background
logotype
image1 image2 image3

3-bosqich. 2-tur: Bani Lihyon va G'oba g'azotlari

III BOSQICH
2-tur: Bani Lihyon va G'oba g'azotlari
Javoblar va izohlar


1. Bani Lihyon g’azotiga sabab bo’lgan voqea nima edi?
a) Rasululloh SAV yuborgan 10 sahobaning o’ldirilishi.
b) Bani Qurayza qavmiga yordam bergani uchun.
c) Shomdan kelayotgan musulmonlar karvoniga hujum qilingani uchun.
To’g’ri javob: Rasululloh SAV yuborgan 10 sahobaning o’ldirilishi.
Izoh: Banu Lahyon Raji’da Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o‘nta sahobalari xiyonatkorona o‘ldirilishiga sabab bo‘lgan qabiladir. (“Rohiyq al-maxtum”)

2. Raji’da xiyonatkorona o’ldirilgan sahoba kim edi?
a) Amr ibn Jamuh
b) Osim ibn Sobit
c) Abu Talha al-Ansoriy
To’g’ri javob: Osim ibn Sobit.
Izoh: Bani Lihyon xalqi yuqorida bayon etilganidek, Osim ibn Sobit bilan uning hamrohlarini o‘ldirgan edi. (“Nur ul-yaqiyn”)

3. Payg'ambar SAV Bani Lihyon g'azotiga ketayotib, Madinaga kimni vaqtincha xalifa etib ketdilar?
a) Abdulloh ibn Ummu Maktum;
b) Usmon ibn Affon;
c) Abdulloh ibn Huzofa.
To’g’ri javob: Abdulloh ibn Ummu Maktum.
Izoh: O’rnilariga ibn Ummu Maktumni qoldirib, ikki yuz nafar odam bilan yo‘lga chiqdilar. (“Nur ul-yaqiyn”)

4. Bani Lihyon g’azotiga chiqqan sahobalar soni qancha edi?
a) 200
b) 300
c) 400
To’g’ri javob: 200.
Izoh: Madinaga Ibn Ummu Maktumni xalifa qilib qoldirib, ikki yuzta sahoba hamrohligida o‘zlarini Shom safariga otlangandek ko‘rsatib, yo‘lga otlandilar. (“Rohiyq al-maxtum”)

5. Bani Lihyon g’azotiga chiqqan askar orasida otliqlar soni qancha edi?
a) 20
b) 30
c) 40
To’g’ri javob: 20.
Izoh: Shu shahidlarning qasoslarini olish uchun yigirmata otlik, bir yuz saksonta tuyalik, barisi ikki yuz askar olib yo‘lga chiqdilar. (“Tarixi Muhammadiy”)

6. Bani Lihyonda necha kun muhoraba bo’ldi?
a) 2 kun.
b) jami 14 kun.
c) muhoraba bo’lmadi.
To’g’ri javob: muhoraba bo’lmadi.
Izoh: So‘ngra ko‘rdilarkim, dushmanlar ilgariyoq askar kelishidan xabar topishib, tog‘-toshlarga qochishib ketgan ekanlar. Dushmanlardan birorta kishi ham ko‘zga ko‘rinmadi. Atrofga chopulchi (hujumchi) askar yuborib, bu joyda alarni kutib ikki kun turdilar. Dushmandan kishi yo‘liqmagach, borgan askarlar ham qaytib kelishdi. (“Tarixi Muhammadiy”)

7. Rasululloh SAV jangchi-sahobalarni Makka shahri yaqinida Asfon degan joyga nima uchun yubordilar?
a) Bani Lihyonliklarni toppish va qirib tashlash uchun.
b) Makka mushriklarini cho’chitish uchun.
c) Bani Lihyonning chorvasini qo’lga kiritish uchun.
To’g’ri javob: Makka mushriklarini cho’chitish uchun.
Izoh: Payg‘ambar alayhis-salom Makka mushriklariga o‘zlarining shavkatlarini ko‘rsatib qo‘yish uchun sahobalarning bir qismini Usfon degan joyga yubordilar. Ular Quroulg‘amim degan joygacha borib kelishdi. Shundan keyingina rasululloh qo‘shinni Madinaga qaytarib keldilar. (“Nur ul-yaqiyn”)

8. Bani Lihyon yurishi jami necha kun davom etdi?
a) 10 kun.
b) 2 kun.
c) 14 kun.
To’g’ri javob: 14 kun.
Izoh: So‘ng Madinaga qaytib keldilar. Ushbu yurishlari o‘n to‘rt kun davom etdi. (“Rohiyq al-maxtum”)

9. G'oba g'azoti hijratning nechanchi yili bo'ldi?
a) 5-yili
b) 4-yili
c) 6-yili
To’g’ri javob: 6-yili.
Izoh: Hijrat tarixining oltinchi yili erdikim, bu voqea bo‘ldi. (“Tarixi Muhammadiy”)

10. G’oba manzilidagi Rasululloh SAVning tuyalarini kim boqar edi?
a) Abu Zarr;
b) Muhammad ibn Maslama;
c) Ukkosha ibn Mihson.
To’g’ri javob: Abu Zarr.
Izoh: Madinadan bir kunlik G‘oba degan joyda boqilayotgan Rasulullohning yigirmata yangi tuqqan sutlik tuyalari bor edi. Sahobalardan Hazrati Abu Zar oilasi ila ularga boqmachilik qilar edilar. (“Tarixi Muhammadiy”)

11. G’oba manzilidagi Rasululloh SAVning tuyalarini olib qochgan qaroqchilar boshlig’i kim edi?
a) Uyayna ibn Hisn
b) Kalb ibn Kilob
c) Fihr ibn Amr.
To’g’ri javob: Uyayna ibn Hisn.
Izoh: Fizor qabilasining raisi Uyayna ibn Hisn boshliq qirq otlik bosmachilar kelishib, bu tuyalarni haydab olib ketishdi. (“Tarixi Muhammadiy”)

12. G’oba g’azotiga Rasululloh SAV nechata askar bilan chiqdilar?
a) 300
b) 400
c) 500
To’g’ri javob: 500.
Izoh: Bu xabar Rasulullohga yetishi bilan darhol besh yuz askar olib chiqdilar. (“Tarixi Muhammadiy”)

13. G’oba g’azotiga Rasululloh SAVdan vazifa olgan sahoba Salama ibn Akva’ning qanday harbiy mahorati bor edi?
a) Otda yaxshi chopardi.
b) Piyoda juda tez yugurardi.
c) Qilichda yaxshi jang qilardi.
To’g’ri javob: Piyoda juda tez yugurardi.
Izoh: Ansor sahobalari ichida Salama ibn Akva’ degan bir mergan kishi bor edi. Agar yayov bo‘lib yugursa, unga otliq odam yeta olmas edi. Dushman ortidan quvib yetishga uni buyurdilar. (“Tarixi Muhammadiy”)

14. G’oba qaroqchilari bilan olishuvda musulmonlardan necha kishi shahid bo’ldi?
a) 1 kishi
b) 3 kishi
c) 5 kishi.
To’g’ri javob: 1 kishi. 
Izoh: Ungachalik orqadan quvishib chiqqan askarlar yetishib keldi. Otliqlardan eng oldin kelgan Abu Qatoda bilan Miqdod ibn Asvad edilar. Ikki orada chorpishma bo‘lib, o‘g‘rilardan ikki kishi o‘ldirilib, mo‘minlardan bir kishi shahid bo‘ldi. (“Tarixi Muhammadiy”)

15. G’oba g'azotdan oldin Abu Zarrga r.a. tegishli qanday mo'jiza bo'lgan?
a) Bo'ladigan ishlarni Abu Zarr r.a. tushida ko'rgan.
b) Rasululloh SAV tushlarida ko'rganlar.
c) Bu ishlardan Abu Zarrni r.a. Rasululloh SAV ogohlantirganlar.
To’g’ri javob: Bu ishlardan Abu Zarrni r.a. Rasululloh SAV ogohlantirganlar.
Izoh: Yana bu voqeada bir mo’jizalik qissa ham o‘tmish edi. Shundoqki, bir kuni hazrati Abu Zar Rasululloh oldilariga kelib:
— Yo Rasululloh, G‘oba o‘tlog‘idagi sutlik sog‘in tuyalaringizga meni boquvchi qilib qo‘ying, ularning sutlaridan foydalanib turaylik, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Fizor qabilasining raisi Uyayna ibn Hisn ahmoq odamdur. U senga bir ziyon yetkazib qo‘yadimi deb qo‘rqaman, — dedilar.
Yana bir kun Rasululloh oldilariga kelib: «Shu xizmatga meni yuboring», deb qattiqroq talab qo‘ydi.
— Abu Zar, shu ishni qo‘ygin, o‘g‘ling o‘ldirilgudek, xotining asirga olingudek, asoingga suyanib, o‘zing oldimga kelgudek bo‘lib, ko‘zimga ko‘rinursan, — dedilar.
Shunchalik so‘zlarini eshitib turib, yana so‘ragan edi, bu yo‘li indamasdan javob berdilar. So‘ngra Abu Zar oilasi bilan ko‘chib borib, bir necha kun tuyalar ustida boqmachilik qilib o‘ltirdi. Fizor qabilasining bosmachilari buni eshitdilar. Rasululloh deganlaridek, raislari Uyayna ibn Hisn qirq kishi bilan kelib, Abu Zarni bosdi, qarshilik ko‘rsatgan o‘g‘lini o‘ldirdi, xotinini asir oldilar. Mol-jonidan ayrilib, nima qilishini bila olmay, asoga suyangan holda Payg‘ambarimiz oldilariga keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nima degan bo‘lsalar, xuddi shunday bo‘ldi. Bu ham bo‘lsa, Rasulullohning mo’jizalari edi. (“Tarixi Muhammadiy”)

16. Dushman qo'liga bu g'azotdan oldin kim asir tushadi?
a) Abu Zarr r.a.
b) Abu Zarr r.a.ning o'g'li.
c) Abu Zarr r.a.ning xotini.
To’g’ri javob: Abu Zarr r.a.ning xotini.
Izoh: Rasululloh deganlaridek, raislari Uyayna ibn Hisn qirq kishi bilan kelib, Abu Zarni bosdi, qarshilik ko‘rsatgan o‘g‘lini o‘ldirdi, xotinini asir oldilar. (“Tarixi Muhammadiy”)

17. Bu asirni dushman qo'lidan qutulishiga kim sababchi bo'ladi?
a) Askarlar qutqarishadi. 
b) Umar r.a.
c) Rasululloh SAVni Azbo ismli tuyalari.
To’g’ri javob: Rasululloh SAVni Azbo ismli tuyalari.
Izoh: Ammo Abu Zarning xotinini esa dushmanlar bir qancha kun asirlikda tutdilar. Bir kecha payt topib, yarim tunda tuyalar o‘tlog‘iga keldi, qaysi tuyani tutmoqchi bo‘lsa, «boof» deb baqirur edi. Oxiri bir tuyaning oldiga kelib, uni ushlab edi baqirmasdan tek turdi. Qarasa, Rasulullohning Azbo otli tuyalari ekan. O‘g‘rilar olib qochgan tuyalar ichida buni ham keltirmish edilar. (“Tarixi Muhammadiy”)

18. Zulqassaga yuborilgan musulmonlarning 10 kishilik guruhi rahbari kim edi?
a) Zayd ibh Horisa
b) Zubayr ibn Avvom
c) Muhammad ibn Maslama
To’g’ri javob: Muhammad ibn Maslama.
Izoh: Ibn Maslama o‘n kishilik guruh bilan Banu Sa’laba diyori bo‘lmish Zul-qassaga yetib borganida qavm ular uchun yuz kishilik pistirma tayyorlab qo‘ygan edi. Musulmonlar uyquga ketganda pistirmadagilar to‘satdan hamla qilib, ularni o‘ldirib ketishdi, faqat bitta Ibn Maslama yaralangan holda tirik qoldi. (“Rohiyq al-maxtum”)

19. Zayd ibn Horisa sariyasi qo’lga kiritgan quraysh karvonining sardori kim edi?
a) Abu Sufyon
b) Xolid ibn Valid
c) Abul Os.
To’g’ri javob: Abul Os.
Izoh: 6- hijriyning jumodul-ulo oyida Iysga yuborilgan Zayd boshchiligidagi bir yuz yetmish otliqdan iborat sariyya. Ushbu sariyya Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning kuyovlari Abul-Os boshchiligidagi Quraysh karvonidagi mollarni qo‘lga kiritdi. Abul-Osning o‘zi qochib qutuldi. (“Rohiyq al-maxtum”)

20. Zayd ibn Horisa sariyasi qo’lga kiritgan quraysh karvoni mollari nimaga sarf etildi?
a) 4 dan 2 qismi musulmon askariga qurol-yaroq olish uchun, 2 hissasi esa sariyyaga qatnashganlar orasida taqsimj etildi.
b) 4 dan ikki qismi sariyya qatnashchilariga taqsim etilgan, qolgan ikki qismi miskinlarga tarqatildi.
c) mollar egasiga qaytarildi.
To’g’ri javob: mollar egasiga qaytarildi.
Izoh: Zaynab iltimos qilgach, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam odamlarga karvonga tegishli mollarni qaytarib berishni maslahat berdilar, biroq hech kimni bunga majbur qilmadilar. Shunda hamma ozmi, ko‘pmi, kattami, kichikmi, nima olgan bo‘lsa hammasini qaytarib berdi. Abul-Os Makkaga qaytib, omonatlarni egalariga topshirgach, musulmon bo‘lib, Madinaga hijrat qildi. (“Rohiyq al-maxtum”)


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.