background
logotype
image1 image2 image3

Usoma ibn Zayd

«Usomaning otasi Rasulullohga otangdan ko‘ra sevimliroq edi. O‘zi esa u Zotga sendan ko‘ra sevimliroqdir». (Hazrati Umarning o‘g‘liga aytganlari)

Hijratga qadar Makkada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalar Quraysh mushriklaridan ko‘p ozor-aziyatlar chekishar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiyinchiliklarni mardona ko‘tarar, musibatlarga sabr qilar edilar.

Bunday og‘ir bir paytda hayotlarida quvonch nurlari ham porladi. Bir kuni u Zotga Ummu Aymanning o‘g‘il farzand ko‘rganini aytishdi. Suyunganlaridan muborak yuzlari yorishdi, chehralarida shodlik barq urdi. Rasulullohga xursandchilik olib kelgan baxtli chaqaloqqa «Usoma» deb ism berishdi.

Bolaning onasi «Ummu Ayman» kunyasini olgan Baraka al-Habashiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning onalari Omina binti Vahbning xizmatchisi edi. Bolalik yillari Payg‘ambarimizni tarbiyalagan va katta qilgan, u Zotga dunyoni tanitgan Ummu Ayman Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni juda yaxshi ko‘rardi va tasdiq etardi. Payg‘ambarimiz alayhissalom ko‘pincha: «U onamdan so‘ng ikkinchi onam va ahli baytimdan qolgan yodgorligimdir», der edilar.

Usomaning otasi esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning risolatdan oldin yaxshi ko‘rib asrab olgan o‘g‘illari, sirdoshlari Zayd ibn Horisadir.

Musulmonlar boshqa chaqaloqlar tug‘ilganida bu kabi quvonishmagan! Bu baxtli chaqaloqqa «Suyuklining suyukli o‘g‘li» deb laqab qo‘yishdi. Bu aslo mubolag‘a emas edi. Haqiqatan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni ko‘p yaxshi ko‘rar edilar. Usoma Rasulullohning nevaralari Hasan roziyallohu anhu bilan juda yaqin edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ikkovlarini birdek yaxshi ko‘rardilar, ularni bag‘irlariga bosib: «Allohim, men bularni yaxshi ko‘raman, sen ham bularni yaxshi ko‘rgin!» deb duo qilardilar. Bir kuni Usoma ostonada qoqilib, peshonasini yorib oladi. Jarohatidan qon oqa boshlagan kezda u Zotning o‘zlari oqayotgan qonni artadilar va shirin so‘zlar bilan uni yupatadilar.

Quraysh ashraflaridan Xanish ibn Xizom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Yamandan ellik ming oltin dinorga sotib olingan, o‘sha yurt podshohlaridan biriga tegishli qimmatbaho kiyimni sovg‘a qiladi. Bu kiyimni juma kuni bir marta kiyadilar-da, so‘ng Usomaga berib yuboradilar.

Usoma go‘zal axloq va yaxshi xislatlar egasi bo‘lib voyaga yetdi. U zakovatli, shijoatli, odamlarga do‘st va Allohni yaxshi ko‘radigan, taqvodor inson edi.

Uhud kunida Usoma bir necha sahobaning bolalari bilan urushga bormoqchi bo‘ldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yoshi kichiklarni qaytarib yubordilar. Ular ichida Usoma ham bor edi. Bu imkoniyatdan mahrum bo‘lgani uchun uning ko‘zlari yoshga to‘lgan edi.

Usoma hali o‘n sakkizga kirmagan chog‘ida otasining fojiali o‘limini ko‘rdi. Bu fojia uning ruhiyatini sindirmadi. Balki u Ja’far ibn Abu Tolibga yordamga oshiqdi. U ham fojiali o‘lim topgach, Abdulloh ibn Ravoha yonida bo‘ldi. U ham vafot etgach, Xolid ibn Valid rumliklar changalidan qo‘shinni qutqarishga erishgunicha maydondan chiqib ketmadi.

Usoma otasining pok jasadini Shom chegaralarida qoldirib, Madinaga qaytdi. Hijratning o‘ninchi yili yana qo‘shin tuzildi. Uning tarkibida Abu Bakr, Umar, Sa’d ibn Abu Vaqqos, Abu Ubayda va boshqa yoshi ulug‘ sahobalar bor edi. Payg‘ambarimiz alayhissalom Usoma ibn Zaydni qo‘mondon qilib tayinladilar. U hali yigirma yoshda edi. Balqo va Daroviy qal’asi chegarasigacha boshlab borishni buyurdilar. Qo‘shin tayyor bo‘lishi bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam betob bo‘lib qoldilar. Betobliklari kuchaygach, qo‘shin u Zotning ahvollari yaxshilanishini kutib, yurishdan to‘xtab qoldi.

Usoma aytadi: «Alloh Rasulining kasallari og‘irlashgach, bir necha odam bilan huzurlariga kirdik. Kasalliklarining og‘irligi va shiddatidan ingrayotganlarini ko‘rdim. Avvaliga qo‘llarini samoga ko‘tardilar, so‘ng men tomonga qaradilar. Shunda meni chaqirayotganlarini angladim».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin ko‘p o‘tmay hazrati Abu Bakrga bay’at berildi. U kishi Usomaga yo‘lga chiqishini buyurdilar. Lekin ansorlardan bir necha yigit yurishni kechiktirishni talab qildi. Ular Umar ibn Xattobga: «Agar talabimizdan bosh tortadigan bo‘lsa, Usoma o‘rniga yoshi kattaroq bir kishini tayinlashini yetkazgin», deyishdi.

Abu Bakr hazrati Umardan ansorlarning bu gapini eshitishlari bilanoq o‘rinlaridan turdilar, g‘azablanib: «Otang seni yo‘qotgur, Umar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tayin qilgan kishini ishdan olib tashlashimni buyuryapsanmi? Allohga qasamki, aslo bunday bo‘lmaydi», dedilar.

Yosh qo‘mondon qo‘shin bilan yo‘lga chiqqanida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xalifalari piyoda, Usoma esa otda ketayotgan edi. Xijolat bo‘lgan Usoma dedi: «Siz yo otga mining, yo men ham yayov bo‘lib olay». Abu Bakr: «Sen yayov bo‘lmaysan, men ham otga minmayman. Alloh yo‘lida bir necha qadam piyoda yursam, nima qilibdi?»− deb javob berdilar. Yo‘lda ketayotganlarida Abu Bakr Usomaga: «Senga Allohning dinini, omonatini va ishingda yumshoq, yaxshi muomalali bo‘lishni ishonib topshiryapman va Allohning Rasuli senga buyurgan ishni bajarishingni vasiyat qilaman», dedilar. So‘ng unga engashib: «Agar menga yordam berishni istasang, Umarning men bilan qolishiga izn ber», dedilar. Usoma hazrati Umarning qolishlariga izn berdi.

Usoma butun hayotini musulmonlarning ehtiromi va sevgisiga munosib tarzda yashadi. Hazrati Umar roziyallohu anhu Usomaga o‘g‘li Abdulloh ibn Umardan kattaroq maosh tayinlagan edilar. Shunda Abdulloh otasi Hazrati Umarga: «Ey otajon, Usomaga to‘rt ming, menga esa uch ming tayinlabsiz. Uning otasi sizdan ko‘ra ko‘proq fazl egasi emas edi va u ham mendan ko‘ra ko‘proq fazl egasi emasdir», deydi. Hazrati Umar:«Ko‘p narsani yo‘qotibsan. Uning otasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sening otangdan ko‘ra sevimliroq edi. O‘zi esa sendan ko‘ra u Zotga sevimliroqdir». Abdulloh bundan so‘ng o‘ziga berilgan ulushga rozi bo‘ldi. Hazrati Umar Usomani uchratgan paytda: «Marhabo, ey amirim!» deb, ehtirom ko‘rsatardi. Bu gapni eshitganlar ajablanishsa: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni menga amir qilib tayinlaganlar», der edilar.

Islom dinimiz tarixi sahobalardan ko‘ra ulug‘roq, komilroq va ustunroq insonlarni bilmaydi.

Yulduz Komil tarjimasi | Siyrat.uz

*********

Usoma ibn Zayd mashhur sahobalardan biri bo‘lib, Rasululloh (s.a.v.)ning ozod qilingan qullari Zayd ibn Horisaning o‘g‘li. Kunyasi – Abu Muhammad.

Usoma taxminan Makka davrining to‘rtinchi yilida tug‘ilgan. «Al-Isoba»da qayd etilishicha, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) vafot etganlarida Usoma 18-20 yoshlardagi yigit edi.

Rasululloh (s.a.v.) Usoma va uning otasini juda yaxshi ko‘rardilar. Shu sabab uni «Rasulullohning suygani» deyishardi. Bu haqda hadis ham rivoyat qilingan: «Usoma men uchun insonlarning eng sevimlisidir. Sizlarning eng yaxshilaringizdan bo‘lishiga umid qilaman. U haqida yaxshi so‘z aytingiz» (Ibn Asir, «Usud al-g‘oba»).

«Ifk voqeasi» sodir bo‘lganida Rasululloh (s.a.v.) sahobalardan, shu jumladan, Usomadan ham Oysha (r.a.) haqida so‘radilar. U Oysha onamizni maqtab, bunday razil ishdan pok ekanliklarini e’tirof qildi.

Usoma hazrati Abu Bakr (r.a.) davrlarida Musaylama Kazzobga qarshi kurashlarda juda faol ishtirok etdi.

Hazrati Umar (r.a.)ning davrlarida navbatdagi jangdan so‘ng o‘lja bo‘linayotgan paytda, mo‘minlar amiri Usomaga to‘rt yoki besh ming, o‘g‘illari Abdullohga esa ikki ming dirham ulush berdilar. Shunda Abdulloh: «Nega bunday qildingiz? Axir, men Usoma qatnashmagan janglarda ham qatnashdim-ku!» dedi. Hazrati Umar (r.a.) javob berdilar: «Rasululloh (s.a.v.) Usomani sendan, uning otasini ham sening otangdan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘rardilar».

Usoma bin Zayd 54 yoki 58 yoshda Jurf degan joyda vafot etdi. Undan Abu Hurayra, Ibn Abbos, Abu Usmon al-Hindiy, Urva ibn Zubayr va boshqalar hadis rivoyat qilishgan.

Shoakmal Shoakbar o‘g‘li tayyorladi
"Irfon taqvimi"dan


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.