background
logotype
image1 image2 image3

1-bosqich. 5-tur: Tahorat hukmlari (Hanafiy mazhabida)

5-tur

Mavzu:  Tahorat hukmlari (Hanafiy mazhabida)


1. Sha’riati Islomiyada amallar savob yoki gunoh bo’lishi bilan fiqhiy istilohga ko’ra nechaga bo’linadi? Quyidagilardan to’g’risini belgilang.
a) Bechta: Farz, vojib, sunnat, harom, muboh.
b) Oltita: Farz, sunnat, vojib, harom, makruhi tahrimiy, muboh.
c) Yettita: Farz, vojib, sunnat, harom, makruhi tahrimiy, makruhi tanziliy, muboh.
To’g’ri javob: Yettita: Farz, vojib, sunnat, harom, makruhi tahrimiy, makruhi tanziliy, muboh.
Izoh: Shariati islomiyada amallar savob yoki gunoh bo‘lish e’tibori bilan fiqhiy istilohga ko‘ra, yetti navga bo‘linadi:
1.   Farz;
2.   Vojib;
3.   Sunnat;
4.   Harom;
5.   Makruh tahrimiy;
6.   Makruh tanzihiy;
7.   Muboh. (“Hanafiy mazhabida tahorat va namoz hukmlari”)

2. Sunnat necha xil bo’ladi? Quyidagi qatorlardan to’g’risini belgilang.
a) 1 xil, Sunnati muakkada.
b) 2 xil, Sunnati muakkada, sunnati mashru’a.
c) 3 xil, sunnati muakkada, sunnati mashru’a, sunnati zoida.
To’g’ri javob: 3 xil, sunnati muakkada, sunnati mashru’a, sunnati zoida.
Izoh: Sunnat - bajarishlik qat’iy suratda talab qilinmagan amalga sunnat,
deyiladi. Sunnat fiqhiy istilohda mandub, mustahab, odob kabi so‘zlar bilan
ham ishlatiladi. 
Sunnatning turlari uchga bo‘linadi:
1.   Takidlangan sunnat (sunnati muakkkada);
2.   Odatiy sunnat (sunnati mashru’a);
3.   Zoida sunnat (sunnati zoida).
Sunnati muakkadaga misvok ishlatish, jamoat bilan namoz o‘qish, sunnati ravotiblarni o‘qish kabilar kiradi.
Sunnati muakkadaning hukmi vojibdan keyingi o‘rinda turadi.
Odatiy sunnatlarga Payg‘ambarimiz (s.a.v.) odatda qilib yurgan, lekin boshqalarga qilishlikni ta’kidlamagan sunnatlar kiradi.
Ramazondan boshqa paytlardagi tutiladigan ixtiyoriy ro‘zalar, farz va sunnati muakkada namozlaridan boshqa ixtiyoriy namozlar, Zuxo namozi, Asr va Xufton namozidan oldingi to‘rt rakat sunnat namozlari, zulqa’da oyida olti kun ro‘za tutishlik, dushanba va payshanba kunlaridagi ro‘zalar va hokazolar shular jumlasidandir.
Sunnatga amal qilgan odam savobga erishadi, unga amal qilmagan kishiga esa azob berilmasa-da, qiyomat kunida malomatga qolish ehtimoli bor. (“Hanafiy mazhabida tahorat va namoz hukmlari”, «Hadis va hayot»)

3. Hojatxonaga kirayotgan kishi qaysi duoni o’qishi odabdan hisoblanadi?
a) “Allohumma inniy a’uzu bika minal xubsi val xobais”.
b) “G’ufronaka, alhamdulillahillaziy azhaba ‘annil azaa va ‘ofaniy”.
c) “Robbana atina fid dunya hasanatav va fil axiroti hasanatav va qina azaban nar”.
To’g’ri javob: “Allohumma inniy a’uzu bika minal xubsi val xobais”.
Izoh: Hojatxonaga kirayotgan kishi uchun quyidagilar odob hisoblanadi:
Kirishdan oldin ushbu duoni o‘qish:
«Allohumma inniy a’uzu bika minal xubsi val xobais».
(Ma’nosi: «Ey Rabbim, erkak va ayol shaytonning yomonligidan panoh tilayman».) (“Hanafiy mazhabida tahorat va namoz hukmlari”)

4. Tahoratning farzlari nechta va ular qaysi qatorda to’g’ri ko’rsatilgan?
a) 3 ta;  yuzni, qo’lni oyoqni yuvish.
b) 4 ta; yuzni, qo’lni, oqyoqniyuvish va boshqa mash tortish.
c) 5 ta; yuzni, qo’lni, oyoqni, og’izni yuvish va boshga mash tortish.
To’g’ri javob: 4 ta; yuzni, qo’lni, oqyoqniyuvish va boshqa mash tortish.
Izoh: Tahoratning farzlari to‘rttadir:
1.   Yuzni bir marta yuvmoqlik. Yuvish, degani suv tegishi lozim bo‘lgan o‘rinlardan suvni oqizmoqlikdir. Yuzning chegarasi uzunasiga soch chiqqan joidan jag‘ning ostigacha, kengligi esa ikki quloq yumshog‘ining orasigacha bo‘lgan o‘rindir.
2.   Ikki qo‘lni tirsaklari bilan qo‘shib bir marta yuvishlik.
3.   Boshning to‘rtdan biriga bir marta mashtortish.
4.   Ikki oyoqni ham oshig‘i bilan qo‘shib bir marta yuvishlik. Oyoqning oshig‘i qadamdan yuqorida, to‘piqdan pastdagi bo‘rtib ko‘rinib turgan suyakdir.
Tahorat qiladigan kishi agar tirnoqlari uzun bo‘lsa, uning ostiga suv yetkazishi va yana ko‘zi atrofiga yig‘ilib qoladigan kirlarni olib, ostiga suv tekkizishi ham shartdir. (“Hanafiy mazhabida tahorat va namoz hukmlari”)

5. Tahoratning farzlari qaysi oyatlarda keltirilgan?
a) “Moida”, 6-oyat.
b) “Tavba”, 15-oyat.
c) “Haj”, 8-oyat.
To’g’ri javob: “Moida”, 6-oyat.
Izoh: Alloh taolo: «Ey iymon keltirganlar, namozga tursanglar, yuzinglarni yuvinglar va qo‘linglarni tirsagigacha (qo‘shib) yuvinglar va boshinglarga mash tortinglar va oyog‘inglarni to‘pig‘igacha (qo‘shib) yuvinglar», deb aytgan (Moida surasi, 6-oyat).

6. «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hojatxonaga kirdilar, men u kishiga tahorat uchun suv keltirib qo‘ydim. Janob Rasululloh (chiqib): «Kim qo‘ydi buni?» — dedilar. Rasulullohga (…, deb) aytishdi. Rasululloh: «Ilohi, uni din bilimdoni qilgaysan!»—deb duo qildilar. Savol: tahoratga suv keltirgani uchun Rasulullohning duolariga sabachi bo’lgan bu mashhur sahoba kim?
a) Abdulloh ibn Umar
b) Abdulloh ibn Abbos
c) Abdulloh ibn Mas’ud
To’g’ri javob: Abdulloh ibn Abbos
Izoh: Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hojatxonaga kirdilar, men u kishiga tahorat uchun suv keltirib qo‘ydim. Janob Rasululloh (chiqib): «Kim qo‘ydi buni?» — dedilar. Rasulullohga (ibn Abbos, deb) aytishdi. Rasululloh: «Ilohi, uni din bilimdoni qilgaysan!»—deb duo qildilar. (Al-Jome’ as-sahih, “Tahorat kitobi”, 10-bob)

7. “Boshning hammasiga bir marta mash tortish” tahoratning qanday hukmi hisoblanadi?
a) Tahoratning odobi
b) Tahoratning farzi
c) Tahoratning sunnati
To’g’ri javob: Tahoratning sunnati
Izoh: Ma’lumki, boshning to‘rtdan biriga bir marta mash tortish tahoratning farzi hisoblanadi. Bu hukm Qur’oni Karim Moida surasining 6 oyati bilan isbotini topgan. Demak, to‘rtdan biriga bir marta mash tortish farz hisoblanadi. Boshning hammasiga bir marta mash tortish esa, hadisi sharifda keltirilgani bois sunnat hisoblanadi. Hadisi sharif: Anas ibn Molik (r.a.) uch martadan yuvib tahorat qildilar, boshlariga bir marta mash tortdilar va aytdilarki: “Bu Rasululloh (s.a.v.) ning tahoratlaridir”. (Burhoniddin al-Marg‘inoniy, “Hidoya”)

8. G’usl vojib bo‘lgan kishi Qur’oni Karim oyatlarini yoddan o‘qishi joizmi?
a) Tahoratsiz kishi kabi mushafga qaramasdan yoddan o‘qishi joiz
b) Harom
c) Makruh
To’g’ri javob:  Harom
Izoh: Kichik tahoratsizlik holatidagi kishiga mumkin bo‘lmagan amallar katta tahoratsizlik holatidagi kishiga ham bajarish man etiladi. Shu bilan birga g‘usl vojib bo‘lgan kishiga Quroni karimni xoh yoddan bo‘lsin, xoh qarab o‘qishlik hamda masjidga kirishligi ham harom hisoblanadi. (“Hanafiy mazhabida tahorat va namoz hukmlari”)

9. Quyidagilardan qaysi biri tahoratdagi sunnat amallarga kirmaydi?
a) Tahoratni «Bismillah...» bilan boshlamoq, tahoratni misvok ishlatish bilan boshlamoq, burniga ham uch marta suv olib qoqmoq.
b) Tahorat chog’i duoda bo’lish, liboslarga suv sachramasligi uchun balandda turish, qiblaga qarab o’tirmoq
c) Boshga mash tortganda peshonadan boshlamoq, qo’lni yuvmoq, qo’l va oyoqni yuvganda panja uchidan boshlamoq.
To’g’ri javob:  Tahorat chog’i duoda bo’lish, liboslarga suv sachramasligi uchun balandda turish, qiblaga qarab o’tirmoq
Izoh: Tahoratdagi sunnat amallar:
1. «Bismillahir rohmanir rohim», deb boshlamoq. 
2. Tahorat qilishni dilga tugmoq. 
3. Qo’lni yuvmoq. 
4. Tishni misvok yoki qo’l bilan yuvmoq. 
5. O’ng qo’lga uch marta suv olib og’iz chaymoq. 
6. O’ng qo’lga uch marta suv olib burunni yuvmoq. 
7. Qosh, mo’ylov va lab ostiga suv yetkazmoq. 
8. Soqol oralariga panja urib ishqalamoq. 
9. Oyoq panjalariga qo’l panjalari bilan suv yetkazib chog’ishtirmoq. 
10. Yuz, qo’l va oyoqni uch martadan yuvmoq. 
11. O’ng qo’lni chap qo’ldan, o’ng oyoqni chap oyoqdan ilgari yuvmoq. 
12. Boshga mash tortganda peshonadan boshlamoq. 
13. Boshning sochli joyining hammasini ho’llamoq. 
14. Ko’rsatkich barmoq bilan quloq ichiga mash tortmoq, bosh barmoq bilan esa quloq tashqarisiga mash tortmoq. 
15. Ikki qo’lning ort tarafi bilan gardanga mash tortmoq. 
16. Tahoratning barcha farzlarini o’rniga qo’ymoq. 
17. Tahorat orasida boshqa amallar bilan mashg’ul bo’lmaslik. 
18. Qo’l va oyoqni yuvganda panja uchidan boshlamoq.
Tahorat qilishda besh ish mustahabdir: liboslarga suv sachramasligi uchun balandda turish; qiblaga qarab o’tirish; tahorat suvini o’zi hozirlash; tahorat chog’i duoda bo’lish; tahorat chog’i tobe’ va sertavoze’ turish. (“Ibodati Islomiya”)

10. Quyidagilardan qaysi biri tahoratning makruh amallariga kirmaydi?
a) Suvni yuzga zarb bilan urish, suvni o‘ta kam ishlatishlik, suvni isrof qilish.
b) Najosatli o‘rinlarda tahorat olish, Tahorat asnosida zaruratsiz gaplashish, ro‘zador odamning burniga va og‘ziga suvni qattiq tortishi.
c) Yomg'ir suvida tahorat olish, tahorat tartibini buzish, ya'ni avval yuzni, so'ng qo'lni yuvish.
To’g’ri javob:  Yomg'ir suvida tahorat olish, tahorat tartibini buzish, ya'ni avval yuzni, so'ng qo'lni yuvish.
Izoh: Quyidagi ishlar tahoratda makruhi tanzihiy hisoblanadi:
1.   Suvni isrof qilish.
2.   Suvni o‘ta kam ishlatishlik.
3.   Suvni yuzga zarb bilan urish.
4.   Ro‘zador odamning burniga va og‘ziga suvni qattiq tortishi ham makruhdir. Chunki bunda ro‘zaning ochilib ketish xavfi bor.
5.   Najosatli o‘rinlarda tahorat olish.
6. Tahorat asnosida zaruratsiz gaplashish.
7. Burunga, og‘izga suv olish va niyatga o‘xshagan ta’kidlangan sunnatlarni tark qilishlik ham makruhdir.(“Hanafiy mazhabida tahorat va namoz hukmlari”)

11. «Alhamdu lillahillazi ja’alal maa tahuran val islama nuran» (Ma’nosi: «Suvni ham, Islom dinini ham poklik manbai qilib yaratgan Allohga hamd bo’lsin») duosi tahoratning qaysi rukni bajarilayotganda aytiladi?
a) Ikki qo’l yuvilayotganda
b) Og’iz chayilayotganda 
c) Yuz yuvilayotganda
To’g’ri javob: Ikki qo’l yuvilayotganda
¬Izoh: Tahorat boshlanib, ikki qo’l yuvilayotganda ushbu duo o’qiladi:
«Alhamdu lillahillazi ja’alal maa tahuran val islama nuran».
Ma’nosi: «Suvni ham, Islom dinini ham poklik manbai qilib yaratgan Allohga hamd bo’lsin». (“Ibodati Islomiya”)

12. Burunga suv tortilayotganda qaysi duo o’qiladi?
a) «Allohumma arihni roihatal jannati va la turihni roihatan-nari».
b) «Allohumma bayyiz vajhi bi nurika yavma tabyazzu vujuhu ulaika va la tusavvid vajhi yavma tasvaddu vujuhu a’doik».
c) «Allohumma la tu’tini kitabi bishimali va la min varoi zohri va la tuhosibni hisaban shadidan».
To’g’ri javob: «Allohumma arihni roihatal jannati va la turihni roihatan-nari». 
Izoh: Burunga suv tortilayotganda ushbu duo o’qiladi:
«Allohumma arihni roihatal jannati va la turihni roihatan-nari».
Ma’nosi: «Ilohim, jannat hididan bahramand et, do’zax isidan nari tut». (“Ibodati Islomiya”)

13. Tahoratsiz kishiga harom bo’lmagan amallarni belgilang.
a) Nafl namoz o‘qishi, sajda tilovatini bajarish.
b) Baytullohni tavof qilish, Qur’on g’ilofini ushlash.
c) Tobutni ko’tarish, masjidga kirish.
To’g’ri javob: Tobutni ko’tarish, masjidga kirish.
Izoh: Tahoratsiz kishiga harom bo‘lgan narsalar:
1. Tahoratsiz kishi xoh nafl bo‘lsin, xoh farz bo‘lsin, namoz o‘qishi haromdir.
2.   Janoza namozini ham betahorat o‘qish haromdir.
3.   Sajda tilovatini betahorat bajarmoqlik ham haromdir. Chunki sajdada namoz ma’nosi bor.
4.   Tahoratsiz Baytullohni tavof qilish man etiladi. Bunga tavofning farz yoki nafl bo‘lishining farqi yo‘q. Chunki tavof ham namozdir. Faqat unda gaplashishlik muboh qilingandir. Agar bir kishi Baytullohni tahoratsiz tavof qilsa, o‘zi gunohkor bo‘lsa ham, tavofi durust bo‘ladi. Chunki tavof uchun tahoratli bo‘lish shart qilinmaydi, balki u vojibdir.
5.   Tahoratsiz kishining Qur’on kitobining hammasini yoki ba’zisini, agar bir oyat bo‘lsa ham, ushlashi durust emas. Ammo Qur’on kitobining ustida undan ajragan g‘ilofi bo‘lsa, ushlash mumkin bo‘ladi.(“Hanafiy mazhabida tahorat va namoz hukmlari”)

14. Qanday suvlarda tahorat olish mumkin emas?
a) daraxt, meva, ko‘katlardan siqib olingan suvda, tahorat ustiga tahorat olish uchun) ishlatilgan suvda
b) To’xtab turishi bilan biroz o’zgargan hovuz suvida, yomg’ir suvida
c) Baliq va hasharotlar o’lib qolgan suvda, dengiz suvida.
   To’g’ri javob: daraxt, meva, ko‘katlardan siqib olingan suvda, tahorat ustiga tahorat olish uchun) ishlatilgan suvda
   Izoh: Yer va osmondan chiqadigan suvlarning hamma turi bilan tahorat olsa bo‘ladi. Agar hovuzdagi suv to‘xtab turishi bilan biroz o‘zgargan bo‘lsa yoki unga toza narsalar, masalan, tol bargi, cho‘p aralashuvi bilan o‘zgarsa ham, u bilan tahorat olinaveradi. Shuningdek, suvda tug‘ilib-o‘lgan yoki oquvchi qoni yo‘q hayvon yoki hasharotlar (baliq, pashsha, chivin va boshqalar)ning jasadi suvni iflos qilmaydi.
   Ammo pok narsa suvga tushib, suvni suvlik tabiatidan chiqarib yuborsa yoki toza narsani aralashtirib qaynatish bilan uni boshqa narsaga aylantirsa (masalan, go‘sht suvga solib qaynatilsa), unday suv bilan tahorat olib bo‘lmaydi.
   Quyidagi suvlar bilan tahorat olish mumkin emas:
- najasot tushgan idishdagi va hajmi 10x10 metrdan oz bo‘lgan hovuzdagi suvda;
- daraxt, meva, ko‘katlardan siqib olingan suvda;
- qurbat hosil qilish uchun (savob umidida tahorat ustiga tahorat olish uchun) ishlatilgan suvda;
- ifloslikni ketkazish uchun ishlatilgan suvda. ("Muxtasari viqoya")

15. Tahoratga ishlatilgan suvdan idish yuvish yoki boshqa maqsadda foydalanish mumkinmi?
a) Joiz
b) Joiz emas.
c) Rangi o’zgarmagan bo’lsa joiz.
To’g’ri javob: Joiz emas.
   Izoh: Mazhabimiz mujtahidlaridan Imom Abu Yusuf rahmatullohi alayh: "Ishlatilgan suv najasdir, chunki u bilan badandagi nopoklik tozalangan. Nopoklikni ketkazish uchun ishlatilgan suv nopok bo‘lib qoladi. Ishlatilgan suv kiyimning to‘rtdan biridan ko‘p qismiga tegsa, u bilan namoz o‘qib bo‘lmaydi", deydilar. Imomi A’zam rahmatullohi alayh: "Ishlatilgan suv kiyimning kaft kengligidan (ochiq kaftda suv turadigan joydan) ko‘p qismiga tegsa, u bilan namoz o‘qish mumkin emas", deganlar. Imom Muhammad rahmatullohi alayh: "Ishlatilgan suv toza, ammo tozalamaydi, ya’ni uni qayta tahoratga ishlatib bo‘lmaydi. Zero, kishi a’zolari tozadir, biroq tahorat olmay namoz o‘qish, qo‘lni yuvmay taom yeyish mumkin emas. Ularga qo‘yilgan bu taqiqtahorat olganda yo qo‘lni yuvganda suvga o‘tadi va suvning sifati yuvilmagan a’zo sifati kabi bo‘lib qoladi. Shuning uchun ishlatilgan suv toza, ammo tozalovchi emasdir", deydilar.
   Muhaqqiq ulamolar Imom Muhammad rahmatullohi alayhso‘zlarini ixtiyor qilishgan va unga fatvo berishgan. Demak, ishlatilgan suv toza, ammo tozalovchi emas. Bu o‘rinda shuni ta’kidlash kerakki, ishlatilgan suv kiyimga tegsa, uni harom qilmaydi. Uni toza deyishdan murod shu. Biroq ishlatilgan suvni ichish yo taomga ishlatish mumkin emas. ("Raddul Muxtor")

16. Sahih manbalarga ko’ra Rasululloh SAV tahorat uchun qancha suv sarflardilar?
a) 1 mud (taxminan 1 litr)
b) 1,5 mud (taxminan 1,5 litr)
c) Yarim so’ (taxminan 2 litr)
To’g’ri javob: 1 mud (taxminan 1 litr)
Izoh: Ibn Jabrga Anas bunday degan ekanlar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam g‘uslga bir so’dan (taxminan 4 litrdan) 5 mudgacha (taxminan 5 litrgacha) suv ishlatar edilar, 1 mud suv bilan tahorat olar edilar». (“Sahihi Buxoriy”, Tahorat kitobi, 49-bob)

17. Tahoratda yuviladigan a’zolarda yara yoki kasallik bo‘lganida qanday tahorat olinadi?
a) Issiq suv bilan yuviladi.
b) Jarohat ustiga mash tortiladi.
c) Tayammum qilinadi.
d) Qanday vaziyatdaligiga ko’ra yuqoridagi barcha javoblar javoblar mos tushishi mumkin.
To’g’ri javob: Qanday vaziyatdaligiga ko’ra yuqoridagi barcha javoblar javoblar mos tushishi mumkin.
Izoh: Tahoratda yuviladigan a’zolarining birida yara yoki kasallik bo‘lganida issiq suv bilan  yuvish ham kishining sog‘ligiga zararli bo‘lsa, yuvilmaydi, balki ho‘l qo‘l bilan ustiga mash tortiladi. Agar mash tortish ham zarar yetkazadigan bo‘lsa, bu amal ham tark etiladi. Agar bunday kasallik tahoratda (g‘uslda) yuviladigan a’zolarning ko‘p qismini qamrab olgan bo‘lsa, tahorat yoki g‘usl o‘rniga tayammum qilinadi.(“Dinda savolim bor”, 1-kitob)

18. Quyidagi qaysi holatda tahorat ketadi?
a) Chivin yoki burganing badandan qon so’rishi.
b) Badandan yiring yoki qon sal chiqib oqsa.
c) Og’izdan qusuqsiz kelgan qon og’iz suvini sarg’aytirsa. 
To’g’ri javob: Badandan yiring yoki qon sal chiqib oqsa.
Izoh: Badandan qon va yiring chiqib, joyidan sal oqsa, tahorat singan bo‘ladi. Chiqqan joyida turib qolsa, ya’ni oqmasa, tahorati sinmaydi. Burundan kelgan qon sirtga chiqmasa ham, ichida ko‘rinishining o‘zi tahoratni sindiradi.
Qusuq ham og‘izni to‘ldirsa, tahoratni buzadi. Qusuqning gapirishga mone’ miqdori og‘iz to‘lishi hisoblanadi. Ammo Imom Zufar: «Qusuqning ozi ham, ko‘pi ham tahoratni sindiradi», deydilar. Agar kishi bir yerda va bir sababdan oz-ozdan qussa va ularni to‘plaganda og‘iz to‘ladigan darajada bo‘lsa, tahorat buziladi. Ammo bir necha joyda va turli sabab bilan oz-ozdan qussa, tahorat buzilmaydi. Lekin shu holda ham qayta tahorat olinsa, ehtiyot nuqtai nazaridan yakun bo‘ladi.
Agar qusuqqa qon aralashgan bo‘lsa, uning ozginasi ham tahoratni sindiradi. Og‘izdan qusuqsiz kelgan qon og‘izning suvini qizartirsa, tahorat ketadi, sarg‘aytirsa, tahorat sinmaydi.
Chivin yoki burgalar badandan  qancha to‘yib  qon so‘rsa ham, tahorat sinmaydi. Lekin katta kana to‘yib so‘rsa, qayta tahorat olish kerak bo‘ladi. (“Dinda savolim bor”, 3-kitob)

19. Daraxtlardan yoki daraxt mevalaridan siqib olingan suvga tahorat olish  joizmi?
a) Joiz
b) Joiz emas
c) Makruh
To’g’ri javob:  Joiz emas
Izoh: Daraxtlardan yoki daraxt mevalaridan siqib olingan suv haqiqiy suv emas. Suv topilmagan holda kishi tayammum qiladi, lekin yuiladigan a’zolarni yuvishlik taabbudiy (Alloh buyurgan) vazifadir, shuning uchun nassdagidan boshqasiga o‘tmaydi. Ammo tok tanasidan tomib turgan suvga tahorat olish joiz, chunki uning suvi siqilmasa ham o‘zi chiqadi. (Burhoniddin al-Marg‘inoniy, “Hidoya”)

20. Yosh bola namozda kulsa, tahorati ketadimi?
a)   Ketmaydi.
b)   Ketadi, tezda tahorat olishi lozim bo’ladi.
c)   Baland ovozda kulsa ketadi, past ovozda kulsa, ketmaydi.
To’g’ri javob: Ketmaydi.
Izoh: Yosh bolaning kulgisi tahoratini ham, namozini ham buzmaydi. Kulgi uch xil bo‘ladi: ovoz chiqarib kulish. Bu tahoratni ham, namozni ham buzadi. Ulamolar: «Kimki namozdan tashqarida ham qahqaha urib kulsa, qayta tahorat qilishi mustahab», deganlar. Kishi kulgisini o‘zi eshitib, yonidagi eshitmasa, namozi buziladi, ammo tahorati ketmaydi. Tabassum namozni ham, tahoratni ham buzmaydi. (“Dinda savolim bor”, 3-kitob)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.