background
logotype
image1 image2 image3

Fiqhning ta'rifi

"Fiqh" so‘zining lug‘aviy ma’nosi "idrok etmoq", "anglamoq", "tushunib yetmoq"dir. Istilohda esa bu so‘z, ochiq dalillar bilan buyurilgan amallar, ya’ni bevosita etiqodga tegishli bo‘lmagan namoz, ro‘za, zakot kabi masalalarga oid shariy hukmlarni o‘rganish ilmini anglatadi.

Foydalari:

— Alloh taoloning rizoligiga mos amallarni to‘g‘ri ado etishni o‘rgatadi;
— dunyoda baxtli, saodatli bo‘lish, jaholat jarligidan bilim cho‘qqisiga yuksalish yo‘lini ko‘rsatadi;
insonlarga foydali va zararli bo‘lgan narsalarni bayon qilish imkoniyatini beradi; oxiratda esa, do‘zaxdan saqlanib, jannatdagi abadiy ne’matlarga yetishuvimizga sabab bo‘ladi.

Shariy hukmlarning qismlari

Shariy hukmlar quyidagi qismlarga ajratilgan:

1. Farz 
Farz qat'iy, ochiq shariy dalil bilan bajarilishi amr etilgan amaldir. Besh vaqt namoz, ro‘za, zakot kabi.

Farzning hukmi
Farzni inkor qilgan kishi kofir bo‘ladi. Ishonib, amal qilmagan kishi fosiq bo‘lib, Alloh taolo tomonidan belgilangan jazoga loyiq bo‘ladi.
Farz ham ikki qismdir: farzi ayn va farzi kifoya.
a) Farzi ayn mukallaf har bir kishi bajarishi shart bo‘lgan farzdir. Besh vaqt namoz, ro‘za, zakot kabi.
Mukallaf har bir kishi bu amallarni shaxsan o‘zi bajarishi zarur. Bir qism odamlarning farzi aynni bajarishi boshqalar zimmasidan bu masuliyatni soqit qilmaydi.
b) Farzi kifoya ba’zi musulmonlar bajarishi bilan boshqalar zimmasidan tushadigan farzdir. Masalan, janoza namozini o‘qish kabi.
Farzi kifoyani hech kim ado etmasa, barcha gunohkor bo‘ladi.

2. Vojib 
Ochiq bo‘lmagan shariy dalillar bilan bajarilishi takidlangan amal (Ramazon va Qurbon hayiti namozlari, namozda (zam suradan avval) Fotiha surasini o‘qish kabi).
Hukmi. Bajarilishi lozim (vojib) bo‘lib, uni inkor etgan kishi kofir bo‘lmaydi. Vojibni bajargan kishi savob oladi. Tark qilgan kishi esa, jazoga loyiq bo‘ladi.

3. Sunnat 
Sunnat ikki qismga bo‘linadi:
a) Sunnati muakkada: Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam, har doim bajarib, juda kam holatlarda tark qilgan sunnatlaridir Tahoratda og‘zini suv bilan chayish kabi.
b) Sunnati g‘ayri muakkada: Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam, ba’zan bajarib, ba’zan tark qilgan sunnatlaridir.
Hukmi. Sunnat amalni bajargan kishi savobga erishadi. Uni tark qilish karih va zararlidir.

4. Harom 
Qattiy, ochiq shariy dalillar bilan bajarilishi taqiqlangan amal. Zino, o‘g‘rilik qilmoq kabi.
Hukmi. Harom ishni qilgan kishi do‘zax azobiga giriftor bo‘ladi. Tark qilgan kishi esa, Allohning amriga itoat qilgani uchun savobga erishadi, haromni inkor qilgan odam kofir bo‘ladi.

5. Karohati tahrimiya 
Ochiq bo‘lmagan dalillar bilan bajarilishi taqiqlangan amal. Boshqa kishining savdo-sotig‘iga daxl qilib, u olmoqchi bo‘lgan molni olish yoki boshqa kishi sovchi qo‘ygan qiz yoki ayolning qo‘lini, u voz kechmasdan oldin so‘rash kabi.
Hukmi. Buni qilgan odam harom ishni bajargan kabi azobga duchor bo‘ladi. Lekin inkor qilgan kishi kofir bo‘lmaydi.

6. Karohati tanzihiya
Ochiq bo‘lmagan shariy dalillar bilan bajarilishi taqiqlangan amallar.
Hukmi. Bu amalni bajargan kishiga hech qanday jazo va dashnom berilmaydi. Lekin yaxshi va fazilatli amallarning aksini qilgan bo‘ladi.

7. Muboh 
Qilish yoki qilmaslikda insonlar erkin bo‘lgan amal.
Hukmi. Bajarilgan paytda savob ham, tark etilgan paytda jazo ham berilmaydi.

"Nurul izoh"dan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.