background
logotype
image1 image2 image3

Xotinning eriga itoatsizlik qilishi

Alloh taolo aytadi:

«Xotinlaringizning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga pand-nasihat qilinglar, so‘ng (ya'ni, nasihatlaring kor qilmasa), ularni yotoqlarda tark qilingiz, (ular bilan bir joyda yotmang, yaqinlashmang) so‘ngra (ya'ni, shunda ham sizlarga bo‘yinsunmasalar), uringlar! Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo‘l axtarmanglar. Albatta, Alloh eng yuksak va buyuk bo‘lgan zotdir» (Niso surasi, 34).

Vohidiy rahimahulloh aytganlarki: «Bu oyatdagi «itoatsizlik»dan murod - erga osiylik qilish, ya'ni, takabburlik bilan erining buyruqlariga xilof ish yuritishdir».

Ato rahmatullohi alayh aytadilar: «U (ya'ni, itoatsizlik) - eri uchun o‘ziga oro bermaslik (xushbo‘ylik sepmaslik), o‘zi bilan huzurlanishiga yo‘l qo‘ymaslik va ilgarigi mute'lik holati o‘zgarib qolishidir. Unday xotinlarga Alloh Kitobi ila «pand-nasihat qilinglar», Alloh ularga buyurgan ishlarni eslatinglar».

Ibn Abbos roziyallohu anhu: «Ularni yotoqlarda tark qilish - to‘shakda xotiniga orqasini o‘girib, gapirmay yotishidir», degan bo‘lsalar, Sha'biy va Mujohidlar: «Xotini bilan bir joyda yotmaslik, yaqinlashmaslik», deyishgan.

Ularni urishdan murod qattiq, biron a'zosiga jarohat yetkazadigan qilib emas, bilaks sekin urishdir.

Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Odob berish uchun kafti bilan ko‘ksiga turtish kabi», deganlar.

Er xotinining itoatsizligini ushbu oyatda zikr qilinganiday, Alloh izn bergan suratda tuzatishi, bartaraf etishi lozim.

«Agar sizlarga (talab qilgan narsalaringizda) itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo‘l axtarmanglar».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Er xotinini to‘shagiga chorlagan vaqtda (xotini) kelmasa va eri undan norozi bo‘lib tunasa, to tong otguncha farishtalar u ayolni la'natlaydilar» (Muttafaqun alayh).

Boshqa bir rivoyatda «Allohga qasamki, qaysi bir kishi xotinini to‘shagiga chorlasa-yu, xotini bosh tortsa, to eri undan rozi bo‘lmaguncha, osmondagi Zot undan rozi bo‘lmaydi», deyilgan (Muttafaqun alayh).

Yana bir rivoyatda esa: «Agar ayol erining to‘shagini tark etgan holda tunaydigan bo‘lsa, to tong otguncha, farishtalar u ayolni la'natlaydilar», deyilgan (Buxoriy, Muslim, Nasoiy rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Uch toifa odamning namozi maqbul bo‘lmaydi va bironta yaxshiligi osmonga ko‘tarilmaydi: qochoq qulning, to xo‘jayinlariga qaytib, qo‘lini ularning qo‘llariga qo‘ymagunicha; erini g‘azablantirgan - norozi qilgan ayolning, to eri undan rozi bo‘lmagunicha va mastning, to o‘ziga kelmagunicha» (Ibn Hibbon, Ibn Huzayma rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Eri hozir bo‘lgan (safarda bo‘lmagan) ayolga erining ruxsatisiz ro‘za tutishi va uning iznisiz birovni uyiga kirishiga izn berishi halol emas» (Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisi sharifdagi hukm ixtiyoriy-nafl ro‘zalarga taalluqli bo‘lib, erning haqi ulug‘ va itoati vojib bo‘lgani bois, undan izn so‘ramay turib xotini ro‘za tutishi mumkin emas.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar biron bandani boshqa bir bandaga sajda qilishga buyurgan bo‘lganimda, shubhasiz, xotinni eriga sajda qilishga buyurgan bo‘lardim» (Termiziy rivoyati).

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh taboraka va taolo eriga noshukrlik qiladigan xotinga qaramaydi. Holbuki, u eridan behojat emas» (Nasoiy, Bazzor rivoyati).

Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qaysi ayol vafot etsa-yu eri undan rozi bo‘lsa, jannatga kiradi» (Ibn Moja, Termiziy rivoyati).

Rivoyat qilinadiki, ayol qiyomat kuni birinchi bo‘lib namozi va eridan so‘raladi.

Rivoyat qilinishicha, ayol uyidan chiqsa-yu, eri norozi bo‘lsa, to (uyiga) qaytgunicha, osmondagi barcha farishtalar hamda insu jindan tashqari, u yonidan o‘tgan har bir narsa unga la'nat aytadi.

Ayol erini norozi qilishdan, g‘azablantirishdan saqlanishi va eri uni xohlagan vaqtida bosh tortmasligi lozim. Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Agar er hojati uchun chorlasa, garchi (xotini) o‘choq boshida bo‘lsa ham kelsin» (Termiziy, Nasoiy, Ibn Hibbon rivoyati).

Ulamolar aytadilarki: «Magar ayol uzrli (hayz yoki nifos ko‘rgan) bo‘lsa, erining chaqirig‘iga javob bermasligi lozim. Shuningdek, er ham ayoli uzrli bo‘lgan vaqtda bu ishni talab qilmasligi va uzrli holati tugab, g‘usl qilmagunicha unga yaqinlik qilmasligi darkor. Zotan, Alloh taolo aytganki:

«Bas, hayz paytida ayollaringizdan chetlaningiz va to poklanmagunlaricha ularga yaqinlashmangiz!» (Baqara surasi, 222).

Rivoyat qilinadiki: «Kimda-kim hayzli ayolga yoki xotinining orqasiga yaqinlik qilsa yoxud folbinga borib, gapini tasdiqlasa, batahqiq, u Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan narsaga kufr keltiribdi».

Boshqa bir hadisda: «Ayollarining orqalariga yaqinlik qiladigan kimsalarni Alloh la'natlaydi», deyilgan (Tabaroniy rivoyati).

Xullas, xotin uzrli holatida eri yaqinlik qilishni xohlasa, bo‘ysunmasligi, bundan boshqa barcha holatda itoat etishi lozim.

Yana ayol bilib olishi lozimki, u o‘z nafsida va erining molida undan izn so‘ramay turib, tasarruf qila olmaydi. Erining haqqi o‘zining haqqidan, eri qarindoshlarining haqqi o‘z qarindoshlari haqqidan muqaddam turadi. Eri u bilan huzurlanishi uchun, poklik-tozalikka e'tibor bergan holda tayyor bo‘lishi lozim. Husn-jamoli bilan eriga takabburlik qilmasligi, mabodo eri xunuk bo‘lsa, uni ayblamasligi darkor.

Asma'iy aytadilar: «Sahroyi arablar makoniga borgan edim. U yerda bir er-xotinni uchratdim. Xotin go‘zal, eri esa xunuk edi. Xotindan: «Mana shunday kishining qo‘l ostida yashashga qanday rozi bo‘lding?» deb so‘ragan edim, u: «Yaxshilab eshitib ol, ehtimol erim o‘zi bilan Yaratuvchisi - Alloh orasini yaxshi qilgandir-u, meni unga mukofot qilib bergandir. Ehtimol, men osiylik qilgandirman-u, uni menga jazo qilib bergandir», dedi.

Oisha roziyallohu anho aytadilar: «Ey ayollar jamoasi, agar erlaringizning sizlarning ustingizdagi haqlarini bilganingizda edi, sizlardan har bir ayol erining oyoqlaridagi changni yuzining yonoqlari bilan artib qo‘ygan bo‘lardi».

Rivoyat qilinadiki: «Sizlarning jannatdagi ayollaringiz - har bir suyuvchiyu bolajon (serfarzand) ayollardir. Mabodo g‘azablansa, yoki unga yomon muomala qilinsa va yo eri g‘azablansa: «Qo‘lim qo‘lingizda, to rozi bo‘lmaguningizcha, kiprik qoqmayman», deydi».

Shuningdek, ayol eridan doimo hayo qilishi, uning huzurida yerga boqib turishi, buyrug‘iga itoat qilib, gapirayotganda sukut saqlashi, kirib kelganida yoki chiqib ketayotganida o‘rnidan turishi, unga yoqmaydigan barcha narsalardan uzoq bo‘lishi, uxlashi oldidan unga o‘zini arz qilishi, unga to‘shagi va mol-mulkida xiyonat qilmasligi, doimo pokiza bo‘lishi, misvok ishlatishga odatlanishi, u hozir bo‘lganda o‘ziga zeb berib, xushbo‘yliklar sepib, yo‘qligida ziynatni tark etishi, uning ahli va qarindoshlarini izzat-ikrom qilishi, ozgina narsasini ko‘p o‘rnida ko‘rishi vojib bo‘ladi.

Fasl

Mute' ayolning fazilati va osiy ayolning uqubati xususida

Alloh taolodan qo‘rquvchi ayol Allohga va eriga astoydil itoat qilishi, roziligini qozonishga jiddu jahd bilan harakat qilishi lozim. Zero, er ayolning jannati yoki do‘zaxidir.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Qaysi ayol vafot etsa-yu, eri undan rozi bo‘lsa, jannatga kiradi» (Termiziy, Hokim rivoyati).

Boshqa bir hadisi sharifda: «Agar ayol besh vaqt namozini o‘qisa, farjini - iffatini saqlasa va eriga itoat qilsa, jannatning istagan eshigidan kiradi», deyilgan (Ibn Hibbon rivoyati).

Rivoyat qilinadiki, eriga itoatkor ayol haqiga, modomiki eri undan rozi bo‘lar ekan, havodagi qushlar, suvdagi baliqlar, osmondagi farishtalar hamda quyosh va oy istig‘for aytadi.

Qaysi bir ayol eriga osiylik qilsa, unga Allohning, farishtalarning va barcha insonlarning la'nati yog‘iladi.

Qaysi bir ayol erining yuziga xo‘mrayib qarasa, to eriga tabassum qilib, ko‘nglini olmagunicha, Alloh undan norozi bo‘ladi.

Qaysi bir ayol uyidan erining ruxsatisiz chiqsa, to qaytgunicha, unga farishtalar la'nat aytishadi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Do‘zaxga boqib, uning ko‘pchilik ahli ayollar ekanini ko‘rdim».

Buning sababi ayollar Alloh va rasuliga hamda erlariga kam itoat qilib, ko‘p yasan-tusan qilishlaridir. Ya'ni, ular ko‘chaga chiqqanlarida pardoz-andoz qilib, o‘zlariga zeb berib, chiroyli, yaltir-yultir kiyimlarini kiyib, begona erkaklarni fitnaga solib yuradilar. Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Ayol kishi avratdir. Agar u uyidan chiqsa, shayton unga ko‘z tikadi», deganlar (Tabaroniy rivoyati).

Ayol qanchalik uyida muqim bo‘lsa, shunchalik Allohga yaqin bo‘ladi.

Boshqa bir hadisi sharifda shunday deyilgan: «Ayollar avratdir. Bir ayol uyidan chiqadi va uning xayolida yomonlik bo‘lmaydi. Biroq shayton unga ko‘z tikadi va: «Sen qaysi erkakning oldidan o‘tsang, uni ajablantirding», deydi. Aniqki, bir ayol kiyimlarini kiyib oladi. Unga: «Qayoqqa ketyapsan?» deyilsa, u: «Kasalni ko‘rib kelaman» yoki «Janozaga qatnashaman» va yo «Masjidda namoz o‘qiyman», deydi. Holbuki, hech bir ayol Rabbiga uyda ibodat qilganidek ibodat qilgan emas» (Tabaroniy rivoyati).

Shayton ayolning yelkasiga minib olishining sababi - u uyidan tashqariga chiqqan va shayton o‘ziga hokim bo‘lib olishiga yo‘l ochib bergan. Hech bir ayol Rabbiga ibodat qilib, eriga itoat qilib, uyida o‘tirganichalik, Alloh roziligini qozonishga intilmagan.

Ali roziyallohu anhu ayollari Fotimadan: «Ey Fotima, ayol kishi uchun eng yaxshi narsa nima?» deb so‘raganlarida, u zoti sharifa: «U (begona) erkaklarni ko‘rmasligi va (begona) erkaklar uni ko‘rmasligi», deya javob berganlar.

Ali roziyallohu anhu: «Uyalmaysizlarmi? Rashkingiz kelmaydimi?! Xotiningiz erkaklar orasiga chiqib yurishiga imkon berasizlar-da, yana u ularga qaraydi, ular unga qaraydi, deysizlar», der edilar.

Ummu Salama roziyallohu anho aytadilar: «Maymuna ikkimiz (bular Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollardir) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlarida edik. Bir payt Ibn Ummu Maktum kela boshladi. Bu voqea hijobga buyurilganimizdan keyin bo‘layotgan edi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Undan hijoblaninglar (o‘zingizni parda ortiga olinglar)» dedilar. Biz: «Yo Rasululloh, u kishi ko‘r emasmi? Bizni ko‘rmaydilar-ku», degan edik, u zot: «Nima, sizlar ham ko‘rmaysizlarmi? Uni ko‘rmayapsizlarmi?» dedilar» (Abu Dovud, Termiziy rivoyati).

Erkaklar nomahram ayollardan ko‘zlarini tiyishga buyurilganlaridek, ayollar ham nomahram erkaklardan ko‘zlarini tiyishga buyurilganlar.

Mabodo, ayol kishi ota-onasini yoki qarindoshlarini ziyorat qilish, hammomga borish kabi zaruriy ishlar uchun tashqariga chiqishga majbur bo‘lsa, yasan-tusan qilmasdan, o‘ziga oro bermasdan, keng, qalin kiyim kiyib, erining ruxsati bilan chiqsin. Yo‘lda ketayotganida u yoq-bu yoqqa alanglamasdan, yerga qarab, yo‘l chetidan yurishi lozim. Illo, osiy bo‘ladi.

Hikoya qilishlaricha, bir ayol uyidan tashqariga chiqqanda yasan-tusan qilib yurar edi. U vafot etgach, qarindoshlaridan biri tushida uni ko‘ribdi. U Alloh azza va jalla huzuriga yupqa kiyimda boribdi. Shu payt birdan shamol esib, ayol ochilib qolibdi. Alloh taolo undan yuz o‘giribdi-da: «Uni chap tomonidan ushlab do‘zaxga tashlanglar. U dunyoda yasan-tusan qiluvchilardan edi», debdi.

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Bironta ayol dunyoda eriga ozor bersa, u (kishi)ning hurul iynlardan bo‘lgan xotini: «Alloh halok qilgur, unga ozor berma. U sening oldingda vaqtincha mehmon xolos. U yaqinda sendan ajrab, bizga keladi», deydi» (Termiziy rivoyati).

Fasl

Ayol eriga itoat etishga, roziligini qozonishga buyurilganidek, er ham xotiniga ehson qilishga, lutf-marhamat ko‘rsatishga, uning ayrim nojo‘ya harakatlariga sabr qilishga, yaxshi, tinch-totuv yashash, yedirib-ichirish va kiydirish kabi haqlarini ado etishga buyurilgan. Alloh taolo aytadiki:

«Ular bilan xushmuomala bo‘lib, tinch-totuv yashanglar» (Niso surasi, 19).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Ogoh bo‘linglar, ayollarga doimo yaxshi munosabatda bo‘linglar. Ular sizlarning qo‘l ostingizdagi asirlar, xolos. Bundan boshqa ularning biron narsasiga egalik qila olmaysizlar. Magar ular ochiq fahsh ishni qilsalar (unda haqqingiz bor). Agar itoatsizlik qilsalar, ularni yotoqlarida tark etinglar, so‘ngra jarohat yetkazmaydigan qilib uringlar. Agar itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo‘l axtarmanglar.

Ogoh bo‘linglarki, ayollaringiz ustida sizlarning haqqingiz bor va sizlarning ustingizda ayollaringizning haqqi bor. Ular ustidagi haqlaringiz - to‘shagingizni siz yoqtirmaydigan kimsaga bostirmasligi va siz yoqtirmaydigan kimsani uyingizga kiritmasligidir. Sizning ustingizdagi haqlari - ularga kiyimlari va taomlarini ehson qilishingiz» (Ibn Moja, Termiziy rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Yaxshilaringiz ahliga yaxshi bo‘lganlaringizdir», dedilar (Ibn Hibbon rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mo‘minlarning iymoni eng mukammali xulqi go‘zalroq bo‘lganidir. Yaxshilaringiz xotinlariga yaxshi bo‘lganlaringizdir» (Termiziy, Ibn Hibbon rivoyati).

Asarda kelganki: «Qaysi erkak xotinining yomon xulqiga sabr qilsa, Alloh unga Ayyubga (a.s.) balolari evaziga berilgan miqdorda ajr beradi. Qaysi ayol erining yomon xulqiga sabr qilsa, Alloh unga Fir'avn xotini Osiyo binti Muzoximga berilgan miqdorda ajr beradi».

Rivoyat qilishlaricha, bir kishi Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga xotinining xulqi yomonligidan shikoyat qilish uchun keldi. Umarning eshigi yoniga kelib, chiqishini kutib turdi. Shu payt Umarga xotini qattiq-qattiq gapirayotganini eshitdi. U kishi esa hech bir so‘z qaytarmay, jim turardi. Haligi kishi: «Amiral mo‘minin bo‘laturib, yana shunchalik shiddati va salobati bilan Umarning holi shu bo‘lsa, mening ahvolim nima bo‘lardi?» deb iziga qaytdi. Shu vaqt Hazrati Umar uyidan chiqdilar va haligi kishining qaytib ketayotganini ko‘rib yoniga chorladilar-da: «Nima ehtiyojing bor?» deb so‘radilar. U «Ey amiral mo‘minin, xotinimning xulqi yomonligidan, tili uzunligidan sizga shikoyat qilish uchun kelgan edim. Qarasam, sizning xotiningiz ham shunday ekan. O‘zimcha, amiral mo‘mininning holi shu bo‘lsa, mening ahvolim nima bo‘lardi, dedim», deya javob berdi. Shunda Umar: «Ey birodar, xotinimning menda bir qancha haqlari bo‘lgani bois bu qilig‘iga sabr qildim. Zero, u ovqatimni pishiradi, nonimni yopadi, kiyimlarimni yuvadi, bolamni emizadi. Holbuki, bularning barchasi ham unga vojib emas. U sababli qalbim taskin topadi, haromdan saqlanaman. Shu bois sabr qildim», dedilar. U: «Ey amiral mo‘minin, mening xotinim ham shunday», degan edi, Umar roziyallohu anhu: «Ey birodar, sabr qil. Bu ozgina muddat, xolos», dedilar.

Hikoyat

Hikoya qilishlaricha, bir solih kishining Alloh yo‘lida solih do‘sti bo‘lib, uni har yili bir marta ziyorat qilar edi. Bir kuni birodarini ziyorat qilish uchun kelib, eshigini taqillatdi. Xotini: «Kim?» deb so‘radi. U: «Eringning Alloh yo‘lidagi birodariman. Uni ziyorat qilish uchun keldim», dedi. Shunda xotini: «O‘tin terishga ketgandi. Alloh uni sog‘ qaytarmasin, salomat qilmasin, undoq qilsin, bundoq qilsin», deya qarg‘ay ketdi. U kishi eshik oldida turgan vaqtda tog‘ tarafdan birodari sherga bir quchoq o‘tin ortib kelib qoldi. Birodari bilan salomlashib, xush kelibsiz deb, o‘tinni ichkariga kirgizdi-da, sherga: «Barakalloh, endi boraqol», dedi So‘ng birodarini ichkariga taklif qildi. Xotini hanuz qarg‘anar, tili bilan ozor berar, eri esa bir so‘z qaytarmay, sukut saqlar edi. Solih kishi birodari bilan bir oz tamaddi qilgan bo‘ldi. So‘ng uyiga qaytdi. U birodarining shunday bema'ni xotiniga sabr qilib yashayotganiga ajablangan edi.

Oradan bir yil o‘tgach, u kishi odatiga binoan, birodarini ziyorat qilish uchun kelib eshigini taqillatdi. Xotini: «Kim?» dedi. U: «Eringizning Alloh yo‘lidagi birodari, falonchiman», degan edi, xotini: «Marhabo, xush kelibsiz. O‘tira turing, u kishi, inshaalloh, sog‘-salomat kelib qoladilar», dedi. Kishi xotinining shirinsuxan va odobliligidan ajablandi. Shu payt birodari o‘tin orqalab kelib qoldi. Kishi bundan ham hayratga tushdi. Birodari kelib u bilan salomlashib, ichkariga taklif qildi. Xotini ularga taom hozirladi va ularni shirinsuxanlik bilan taomga taklif qildi. Kishi ketishi oldidan birodariga: «Sizdan bir narsa so‘ramoqchi edim», dedi. Birodari: «Nima?» degan edi, u kishi: «O‘tgan yili kelganimda xotiningiz beodob, ko‘p qarg‘anar edi, siz esa o‘tinni sherga ortib keldingiz. Vahshiy hayvon amringizga muntazir edi. Bu yil esa, xotiningiz shirinsuxan, qarg‘anmaydi. Biroq o‘tinni o‘zingiz orqalab keldingiz. Buning boisi nima?» deb so‘radi. Shunda birodari javoban: «Ey birodar, o‘sha bema'ni xotinim vafot etdi. Uning axloqsizligi va qiliqlariga sabr qilar edim. U bilan yashash behuzurlik bersa-da, chidaganim bois shekilli, Alloh taolo menga o‘sha sherni bo‘ysundirib qo‘ygan, u og‘irimni yengil qilar edi. Xotinim vafot etgach, mana shu soliha ayolga uylandim. Bu muborak, mute' ayol bilan rohat-farog‘atda yashayapman. Shu bois, sher kelmay qo‘ydi va o‘zim o‘tinni orqalab kelishga majbur bo‘ldim», dedi.

Alloh taolodan O‘zi yaxshi ko‘rgan va rozi bo‘lgan narsalarga sabr-bardoshli etmog‘ini so‘raymiz. Albatta, U marhamatli, saxovatli zotdir.


2004-2020 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.