background
logotype
image1 image2 image3

G‘usl, tayammum

G'USL

Uyquda ehtilom bo'lib qolinganida, jinsiy aloqadan keyin hamda ayollar hayz va nifos holatidan chiqishgach, g'usl (butun badanni suv bilan ishqalab yuvish) farzdir.
Bundan tashqari, har juma va hayit namozlari oldidan g'usl qilish sunnat – Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bajargan amallardandir.
G'uslning farzlari:
1. Og'izga suv olib g'arg'ara qilish.
2. Burunga, achishtirguncha suv tortish.
3. Butun badanni tozalab yuvish.
G'usl quyidagi tartibda qilinadi:
1. «Bismillahir rohmanir rohiym» deyiladi va g'uslga niyat qilinadi:
«Navaytu an ag'tasila g'uslan minal janabati raf'an lil hadasi va istibahatan lis-solati taqorruban minallohi ta'ala».
Ma'nosi: Nopoklikni ketkazish, namoz o'qishni joiz etish hamda Allohga yaqinlik istab g'uslni niyat qildim.
2. Qo'llar yuvilgach, badan maniy yoxud boshqa nopok narsalardan tozalanadi.
3. Belgilangan tartibda tahorat olinadi. Avval boshga, keyin o'ng va chap yelkaga suv quyilib, butun badan yaxshilab yuviladi. Bu yuvinishda badanda ignaning uchiday quruq joy qolsa ham, g'usl mukammal olinmagan hisoblanadi.
G'uslga ehtiyojmand kishi og'zi va burnini chayib, so'ng cho'milsa ham, g'usl olgan hisobiga o'tadi.

TAYAMMUM

Alloh taolo Niso surasining 43-oyatida shunday marhamat qiladi (mazmuni): «Bordiyu betob yo safarda bo'lsangizlar yoki sizlardan birortangiz hojatxonadan chiqqan bo'lsa yoxud xotinlaringiz bilan yaqinlik qilgan bo'lsangiz-u suv topa olmasangiz, pokiza yer (tuproq, tosh, qum, chang kabilar) bilan tayammum qilib, yuzlaringiz va qo'llaringizga surting. Albatta, Alloh afv etuvchi va kechiruvchidir».
Tayammum qilishda tahoratga yoki g'uslga ham niyat qilinadi. Har ikkisini qo'shib niyat qilish ham mumkin.
Tayammum olish tartibi quyidagichadir:
1. Yenglarni tirsaklarigacha shimarib «Tahorat (yoki g'usl) uchun tayammum olishga niyat qildim», deb ko'ngildan o'tkaziladi.
2. «A'uzu billahi minash-shaytonir rojiym. Bismillahir rohmanir rohiym», deyiladi va qo'llar, barmoqlari ochiq holda, tuproq yoki tuproq jinsidan bo'lgan biror narsaga bir marta uriladi.
3. Qo'llarning ichi (kaft) bilan yuzga masx tortiladi.
4. Qo'llarni ikkinchi bor tuproq yoki tuproq jinsidan bo'lgan narsaga urib, chap qo'lning kafti bilan o'ng qo'lga tirsagi bilan qo'shib, o'ng qo'l kafti bilan esa chap qo'lga ayni tarzda masx etiladi.
Tayammumni buzadigan hollar:
1. Tahoratga yaroqli suv topishi.
2. Badandagi yara yoki (boshqa) uzr tufayli tayammum olgan kishidan bu holatlarning ketishi.
3. Tahoratni buzadigan hollar tayammumni ham buzadi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.