background
logotype
image1 image2 image3

Mujohid ibn Jabr

Mujohid ibn Jabr rahimahulloh tobeinlar peshvosi, qorilar va mufassirlar ustozi, yetuk faqih, hofiz, ishonchli muhaddis, zuhd va taqvo sohibi edi. U Soib ibn Abu Soib Maxzumiyning ozod qilingan quli bo‘lgan.

Mujohid rahimahulloh hijriy 21 yili, Umar ibn Xattob xalifaligi davrida Makkada dunyoga keldi. U juda ko‘p sahoblardan: Abu Hurayra, Abdulloh ibn Umar, Ali ibn Abu Tolib, Sa’d ibn Abu Vaqqos, Rofe’ ibn Xudayj, Oysha, Ummu Salama hamda Jobir Ansoriy roziyallohu anhumlardan ilm o‘rgandi.

Abdulloh ibn Abbosdan ikki yil mobaynida Qur’on ilmlari, fiqh va hadisni puxta o‘zlashtirdi.  Shu bois Yahyo ibn Ma’in: “Mujohid ibn Jabr Ibn Abbosning yaqin shogirdidir”, degan edi.

Mujohid rahimahulloh bir o‘rinda Qur’onni Ibn Abbos roziyallohu anhudan o‘ttiz marta o‘tkazib olganini aytadi, boshqa bir o‘rinda esa: “Ibn Abbosdan Qur’onni uch marta  o‘tkazib oldim. Har bir oyatda to‘xtab: “Nima sababdan nozil bo‘lgan?”, “Qaerda nozil bo‘lgan?” der edim” deydi (Qur’onni o‘ttiz marta o‘tkazib olish umumiy o‘qish, xatm qilish shaklida bo‘lsa, uch marta o‘tkazib olish har bir oyatida to‘xtab-to‘xtab, tafsiri, sababi va ilmlarini so‘rash shaklida bo‘lgan. Vallohu a’lam).

Sufyon Savriy aytadi: “Tafsirni to‘rt kishidan o‘rganing: Said ibn Jubayr, Mujohid, Ikrima va Zahhok ibn Muzohim”. Ularning shogirdlari hisoblangan Xusayf ibn Abdurahmon Mujohid rohimahullohni tafsir borasida eng bilimdon degan.

Simla ibn Kuhayl aytadi: “Ilmi bilan faqat Alloh rizosini istaganlar deyilsa, Mujohid, Tovus va Ato ko‘z oldimga keladi”.

Mujohid rahimahullohning hayotlari ilm istash va uni insonlarga yetkazish ila kechdi. Vafotlari ham go‘zal hol, sajda qilgan holida bo‘ldi.

Hofiz Abu Nuaym Fazl ibn Dukayn aytadi: “Mujohid 102 hijriy sanada olamdan o‘tdi. U sajda qilib turgan edi”. Ibn Hibbon ham Mujohid Makkada sajda holatida dunyodan ko‘z yumganini rivoyat qilgan.

Faxriddin Muhammad Nosir tayyorladi | Hidoyat.uz

 


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.