background
logotype
image1 image2 image3

Rofeʼ ibn Xudayj

Nabiy alayhissalomning madrasalarini bitirgan orif bu yigit fiqh va balog‘atda ibratga aylandi. Buyuk muallimning foydali, hikmatli ta’limi sabab zuhd va imonda kattalar erishmagan darajaga yetishdi.

Rofe’ ibn Xudayj ibn Rofe’ Ansoriy, Avsiy, Horisiy. Hijratdan oldin, 12 yilda Madinada tug‘ildi. Islom va imonda voyaga yetdi. Mohir chavandoz. Nabaviy hadis roviylaridan. Kunyasi: Abu Abdulloh. Ba’zilar uni Abu Rofe’, deb atashgan. Ayrimlar esa Abu Xudayj Ansoriy, deyishadi. Otasi: Xudayj ibn Rofe’ ibn Zayd ibn Adiy. Onasi: Halima binti Mas’ud ibn Sinon ibn Omir. Farzandlari: Sahl, Abdurahmon, Rifoa, Ubaydulloh, Ziyod, Oysha, Ummu Abdulloh, Abdulloh, Ibrohim, Haboba, Usayd, Amoma, Abdulhamid.

Badr g‘azotida qatnashish istagida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga murojaat etdi. Ammo yoshi kichikligi sababli jangdan qoldi.

Uhud kuni ham bir necha yosh sahobalar jangda qatnashish istagini bildirishdi. Nabiy alayhissalom ularga ruxsat bermadilar. Rad javobini olganlar qatorida Samura ibn Jundab roziyallohu anhu ham bor edi. Ammo bu safar Rofe’ ibn Xudayj roziyallohu anhuga ruxsat tegdi. Bundan xabar topgan Samura ibn Jundab roziyallohu anhu Muray ibn Sinonga: “Otajon! Payg‘ambarimiz alayhissalom Rofe’ga Uhudga borishga izn beribdilar. Axir men kurashda Rofe’ni yengib qo‘yaman-ku!” dedi. Shundan keyin Muray ibn Sinon Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib: “Ey Allohning rasuli, o‘g‘limni jangga chiqishdan qaytarib, Rofe’ga ruxsat beribsiz. O‘g‘lim uni kurashda yenga oladi”, dedi. Nabiy alayhissalom ikkisiga qarab: “Qani kurash tushinglar-chi”, dedilar. Chindan ham Samura ibn Jundub Rofe’ni yengdi. Shundan so‘ng Nabiy alayhissalom ikkisiga ham ruxsat berdilar.

Uhud kunida Rofe’ga o‘q tegdi. Bu holni ko‘rib Nabiy alayhissalom: “Istasang, o‘qni sug‘urib ol, tig‘i qolsin. Qiyomat kuni shahidligingga guvohlik beray», dedilar. Rofe’ o‘qni sug‘urib oldi. Tig‘i esa badanida qoldi.

Uhuddan keyin ham Rofe’ roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalomning yonlarida, G‘azot va sariyalarda ishtirok etdi. U juda shijoatli edi. Doimo solih amallarda peshqadam bo‘lishga va ibodatni mahkam tutishga va ilm talab etishga qiziqardi.

Umrining aksar qismini din yo‘lida mashaqqat chekish bilan o‘tkazdi. Shunga qaramay mehnat qilishni yaxshi ko‘rardi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ilmda peshqadam sahobalaridan bo‘lishi bilan birga dehqonchilik qilardi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam yonlarida ko‘proq vaqt o‘tkazgisi kelardi. U zot alayhissalomning xulqlari bilan xulqlanib, ta’limlarini oldi va hayotiga tatbiq etdi.

Said Ibn Masayyab aytadi: Rofe’ ibn Xudayjning Havla binti Muhammad ibn Maslama ismli ayoli bo‘lardi. Yoshi kattaligi yoki boshqa bir sababmi, Rofe’ uni taloq qilmoqchi bo‘ldi. Shunda xotini: “Taloq qilma, men uchun qanday taqsimot qilsang, o‘shanga roziman» deb aytdi. Mana shundan keyin Niso surasi 128-oyati oyati nozil bo‘ldi: “Qaysi bir xotin eridan (unga nisbatan) ko‘ngilsizlik yoki voz kechishdan qo‘rqsa, ikkalasi o‘rtalarini isloh qilib olishlarida ularga gunoh yo‘qdir. Sulh (ajralishdan) yaxshiroqdir”.

Rofe’ roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan keyin ham shijoatidan voz kechmadi. Din yo‘lida jonbozlik ko‘rsatdi. Xalifalar davrida ko‘plab o‘lkalarning fath etilishiga hissa qo‘shdi. Umar roziyallohu anhu davrida, fathlarning birida qo‘shinga qo‘mondonlik qildi. Usmon roziyallohu anhu davrida Yamomaga voliy bo‘ldi. Hazrat Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu bilan Siffinda ishtirok etdi. Muoviya ibn Abu Sufyon zamonida va undan keyin ham Madinai munavvarada fatvo berdi. 

Hazrat Usmon ibn Affon qamal qilingan Dar kuni, qattiq chanqoqlikdan shikoyat qildi. Buni ko‘rgan Rofe’ ibn Xudayj o‘rnidan shiddat bilan turdi. U bilan o‘g‘illari Abdulloh va Ubaydulloh hamda Asbaxonni fath qilishganda asir olingan g‘ulomlari turishdi. Rofe’ qurollangach, qolganlar ham qurollanishdi. Rofe’: “Allohga qasam, toki Usmon roziyallohu anhuga suv keltirib bermagunimgacha aslo ortimga qaytmasman”, deb aytdi… Ushbu hodisada Nabiy alayhissalomning xalifalariga yordam berish uchun Rofe’ning haq va adolat bilan turishida buyuk bir ibrat namoyon bo‘ldi.

Aytib o‘tganimizdek, Rofe’ ibn Hudayj sahobalarning faqih va muhaddislaridan biri bo‘lgan. U hadislarni tahlil va tafsir qilishda bilim va tajribaga ega edi. Ibn Sa’d rahimahulloh “Tabaqot” asarida bunday keltiradi: “Ibn Abbos, Ibn Umar, Abu Said Xudriy, Abu Hurayra, Abdulloh ibn Amr ibn Os, Jobir ibn Abdulloh, Rofe’ ibn Xudayj, Salama ibn Akva’, Abu Voqid Laysiy va ular kabi sahobalar Madinada fatvo berishardi”.

Rofe’ roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda amakisi Zuhayr ibn Rofe’dan hadis rivoyat qildi. Rofe’ ibn Xudayj roziyallohu anhu bunday rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, Ibrohim alayhissalom Makkani (urush va gunoh ishlardan) harom etdi. Men esa ushbu ikki tepalik orasini (Madinani) harom qildim”, dedilar».

Bu kishidan Bashir ibn Yasor, Hanzala ibn Qays, Soib ibn Yazid, Ato ibn Abu Raboh, Mujohid ibn Jabr, Nofe’ mavlo ibn Umar, o‘g‘li Rifoa va boshqalar hadis rivoyat qilishdi.

Imom Zahabiy “Siyar” kitobida Rofe’ ibn Xudayj roziyallohu anhu haqida bunday degan: “Imom Buxoriy va Muslim u kishidan 78 ta hadis rivoyat qildi”. Shuningdek, Rofe’ roziyallohu anhu Muhammad ibn Sirin, Ato ibn Abu Raboh, Tovus ibn Kayson, Mujohid va Sha’biy kabi ilmda tengsiz tobeinlarning ustozidir.

Rofe’ ibn Xudayj Uhud kuni badanida qolgan o‘q tig‘i bilan Marvon ibn Abdulmalik davrigacha yashadi. So‘ng Madinai munavvarada hijratning 74 yoki 75 yili, 86 yoshida vafot etdi. Uning janozasida Ibn Umar roziyallohu anhu ishtirok etdi.

Robiya Mannobjonova tayyorladi | “Islom nuri” gazetasi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.