybiya sulhini buzishdi. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)

12. Hudaybiya sulhiga ko’ra, Quraysh bilan ittifoq bo’lgan qabila qaysi edi? 
a) Bani Ka’b 
b) Huzo’a 
c) Bani Bakr
d) Havazon
To’g’ri javob: Bani Bakr
Izoh: Hudaybiya sulhida «kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shartnomasiga qo‘shilmoqchi bo‘lsa qo‘shilaverishi, shuningdek, kim Qurayshning shartnomasiga qo‘shilmoqchi bo‘lsa qo‘shilaverishiga kelishilgan edi. Ana o‘sha bandga binoan Bani Bakr Qurayshning, Xuzo’a Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shartnomasiga qo‘shilgan edilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)

13. Bani Bakrning Xuzoaga hujumi qaysi oyda bo’lib o’tdi?
a) Rajab
b) Sha’bon
c) Ramazon
d) Shavvol
To’g’ri javob: Sha’bon
Izoh: Sakkizinchi hijriyning sha’bon oyida Navfal ibn Muoviya ad-Diyliy boshchiligidagi bir guruh Banu Bakrliklar Vatir degan joyda turgan Xuzo’a qabilasiga tunda bosqin uyushtirib, bir qancha odamlarini o‘ldirishdi. (“Rohiyq al-maxtum”)

14. Bani Bakr hujumi oqibatida Xuzoa qabilasidan necha kishi o’ldi?
a) 7 kishi
b) 10 kishi
c) 20 kishi
d) 32 kishi
To’g’ri javob: 20 kishi
Izoh: Bakr qabilasi Huzoa qabilasiga hujum qilib, tinchgina yashayotgan yigirma chog‘li odamni o‘ldirdi. (“Nur ul-yaqiyn”)

15. Bani Bakrning qilmishi haqida Rasululloh s.a.v.ga xabar berib, bayt aytgan kim edi?
a) Budayl ibn Varqo’ al-Huzo’iy
b) Amr ibn Solim al-Huzo’iy
c) Harom ibn Umayya al-Huzo’iy
d) Ummu Ma’bad al-Huzo’iyya
To’g’ri javob: Amr ibn Solim al-Huzo’iy
Izoh: Mazkur hodisalardan keyin Xuzo’a qibilasining odamlaridan Amr ibn Solim al-Xuzo’iy o‘z qabilasidan qirq otliq bilan Madinai Munavvaraga qarab yo‘l oldi. U to‘g‘ri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borib tik turgan holda bayt o‘qidi. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)

16. Rasululloh s.a.v. bo’lib o’tgan voqealardan so’ng Qurayshga odam yuborib, uch taklifdan birini tanlashlarini aytdilar. Ularning boshliqlari nimani tanladilar?
a) Xuzo’alik o‘ldirilgan kishilarning xunini to‘lash.
b) Xuzo’aga qarshi hujum uyushtirgan Bani bakrliklarni o‘z sherikligidan chiqarish.
c) Ahdni buzib urush holiga o‘tish.
d) a va b.
To’g’ri javob: Ahdni buzib urush holiga o‘tish.
Izoh: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Solimga yordam berilishi haqida gapirgan bo‘lsalar ham haqiqatni tekshirib, gapning rostini tekshirib ko‘rdilar. U zot sollallohu alayhi vasallam Qurayshga odam yuborib xabarni aytdilar va ularni uch narsada birini tanlashga chaqirdilar:
Xuzo’alik o‘ldirilgan kishilarning xunini to‘lash.
Xuzo’aga qarshi hujum uyushtirgan Bani bakrliklarni o‘z sherikligidan chiqarish.
Ahdni buzib urush holiga o‘tish.
Ularning boshliqlaridan biri ahdni buzib urush holiga o‘tishni ixtiyor qilganlarini aytib javob berdi. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)

17. Makka fathidan oldin Quraysh qabilasi boshlig’i kim edi?
a) Hakim ibn Hizom
b) Abu Sufyon ibn Harb
c) Safvon ibn Umayya
d) Ikrima ibn Abu Jahl
To’g’ri javob: Abu Sufyon ibn Harb
Izoh: O’zining bu xiyonati javobsiz qolmasligiga aqli yetgan Qurayshning paytavasiga qurt tushib, qanday qilib bo‘lmasin, bu qilmishining yomon oqibatini oldini olish harakatiga tushib qoldi. Shu maqsadda o‘tkazilgan maslahat kengashi qarori bilan Quraysh yetakchisi Abu Sufyon sulhni yangilab kelish uchun Madinaga vakil qilib yuborildi. (“Rohiyq al-maxtum”)

18. Sulhni yangilash uchun Madinaga borgan Abu Sufyon shaharda birinchi bo’lib kimga uchradi?
a) To’g’ri Rasululloh huzurlariga kirib, sulhni yangilash taklifini aytdi. 
b) Mo’minlar onasi Ummu Habibaning oldiga kirdi.
c) Xuzo’alik Budayl ibn Varqo bilan uchrashdi. 
d) Rasululloh s.a.v. masjidlariga kirishdan avval Abu Bakr r.a. bilan uchrashdi.
To’g’ri javob: Mo’minlar onasi Ummu Habibaning oldiga kirdi.
Izoh: O’sha vaqtda shirk jamoasining boshlig‘i bo‘lgan Abu Sufyon ibn Harb Madinai Munavvara tomon yo‘lga chiqdi. Shu bilan birga u Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qayinotasi ham edi. Ha, uning qizi Ummu Habiba roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari, mo‘minlarning onalaridan biri edi. Abu Sufyon shuning uchun ham Madinai Munavvaraga yetib borgandan so‘ng to‘g‘ri o‘z qizi Ummu Habibaning oldiga kirib bordi. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)

19. Ummu Habiba r.a. Abu Sufyondan Rasululloh s.a.v.ning ko’rpachalarini tortib olarkan, unga aynan nima dedi?
a) “Sen mushriksan, najassan!”
b) “Sen kofirsan, jirkanchsan!”
c) “Sen mushriksan, hayvonsan!”
d) “Sen do’zax ahlidansan!”
To’g’ri javob: “Sen mushriksan, najassan!”
Izoh: Abu Sufyon Madinaga kelib, qizi Ummu Habiba – ummul mu’miniyn – oldiga kirdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning to‘shaklariga o‘tirmoqchi bo‘lganida Ummu Habiba to‘shakni yig‘ishtirib qo‘ydi. Undan: «Ey qizim, meni bu to‘shakka ravo ko‘rmadingmi yoki to‘shakni menga ravo ko‘rmadingmi?», deb so‘ragan edi, u: «Bu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning to‘shaklari, siz mushrik, najassiz», deb javob berdi. Abu Sufyon: «Qasamki, mendan ketganingdan so‘ng senga yomonlik yetibdi», dedi. (“Rohiyq al-maxtum”)

20. Abu Sufyonga odamlardan omonlik so’rab, Makkaga jo’nab qolishni kim maslahat berdi?
a) Budayl ibn Varqo.
b) Xolid ibn Valid r.a.
c) Umar ibn Hattob r.a.
d) Ali ibn Abu Tolib r.a.
To’g’ri javob: Ali ibn Abu Tolib r.a.
Izoh: Parishonligi yanada ziyoda bo‘lgan Abu Sufyon hazrati Aliga murojaat qilib:
«Ey, Abul Hasan! Qiyin ahvolda qoldim, menga maslahat ber», dedi.
«Senga foyda beradigan biror narsani ko‘rmayapman. Lekin sen Bani Kanonaning sayyidisan. Turib odamlardan omonlik so‘raginda o‘z ahling tomon yo‘l ol», dedi unga hazrati Ali roziyallohu anhu.
Abu Sufyon masjidga kirib:
«Ey, odamlar! Men odamlardan omonlik so‘rayman», dedi-da tuyasiga minib jo‘nab qoldi. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.