background
logotype
image1 image2 image3

Zayd ibn Xattob

To‘liq ismi: Zayd ibn Xattob ibn Nufayl. Hazrat Umarning (roziyallohu anhu) bir yosh katta bo‘lgan akasi. Kunyasi: Abu Abdurahmon, Abu Savr. Onasi: Asmo binti Habib ibn Vahb. Farzandlari: Abdurahmon, Savr va Asmo.

Zayd ibn Xattob uzun bo‘yli, baquvvat inson edi. U kuchini so‘zda emas, balki amalda ko‘rsa­tish­ni xush ko‘rardi. Hazrat Umardan (roziyallohu anhu) oldin Islomga kirdi. Payg‘ambarimiz­dan (alayhissalom) faqat bitta, ya’ni, uyda makon topgan hayvonlarni o‘ldirmaslik haqidagi hadisni rivoyat qilgan.

Keyinchalik, Umar va Iyosh ibn Abu Robi’a, Xunays ibn Huzofa Sahmiy, Said ibn Zayd (roziyallohu anhum) bilan birga Yasribga hijrat qildi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Zayd bilan Ma’n ibn Adiy Ansoriy Ajloniyni (roziyallohu anhumo) do‘st tutintirdilar.

Zayd ibn Xattob (roziyallohu anhu) Payg‘am­barimiz (alayhissalom) bilan barcha safarlarda, jumladan, Badr, Uhud, Rizvon bay’ati va Hudaybiya sulhida ishtirok etdi. G‘ayrat-shijoati bilan boshqalarga o‘rnak bo‘ldi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir guruh musulmonlar bilan suhbatlashib o‘tirarkanlar, birpas tin oldilar-da, atrofdagilarga: “Orangizda bir kishining jag‘ tishlari do‘zaxda Uhud tog‘idan ham katta bo‘ladi”, dedilar. O‘tirganlarning har biri yomon oqibat topishidan va dinda fitnalanishdan qo‘rqdi.

Vaqtlar o‘tib, o‘sha hadisni tinglaganlardan faqat Abu Hurayra (roziyallohu anhu) va Rajjol ibn Unfuva tirik qoldi. Hazrat Abu Bakr Sid­diq (roziyallohu anhu) zamonida Rajjol dinidan qaytdi. U musulmonlarga yolg‘onchi  Musaylamadan ham kattaroq xatar solar edi. Chunki u dinni birinchilardan bo‘lib qabul qildi, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan Madinada yashadi va Qur’oni karimdan ko‘p oyatlarni yod oldi. Shuningdek, Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) davrida Yamoma ahliga elchi bo‘lgan edi.

Afsus, Rajjol bu ne’matlarning qadriga yetmadi. Kazzob Musaylamaga qo‘shildi, unga sen payg‘ambarsan, deb guvohlik berdi. Odamlar ichida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) nomlaridan Musaylamaning foydasiga yolg‘on gaplar aytib, ko‘pchilikni zalolatga boshladi.

Yamoma jangi kuni. Zayd bu kunni orziqib kutdi. Xolid ibn Valid  (roziyallohu anhu) uni lashkarga bayroqdor etib tayinladi. Zayd ibn Xattob munofiqlik hamda yolg‘onni yomon ko‘rish­da ukasi Umar ibn Xattobdan (roziyallohu anhu) qolishmasdi. Musaylamaga eng ko‘p yordam bergan Rajjol ibn Unfuvani jangda yengdi. 

Zayd (roziyalllohu anhu) qo‘lini osmonga uzatgancha Rabbisiga hamd va bergan ne’matiga shukr aytdi. 

Hijratning o‘n ikkinchi yili rabiul avval oyida Zayd ibn Xattob (roziyallohu anhumo) dunyo­dan o‘tdi. Uning o‘limini eshitgan hazrat Umarning (roziyallohu anhu) qayg‘uga botib: “Alloh Zaydni rahmatiga olsin. Ikki yaxshilikda – Islomni qabul qilish va shahidlikda mendan o‘zdi”, degani aytiladi.

Hazrat Umar bir umr akasi Zaydning (roziyal­lohu anhumo) ezgu xotirasini e’zozlab yashadi. U: “Shabadalar menga Zaydning hidini olib keladi”, degan gapni ko‘p-ko‘p takrorlar edi.

Sora Husayn qizi tayyorladi.

"Hidoyat" jurnalidan olindi.

 


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.