background
logotype
image1 image2 image3

4-bosqich. 10-tur: O’tilgan mavzularni takrorlash

IV BOSQICH
10-tur: O’tilgan mavzularni takrorlash


1. Payg'ambar SAVga doyalik qilgan Shaffo qaysi buyuk sahobaning onasi edi?
To’g’ri javob: Abdurahmon ibn Avf
Izoh: Rasululloh SAV Fil yilida Bani Hoshim ko’chasidagi Abu Tolibning uyida dunyoga keldilar. U kishiga Islom nuri yer yuzini yoritganidan keyin eng ulug’ sahobiylardan biriga aylangan, “Asharayi Mubashshara”dan bo’lgan sahobiy Abdurahmon ibn Avfning onasi Shaffo doyalik qilgan. (“Nurul yaqiyn”, Tarixi Muhammadiya”)

2. Payg'ambarimiz SAV Payg'ambarlik berilganda ham sog'inib eslaydigan,  agar hozir ham birov shunday ishga da’vat etsa, sira ikkilanmay qabul qilardim degan johiliyatdagi yaxshi hodisa qaysi edi?
To’g’ri javob: Hayriya uyushmasiga a’zo bo’lganlari.
Izoh: Abdulloh ibn Ju’donning uyida tuzilgan hayriya uyushmasiga a’zo bo’lgan, xayrli ishlarda qatnashgan Muhammad SAV, payg’ambarlik sharafiga erishganlaridan keyin ham u kunlarni juda ko’p martalab sog’inib eslab, tilga olganlar. U zot: “Men Abdulloh ibn Jud’oning hovlisida qurilgan uyushmaga kirganman, bu tashkilot qizil tuyalardan qimmatroq, (arablarda qizil tuyalar eng qimmatli narsa hisoblanardi)  agar hozir ham birov shunday ishga da’vat etsa, sira ikkilanmay qabul qilardim, deganlar. (“Nurul yaqiyn”, “Tarixi Muhammadiy”)

3. Payg'ambarimiz Muhammad SAV Hadicha onamizga mahrga nima hadya qilganlar? Qancha?
To’g’ri javob: 20 ta bo’taloq.
Izoh: Yuqoridagi baxtli nikoh o’qilganidan keyin Muhammad a.s. Xadichaga r.a. 20 ta bo’taloq mahr beradigan bo’ldilar. ( “Ar-rohiyq al-maxtum”, “Tarixi Muhammadiy”)

4. Rasululloh SAV tiriklik paytlarida vafot etgan 1-mo'minlar onasi Hadicha binti Xuvaylid r.a.dir. Rasululloh SAV tiriklik paytlarida vafot etgan yana bir mo’minlar onasining ismi-sharifi nima edi?
To’g’ri javob: Zaynab binti Xuzayma r.a.
Izoh: Oltinchi onamiz Xuzayma qizi Zaynabdur. Xayr-saxovatda nomi chiqqan xotinlardan edi. Shu uchun arablar uni johiliyat zamonida ham «Ummu Masokin», ya’ni, «Miskinlar onasi» deb atamish edilar. Ikki-uch oygina Rasululloh xizmatlarida turgandan keyin vafot topmish edi. Uning janozasini Rasululloh o‘zlari o‘qib, Baqe’ go‘ristoniga dafn qildilar. Yoshlari o‘ttizdan o‘tmagan edi. Rasulullohning tirikliklarida vafot topgan xotinlari Hazrati Hadicha bilan Zaynab ikkovlaridurlar, raziyallohu anhumo. (“Tarixi Muhammadiy”)

5. Rasululloh SAVga ikkinchi bo’lib nozil qilingan oyatlar qaysi suradan edi?
To’g’ri javob: Mudassir.
Izoh: Jibril ikkinchi marta vahiy olib keldi. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan vahiyning to‘xtab qolishi haqida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning quyidagi so‘zlari rivoyat qilingan:
«Hiroda bir oy turganimdan so‘ng, tushib kelayotib, vodiyga yetganimda meni chaqirgan bir bir ovozni eshitdim. O’ng tomonimga ham, chap tomonimga ham, oldimga ham, orqamga ham qarab, hech kimni ko‘rmadim. Tepaga qarasam, Hiro g‘orida oldimga kelgan farishta osmon bilan yer oralig‘ida kursi ustida o‘tiribdi. Qattiq qo‘rqqanimdan yerga yotib qoldim. So‘ng Xadichaning oldiga kelib: «Meni o‘rab qo‘yinglar, meni o‘rab qo‘yinglar, boshimdan muzdek suv quyinglar» dedim. Meni o‘rab qo‘yishdi, boshimdan muzdek suv ham quyishdi. Shunda: «Ey (liboslariga) burkanib olgan zot, turing-da, (insonlarni oxirat azobidan) ogohlantiring! Yolg‘iz Robbingizni ulug‘lang! Liboslaringizni pok tuting! Butlardan yiroq bo‘ling!» oyatlari (Muddassir : 1-5) nozil bo‘ldi. Bu namoz farz bo‘lishidan oldin edi. So‘ng vahiy ko‘payib, ketma-ket tusha boshladi.» (“Sahihi Buxoriy”, “Rohiyq al-maxtum”)

6. Rasululloh sallallohu alayhi vassallamga ilk iymon keltirgan sahobalardan birinchi bo’lib Abdurahmon ibn Avfning ismlarini “Abdurrohman” deb o’zgartirganlar. Bu zotning johiliyatdagi ismi nima edi?
To’g’ri javob: Abduamr.
Izoh: Zuhra jamoasidan bo‘lmish Abdurahmon ibn Avfning islomga kirishdan oldingi ismi Abduamr edi. Rasululloh unga Abdurahmon deb ot qo‘ydilar. (“Nurul yaqin”)

7. Islomda eng avval qon to'kkan sahobiy kim?
To’g’ri javob: Sa’d ibn Abu Vaqqos.
Izoh: Bir kuni hazrati Sa’d ibn Abu Vaqqos bir necha sahobalar bilan tog’ ichida yashirincha namoz o’qib turgan chog’larida Quraysh mushriklaridan bir to’p kishilar kelib qoldilar. Bularning namoz o’qishlariga qattiq g’azablanib, inkor qildilar. Har ikki taraf o’z so’zlarini isbotlash ustida bir qancha tortishuvlar bo’ldi. Buning bilan mushriklar qanoatlanishmay, o’rtadin urush chiqardilar. Qurolsiz bo’lgan bu urushda hazrati Sa’d ibn Abu Vaqqos bir mushrikni tuya suyagi bilan urganda, uning boshi yorildi. Islom boshlanishida eng avval to’kilgan qon shu edi. ("Tarixi Muhammadiy")

8. Asadulloh (Allohning she'ri) deya nom olgan sahoba kim?
To’g’ri javob: Hamza r.a.
Izoh: Jismoniy jihatdan haddan tashqari baquvvat, o‘ta jasur Hamza musulmonlarning qalqoniga, mushriklarning yuragiga g‘uluv soladigan qudratli bahodirga aylandi va unga Asadulloh (Ollohning sheri) deya nom berildi. (Nurul-yaqiyn)

9. Rasululloh s.a.v.ning ilk g’azotlari qaysi edi?
To’g’ri javob: Abvo (yoki Vaddon).
Izoh: Abvo’ yoki Vaddon g‘azoti Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning birinchi g‘azotlari edi, unda o‘n besh kun Madinada bo‘lmadilar. Bayroqlari oq rangli bo‘lib, uni Hamza ibn Abdulmuttalib ko‘tarib olgandi. (“Rahiyq al-maxtum”).

10. Islom tarixidagi g’azotda o’ldirilgan birinchi shahid kim?
To’g’ri javob: Mahjo’ r.a.
Izoh: Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning ozod qilgan quli Mahjo’ga kamon o‘qi tegib jon berdi. Shunday qilib, u birinchi shahidlik maqomiga u erishdi. Keyin hovuzdan suv ichayotganida tomog‘iga o‘q sanchilib, Horis ibn Suroqa ham shahid bo‘ldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chiqib, odamlarni shijoatlantirib:
«Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, kimda-kim sabr bilan, savob umidida oldinga intilib, ortga qochmay urush qilsa va o‘lsa, Alloh uni jannatga kiritadi!» dedilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va Risolat”)

11. Payg’ambar SAVning kuyovlari, Zaynab r.a.ning erlari, Rasululloh rostgo’yligini maqtagan kishi kim edi?
To’g’ri javob: Abul Os ibn Robe’
Izoh: Ibn Shihob raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: …Keyin, ul zot Banu Abdi Shams qabilasidan bo‘lmish kuyovlari haqida gapira turib, uning o‘zlariga yaxshi kuyovlik qilganini aytib maqtadilar. So‘ng: «(Men johiliyat davrida katta qizim Zaynabni Abu al-Os ibn Rabi’aga nikohlab bergan erdim), u (qizim ustiga uylanmaslikka) menga va’da berib, so‘zining ustidan chiqdi. (So‘ng, bizga asir tushganida qizimni mening huzurimga qaytarib yubormoqqa ham) va’da berib erdi, va’dasiga vafo qildi. (“Al-jome’ as-sahih”, Buxoriy)

12. U Uhud g’azoti shahidlaridan biri. U musulmon bo‘lishidan oldin Qurayshning eng erkatoy va nozu ne’matga ko‘milgan, yegani oldida yemagani ortida, zaru kimhoblarga burkangan yigitlaridan biri edi. Musulmon bo’lib, Alloh uchun Madinaga hijrat qildi. U o‘zidan hech qanday mol-dunyo qoldirmadi, faqat bitta jundan to‘qilgan choponi bo‘lib, shahid bo’lganida boshiga yopilsa, oyog‘lari, oyog‘lariga yopilsa, boshlari ochilib qoldi… gap qaysi sahoba haqida ketayapti?
To’g’ri javob: Mus’ab ibn Umayr
Izoh: Xabbob raziyallohu anhu aytadilar: «Biz Olloh taolo rizoligi uchun Janob Rasululloh birlan birga hijrat qildik. Olloh taolo bizga ajru savob ato etmoqni o‘z zimmasiga oldi. Ba’zi birimiz o‘sha ajru savobdan olib ulgurmay dunyodan o‘tib ketdi. Masalan, Mus’ab ibn Umayr. Ul kishi Uhud kuni o‘ldirildilar, o‘zlaridan hech qanday mol-dunyo qoldirmadilar, faqat bitta jundan to‘qilgan choponlari bo‘lib, boshlariga yopsak, oyog‘lari, oeg‘lariga yopsak, boshlari ochilib qoldi. Shunda Janob Rasululloh bizga: «Choponi birlan boshini o‘rangizlar, oyog‘iga ersa izxir tashlab qo‘yingizlar!» — deb amr qildilar. Biroq, oramizda bul dunyoda mukofotini olib, ayshini surib yurganlar ham bordur». (“Al-Jome’ as-sahih”, Buxoriy)

13. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qaysi sahobiyga «Ota-onam sizga fido bo‘lsin!» — deb aytganlar?
To’g’ri javob: Sa’d ibn Abu Vaqqos
Izoh: Sa’d ibn Abu Vaqqos (Sa’d ibn Molik) raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Uhud kuni menga: «Ota-onam sizga fido bo‘lsinlar!» — deb aytdilar», — deydilar. ("Al-jome' as-sahih", Imom al-Buxoriy)

14. Uhud jangida Rasuli akram SAVni himoya qilib, dushman bilan qattiq jang qilgan sahobiya ayol kim edi?
To’g’ri javob: Nasiba binti Ka’b
Izoh: Shu payt Ummu Ammona Nasiba binti Ka’b al-Mozaniya ismli sahobiya ayol Rasuli akram alayhissolatu vassalomni himoya qilib, dushman bilan qattiq jang qildi. Payg‘ambarimiz alayhissalomga yaqinlashib qolgan mushrik Umar ibn Qumaaga bir necha marta qilich urdi. Ammo u ikkita sovut kiyib olgan ekan, o‘tmadi va Ummu Ammonaning siynasiga qilich solib, qattiq yarador qildi. (Hadis va hayot: “Nubuvvat va Risolat”)

15. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam kimni «jannat ahli ayollarining sayyidasidur» — deb marhamat qilganlar?
To’g’ri javob: Hazrat Fotima r.a.ni
Izoh: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Fotima jannat ahli ayollarining sayyidasidur» — deb marhamat qilganlar. ("Al-jome' as-sahih", Imom al-Buxoriy)

16. Jabroil alayhissalom odam shalida qaysi sahoba qiyofasida kelar edilar?
To'g'ri javob: Dihyatul Kalbiy 
izoh: Usoma ibn Zayd raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Darhaqiqat, Jabroil alayhissalom (bir notanish odam qiyofasida) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga keldilar, shunda ul yerda Ummu Salama ham bor erdilar. O’shal (notanish) odam Janob Rasululloh birlan so‘zlashib bo‘lgach, o‘rinlaridan turib chiqib ketdilar. So‘ng, ul zot Ummu Salamaga: «Haligi odam kim erdi?» — dedilar (yoki shunga o‘xshash gap aytdilar). Ummu Salama: «U Dihya (ibn Xulayfa al-Kalbiy) erdi», — dedilar, (chunki Jabroil alayhissalom ko‘pincha shu kishining qiyofasida kelar erdilar)».  ("Al-jome' as-sahih", Imom al-Buxoriy)

17. Hudaybiya sulhida ikki tomon imzoagan sulh bandlari qaysi so’z bilan boshlandi?
To’g’ri javob: Bismikallohumma.
Izoh:Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sulh bandlarini yozish uchun Aliyni chaqirib, unga aytib yozdira boshladilar: «Bismillahir rohmanir rohiym...» Suhayl bunga rozi bo‘lmasdan: «Rahmon degani nimaligini biz bilmaymiz, «Bismikallohumma» deb yoz», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam u aytganidek yozishga buyurdilar. (Rohiyq al-maxtum)

18. Rasululloh SAV Xaybardan qaytayotganlarida Hamza r.a.ning qizlari U kishiga ergashdi. Shunda u qizchani o’z kafolatiga olishda 3 kishi talashishdi. Rasululloh SAV kimning foydasiga hukm qildilar?
To’g’ri javob: Ja’far ibn Abu Tolibning
Izoh: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkai Mukarramadan chiqmoqchi bo‘lib turganlarida shahidlarning sayyidi Hamza roziyallohu anhuning qizlari U zotga ergashib, amaki, amaki, deb kelib qoldi. Uni hazrati Ali yugurib borib qo‘lidan tutib Fotimai Zahroning oldilariga olib borib, amakingning qizini ol, dedilar. Hazrati Fotima qizchani ko‘tarib oldilar. O’sha yerda qizchani o‘z kafolatiga olish haqida Ali, Ja’far va Zaydlar talashib ketishdi;
Ali roziyallohu anhu:
«Men uni oldim. U amakimning qizi», dedi.
Ja’far roziyallohu anhu bo‘lsa:
«U mening amakimning qizi. Xolasi xotinim», dedi.
Zayd roziyallohu anhu o‘z navbatida:
«U mening birodarimning qizi», dedi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
«Xola onaning o‘rnidadir, deb uni xolasiga berish haqida hukm chiqardilar. Shu bilan birga qizchani kafolatiga olish uchun talashgan sahobalariga iliq so‘zlar aytdilar; Hazarati Aliga:
«Sen mendansan, men sendanman», dedilar. Ja’far ibn Abu Tolibga:
«Mening xalqimga va xulqimga o‘xshading», dedilar. Zayd roziyallohu anhuga esa:
«Sen birodarimiz va mavlomizsan», dedilar. (“Hadis va hayot”. “Nubuvvat va risolat”)

19. Mu’ta g’azotida amir bo’lgan 4 ta sahoba ketma-ketligini aniqlang.
To’g’ri javob: Zayd ibn Horisa – Ja’far ibn Abu Tolib – Abdulloh ibn Ravoha – Xolid ibn Valid
Izoh: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuni amir etib ta’yinlar ekanlar: «Agar Zaydga bir gap bo‘ladigan bo‘lsa odamlarga Ja’far ibn Abu Tolib bosh bo‘lur, agar Ja’farga bir gap bo‘ladigan bo‘lsa Abdulloh ibn Ravoha», dedilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)

20. Rasululloh s.a.v. Makka fathidan so’ng u yerda muazzin etib kimni qoldirdilar?
To’g’ri javob: Abu Mahzura
Izoh: Bir kuni shular ichidan Abu Mahzura degan yigit o‘z odaticha Hazrati Bilolni do‘rab azon aytganida Rasululloh eshitib qoldilar. Qarasalar uning ovozi yoqimli ekan, uni chaqirtirib kishi yubordilar. U ham bu ishim uchun o‘limga chaqirildim, deb qo‘rqib keldi. Oldilariga kelgach, uning manglayini, ko‘ksini qutlug‘ qo‘llari bilan silagan edilar, ko‘nglida iymon nuri yoridi. So‘ngra azon aytishni unga o‘rgatdilar: — Mana endi sen aniq azonchi bo‘lding. Shu kundan boshlab, Makka xalqiga azon o‘qib turgin, — dedilar. (“Tarixi Muhammadiy”)


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.