background
logotype
image1 image2 image3

Ubay ibn Ka’b

Sahobaning to‘liq ismi Abu Tufayl (Abu Munzir) Ubay ibn Ka’b ibn Qays ibn Ubayd ibn Zayd ibn Muoviya ibn Amr ibn Molik ibn Najjor Ansoriy Xazrajiydir. U zot Rasululloh (alayhissalom) huzurlaridagi vahiy yozuvchi kotiblaridan biri bo‘lgan. Manbalarda Ubay ibn Ka’b vahiyni yozishdan oldin ham, keyin ham Payg‘ambarimizga (alayhissalom) o‘qib berar, u zot tinglab, agar xato bo‘lmasa, yozishga ruxsat berardilar, deyiladi.

Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) Ubay ibn Ka’bni “Musulmonlar sayyidi” deb nomlagan. Ushbu sahoba ikki Aqaba bay’atida ham qatnashgan, Badr va undan keyingi barcha g‘azotlarda ishtirok etgan.

Ubay ibn Ka’bdan (roziyallohu anhu) 164 ta hadis rivoyat qilingan. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) u zotdan Qur’on qiroatini o‘tkazganlar. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ubay ibn Ka’bga: “Alloh taolo menga sen qiroat qilib berishingni aytdi”, dedilar. “Alloh mening ismimni zikr qildimi?”, dedi u. U zot: “Ha”, dedilar. Shunda Ubay ibn Ka’b yig‘lab yubordi” (Imom Muslim va Termiziy rivoyati).

Sahobaning Islomga muhabbati kuchli va mustahkam aqida sohibi bo‘lib, Rasulullohning bironta suhbatini ham qoldirmas edi. Ubay ibn Ka’b (roziyallohu anhu) aytadi: “Men bir hamyon topib oldim. Uning ichida yuz dinorcha puli bor edi. Uni ko‘tarib, Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga bordim. U zot topib olgan narsangni bir yil e’lon qil, dedilar. Men bir yil e’lon qilib, uni taniydigan kishini topa olmadim. Keyin yana borgan edim, U zot: “Yana bir yil e’lon qil”, dedilar. So‘ngra uchinchi marta borganimda, U zot: “O‘sha hamyon idishini, ichidagi mablag‘ini va bog‘ichini tanishtir, agar shunda ham egasi kelmasa, o‘zing ishlatasan”, dedilar.

Ubay ibn Ka’b har sakkiz kunda Qur’oni karimni xatm qilib turgan va oyatlarning nozik nuqtalarigacha yaxshi tushungan. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Ummatlarim ichida ularga eng mehribonrog‘i Abu Bakr, Allohning dinida kuchlirog‘i Umar, hayo qilishda komilrog‘i Usmon, hukm chiqarishda peshqadamrog‘i Ali va eng ko‘p tilovat qiluvchirog‘i Ubay ibn Ka’bdir” (Ruhul bayon).

Bir kuni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Ubaydan: “Sen qaysi oyatni tilovat qilishni ko‘proq yaxshi ko‘rasan?” deb, so‘raganlarida, “La ilaha illalloh”ni, deb javob berdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mamnun bo‘lib: “Ey Munzirning otasi, senga ilm olishni Alloh oson qilsin”, deya duo qildilar.

Ubay ibn Ka’b (roziyallohu anhu) qaysi oyat va hadisdan nima iroda qilinganini boshqalardan ko‘ra yaxshi tushunar edi. Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan keyin boshqa sahobalar Ubay ibn Ka’bdan (roziyallohu anhu) din ishlarida maslahat so‘rar, u zot Qur’on va sunnatga asoslanib javob qaytarardi. Sahoba (roziyallohu anhu) hijriy 22 yili, ba’zi rivoyatlarda 30 yilda vafot etgani aytilgan. Uning vafoti Madina ahlini qattiq iztirobga solgan. Kattayu kichik barcha kishilar: “Musulmonlarning sayyidi vafot etdi”, deya afsus qilishgan.

Zarifa Mahkam qizi tayyorladi | Hidoyat.uz


2004-2017 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.