background
logotype
image1 image2 image3

Imomi a’zam Abu Hanifa

«Oqillikda, fozillikda va shubhali narsalardan ehtiyot bo‘lishda Abu Hanifadan ustunroq biron kimsani ko‘rmadim».
Yazid ibn Horun

U go‘zal yuzli, xushsurat, shirinsuxan, suhbati yurakni eritadigan kishi edi. Bo‘yi o‘rtacha, kiyimi nafis, yuzi ko‘rkam bu zotdan har doim shirin hid ufurib turar, odamlarga yuzma-yuz kelganida taralayotgan beg‘ubor islaridan uni tezda tanib olishar edi.
Bu olim fiqh ilmini birinchi bo‘lib boyitgan, sermahsul qilgan va uning vujudiga yashiringan eng ajib durdonalarni yorug‘likka chiqargan ulug‘ faqih va mazhabboshi Abu Hanifa Nu’mon ibn Sobit ibn Marzabondir (Alloh rahmatiga olsin).

* * *

Abu Hanifa umaviylar asrining oxirlariga va abbosiylar davrining dastlabki yillariga guvoh bo‘ldi. U iqtidorli kishilar rizqlari o‘zlari sezmagan holda har tomondan oqib keladigan bir zamonda umr kechirdi. Biroq ilmi va nafsini bu narsalardan asradi. Mehnati orqali erishgan narsasi bilangina rizqlanishga hamda hamisha infoq-ehson qiluvchilardan bo‘lishga azm etdi.

* * *

Bir kuni hukmdor Mansur Abu Hanifani saroyiga taklif qildi. Abu Hanifa uning huzuriga yetib kelganida, Mansur g‘oyat izzat-ikrom bilan unga peshvoz chiqdi va olimni o‘ziga yaqin joyga o‘tqazdi. Hukmdor bilan ilm peshvosi o‘rtasida din va dunyo ishlariga bog‘liq bir qancha masalalar xususida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Abu Hanifa ketishga taraddudlanar ekan, Mansur o‘ttiz ming dirham solingan hamyonni tutqazdi. Shunda Abu Hanifa: “Ey mo‘minlar amiri, men Bag‘dodda musofir kishiman. Bu pullarni qo‘yishga joyim ham yo‘q. Binobarin, ularni yo‘qotishdan qo‘rqaman. Ularni men uchun saqlab qo‘ying. Kerak bo‘lishi bilan o‘zim so‘rab olaman”, dedi.
Mansur uning talabini qondirdi. Lekin ushbu voqeadan so‘ng Abu Hanifa uzoq yashamadi. U vafot etganida uyidan podshoh unga tuhfa qilmoqchi bo‘lganidan ko‘proq mol topildi. Mansur bu holni eshitib: “Alloh Abu Hanifani rahmatiga olsin! Uning maqsadi bizdan biron narsa olmaslik ekan, bizni muloyimlik bilan rad qilibdi», dedi.
Uning hayotiga nazar solsak, vaqtining bir qismini savdo-sotiq ishlariga ajratganini ko‘ramiz. U ipak va jundan to‘qilgan kiyim-kechak va matolar bilan tijorat qilar edi. Uning savdo mollari Iroq shaharlari aro borib-kelardi. Uning odamlar doimo kelib turadigan, hammaga tanish va ma’lum bir do‘koni bo‘lib, kishilar u yerda muomalada haqqoniylik, olish-berishda omonatdorlikni ko‘rishar edi.
Bir kuni Abu Hanifaning tanishlaridan biri uning do‘koniga kelib, bunday deydi:
—     Abu Hanifa, menga ipakdan to‘qilgan kiyim kerak edi.
—     Xo‘p, rangi qanaqa bo‘lsin?
—     Mana bunday, bunday bo‘lsin.
—     Yaxshi, lekin bir oz sabr qilib tur, dedi Abu Hanifa, — sen sifatlagan kiyim qo‘limga kelib tushishi bilan uni senga olib qo‘yaman.
Bir hafta ham o‘tar-o‘tmas so‘ralgan kiyim Abu Hanifaning qo‘liga tushdi. Boyagi odam ikkinchi marta do‘kondan o‘tdi. Uni ko‘rgan Abu Hanifa: “Sen izlagan narsa keldi”, dedi va unga molni ko‘rsatdi. Mol xaridorga ma’qul kelgach:
—     Juda soz, necha pul to‘lashim kerak bunga? — deb so‘radi.
—     Bir dirham.
—     Bir dirham?! deb yubordi boyagi kishi hayrat va taajjub bilan.
—     Ha, bir dirham...
—     Bu nima qilganingiz, Abu Hanifa, — deya o‘pkalana boshladi haligi kishi, — siz ustimdan kulasiz deb hech o‘ylamagan edim.
Shunda Abu Hanifa aytdi:
—     Men ustingdan kulmayapman. Quloq sol, shu kiyim bilan yana bitta xuddi shunaqa kiyimni bir savdoda arzongina sotib olgan edim. Narigisini sotib, foydamni oldim. Bunisining tani menga atigi bir dirham kumushga tushdi. Men birodarimdan foyda oluvchi emasman.

* * *

Bir kuni Abu Hanifaning ko‘zi tanishlaridan birining kiyimlariga tushdi, ular unniqib, uvadasi chikib ketgan edi. Odamlar tarqab, faqat haligi kishi qolgach, Abu Hanifa unga:
—     Anavi joynamozni ko‘targin-da, tagidagini ol, — dedi.
Kishi joynamozni ko‘tardi. Qarasa, tagida ming dirham pul bor edi.
—     Uni olib, ust-bosh qil, dedi Abu Hanifa.
—     Men o‘zimga to‘qman, dedi haligi kishi, Alloh menga boylik, mo‘l rizk ato kilgan. Bu pullaringizga ehtiyojim yo‘q.
Shunda Abu Hanifa bunday dedi:
—     Alloh taolo senga boylik va farovonlik ne’matini ato qilgan ekan, qani u ne’matlarning asari?! Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam): «Albatta, Alloh bandasining ustida unga bergan ne’matining asarini ko‘rishni sevadi», degan so‘zlarini eshitmaganmisan? Shunday ekan, o‘zingni tartibga keltirib, ust-boshingga karab yurishing kerak. Shunda yaqinlaring ham senga achinib yurmaydi.
Abu Hanifa saxiy, boshkalarga mehribon, oliyjanob inson edi. Oilaga qancha sarflasa, o‘shancha boshqa muhtojlarga ham ehson qilar edi. Agar yangi kiyim kiysa, uning qiymatiga teng kiyimlarni miskinlarga ham kiydirardi. Oldiga taom qo‘yilsa, undan odatda yeydigan miqdoridan bir necha marta ortig‘ini boshqa idishga suzdirib, beva-bechoralarga chiqartirib yuborar edi.
Hafs ibn Abdurahmon ayrim tijoratlarida Abu Hanifaga sherik edi. Ipak kiyim va matolardan iborat mollarni Iroqning ba’zi shaharlariga olib borardi. Bir safar juda katta miqdordagi mol hozirlanib, yo‘lga chiqish oldida Hafsga tayinladi:
“Falon, falon kiyimlarda ayblar bor. Ularni sotishdan oldin xaridorga nuqsonini albatta ayt!” deb tayinladi.
Hafs savdoga berilib ketib, hamma molni sotib yubordi. Pirovardida ayrim kiyimlardagi illatni aytishni unutdi. Esiga tushganida kech bo‘lgan edi. Aybli kiyimlarni sotib olgan kishilarni eslashga qancha urinmasin, natija bo‘lmadi.
Voqeani eshitgan Abu Hanifa tinchini yo‘qotdi. Chuv tushgan xaridorlarni aniqlashning hech imkoni bo‘lmaganidan so‘ng o‘sha galgi mollaridan tushgan pullarning barini sadaqa qilib yubordi. Faqat shundan keyingina ko‘ngli xotirjam bo‘ldi.

* * *

Abu Hanifa xushxulq, xushmuomala, dilkash kishi edi. Hamrohi u bilan suhbatlashsa saodat topar, unga begonalar esa, garchi dushmani bo‘lsa ham ozoridan omonda edi. U g‘iybatdan uzoq bo‘lgan, hatto dushmanlaridan birortasini yomon so‘zlar bilan tilga olmagan.
Abu Hanifa odamlarning ko‘nglini ola bilar, do‘stlikning davomli bo‘lishiga mushtoq edi. Rivoyatlardan ma’lum bo‘lishicha, gohida notanish olim majlis o‘tkazayotgan joydan o‘tib qolsa, shunchaki qiziqib, davraga kelib qo‘shilardi. Majlis oxiriga yetganida haligi olimdan hol-ahvol so‘rardi. Agar kambag‘al bo‘lsa, yordam ko‘rsatar, kasalmand bo‘lsa, borib ziyorat qilar, biron hojati bo‘lsa, bajo etar edi. Bora-bora o‘sha olim Abu Hanifaning muxlislaridan biriga aylanib qolganini o‘zi ham sezmas edi.

* * *

Rivoyat qilinishicha, Abu Hanifa vafot topgan joyida Qur’oni karimni yetti ming marta xatm qilgan ekan. Ayniqsa, Zalzala surasini o‘qiganida Abu Hanifaning a’zoyi badanini titroq bosardi. Qalbini qo‘rquv qoplardi. Soqolini tutamlaganicha bunday der edi:
“Ey bir zarra misqolicha yaxshilikka mukofot beruvchi!
Ey bir zarra misqolicha yomonlikka jazo beruvchi!
Quling No‘‘monni do‘zax o‘tidan asra!
Quling bilan uni do‘zaxga yaqinlashtiruvchi narsalar orasini uzoq qil
Va uni cheksiz rahmatingga ol, yo Rahmlilar Rahmlisi!”

“Tobeinlar hayotidan lavhalar” kitobidan Tolib Abdulloh tarjimasi.
“Hidoyat” jurnalining 2009-yil 2-sonidan olindi.

2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.