background
logotype
image1 image2 image3

Navfal ibn Horis

Navfal ibn Horis ibn Abdulmuttalib (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimiz (sol­lallohu alayhi va sallam)ning amakivachchalari, Abu Sufyon ibn Horisning akasi. Hadis kitoblari va tarixiy manbalarda to‘ng‘ich o‘g‘liga nisbatan Abu Horis (Horisning ota­si) degan kunyasi bo‘lgani qayd etilgan.

Navfal ibn Horis (roziyallohu anhu) Quraysh qabilasining Banu Hoshim urug‘ida dunyoga kelgan. Uning tavallud sanasi yoki necha yoshda vafot etgani haqida ma’lumotlar uchramaydi. Shunisi ma’lumki, Navfal ibn Horis amakisi Hamza va Abbos (roziyallohu anhumo)dan katta bo‘lgan.

Otasi Horis ibn Abdulmuttalib ibn Hoshim ibn Abdumannof ibn Qusay Rasulul­loh (sollallohu alayhi va sallam)ga amaki bo‘ladi. Uning payg‘ambarlik davrigacha yashagani, musulmon bo‘lgani haqida ma’lumotlar mavjud emas.

Onasi G‘oziya bint Qays ibn Torif ibn Abduluzzo ibn Omira ibn Umayra. Uning ham islomni qabul qilgan-qilmagani haqida ma’lumotlar yo‘q.

Navfal ibn Horis (roziyallohu anhu)­ning Horis, Abdulloh, Abdurahmon, Robia, Said, Mug‘ira ismli o‘g‘illari hamda Ummu Said, Ummu Mug‘ira va Ummu Hakim ismli qizlari bo‘lgan. Ular ichida Abdulloh ibn Navfal Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga juda o‘xshash bo‘lib, Madina shahrining birinchi qozisi bo‘lgan. Ummu Said fiqhda kuchliligi, Ummu Mug‘ira esa Ali ibn Abu Tolibga yaqinligi bilan ajralib turgan.

U qabilasining eng badavlat kishilaridan bo‘lib, saxovati bilan ham mashhur edi. Musulmon bo‘lguniga qadar Navfal (roziyallohu anhu) amakisi Abbos bilan sherikchilikda ish olib borar edi. Risolatning ilk davrida Navfal ibn Horis qalbida mo­yillik bo‘lsa-da, Islom dinini qabul qilmay turgan.

Hijratdan keyin bo‘lib o‘tgan Badr jangida majburan makkaliklar tomonida urushga chiqqan. Jangda mushriklar yengilgach, asir tushadi va mingta nayza evaziga o‘zini ozod qiladi.

Navfal ibn Horis (roziyallohu anhu) Badr jangidan so‘ng, Abbos ibn Abdulmut­talib bilan bir vaqtda musulmon bo‘ldi. Shundan keyin, ikkovi ham Makkaga qaytib ketdilar. Manbalarda Banu Hoshimdan Islom dinini qabul qilganlarning eng yoshi ulug‘i bo‘lgani qayd etiladi.

Navfal ibn Horis (roziyallohu anhu) Xandaq jangi kunlari Abbos (roziyallohu anhu) bilan birga Madinaga hijrat qildi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) masjidlari oldidan ikkisiga hovli-joy ajratib berdilar. O‘sha vaqtdagi odatga ko‘ra, Payg‘ambar Navfal ibn Horisni johiliyat davridagi hamkori Abbos ibn Abdulmuttalib bilan birodar qilib qo‘ydilar.

Payg‘ambarimiz (alayhis­salom) hazrat Navfal haqida faqat yaxshi gaplarni aytardilar. U zot Rasululloh (sol­lallohu alayhi va sallam)ga kuchli muhabbat bilan bog‘langan, quvvatli imon va jasoratli qalb egasi edi.

Navfal ibn Horis (roziyal­­lohu anhu) «Bay’atur rizvon»da hamda Makka, Hunayn va Toif fathlarida ishtirok etdi. Hunayn jangida u Payg‘am­bar (alayhissalom)ning o‘ng tomonlarida turgan va jang uchun uch mingta nayza bergan.

Navfal ibn Horis (roziyallohu anhu) Abu Bakr Siddiq va Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) xalifaliklari davrini ham ko‘rgan. U kishidan rivoyat qilingan hadislarining aniq soni ma’lum emas.

Navfal ibn Horis (roziyallohu anhu) 15/636 yil, ba’zi manbalarga ko‘ra hijriy 20-yili (milodiy 641 y.) Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) xalifaligi davrida vafot etgan. Janozani xalifa hazrat Umar (roziyallohu anhu)­ning o‘zlari o‘qiganlar, Baqi’ qabristoniga dafn etilgan.

“Mo‘‘jamus sahobaˮ, “Al-Isoba fiy tam­yizis sahobaˮ, “Usudul g‘oba fiy ma’rifatis sahobaˮ kitoblari asosida Salohiddin Siddiqov tayyorladi | Hidoyat.uz


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.