background
logotype
image1 image2 image3

Payg’ambar alayhis-salomning vafot etishlari

Shu kuni kun peshinga yetmay payg'ambar alayhis-salom bu dunyo bilan xo'shlashib, Ollohning dargohiga safar qildilar. Bu hijratning o'n birinchi yili, rabbiul avval oyining o'n uchinchisi, ya'ni dushanba kuni edi. (Melodiy 632-yili, 6-oyning 8-kuniga to'g'ri keladi). Payg'ambar alayhis-salomning yoshlari qamariya yil hisobi bo'yicha 63 yoshu 3 kun, shamsiya yil hisobi bo'yicha 61 yoshu 84 kun edi.

O'sha asnoda Abu Bakr yo'q edi. U bani Horis ibn Xazraj jamoasiga tegishli Sanh mahallasida yashovchi xotini Habibani ko'rgani ketgan edi.

Umar payg'ambar alayhis-salom o'ldi, degan xabarni olib kelganlarga qilich yalang'ochlab tahdid soldi: "Muso payg'ambar Ollohning huzuriga borib, o'z xalqidan qirq kun yiroq turganidek, rasululloh ham Ollohning dargohiga ketdi. Xudo haqqi, payg'ambar alayhis-salom albatta qaytib kelib, mana shunday gap-so'zlarni tarqatganlarning oyoq-qo'lini kesib tashlaydi, deb umid qilaman". Rasulullohning vafotlaridan xabar topgan Abu Bakr shu zahoti iziga qaytib, Hazrati Oishaning uyiga kirdi. U tiz cho'kkancha payg'ambar alayhis-salomning yuzlarini ochib o'parkan, o'pkasini bosolmay yig'lab yubordi: "Xudoning nomi bilan qasam ichib aytamanki, senga Ollohning rahmati bo'lsin. Ey rasululloh, ota-onam senga qurbon bo'lsin, sen hayot chog'ingda ham, o'lganingda ham naqadar yoqimli, muattar bo'ylisan. Olloh senga ikkinchi qayta o'lim bermaydi, dedi. Shundan keyin tashqariga chiqib, Olloh taologa hamdu sano aytdi va yig'ilganlarga yuzlanib: "Kimki Muhammadga ibodat qilmoqchi bo'lsa, Muhammad o'ldi. Kimki Ollohga ibodat qilmoqchi bo'lsa, Olloh tirikdir, u hech qachon o'lim topmaydi", dedi va Zumar surasining 30-oyatini o'qidi: "Sen ham (rasululloh ko'zda tutilyapti) albatta o'lasan, ular ham o'lajak", shundan so'ng Oli Imron surasining 143-oyatini tilovat qildi: "Muhammad esa bir payg'ambar, undan ilgari ham ko'pgina payg'ambarlar kelib ketishdi. Agar u o'lsa, yoki o'ldirilsa, orqaga qaytasizlarmi? Orqaga qaytuvchilardan Olloh sira zarar ko'rmadi, shukr qiluvchilarni esa Olloh mukofotlaydi".

Hayajonlangan Umar: "Bu oyat ilgari qulog'imga chalinmay Abu Bakrdan birinchi marta eshitayotgandek bo'ldim", dedi.

To musulmonlar uch kungacha kengashib, o'zlariga xalifa saylashmaguncha payg'ambar alayhis-salom dafn etilmadilar. Payshanba kuni ertalab dafn etishga qaror qilishdi. Ali ibn Abu Tolib payg'ambar alayhis-salomni yuvdi, unga Abbos, Abbosning ikki o'g'li Fazl bilan Qusam hamda Usoma ibn Zayid, rasulullohning ozodgardasi Shuqron yordamlashishdi. Sarvari olam uch qavat libos bilan kafanlandilar, kafanliklar orasida ko'ylak bilan salla yo'q edi. Shundan so'ng rasululloh uy ichidagi so'riga (karavotga) yotqizildilar. Odamlar ketma-ket kirib janoza namozini o'qidilar, ularga hech kim imom bo'lgani yo'q. Hazrati Oishaning hujrasidagi rasulullohning jonlari uzilgan joyda go'r kovlandi. Ali, Abbos va u kishining o'g'illari Fazl bilan Qusam payg'ambar alayhis-salomni lahadga qo'yishdi. Yerdan bir qarich ko'tarilgan qabrga xasti Bilol suv sepdi.

Payg'ambar alayhis-salom vafot etdilar, lekin u zoti muborak musulmonlarga dono va tadbirkor Olloh tomonidan nozil bo'lgan, mahkam tutilsa hech narsa zarar yetkazolmaydigan, yolg'onu tuhmatlar sira ta'sir o'tkazolmaydigan muqaddas Qur'oni Karimni qoldirib ketdilar. Olloh Islom dinini kamolotga yetkazib, va'dasini ro'yobga chiqarguncha din ahkomlarini yechib beradigan, mamlakat-larni fath etishni davomlashtiradigan va Islom dinining quyosh nuridek ziyosidan hammani bahramand qiladigan sohibi karam sahobalarni qoldirib ketdilar. Olloh Taolo va'dasining ustidan chiqib, olamni imon nuri bilan munavvar etdi. Ollohdan o'zining bu ulug' marhamati va beadad ne'matining shukronasini ado etishga muvaffaq qilishini tilaymiz.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.