background
logotype
image1 image2 image3

Rabia ibn Ka’b

Rabia ibn Ka’b (roziyallohu anhu) Allohning elchisi (sollallohu alayhi va sallam) bilan uchrashuvi haqida bunday hikoya qiladi:
"Qalbim imon nuri bilan charog‘on bo‘lganida men yoshgina yigitcha edim. Ilk marta Rasulullohni (sollallohu alayhi va sallam) ko‘rishga musharraf bo‘lganimdayoq u zotni qattiq yaxshi ko‘rib qoldim. Allohning Payg‘ambariga bo‘lgan muhabbat butun fikri-zikrimni egallab oldi.
Bir kuni xayolimga bunday fikr kelib qoldi: "Ey Rabia, Payg‘ambar alayhissalom xizmatlariga kirmaysanmi? Agar taklifingni qabul qilsalar, hamisha yonlarida yurib, suhbatlaridan bahramand bo‘larding, dunyo va oxirat yaxshiliklarini qo‘lga kiritarding". Shu zahoti umid bilan Faxri koinot huzurlariga bordim, xizmatlarini qilmoqchiligimni aytdim. U zot umidimni yo‘qqa chiqarmadilar, xodimlikka oldilar. 
Shu kundan boshlab Hazrati Payg‘ambardan (alayhissalom) bir qadam ham uzoqqa ketmadim, qayerga borsalar hamroh bo‘lardim. Nigohlari tushishi bilan oldilariga chopib boraman. Biror narsaga ehtiyojlari bo‘lsa, bajarishga shoshaman. Kun bo‘yi birga bo‘lib, xizmatlarini qilaman. Xufton namozidan so‘ng uylariga kirib ketganlarida men ham qaytmoqchi bo‘lardim, ammo bir fikr ketishdan to‘sib turardi: "Qayoqqa borasan, Rabia, mabodo tunda Rasuli akramning ishlari chiqib qolsa-chi?" deb o‘ylar va eshik yonida tong ottirar edim".

* * *

"Payg‘ambarimizning (alayhissalom) ajoyib odatlari bor edi: bir yaxshilik qilgan kishiga yaxshiligini o‘n chandon qilib qaytarar edilar. U kishi mening xizmatlarimni ham taqdirlamoqchi bo‘lib huzurlariga chorladilar. Borsam, u zot:
– Rabia, mendan biror narsa so‘ra, – dedilar. 
Nima so‘rashni bilmay o‘ylanib qoldim:
– Ey Allohning elchisi, menga biroz muhlat bering, oldin o‘ylab olay, keyin nima kerakligini aytaman.
U kishi ko‘ndilar. 
O‘shanda na oilam, na mol-dunyoim, na uy-joyim bor edi. O‘zimga o‘xshagan faqir musulmonlar qatori masjid supasida kun kechirar edim. Odamlar bizni "islom mehmonlari", "supa egalari" deb atashardi. Kim Payg‘ambarga (alayhissalom) sadaqa-ehson olib kelsa, barini bizga yuborar, kimdan hadya olsalar, arzimagan qismini olib qolib, qolganini "islom mehmonlari"ga tarqatar edilar. 
O‘ylay-o‘ylay: "Payg‘ambarimizdan boylik so‘rasammikin, qashshoqlikdan qutulib, boshqalar kabi hovli-joy, bola-chaqa qilardim", degan xayolga ham bordim. Ammo darrov bu fikrimdan qaytdim: "Nimalar deyapsan, Ka’bning o‘g‘li, mol-dunyo o‘tkinchi narsa, Alloh azza va jalla rizqingni berib qo‘yibdi, xohlasangu xohlamasang kelaveradi. Rasuli akram Parvardigor huzurida shunday maqomga egalarki, nima so‘rasalar, rad etilmaydi. Shundan foydalanib, Allohdan oxirat yaxshiligini so‘ramaysanmi?" 
Bu fikrdan ko‘nglim ravshan tortdi. Xushnud holatda Sarvari olam janobimizning oldilariga bordim.
– Xo‘sh, nima deysan Rabia, – dedilar u zot.
– Ey Allohning elchisi, duo qiling, Alloh meni jannatda sizga yo‘ldosh qilsin, – dedim.
– Buni senga kim o‘rgatdi? – deb so‘radilar.
– Hech kim. Oldiniga boylik so‘ramoqchi ham bo‘ldim, ammo tezda o‘tkinchi yaxshilikdan abadiy ne’matni afzal bilib, siz bilan jannatda birga bo‘lishni so‘rashni Alloh dilimga soldi.
Rasuli akram uzoq vaqt sukut qilib qoldilar. Keyin:
– Balki boshqa biror narsa so‘rarsan? – dedilar.
– Yo‘q, – dedim qat’iy, – menga boshqa narsaning keragi yo‘q!
– U holda mening duoyim qabul, sening talabing hosil bo‘lishi uchun ko‘p sajda qil, – dedilar Sarvari olam.
Shundan keyin yanada ko‘proq g‘ayrat bilan ibodat qiladigan bo‘ldim. Chunki Payg‘ambarimizga (alayhissalom) dunyoda xodim va suhbatdosh bo‘lganim kabi oxiratda ham hamrohlikka erishish ishtiyoqida edim".

* * *

Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Rabia ibn Ka’bdan (roziyallohu anhu): "Uylanmaysanmi?" deb so‘rab qoldilar. U: "Xizmatingizdan ketishni istamayman, keyin uylanishga mahrni qayerdan olaman, uni qanday boqaman", deb javob qildi. Oradan ko‘p o‘tmay Faxri koinot yana takliflarini qaytardilar. Rabia: "Ahvolim o‘zingizga ma’lum, menga kim ham qizini berardi?" dedi. Shunda u zot Rabiani bir kishining uyiga qizini so‘ratib jo‘natdilar. Rabia o‘sha kishining qiziga unashtirilib qaytdi. So‘ng Payg‘ambar alayhissalom Rabia mansub bo‘lgan Bani Aslam qabilasi ulug‘larini chorlab, kelin mahri uchun danak vaznida tilla yig‘ib berishni buyurdilar. To‘y qilish muammosi ko‘ndalang bo‘lganida yigitga yana Rasuli akram yordamga keldilar. Qabiladoshlarini to‘plab, to‘y xarajatlarini ularga yukladilar. Kelinnikida to‘y ziyofati bo‘ldi, eng aziz mehmon Allohning sevimli elchisi bo‘ldilar.

* * *

Payg‘ambar (alayhissalom) yosh kelin-kuyovga Abu Bakr Siddiq yeri yonidan joy ajratib berdilar. Hayotiga dunyo kirib kelgan Rabia bir kuni Abu Bakr Siddiq bilan bir tup xurmo daraxti kimning yerida ekanini bilolmay tortishib qolishdi. Shunda Abu Bakr og‘zilaridan yigit sha’niga noloyiq so‘z chiqib ketdi. U kishi shu zahoti Rabiadan javob qaytarib, qasosini olishni so‘radilar. Yigit ko‘nmadi. Shunda Abu Bakr Siddiq Rabiadan shikoyat qilish uchun Rasuli akram huzurlariga ketdilar. Abu Bakr bo‘lgan mojaroni Payg‘ambarimizga oqizmay-tomizmay aytib berdilar. Allohning elchisi Rabiadan:
– Ha Rabia, Siddiq bilan oralaringda nima gap qochdi? – deb so‘radilar.
– Ey Allohning elchisi, u kishi mendan o‘zlariga o‘xshab nomunosib gap aytishimni talab qildilar, men aytmadim…
– To‘g‘ri, u gapni aytma, o‘rniga "Alloh seni kechirsin, ey Abu Bakr", degin, – nasihat qildilar.
Rabia Payg‘ambar (alayhissalom) o‘rgatgan so‘zlarini takrorladi:
– Alloh sizni kechirsin, ey Abu Bakr!
Siddiqning ko‘zlari yoshlandi. Orqalariga o‘girilib ketar ekanlar: "Alloh senga mening nomimdan mukofot bersin, ey Rabia ibn Ka’b, Alloh sendan rozi bo‘lsin", deb pichirladilar.

Ahmad MUHAMMAD tayyorladi.


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.