background
logotype
image1 image2 image3

Zakot kitobi

ZAKOT KITOBI

"Zakot" so‘zi lug‘atda bir necha ma’noni ifoda qiladi. Bulardan eng muhimlari: poklanish, ortish, rivojla-nish. Istilohda esa belgilangan mikdordagi molni ma’-lum shartlarga binoan, uni olishga haqdor bo‘lgan kishiga berishdir.

Hukmi, farz bo‘lishi va hikmati

Zakot qat’iy farz amal bo‘lib, Islomning besh asosiy ruknlaridan biridir. Zakot hijratning ikkinchi yili farz qilindi. Uning yuksak va beqiyos hikmatlaridan asosiylari quyidagilardir:
1. Boylarni najot topganlardan bo‘lishlari uchun baxillik kasalidan poklash, ularni foydali ishlarga o‘rgatish. Chunki Alloh taolo Hashr surasining to‘qqizinchi oyatida buyuradi: "Kimki o‘z nafsining baxilligidan saqlansa, bas, ana o‘shalar najot topguvchilardir" (mazmuni).
2. Faqir va ojiz kishilarga yordam berish, shu orqali ojiz va muhtoj kishilarning dardlariga darmon bo‘lish, ularning g‘am va qayg‘ularini yengillatish. Mana shu tarzda boylar bilan kambag‘allar orasida hurmat muhabbat, birdamlik va mehr-shafqat paydo bo‘ladi va yaxshilik kuchayadi.
Islom dunyosida asarlari buyuk ishtiyoq va zavq bilan o‘qiladigan Shayx Sa’diy "Bo‘ston" kitobida shunday yozadi: "Bir kun yo‘lda ketayotib, bir yigitni uchratib qoldim. Ortidan bir qo‘zi yugurib kelmoqda edi. Men yigitga: "Qo‘zining ortingdan yugurishiga sabab senga bo‘lgan muhabbatimi", dedim. Yigit darhol qo‘zining bo‘ynidan arqonni yechib yubordi va yana yugurishda davom etdi. Qo‘zi ham egasining orqasidan qayoqqa burilsa, o‘sha tomonga yugurganini ko‘rib, juda hayratlandim. Yigit bu tomoshani bitirib, yonimga kelgach, shunday dedi: "Janob, uni mening ortimdan yugurtirgan arqon emas, unga qilgan yaxshiliklarim bo‘ynidagi ma’naviy halqa kabidir. Shuning uchun ham orqamdan kelmoqda. Bilasiz, fil shuncha bahaybat bo‘lsa ham, ko‘rgan yaxshiligi tufayli egasiga aslo hujum qilmaydi.
Ey yaxshi" inson! Qo‘lingdan kelsa, yomonlarga ham yaxshilik qil. Qo‘rmayapsanmi, qo‘lingdan bir burda non yegan it ham sening sodiq qo‘riqching bo‘ladi... dedi".
3. Zakot tilanchilar hamda ishsizlar sonini kamaytiradi va shu tufayli jamiyatdagi jinoyatlar, qabihliklar va tartibsizliklar yo‘qoladi. Chunki muhtoj bir kambag‘al och qolgach, jamiyatda tartibsizliklar chiqarib, o‘g‘irlik qila boshlaydi. Ammo boylar tomonidan berilgan zakot tufayli moddiy ehtiyojini qondirsa, jinoyat qilishdan, boshqalarga zarar berishdan voz kechib, foydali va xayrli ishlarga kirishadi.
4. Zakot, boylarning juda katta mablag‘lar yig‘ib, kambag‘allarning iqtisodiy mahrum bo‘lishlari natijasida yuzaga keladigan to‘ntarish kabi tartibsizliklardan jamiyatni himoya qiladi. Agar boylar Alloh taoloning: "Ular mol-mulklaridan so‘raguvchi va (mol-davlatdan) mahrum kishilar uchun ma’lum haq (ya’ni, zakot) bergan zotlardir", (Maorij, 24-25 oyatlari mazmuni) degan amriga quloq solsalar, kambag‘allar ham boylarning mollarida o‘zlarinipg hissalari borligini his qila olsalar, bu hol jamiyatdagi turli falokatlarning oldini olishga, faqirlar boylarning mol-mulkini ko‘paytirishda ularga yordamchi bo‘lishlariga hamda uni o‘z mulkidek himoya qilishlariga sabab bo‘ladi.
5. Zakot ne’matning shukronasidir. Chunki Alloh taolo bandalariga badaniy, moliyaviy ne’matlar bergan. Badan bilan qilinadigan ibodatlar badaniy, mol bilan qilinadigan ibodatlar moliyaviy ne’matlarning shukridir. Shunday ekan, boy-badavlat kishi kambag‘al va daromaвi ozligi tufayli, boshqalarga muhtoj odamlarga qarab, Alloh bergan ne’matlar bilan o‘zini tilanchilikdan, boshйalarga muhtoj bo‘lishdan qutqargan Alloh taologa shukr etib, mulkidan juda ham oz qismini faqirlarga bermasa, U naqadar xasisdir.
6. Zakot farz bo‘lishining boshqa hikmati esa, Alloh yo‘lida kurashayotganlarning kuchlariga kuch qo‘shib va askarlarga yordam bo‘lib, Islomning yoyilishidir. Faqir askar Alloh va vatan yo‘lida o‘zini fido qilgan bo‘lsa, boylarning ham mol-mulkidan bir qismini ularga fido qilishi bundan kam emas. Sanab o‘tilganlardan tashqari zakotning yana bugun insoniyat uchun xayrli va fazilatli hikmatlari mavjud.

Zakotning farz bo‘lish sababi

Haqiqatda yoki hukman nisobga yetgan mol-mulkka ega bo‘lmoq.
Izoh: Bu mulk tijorat yoki boshqa sohada ishlatilsa ko‘payishi mumkin bo‘lgan, ammo egasi ishlatmay saqlayotgan oltin va kumushga o‘xshash boyliklardir. Bunday boyliklar ko‘payish qobiliyatiga ega bo‘lgani uchun, hukman ko‘payuvchi mollar deyiladi.

Zakotning rukni

Faqirni zakot moliga ega qilishdir. Zakot beruvchi kishi zakot niyatida bir faqir yoki yetimning qornini to‘ydirsa, bu zakot o‘rniga o‘tmaydi. Chunki bu taomni muboh qilishdir, uning ixtiyoriga berish emas. Shuningdek, zakot niyatida faqirga bir yil uyidan boshpana bersa ham, zakot o‘rniga o‘tmaydi.

Farz bo‘lishning shartlari

1. Zakot beradigan kishining musulmon bo‘lishi.
2. Balog‘atga yetgan bo‘lishi.
3. Aqlli bo‘lishi.
4. Ehtiyoj va qarzlaridan tashqari, bir yil to‘lgan, nisob miqdoridagi, hukman bo‘lsa ham, ko‘payuvchi mulkka ega bo‘lishi.

Ado qilish farz bo‘lishining shartlari

Molning nisob miqdoriga yetganiga bir qamariy yil to‘lgan bo‘lishi. Bu nisob yilning boshida va oxirida mavjud bo‘lishi kifoya.
Agar (bu mulk) yil o‘rtasida (nisob miqdoridan) kamaygan bo‘lsa ham, zakot beriladi.

Ado qilinishining shartlari

Zakotning adosi durust bo‘lishi uchun quyidagi uch narsadan biri shartdir:
1. Zakot berayotganida niyat qilish.
2. Yoki mulkidan kerakli mikdorni zakot uchun ajratayotganida niyat qilish.
3. Yoki zakot niyatida bo‘lmasa ham, zakotga berilishi lozim bo‘lgan molning barchasini faqirlarga tarqatish.
Faqirning o‘ziga berilgan mol zakot ekanini bilishi shart emas. Hatto (zakot berayotgan kishining) faqirga berayotgan mulkni ehson yoki qarz deb, faqat qalbdan zakot niyatida berishi ham durust bo‘ladi.
Izoh: Zakot beruvchi kishi molidan zakotini ajratmasdan, vaqti-vaqti bilan kambag‘allarga mulkidan ehsonlar ulashib tursa, har safar berayotgatda zakot deb niyat qilmasa, bular zakot o‘rniga o‘tmaydi. Bu kishi, "Buni nima maqsadda bermoqdasiz ?" — degan savolga, o‘ylamasdan "Zakot " deya oladigan darajada nima qilayotganini bilsin. Shunda u niyat qilgan hisoblanadi va bergan ehsonlari zakot o‘rniga o‘tadi. Ammo avval zakotni niyat qilmay, keyinchalik: "Mana shu muddat ichida bergan sadaqalarim, zakot o‘rniga o‘tsin " deb niyat qilsa, bu ham zakot o‘rniga o‘tmaydi.

Zakoti farz bo‘lgan mulklarning turlari

Quyidagi mollarning zakotini berish farzdir:
1.Yilning aksariyat qismini dalalarda o‘tlab o‘tkazadigan qo‘y, sigir va tuyaga o‘xshash to‘rt oyoqli hayvonlar.
2. Oltin va kumush.
3. Tijorat mollari.
4. Dehqonchilik mahsulotlari va mevalar.
5. Ma’dan va yer osti boyliklari.

O’tlovchi hayvonlarning zakoti

Quyidagi uch shart mavjud bo‘lganida, bularning zakotini berish farzdir:
1. Nisobga yetgan taqdirda (bu nisob tuyada 5, sigirda 30, qo‘yda 40 bosh).
2. Bunday mol egasining ixtiyorida turgan holda ustidan bir yil o‘tgan bo‘lishi.
3. Yil davomida yoki yilning aksar qismida yaylovda o‘tlatib boqish mumkin bo‘lishi.

Tuyaning zakoti

1. Tuya besh bosh bo‘lmagunicha, zakoti berilmaydi.
2. Besh bosh tuyaga (zakot o‘laroq) bitta qo‘y beriladi.
3. Tuyalarning soni 25 taga yetgunicha har besh tuyaga bitta qo‘y beriladi.
4. 25 tadan 36 tagacha bo‘lgan tuyalarning zakoti bitta ikki yoshga o‘tgan urg‘ochi tuyadir. Tuyalar soni 36 taga yetgach, bitta uch yoshga o‘tgan urg‘ochi tuya beriladi.
5. Tuyalar soni 46 ga yetgach, bitta to‘rt yoshga o‘tgan urg‘ochi tuya beriladi.
6. Tuyalar 61 taga yetgach, bitta besh yoshga o‘tgan urg‘ochi tuya beriladi.
7. Tuyalar soni 76 taga yetsa, ikkita uch yoshli urg‘ochi tuya beriladi.
8. Tuyalar soni 91 taga yetgach, ikkita to‘rt yoshli urg‘ochi tuya beriladi.
9. Tuyalar soni 120 tadan oshsa, har besh tuya uchun bitta ko‘y, ikkita to‘rt yoshli urg‘ochi tuya beriladi.
11. Tuyalar soni 145 ga yetgach, ikkita to‘rt yoshli urg‘ochi guya bilan bitta ikki yoshli urg‘ochi tuya beriladi.
12. 150 ta tuya uchun, uchta to‘rt yoshli urg‘ochi tuya beriladi.
13. Tuyalar 150 tadan 175 tagacha bo‘lsa, har besh tuya uchun bitta qo‘y hamda uchta to‘rt yoshli tuya beriladi. 175 tuyaga uchta to‘rt yoshli urg‘ochi tuya, bitta ikki yoshli urg‘ochi tuya beriladi.
14. 186 ta uchun uchta to‘rt yoshli urg‘ochi tuya bilan bitta uch yoshli urg‘ochi tuya beriladi.
15. 196 tadan 200 tagacha bo‘lgan tuya uchun to‘rtta to‘rt yoshli urg‘ochi tuya zakot beriladi.
16. Tuyalar soni 200 dan ortiq bo‘lsa, har 50 tuyanin zakoti 150 dan 200 tagacha bo‘lgan 50 tuyaning hukmi bo‘yicha beriladi (ya’ni, 200 dan ortiq tuya 25 taga yetgunicha, har besh tuya uchun bir qo‘y, 25 taga yetgach, ikki yoshli urg‘ochi tuya, 36 taga yetgach, bir dona uch yoshli urg‘ochi tuya, 46 taga yetgach beshta to‘rt yoshli urg‘ochi tuya zakot beriladi).
Buxt deb ataluvchi chatishtirilgan tuyalar bilan sof ara tuyalari o‘rtasida zakot berish jihatidan hech bir farq yo‘q.
Tuyalarda zakot qilib urg‘ochi tuya yoki uning badalini berish lozim. Sigir va qo‘ylarda urg‘ochi yoki buqa, qo‘chqor bo‘lishi farqlanmaydi. Mol egasi xohlaganidan beradi.
Zakot beradigan kishida zakotga beriladigan yoshdagi tuya bo‘lmasa, undan kattarog‘ini beradi va farqini (zakot olgan faqirdan) oladi yoki undan kichigini berib, kamiga pul beradi yoki tuyaning to‘liq badalini to‘laydi.

Otlarning zakoti

Ot, eshak, xachir, qo‘zi, (bir yoshga to‘lmagan) tuya va buzoqlar uchun zakot berilmaydi. Otlar uchun zakot berilmasligi sohibayn — Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadga ko‘radir.
Imomi A’zamga, rahmatullohi alayh, ko‘ra otlar ikkiga ajratiladi: o‘tlab, rizqini topgan otlar (soima), yem berib (uyda) boqilgan otlar (olufa). Bu ikki qism otlar o‘zaro yana ikkiga bo‘linadi: tijorat uchun qo‘llanilgan otlar, tijorat uchun qo‘llanilmagan otlar.
Tijorat maqsadida foydalanilgan otlardan xoh o‘tlaydigan, xoh yem yeydigan bo‘lsin, zakot berish lozim, chunki bu otlar tijorat moli hisoblanadi. Agar otlardan tijoratda foydalanilmasa, unda yana ikkiga bo‘linadi: yuk tashish va minish uchun foydalanilgan otlar, bunday maqsadda foydalanilmagan otlar. Yuk tashish va minish maqsadida qo‘llanilgan otlar uchun, xoh yem yeydigan, xoh o‘tlaydigan bo‘lsin, zakot berilmaydi. Agar bunday maqsadda foydalanilmasa, unda ham ikkiga ajratiladi: o‘tlaydigan va yem berib boqiladigan otlar. Agar yem berib boqiladigan ot bo‘lsa, zakot berilmaydi. O’tlaydigan otlar suti uchun yoki ko‘paytirish uchun boqilayotgan bo‘lsa, ular xam ikkiga bo‘linadi: erkak otlar, biyalar. Bularning har biri ham ikkiga bo‘linadi. Agar otlar sof arab otlaridan bo‘lsa, egasi xohlasa, ot boshiga bir dinor, xohlasa, otlarning jami qiymatini xisoblab, ikki yuz dirhami uchun besh dirham (2,5 foiz miqdorda) zakot beradi.
Agarda suti uchun yoki ko‘paytirish maqsadida boqilayotgan otlar arab otlaridan bo‘lmasa, faqatgina qiymati hisoblanib, har ikki yuz dirhamidan besh dirham zakot beriladi.

Sigirlarning zakoti

1. O’ttiz boshdan kam bo‘lgan sigirlar uchun zakot berilmaydi.
2. Sigirlar soni 30 taga yetgach, zakoti ikki yoshga o‘tgan bir dona urg‘ochi yo erkak buzoqdir.
3. Sigirlar soni 40 taga yetgach, uch yoshga o‘tgan bitta urg‘ochi yoki erkak buzoq beriladi.
4. Oltmishta sigir uchun ikki yoshga o‘tgan ikkita erkak yoki urg‘ochi buzoq beriladi.
5. Yetmishta sigir uchun bir dona ikki yoshga o‘tgan erkak buzoq bilan uch yoshga o‘tgan urg‘ochi buzoq beriladi.
6. Bundan oshgan har o‘n bosh sigir uchun yo bitta ikki yoshga o‘tgan erkak buzoq yo uch yoshga o‘tgan urg‘ochi buzoq almashlab qo‘shib beriladi. Qo‘toslardan zakot berish sigirlardan zakot berish kabidir.

Qo‘ylarnnng zakoti

1. Qirqtadan oz bo‘lgan qo‘ylar uchun zakot berilmaydi.
2. Qirqtadan 120 tagacha bo‘lgan qo‘ylar uchun bitta qo‘y zakot beriladi.
3. 121 tadan 200 tagacha qo‘ylar uchun 2 ta qo‘y beriladi.
4. 201 tadan 400 tagacha qo‘ylar uchun 3 ta qo‘y beriladi.
5. 400 bosh qo‘y uchun esa 4 ta qo‘y beriladi.
6. 400 donadan ko‘p bo‘lgan qo‘ylarda, har yuz bosh uchun 1 ta qo‘y beriladi.
7. Echkilardan zakot berish, qo‘ylardan zakot berish kabidir. Ulardan ikki yoshga o‘tganlari zakot qilib beriladi.

Oltin va kumushning zakoti Nisob miqdoriga yetganidan so‘ng oradan bir yil o‘tgach, tanga holiga keltirilmagan bo‘lsa ham, oltin va kumush uchun zakot berish farzdir.

Kumushning nisobi

Kumushning nisobi 200 dirhamdir. Bu 140 misqol og‘irlikdagi kumushdir. 1 misqol 4 gr.
140 m • 4 = 560 gr. Shar’iy bir dirham og‘irligi 2,8 gr. deganlar bor. Ba’zilar shar’iy dirhamni 3,365 gr. degan. Shunday hisobga ko‘ra, 200 • 2,8 = 560 gr. 200 • 3,365 = 673 gr. Har 10 dirham 7 misqol. 1 dirham 2,8 gr. 1 misqol 4 gr.

Oltinning nisobi

Oltinning nisobi 20 misqoldir.
1. Nisob miqdoriga yetgan kumush yoki oltin qiymatiga teng pulga ega bo‘lgan kishi, bu pulning qirqdan birini zakot o‘laroq berishi lozim.
2. Yigirma misqol oltinning qirqdan biri yarim misqol, ikki yuz dirham kumushning qirqdan biri esa besh dirhamdir.

Qarzlarning zakoti

Qarzlar uch turlidir:
1. Kuchli qarz.
2. O’rtacha qarz.
3. Zaif qarz.
Kuchli qarz kasodga uchragan bo‘lsa ham (qarzini) inkor qilmagan yoki inkor qilsa ham, qarzligiga (guvoh, vekselga o‘xshash) hujjat ko‘rsatgan kishiga sotilgan molning yoki qarzga berilgan pulning badalidir, bularning zakoti mol nisobga yetgach bir yil o‘tsa, beriladi.
O’rtacha qarz sotilgan eski kiyim-bosh, xizmatkor va shunga o‘xshash kishining asosiy ehtiyojlariga aloqador bo‘lgan va tijorat moli hisoblanmaydigan narsalarning badalidir. Bunday qarzdan hukmi, nisobga yetadigan miqdori qarzdordan olinmagunicha, zakot berilmaydi. Bunday mollarda (bir yil o‘tish shartining muddati) ular sotilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Zaif qarz mahr, vasiyat, tovonga o‘xshash mulk bo‘lmagan narsalarning badalidir. Ya’ni, ayol eridan oladigan mahr, bir kishiga berilishi vasiyat qilingan, hali unga yetib bormagan pul, hali vorislarga to‘lanmagan tovon pullaridir. Bunday qarzlardan nisobga yetadigan miqdori olingach, oradan bir yil o‘tmagunicha, zakot berish lozim bo‘lmaydi. Bu hukm qo‘lida nisob miqdoridagi yil to‘lgan pul bo‘lmagan holatdadir. Agar qo‘lida nisob miqdoriga yetadigan mol bo‘lib, unga yil to‘lgan bo‘lsa, yuqorida aytilgan qarzlardan olgan miqdorni unga qo‘shib hammasidan zakot beradi.

Tijorat mollarining zakoti

Tijorat mollari oltin va kumushdan tashqari savdo-sotiq uchun tayyorlangan yoki savdo uchun ishlab chiqarilgan mollardir. Bularning tujjor qo‘lida bo‘ltan jami qismining qiymati oltin, kumushning nisob miqdoriga yetsa, zakot berish farz bo‘ladi. Jami mikdor hisoblanayotganida alohida-alohida turdagi mollarning qiymati bir-biriga qo‘shib hisoblanadi. Tijorat mollarining zakotini berish uchun ikki narsa shart bo‘ladp:
1. Bir yil davomida (mazkur mollarning) tijorati bilan shug‘ullanishga niyat qilish.
2. Tijorat mollarida zakot berishga to‘siq bo‘lmasin. Bu shunday: birinchidan tijorat niyagi savdo vaqtida bo‘lishi kerak, ikkinchidan, bir narsadan ikki bor zakot berishga olib kelmasin. Bir yerni tijorat uchun sotib olib, unga eksa, yerdan chiqqan hosilning ushri beriladi. Yer qiymatidan zakot berilmaydi.
Tijorat mollari faqirlarning manfaatlariga eng mos bo‘lgan narsaning qiymati bilan narxlanadi. Ya’ni tijorat mollarining narxi oltin yoki kumushdan birining, nisob miqdorini to‘ldirib, ikkinchisiga ko‘ra; to‘ldirmasada, birinchisiga qarab mollar narxlanadi va zakoti beriladi, ikkinchisiga e’tibor qilinmaydi.

Dehqonchilik mahsulotlari va mevalarning zakoti

Yerlar ushr va xirojga bog‘lanishiga ko‘ra, ikkiga ajratiladi:
1. Ushrga tobe bo‘lgan yerlar. Xalqi o‘z xohishi bilan musulmon bo‘lgan yoki davlat rahbari tomonidan (fath qilingan), fath qilgan askarlarga bo‘lib berilgan yoki ushr berigli hadis bilan (Hijoz kabi) va sahobalarning ijmosy bilan (Basra kabi) sobit bo‘lgan joylar.
2. Xiroji beriladigan joylar musulmonlar tomonidan fath qilingan yoki sulh bilan qo‘lga kiritilgan va mahalliy xalqning ixtiyorida qoldirilgan yerlardir.
Quyidagi shartlar jam’ bo‘lganida. ushr berilishi lozim bo‘lgan tuproqlarda (yetishtirilgan hosilning) o‘ndan biri faqirlarga beriladi:
1. Tuproqni yilning aksar qismida yomg‘ir va sho‘nga o‘xshash suvlar bilan sug‘orish. Paqir va shunga o‘xshash narsalar vositasida sug‘orilgan yerlar hosilidan yigirmadan biri zakot qilib beriladi.
2. Mahsulot tuproqdan daromad va foyda olish maqsadida ekilgan ekinnnng mahsuli bo‘lishi kerak. Qasddan jilmagan o‘t-o‘lan va daraxtlar bunga kirmaydi, ya’ni zakot berilmaydi.
Yerning xarajatlari chiqarib tashlanmaydi. Shuningdek, mahsulotlar olinganidan so‘ng, bir yil o‘tishi, iisob miqdorining to‘ldirilishi shart emas. Yerdan olingan hosil qancha bo‘lishidan qat’i nazar, undan ushr beriladi.
Xirojiy yerlardan olinalshan soliqning miqdori davlat rahbari bilan mahalliy aholi orasilagi kelishuvga qarab belgilanadi.

Ma’dan va yerosti boyliklarining zakoti

Yerosti boyliklari. kofirlar ko‘mgan xazinalar shar’an ma’dandir.
Ma’danlar uch turga bo‘linadi:
I. Olovda eriydigan ma’danlar.
II. Suyuq ma’danlar.
III. Bu ikki turga kirmaydigan ma’danlar.
1. Olovda eritib quyiladigan oltin, kumush, temirga o‘xshash ma’danlarning beshdan bprini zakotga ajratish lozim. Bu hukm "Bilingki, o‘lja qilib qo‘lga kiritgan boyliklaringiz..." mazmunli oyati karimada bayon qilingan. Zakot yetimlarga, kambag‘allarga va yo‘lda qolib ketgan musofirlarga beriladi.
2. Yer ostidan chiqarilgan moddalarning beshdan biri berilgach, qolgan 4/5 qismi agar ushbu ma’danlar egasiz, sahroga o‘xshash joylardan topilgan bo‘lsa, topgan kishiniki bo‘ladi.
3. Agar xazinada islomiyatdan avvalgi davrga oidligini ko‘rsatuvchi biror belgi bo‘lsa, xazinaning beshdan birini berish lozim.
4. Agar topib olingan xazina islomiyat davriga oid tanga pullar bo‘lsa, topib olingan mol hukman luqota kabidir (ya’ni egasi chiqsa, unga qaytariladi).
5. Agar xazinadagi pullar qaysi davrga oid ekanligi noma’lum bo‘lsa, (bu pullar) Islomdan avvalgi davrga oid deb hisob qilinadi.
6. Ma’dan bir kishining mulki bo‘lgan joydan topib olinsa, 1/5 qismi davlatga, qolgani esa yer egasiga beriladi.
7. Qora mum va neftga o‘xshash suyuq ma’danlar uchun zakot berilmaydi. Faqat bundan daromad olayotgan kishi zakot beradi.
8. Olovda erimaydigan hamda suyuq bo‘lmagan ohak toshi va (olmos, marvarid kabi) javhar ma’danlarining hukmi qora mum va neft kabidir, ulardan zakot berilmaydi.
9. Dengizdan chiqarilgan anbar, marvarid va boshqa shunga o‘xshash narsalar uchun zakot berilmaydi. Faqat tijorat maqsadida chiqarilsa, boshqa tijorat mollaridap aj-ratilgan tarzda zakoti beriladi.

Zakotga doir turli masalalar

1. Sog‘lom va ma’lum miqdor daromadi bo‘lsa ham, nisob miqdoridan oz puli bor kishining zakot berishi joizdir.
2. Banknot pullar mulk hisoblanadi. Qiymatlariga qarab, zakoti beriladi.
3. Kishi shaxsiy qanoati bilan oyati karimada bayon qilingan kishilardan deb o‘ylagan kishiga zakotini bersa-yu, keyinchalik u kishining bunday toifadan emasligy ma’lum bo‘lsa, zakoti maqbuldir. Ammo zakotni olgan kishi zakot berganning quli yoki mukotabi (ma’lum mablag‘ uchun ozod qilinishiga xo‘jayini bilan shartnoma tuzgan quli) bo‘lsa, zakot hisobga olinmaydi.
4. Nisob miqdoricha boylikka ega bo‘lgan kishining vakti kelmay turib, bir necha yilning yoki bir necha nisobning zakotini avvaldan berishi joizdir.
5. Zakoti beriladigan molning, zakoti berilishi lozim bo‘lgan ondagi (yil to‘lgandagi) qiymati e’tiborga olinadi.
6. O’lgan odam qoldirgan moldan, zakotim berilsin deya vasiyat qilmagan bo‘lsa, zakot olinmaydi. Agar vasiyati bo‘lsa, zakot qoldirgan molning uchdan biridan zakot chiqariladi.
7. Oltin, kumush va boshqa pullarning zakotini tijorat molidan, (bug‘doyga o‘xshash) o‘lchanadigan va tortiladigan narsalardan berish durustdir.
8. Nisob miqdorini to‘ldirish uchun tijorat mollarining qiymati, oltin va kumushning qiymatlari ham, boshqa pullar ham bir-biriga qo‘shib hisoblanadi.
10. Oltin va kumush (ichidagi boshqa moddalardan) ko‘p bo‘lsa, sof hisoblanadi. Agar bunday holda boshqa moddalar oltin va kumushdan ko‘p bo‘lsa, hamda tanga holida va muomaladagi pul hisoblansa, (zakot berishda) uning qiymati e’tiborga olinadi. Agar bu pullarning qiymati nisob miqdorini to‘ldirsa, zakoti beriladi. Aks holda berilmaydi. Mazkur sof bo‘lmagan oltin yoki kumush pullar muomalada o‘tmaydigan bo‘lsa, hamda kishi ularning tijorati bilan shug‘ullanishni niyat qilsa, hukmi tijorat mollari kabi bo‘ladi.
11. Kishining o‘z mulki bo‘lishiga qaramay, qo‘lida mavjud bo‘lmagan va qaytib olishga ko‘zi yetmagan molini (keyinchalik) qo‘liga kiritsa, o‘tib ketgan davri uchun zakot berishi lozim emas.
12. Nisob miqdorida puli bo‘lgan kishining yil o‘rtasida qarzdor bo‘lib qolishi, Imom Muhammadga ko‘ra, molning talofatga uchrab yo‘qolib ketishi kabidir. Imom Abu Yusufga ko‘ra esa, bu holat yil davomida nisob miqdoridan biroz kamayishi hisoblanadi. Yil oxirida zakot berish majburiyati yo‘qolmaydi.
13. Oltin va kumushdan zakot berishda vojib bo‘lganidek, zakot beriladigan paytda oltin va kumushni tortib, zakotini berish to‘g‘ri bo‘ladi.
14. Har qanday moldan nisobga erishgan kishi ayni yil uchun tijorat, meros va boshqa yo‘l bilan o‘sha moldan qo‘lga kiritgandaromadini qo‘shib zakot beradi.
15. Zakot berilishi lozim bo‘lgan mulk zakoti berilmay turib batamom zoe bo‘lsa, u mulkning zakoti bekor bo‘ladi. Bir qismi zoe bo‘lsa, qolgan qismining zakoti beriladi.
16. Faqirlarda qarzi bo‘lgan kishi, uni olmay zakot niyatida qarzidan kechsa, bu zakot o‘rniga o‘tmaydi. Zakot o‘rniga o‘tishi uchun, faqirdan qarzini olib, so‘ngra takror zakot niyatida berishi zarur.

Zakot beriladigan kishilar

Zakot quyidagilarga beriladi: Albatta, sadaqalar (ya’ni zakotlar) Alloh tomonidan farz bo‘lgan holda, faqat faqirlarga, miskinlarga, sadaqa yig‘uvchilarga, ko‘ngillari (Islomga) oshno qilinuvchi kishilarga, bo‘yinlarni (qullarni) ozod qilishga, qarzdor kishilarga va Alloh yo‘lida (ya’ni jihodga yoki hajga ketayotganlarga) hamda yo‘lovchi musofirlarga berilur. Allohim bilim va hikmat sohibidir" (Tavba, 60, mazmuni).
1. Faqirlar. Nisob miqdoricha mablag‘i bor yo nisob miqdoricha mablag‘i zaruriy ehtiyojlariga sarflangan kishilar.
2. Kambag‘allar. Hech narsasi yo‘q, faqirdan ham muhtoj.
3. Sadaqa to‘plovchi kishilar. Ular davlat rahbari tomonidan zakot va sadaqalarnn (xalqdan) yig‘ish topshirig‘i berilgan kishilardir. Badavlat bo‘lsalar ham. Vazifalari sababli ularga zakot mollaridan bir miqdor beriladi.
4. Qalblari (Islomga) og‘dirilishi zarur bo‘lganlar:
Bular Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam:
a) musulmonlikni tanlab, Allohga imon ksltirishlarini;
b) dinga zarar berishlarining oldini olishni;
v) imonlarini kuchaytirib, haqiqiy musulmon bo‘lishlarini xohlagan kishilardir.
5. Mukotablar, ya’ni ma’lum mol evaziga ozod bo‘lishlari xususida xo‘jayinlari bilan shartnoma tuzgan kishilar.
6. Qarzdorlar, ya’ni, qarzini to‘lashdan ojiz bo‘lgan kishilar
7. Alloh yo‘lidagilar. Bular hayotlarini Alloh yo‘lida kurashga bag‘ishlab, Islom dini shuhrati yuksalishi uchun xizmat qilgan faqir askarlar.
8. O’z diyoridan (va u yerdagi) mulkidan uzoqqa ketib, (ularni keltirishdan ojiz bo‘lgan) musofirlar.
Mana shular zakot beriladigan kishilardir. Zakot beradigan kishi zakotini ushbu sakkiz toifaning har biriga bo‘lib berishi yoki qaysi toifadan bo‘lmasin, yolg‘iz bir kishiga yoki ularning bir qismiga berishi lozim.
Zakotni Bani Hoshimga va ularning qullariga, ota-onasiga, bobo-momosiga, o‘g‘il-qiziga, nevara-chevarasiga, xotiniga, kofirlarga va masjid-madrasalar qurilishiga berib bo‘lmaydi.

Zakot berish joiz bo‘lgan kishilar

1. Badavlat kishining faqir katta o‘g‘li.
2. Badavlat kishining faqir xotini.
3. Farzandi boy bo‘lsa-da, uning faqir otasiga zakot berish joiz.
4. O’z qishlog‘i va shahrida faqir kishilar bo‘la turib, zakotni boshqa qishloq-shahardagi muhtoj kishilarga yuborish makruhdir. Faqat boshqa qishloq-shahardagi faqirlar zakot beruvchining yaqinlari yoki o‘z qishloq-shahridagi faqirlardan qashshoq kishilar bo‘lsa, makruh emas. Agar kishi zakotini muddatidan avval beradigan bo‘lsa, boshqa qishloq-shahardagi faqirlarga yuborishining zarari yo‘q.
5. Zakot niyatida faqir qarindoshlarning bolalariga beriladigan sovg‘alar ham zakot o‘rniga o‘tadi.
6. Shuningdek, zakot niyati bilan bayramlarda, boshqa shodiyonalarda ayol va erkak faqirlarga berilgan sovg‘alar ham zakot o‘rniga o‘tadi.
7. Zakot to‘plovchi xodimlardan boshqa barcha zakot oladigan toifalar faqir bo‘lishlari shart.

Fitr sadaqasi

Fitr sadaqasi badavlat musulmonning Ramazon hayitida zakot berilishi joiz bo‘lgan kishilarga beradigan sadaqasidir.
Fitr sadaqasini Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, tomonlaridan hijratning ikkinchi yili, faqirlarga berish buyurilgan.

Hikmati. 1. Ramazon hayitidek ulug‘ kunda faqirlarni tilanchilik qilish iztirobidan qutqarish;
2. Barcha musulmonlar shod-hurram bo‘lgan mana shunday Ulug‘ bayram kuni, faqirlarni ham xursandchilik va farog’atga erishtirish.
3. Ro‘za tutib, vujudini poklagan kishining molini ham Poklashi.
4. Ro‘za davomida, ehtimol, yo‘l qo‘yilgan ba’zi xatolarining to‘g‘rilanishi.

Rukni

Oluvchi kishining fitr sadaqasini shaxsiy mulkiga aylantirishi.
Sababi kishining qaramog‘ida boqishga majbur va mas’ul bo‘lgan kishilarning mavjudligidir. Ya’ni, odam o‘zi, kichik va faqir farzandlari, xizmatkor quli, mudabbari (xo‘jayini o‘lganidan so‘ng ozod bo‘lishi xususida, xo‘jayini bilan shartnoma tuzgan quli), ummi valadi (xo‘jayinidan farzand ko‘rgan joriya) uchun fitr sadaqasi berishi lozim.

Vojib bo‘lishning shartlari

Fitr sadaqasi beradigan kishi musulmon va hur bo‘lishi, zaruriy ehtiyojlardan ortiqcha nisob miqdoridagi mulkga ega bo‘lishi lozim. Mazkur nisob miqdoridagi mulkning ko‘payuvchi bo‘lishi yoki oradan bir yil o‘tgan bo‘lishi shart emas.

Vojib bo‘lishining vaqti

Ramazon hayitining birinchi kuni tong otishi bilan fitr sadaqasini berish vojib bo‘ladi. Bu vaqtdan avval vafot etgan yoki faqir bo‘lib qolgan, (tong otganidan) so‘ng musulmon bo‘lgan, tug‘ilgan yoki badavlat bo‘lgan kishining fitr sadaqasi berishi shart emas.
Fitr sadaqasini hayit kunidan avval yoki keyin berish joizdir hayit namoziga chiqmasdan avval berish mustahabdir. Fitr sadaqasining berilishi vojib bo‘lgach, mulkning yo‘qolishi fitr sadaqasi berish majburiyatini bekor qilmaydi.

Fitr sadaqasini berish joiz bo‘lgan narsalar

Quyidagi to‘rt (xil) narsadan fitr-sadaqasi berish mumkin: bug‘doy, arpa, xurmo, mayiz.

Fitr sadaqasining vojib bo‘lgan miqdori

Bug‘doydan, bug‘doy unidan yoki qovurilgan bug‘doy unidan yarim so’ — 1,664 kg, arpa, xurmo va mayizdan bir so’ yoki 3,328 kg. berilishi lozim.
Bu narsalarning qiymatini berish joiz va faqirlarga foydaliroq bo‘lsa, yanada fazilatlidir.

O’tilgan darslarni takrorlash

Quyidagi savollarga puxta o‘ylab, javob bering:
1. Zakotning ta’rifini, hukmini, farz bo‘lish shartlarini, sababini va ruknini aytib bering.
2. Zakotning farzlarini, adosi va berilishining sahih bo‘lishi shartlarini sanab bering.
3. Zakot berilishi lozim bo‘lgan mollarni sanang. O’tlaydigan hayvonlarni, ularning necha qismga bo‘linishini, qachon ulardan zakot berish lozimligini tushuntirib bering.
4. Tuya, sigir va qo‘ylarning zakotini aytib bering. Otlarning zakoti haqida ma’lumot bering.
5. O’zbek puliga binoan oltin va kumushning zakotini tushuntiring.
6. Qarzni qismlarga bo‘lib, har birini izohlang va hukmlarini ayting.
7. Tijorat mollarini ta’riflab, ular uchun qachon zakot berish lozimligini ayting. Alohida-alohida turdagi tijorat mollarining zakoti qanday beriladi? Tijorat mollarining zakotini berish uchun lozim bo‘lgan shartlarni tushuntirib bering.
8. Ushr va xirojga tortiladigan yerlarni ta’riflang. Har ikkisi uchun lozim bo‘lgan zakot miqdorini hamda ushr berilishi lozim bo‘lgan yerlarda zakotning vojib bo‘lish shartlarini sanab bering.
9. Ma’dan, xazina va yerosti boyliklari orasidagi farqni tushuntirib, har birining hukmlarini aytib bering.
10. Nisob miqdoridagi mulkka ega bo‘lgan kishi ikki yil yoki yanada ko‘proq yillarning zakotini vaqtidan avval berishining hukmi nima? Vafot etgan kishidan qolgan mulkdan qanday hollarda zakot beriladi?
11. Yil o‘rtasida yuzaga kelgan qarzdorlik xususidagi Ixtilofni tushuntiring. Shuningdek, yil o‘rtasida qo‘lga kiritilgan boylikning hukmini bayon qiling.
12. Zakot beradigan kishi zakot niyatida faqirlardagi qarzidan kechib yuborishining hukmi nima? Zakot berish vojib bo‘lgan, lekin talofatga uchragan mulkning hukmini izohlab bering.
13. Zakot berishi mumkin bo‘lgan kishilarni sanab bering va har bir toifani ta’riflang. Qalblarini Islomga og‘dirish istalgan kishilarga nima uchun zakot beriladi?
14. Fitr sadaqasini ta’riflab, hikmatini, sababini, ruknini, vojib bo‘lish shartlarini, vojib vaktini va qanday turdagi narsalardan berish mumkinligini hamda berish lozim bo‘lgan miqtsorning qancha ekanligini tushuntirib bering. Kishi nima uchun fitr sadaqasi berishi lozim? Fitr sadaqasining qiymatini berish joizmi? Fitr sadaqasi kimlarga beriladi?

"Nurul izoh"dan


2004-2017 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.