background
logotype
image1 image2 image3

Suhayl ibn Amr

Suhaylning ikki tishi

Suhayl ibn Amr Badr jangida musulmonlar qo‘liga asir bo‘lib tushganini eshitgan Umar ibn al Hattob roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlariga keldi va:

– “Ey Allohning Payg‘ambari, ruxsat bering Suhaylning ikki oldingi tishini sug‘urib olayinki toki u bundan keyin sizga qarshi nutq bilan gapira olmasin”, - dedi. Payg‘ambarimiz esa Umarga: “Tinch qo‘y uni ey Umar, balki kelajakda u seni xursand qiladigan biron ish qilar” deya bu ishdan qaytardilar.

Suhayl ibn Amr Quraysh zodagonlari orasida juda obro‘li inson bo‘lib, bunga uning o‘tkir zehni va chiroyli nutq qila olish qobiliyati tufayli erishgan edi. Quraysh ichida uning fikri bilan albatta hisoblashishar va u siz biron majlis o‘tmas edi.

Makkada Payg‘ambar chiqqani haqidagi xabar unga yetib kelganida Suhayl Qurayshning ko‘pchilik yetakchilari singari buni salbiy qarshi oldi. Shu kundan boshlab Payg‘ambarimizga sollallohu alayhi vasallam va ilk musulmonlarga qarshi ashaddiy kurash boshlab yubordi.

Hijratning oltinchi yili oxirlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tahminan bir yarim ming sahobalari bilan Madinadan Makka shahriga Umra qilish uchun yo‘lga tushishdi va Makka yaqinidagi Hudaybiya degan yerda to‘xtashdi. Bu xabar Qurayshga yetib kelganida, g‘azabga mingan qabila boshliqlari ularni Makkaga kiritmaslikka ont ichishdi.

Alaloqibat Quraysh va Payg‘ambarimiz oralarida tarixda “Hudaybiya sulhi” deya tanilgan sulh bitimi imzolandi. Makkaliklar o‘zining topqirligi va zehni bilan nom chiqargan Suhayl ibn Amrni bu bitimning tuzilishi va imzolanishiga bosh-qosh bo‘lish uchun yuborishdi. Suhayl Payg‘ambarimz sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib maqsadini anglatgach, ul zot Ali ibn Abu Tolibni chaqirib kelishuv shartlarini yozib turishga buyurdilar. “Yoz: Bismillahi Rohmanir Rohim”. “Men bu jumlani bilmayman” deya Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning gaplarini bo‘ldi Suhayl. “Uning o‘rniga “Bismika Allohuma” (Sening noming ila ey Alloh) deya yoz” dedi Suhayl. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Aliga uning aytganini qilishga buyurdilar. So‘ngra: “Yoz: Ushbu bitim Allohning elchisi Muhammad va Suhayl ibn Amr o‘rtasida tuzildi” deyishlari bilanoq Suhayl yana qarshilik qildi: “Agar sening Payg‘ambar ekanligingga guvohlik berganimda senga qarshi urushmagan bo‘lar edim. Uning o‘rniga isming va otangni ismini yoz” deya e’tiroz bildirdi va bu shartga ham Payg‘ambarimiz rozi bo‘ldilar.

O‘z shartlarini sulhga muhrlay olgan Suhayl ortga yoru yuz bilan qaytdi va qurayshliklar undan rozi bo‘lishdi. Biroq 10 yillik tinchlik sulhi 2 yilga ham bormay qurayshliklar tomonidan buzildi va natijada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshliq musulmonlar Makkani jangsiz egallashlari bilan yakun topdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dinga tosh otgan boshqalar qatori Suhayl ibn Amrni ham kechirdilar va omonlik berdilar. Makka olingan kuni omonlik berilganlarga “at-tulaqaa” ya’ni “ozod etilganlar” deya nom berishdi. O‘zining ashaddiy dushmanidan bunday oliyjanoblikni kutmagan Suhayl ibn Amr alalxusus chin dildan iymon kalimalarini aytdi va musulmon bo‘ldi. Shu kundan boshlab Qur’on va sunnatni o‘rganishga qattiq bel bog‘ladi. Uning zehni va o‘tkir aqli endi Islomga xizmat qilishni boshladi.

Bir qancha vaqtdan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar va bu xabar Makkaga juda tez yetib keldi. Madinadagi singari Makka shahri musulmonlari orasida g‘ulg‘ula va sarosima boshlandi. Madina shahrida Abu Bakr roziyallohu anhu bu sarosimani: “Kim Muhammadga ibodat qilgan bo‘lsa darhaqiqat u vafot etdi, Kim Allohga ibodat qilsa u tirik va barhayotdir” deya dinda yuz berishi mumkin bo‘lgan ulkan fitnani oldini oldilar.

Makka shahrida esa xuddi shunday ish qilish baxti Suhayl ibn Amrga nasib bo‘ldi. Yangi musulmon bo‘lganlarning sarosimaga tushayotganini va hatto ayrimlarning dindan qaytib ketayotganlarini ko‘rgan Suhayl Makka ahlini bir yerga jamladi va ularga qarata: “Ey Makka ahli! Ey Makka ahli! Haqiqatga oxirgilardan erishib uni birinchilardan bo‘lib tark etadiganlardan bo‘lmanglar. Allohga qasamki Islom Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek barkamol din bo‘ladi. Ey Makka ahli! Allohga bergan va’dangiz qani? Muhammad sollallohu alayhi vasallam Payg‘ambar emasmidilar? Ul zot butun insoniyatga haqiqat yo‘lini ko‘rsatib ketmadilarmi? Va bunga sizni guvoh qilmadilarmi? Butun Insoniyatga yuborilgan bu yo‘l qanday qilib Payg‘ambarning sollallohu alayhi vasallam vafoti bilan yakunlanadi? Shunda ham tutgan yo‘lingizdan qaytib ketasizlarmi? Allohga qasamki bu din butun dunyoni – Sharqdan to G‘arbgacha egayllaydi.” Bu so‘zlarni Makkadagi ko‘pchilik musulmonlarni dinda sobit qolishlariga Alloh sababchi qildi.

Suhaylning qilgan bu ishi xabari Madinaga yetib kelganida Umar ibn al-Hattob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bergan bashoratli: “Tinch qo‘y uni ey Umar, balki kelajakda u seni hursand qiladigan biron ish qilar” degan so‘zlarini esladi. Ha, o‘sha Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bashorat qilgan kun kelgan va Islom Suhaylning ikki oldingi tishi sababidan sobit qolgan edi.


2004-2017 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.