background
logotype
image1 image2 image3

Xuzayma ibn Sobit

Xuzayma ibn Sobit ibn Fokiha, Ansoriy, Madaniy. Kunyasi: Abu Ummora. Farzandlari: Abdulloh, Abdurahmon, Ummora. Xuzayma (roziyallohu anhu) Umayr ibn Adiy (roziyallohu anhu) bilan birga Banu Xutoma qabilasining butlarini sindirgan. Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) uni alohida fazilat bilan taqdirlaganlar.

* * *

Ummora ibn Xuzayma ibn Sobit (roziyallohu anhu) amakisidan rivoyat qiladi (u kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning sahobalaridan bo‘lgan): “Bir kuni Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Madina bozorida bir otga xaridor bo‘ldilar. Ot egasi Sava’ ibn Horis ismli a’robiy edi. Savdolashib bo‘lgach, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) pulni olib kelish uchun ildamlab ketdilar. A’robiyga ortlaridan borishini tayinladilar. U esa sekin yurdi. Bu orada otning sotilganini bilmagan bir necha kishilar a’robiy atrofini o‘rab olib, savdolasha boshlashdi. Birlari ­a’robiyga Payg‘ambarimiz (alayhissalom) ot uchun bermoqchi bo‘lgan puldan ortig‘ini taklif etdi. Savdolashib bo‘lgach, ­a’robiy Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni chaqirib: “Agar bu otni olmoqchi bo‘lsang, pulni hoziroq ber. Bo‘lmasa men uni sotib yuboraman”, dedi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) a’robiyning so‘zini eshitganlari zahotiyoq: “Axir men uni sendan sotib oldim-ku?!” dedilar. A’robiy: “Yo‘q, Allohga qasam, men uni senga sotgan emasman”, deb turib oldi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Axir uni sendan sotib oldim-ku?” dedilar. Shu tariqa o‘rtalarida munozara boshlandi. Odamlar kelib ularni o‘rab olishdi. Bir vaqt a’robiy: “U holda so‘zingga guvoh keltir!” deb qoldi. O‘sha yerda hozir bo‘lgan musulmonlar a’robiyga: “Sho‘ring qursin! Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) haqdan boshqani gapirgan emaslar”, deyishdi. Bu orada Xuzayma ibn Sobit (roziyallohu anhu) kelib, Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning da’volarini, keyin esa a’robiyning: “Qani, senga sotganim haqida guvohingni keltir”, degan gapini tinglagach: “Otni sotganingga mana men guvohman. Uni savdolashib sotding”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ovoz kelgan tomonga o‘girildilar. Gapirgan Xuzayma ibn Sobit ekan. Savdo tepasida u bo‘lmaganini bilardilar: “Nimaga asoslanib guvohlik beryapsan, ey Xuzayma? Axir sen biz bilan birga emasding-ku?!” dedilar. Xuzayma (roziyallohu anhu): “Yo Rasululloh, sizning payg‘ambar ekaningizga qanday ishonsam, o‘shanga asoslanib guvohlik beryapman. Siz Allohdan keltirayotgan shuncha xabarda rostgo‘y bo‘lasiz-da, bitta ot savdosida yolg‘on so‘zlarmidingiz?!” dedi. Shundan so‘ng Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Xuzayma (roziyallohu anhu)ning guvohligini ikki kishining guvohligi o‘rnida qabul etdilar («Tabaqot»).

Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) davrlarida Qur’oni karim oyatlari varaqlar, kiyik terilari, daraxt po‘stloqlariga ko‘chirib borilardi. Oradan yillar o‘tdi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) bu dunyoni tark etdilar. Hazrat Abu Bakr (roziyallohu anhu) Qur’oni karim varaqlarini bir yerga to‘plab, yagona mushaf etib to‘plashga bel bog‘ladi. Bu sharafli hamda mas’uliyatli ishni amalga oshirish uchun Zayd ibn Sobit (roziyallohu anhu) kabi sahobalar safarbar etildi. Har bir Qur’on oyati aynan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlarida ko‘chirilganiga ikki kishi guvoh bo‘lishi shart qilindi.

Bo‘lib o‘tgan voqeani Zayd ibn Sobit (roziyallohu anhu) bunday rivoyat qiladi: «Mushafi sharifni ko‘chirayotgan vaqtimizda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan eshitgan: «Mo‘minlar orasida Allohga bergan ahdiga sodiq kishilar bordir. Bas, ulardan o‘z naz­riga vafo qilgani (shahid bo‘lgani) va ulardan (shahid bo‘lishni) kutayotgani bordir. Ular (ahdu paymonlarini) o‘zgartirganlari yo‘q» (Ahzob, 23) oyati ko‘chirilgan terini yo‘qotib qo‘ydik. Uni Xuzayma ibn Sobit (roziyallohu anhu)dan topdik. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) ruxsat berganlari uchun guvohligini ikki kishining guvohligi o‘rnida qabul etdik».

* * *

Xuzayma (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan hadislar rivoyat qildi. Undan o‘g‘li Ummora, Abu Abdulloh Jadaliy, Umar ibn Maymun Avdiy, Ibrohim ibn Sa’d ibn Abu Vaqqos va boshqalar hadis rivoyat qilishgan.

Sahobai kiromlar kabi Xuzayma (roziyallohu anhu)ning ham Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam)ga muhabbati cheksiz edi. Hamma vaqt u zot (alayhissalom) bilan birga,  suhbatlaridan miriqib bahramand bo‘lishga intilardi. Hatto tushida ham. Ummora otasi Xuzayma ibn Sobit (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi: “Tushimda Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning peshonalariga sajda qilayotganimni ko‘rdim. Keyin bu haqda u zot (alayhissalom)ga gapirib berdim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) boshlarini men aytganday qilib ko‘tardilar. Peshonamni peshonalariga qo‘ydim” («Isoba»).

* * *

Xuzayma ibn Sobit (roziyallohu anhu) Uhud va undan keyingi janglarda qatnashgan. Hazrat Ali (roziyallohu anhu) davrida qo‘shin qo‘mondonlaridan biri edi. Hijriy o‘ttiz yettinchi yili Siffin voqeasida halok bo‘ldi.

Mahmudaxon Muxtorova tayyorladi | Hidoyat.uz


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.