background
logotype
image1 image2 image3

Mehron ibn Mofina

Safina roziyallohu anhuning ismlari Mehron ibn Mofina bo‘lib kunyalari Abu Abdurrahmon bo‘lgan. Asli fors bo‘lganlar. U kishi Ummu Salama roziyallohu anhoning quli bo‘lgan. Ummu Salama hayotining oxirigacha Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xizmat qilish sharti bilan uni ozod qilgan. Bu buyuk sahoba hayotlarining oxirigacha habibimiz sollallohu alayhi vasallamga xizmat qilganlar. Va payg‘ambarimizning mavlolariga aylanganlar. Shuning uchun tarix kitoblarida u kishini «Safina mavla rasulillah ya’ni payg‘ambar ozod qilgan Safina», deb zikr qilingan.

U kishini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari safina(ya’ni kema), deb nomlaganlar. Bu haqida Safina roziyallohu anhuning o‘zlari: «Safarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan birga edik. Bir vodiyga borib to‘xtadik. Men safardagi bir necha kishining yukini ko‘tarib olgan edim. Agar o‘sha kuni menga yetti tuyaga yuk bo‘ladigan og‘irlikni ortganlarida ham, hech qanaqa qiyinchiliksiz ko‘targan bo‘lardim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni ko‘rib: «Sen Safinasan», dedilar», degan. (Haytamiy va Ahmad rivoyati)

U kishi o‘n to‘rtta hadis rivoyat qilganlar. U kishidan ikki o‘g‘illari Umar va Abdurrahmon, Hasan Basriy, Said ibn Jamhon, Muhammad ibn Munkadar va boshqalar hadis rivoyat qilgan. U kishidan rivoyat qilingan hadislar Imom Muslim, Termiziy va Abu Dovud rahmatullohi alayhimlarning kitoblarida keltirilgan.

U kishi bilan sodir bo‘lgan g‘aroib narsalardan birini o‘zlari quyidagicha rivoyat qilganlar: «Dengizda suzib ketayotgan edik. To‘fon natijasida kemamiz sindi. Kema parchalaridan qolgan yog‘ochga osilib, bir orolga suzib keldim. bu orolda sherlar juda ko‘p ekan. To‘satdan katta sherga ro‘paro‘ keldim. Sher manga hamla qilmoqchi bo‘ldi. Men unga: «Men Safina Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari bo‘laman. Yo‘lda adashib qoldik», dedim. Haligi sher boshini silkitib yelkasi bilan mani turtdi va oldimga tushib yo‘l ko‘rsatdi. Bu oroldan chiqib ketadigan yo‘lning boshiga mani keltirib o‘zi xuddi men bilan xayrlashganday, orqaga qaytdi». (Bazzor va Tabaroniy rivoyati)

Yuqoridagi hodisa Usmon roziyallohu anhuning xalifalik zamonlarida bo‘lgan.

U kishi Iroqda Hajjoj ibn Yusuf davrida yetmishinchi hijriy sanadan keyin favot etganlar.

Vasila Nurmuhammedova | Muslim.uz


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.