background
logotype
image1 image2 image3

Muoz ibn Jabal

«Ummatimda halol va haromni yaxshi biluvchiroq Muaz ibn Jabaldir» (Muhammad (sallallohu alayhi va sallam)dan)

Jazirama arab o‘lkasida haq xidoyat nuri hammayoqqa yoyilganida, Yasriblik bola Muaz ibn Jabal (roziyallohu anh) o‘zining yoshlik chog‘larini bu porlovchi yo‘lga bag‘ishladi. O’zining tengdoshlari orasida u o‘tkir zexin va kuchli so‘z omonligi, fikrini yorqinligi bilan ajralib turardi. Uning ustiga kelishgan, qora ko‘zli, jingalak soch va qirra yuzli, yoqimtoy bola edi.
Muaz ibn Jabal (roziyallohu anh) yoshlik chog‘laridanoq islomni Makkalik Mus’ab ibn Umayr (roziyallohu anh)ning da’vatini eshitib, uning qo‘lida islomni qabul qildilar. Aqaba kechalarida u o‘zining qo‘li bilan Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam)ning qo‘llarini ushlab islomga sodiqligiga bay’at berdi.. ..
Muaz (roziyallohu anh) yetmish ikki kishining birlaridir, qaysi-ki Makkaga borib Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam) bilan ko‘rishib bay’at berganlardan, bu tarix saxifalarida bitilib qolgan yorqin bitiklardir...
Makkadan Madinaga qaytganidan so‘ng ular o‘zilarining tegdoshlaridan bir jamoat qilib, butlarni va Yasribdagi mushriklarning uylaridagi xaykallarni sindirish uchun to‘pladilar. Bazida oshkor yoki sirli ravishda sindirishardi. Bu bolalarning xarakatidan islomga Yasribni hurmatli kishilardan «Amr ibn Jamrux» kirdi.
Amr ibn Jamrux Banu Salama qabilasining sayidlaridan edi. O’sha vaqtlarda xar bir boy kishining o‘zining aloxida but sanami bo‘lar edi. Xar kun ertalab Banu Salama qavmininig boshlig‘i o‘z butini shoyi ipak bilan bezab, uni yuvib tarab qo‘yar, xushbo‘ylab avaylardi. Bir kun kechasi yoshlar jamoasi uning buti oldiga kirib, joyidan olib, uy orqasidagi Banu Salama chiqindilar tashlaydigan o‘raga tashlab qo‘yishdi.. .
Ertalab o‘rnidan turgan qariya qarasaki but sanami joyida yo‘q, qidira-qidira axiri chiqindilar o‘rasidan yuzi bilan chiqindiga botgan xolda topdi. Qariya aytdigi: “Sho‘ring qursin! Kim bizning ilohimiz bilan bunday ishni qildi... O’radan butni olib chiqib uni yaxshilab yuvib xushbo‘ylab o‘z joyiga olib borib qo‘ydi va dedi: 
 “Ey manot! Allohga qasamki! Agar men kim bu ishni qilganini bilganimda u kimsani umrini oxirgigacha sharmanda qilar edim.. ..
Ertasi kuni yana qariya uxlagani yotganida bolalar butini joyidan olib butni oldingi o‘rani yonidagi o‘raga tashlab qo‘yishdi.
Qariya ertalab qarasa yana but joyida yo‘q, qidirib o‘sha kechagi o‘ra oldidagi chiqindilar o‘rasidan topdi, bu xolat uchinchi bor takrorlanganidan keyin qariya butini yuvib joyiga oborib qo‘yib, bu safar buti bo‘yniga o‘z qilichini osib va aydi-ki: 
 Allohga qasam, kim bu ishni qilayotibdi bilmayman, agar ey manot! Sen haqiqatdan ham iloh bo‘lsang, unda o‘zingni o‘zing ximoya qil.. mana bu qilichim sen bilan birga turadi.. ..
Qariya uyquga ketganidan so‘ng bolalar yana kirib butni va qilichni olib, butga o‘lgan itni bog‘lab qo‘yib o‘raga tashlab qo‘yishdi. Ertalab o‘rnidan turgan qariya butni qidira-qidira o‘radan o‘lgan itga bog‘langan xolda tobdi, buni ko‘rib qariya shunday dedi: “Agar sen haqiqatdan iloh bo‘lganingda bu yerda o‘lgan it bilan tashlandiq o‘rada xor bo‘lib yotmas eding.
Shu vaqtdan so‘ng Banu Salama qariyasi islomni qabul qildi va uning iymoni go‘zal iymonlardan bo‘ldi.
Qachon Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam) Madinaga hijrat qilib kelganlarida yosh Muaz ibn Jabal (roziyallohu anh) misoli soya kabi, qaerga borsalar ergashib yurar edi. Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam)dan qur’on tilovoti va shariat ilmlarini o‘rganib saxobalar orasida eng yaxshi qur’on va shariat ilmini biladigan kishiga aylandi.
Yazid ibn Qutayb (roziyallohu anh) aytadilar: 
 “Bir kun men “Hamsa” masjidiga kirsam, jingalak sochli bolani atrofida odamlar o‘tirganini ko‘rdim, uning chiroyli so‘zlari eshituvchilarni chayqatar edi. Men so‘radim “Kim bu yosh bola?”, “Muaz ibn Jabal (roziyallohu anh)” - deb javob berishdi.
Abu Muslim al Xuvayla (roziyallohu anh)ni aytadilar: 
 “Damashkdagi masjidlardan biriga kirdim, u yerda Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam)ning saxobalaridan biri xalqa ta’lim qilayotgan ekan, qarasam ular orasida qora ko‘zli, yoqimtoy, tashqi ko‘rinishi esda qoladigan bir bola ham bor ekan. Qachon oralarida kelishmovchilik chiqib qolsa ular xaligi bolaga murojaat qilishardi. Men yonimdagi kishidan so‘radim: «Kim bu?..”, “Muaz ibn Jabal (roziyallohu anh)” dedi u kishi.
Bundan ajablanadigan biron bir xolat yo‘q. Muaz yoshligidanoq Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam)ning madrasalarida o‘z qo‘llarida ta’lim oldilar va ilimni juda zo‘r egalladilar. Eng yaxshi o‘qituvchining eng yaxshi o‘quvchisi bo‘ldilar. Muazni shahodat nomasi, ya’ni u kishi uchun Alloh rasulining so‘zi kifoyadir. («Muaz ibn Jabal ummatimning ichida xalol va xaromni yaxshi biluvchiroqdir») Muhammad (sallallohu alayhi va sallam)ning umatlari ichida oliy martabada bo‘lishliklariga sabab, Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam)ning oldilarida qur’onni jamlagan olti saxobalarning biri bo‘ldilar. Qachon saxobalarning biron bir ishida Muaz ibn Jabal (roziyallohu anh) ishtiroq yetsalar, unga quloq solib maslaxat so‘rashar edi. Shuningdek u kishi e’tiborli va keng qamrovli ilim soxibi bo‘lgan edilar.

* * *

Saxovatli Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam) Makka fatx qilingandan so‘ng qurayshliklar islomga to‘da-to‘da bo‘lib kira boshladilar, Allohning Rasuli islomni ularga o‘rgatishlik uchun Muaz ibn Jabal (roziyallohu anh)ga Makkada qolib qur’on va shariatni o‘rgatishlikni buyurdilar, u kishini musulmonlarga namuna qilib islomga xizmat qildirdilar.
Yaman qirollaridan Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam)ga elchi kelib, ular islomni qabul qilishganligi va ularga yangi dinni o‘rgatishlik uchun odam yuborishlik xabarini berishdi. Bu ishni bajarishlikka Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam) Muaz (roziyallohu anh)ni boshliq qilib jamoat yuborishlikka qast qildilar. Muaz (roziyallohu anh)ni ot ustiga o‘tkazib, o‘zlari yonlarida piyoda yurib kuzatib chiqdilar, uzoq yurgandan so‘ng..: 
 “Ey Muaz! men kelasi yil bu yorug‘ dunyoda bo‘lmasam kerak, sen men bilan boshqa ko‘risha olmasang kerak.. sen qaytganingda menning qabrim va masjidim oldidan o‘tsang kerak. Suyukli kishilaridan bu so‘zlarni eshitganlaridan so‘ng Muaz chiday olmasdan yig‘lab yubordilar, u kishi bilan boshqa musulmonlar ham yig‘ladilar.

* * *

Payg‘anbarimiz (sallallohu alayhi va sallam)ning bashoratlari rost bo‘lib chiqdi, Muaz (roziyallohu anh) u kishini boshqa ko‘rmadilar.. .. Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam) bu dunyodan Muaz ibn Jabal (roziyallohu anh) Yamandan qaytmaslaridanoq ko‘z yumgan edilar. Madinaga kelganlarida juda qattiq qayg‘urdilar.
Vaqtlar o‘tib Umar ibn Xattob (roziyallohu anh)ning xalifalik yillari keldi, u kishi Muaz (roziyallohu anh)ning «Banu Kilob» qabilasiga yuborib, boylardan soliq yig‘ib kambag‘allarga taqsimlab berishni buyurdilar. Bu ishni bajarib qaytganlaridan so‘ng xotinlari oldiga bordilar, kiyimlarini yuvishlik uchun xotinlarining bo‘yniga osib qo‘ydilar.. .. Xotinlari u kishidan so‘radi: 
 «Qani o‘z ahliz uchun olib kelgan xadyangiz?»
 “Men bilan doyim meni kuzatib yurivchi bo‘ldi” - dedi Muaz.
Xotinlari xayron bo‘lib: 
 Siz axir avval Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam)ning va Abu Bakr (roziyallohu anh)ning vaqtlarida eng ishonchli kishilardan edingiz-ku? Umar (roziyallohu anh) Sizga ishonmasdan ustingizdan qo‘riqchi qo‘yib qo‘ydimi? 
Keyin xotinlari Umar (roziyallohu anh)ninig xotiniga Umar ibn Xattob (roziyallohu anh)dan shikoyat qilidilar.
Bu xabar Umar (roziyallohu anh)ga yetib borgach jaxillari chiqib, Muaz (roziyallohu anh)ni o‘z xuzurlariga chaqirib undan so‘radilar: 
 “Ey Muaz men qachon sening ustingdan qo‘riqchi qo‘yib, kuzatishni buyurgan emushman?”
 “Yo‘q.. Ey Amrul mo‘minin! Men o‘z xotinimga boshqa baxona topa olmasdan o‘zimni oqlab, shunday degan edim”. 
Umar (roziyallohu anh) kulib yubordilar.. .. va u kishiga ozgina xadya berib dedilar: 
 «Borgin ayolingni shu bilan rozi qilgin»
Umar ibn Xattob (roziyallohu anh) shomga Yazid ibn Abu Sufyon (roziyallohu anh)ni elchi qilib yubordilar, u kishi borib xalifaga shom ahliga qur’ondan dars beradigan insonlar kerakligi haqida elchi yubordilar. Shom ahlining ko‘pchiligi shariat va qur’ondan dars bera oladigan kishiga muxtoj edilar. Elchi kelib dedi: “Ey amirul mo‘minin! Sizdan iltimosim shul-ki, ularga ta’lim beradigan insonni shomga yuborsangiz. 
Umar ibn Xattob (roziyallohu anh) xuzurlariga besh kishini chaqirdilar, Muaz ibn Jabal (roziyallohu anh), Uboda ibn Somit (roziyallohu anh), Abu Ayub al Ansoriy (roziyallohu anh), Ubay ibn Kaab (roziyallohu anh) va Abu Dardolar (roziyallohu anh)ni.. .. bularning hammalari Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam)ning zomonlarida Kur’onni jamlagan kishilar edi.
Umar (roziyallohu anh) dedilar: 
 “Shomdagi birodarlaringiz sizlardan yordam so‘rab ularga qur’on va dinimizni ta’lim bera oladigan insonni yuborishligimizni so‘rashibdi. Sizlardan uch kishini tanlab yuborishga menga yordam bersangizlar, agar xoxlasangiz qurra tashlangizlar.
 “Nima qilamiz qurra tashlab, Abu Ayub qari inson, Ubay ibn Kaab esa kasalvon bo‘lsalar, biz uch kishi qoldik” – dedilar.
Umar (roziyallohu anh) dedilar: 
 “Birlaringiz Xismonga va yana biringiz esa Damashqqa va oxiringiz Falastinga borasizlar.” 
Shunday qilib Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam)ning uch saxobalari Umar ibn Xattob (roziyallohu anh)ning buyrug‘lari bilan yo‘lga otlandilar. «Xismonga» Uboda ibn Somit (roziyallohu anh) tushdilar, «Damashqqa» Abu Dardo (roziyallohu anh) va Muaz ibn Jabal (roziyallohu anh) esa «Falastinga» bordilar.
Falastinga borganlarida Muaz ibn Jabal (roziyallohu anh)ni vabo kasali ushladi. O’limlari oldidan yuzlarini qiblaga qaratib shu so‘zlarni qaytardilar: 
 “Xush kelibsan ey o‘lim! Mana ko‘pdan beri kutayotgan ziyoratchim (ya’ni o‘lim farishtasi) ham meni oldimga keldi” - keyin yuzlarini osmonga qaratib duo qildilar: «Ey Allohim! O’zing bilasan men bu dunyoni uncha yaxshi ko‘rmayman, va men daryo yoki darahzor barpo qilgani kelmadim. Men bu dunyoga faqatgina ilm majlislari va zikr xalqasida ishtirok etib qiyomatni kutish uchun keldim. Ey Allohim! Mening jonimni yaxshilik bilan qabul qil va mo‘minlar qatorida jonimni olgin...»
Shundang so‘ng Muaz ibn Jabal (roziyallohu anh)ning jonlari hamirdan qil sug‘irilgani kabi sekingina tanalaridan uzildi. Alloh u kishini o‘z axillaridan uzoqda va o‘zining yo‘lida jonlarini oldi.
Alloh u kishidan va ahli oilalaridan rozi bo‘lsin.

 

Hazraj qabilasiga mansub Muoz ibn Jabal Islomni birinchi bo‘lib qabul qilgan madinaliklardan edi.
Bu sahobiy Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga hayot sinovlaridan o‘tdi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bilan doim birga bo‘lganlari bois u zotdan ko‘p narsalarni o‘rgandi. Hatto Rasululloh (alayhissalom): “Ummatimning ichida halol va haromni eng yaxshi biluvchisi Muoz ibn Jabaldir”, derdilar.

Yamandan bir guruh elchilar kelib, Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) o‘zlariga haq yo‘lini ko‘rsatuvchi ustoz yuborishni iltimos qilishdi. Barcha sahobiylar bunday oliy sharafga sazovor bo‘lishni istab U zotdan ishora kutishardi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) esa ularga Muoz ibn Jabalni (roziyallohu anhu) jo‘natdilar.
Safar oldidan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) u kishiga savollar bilan murojaat qildilar:
– Ey Muoz! Hukm chiqarishda nimadan foydalanasan?
– Allohning kitobidan.
– Agar Allohning kitobidan topa olmasang-chi?
– Rasulining sunnatidan qidiraman.
– Rasulining sunnatida ham topa olmasang-chi?
– Aqlimni ishlatib masalani yechaman. Erinmayman.
Shunda Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) yuzlarida xursandchilik alomatlari ko‘rindi. Quvonganlaridan: “Rasulullohning elchisini Alloh va rasuli rozi bo‘ladigan ishlarga muvofiq qilib qo‘ygan Rabbimizga hamd bo‘lsin”, dedilar.

*   *   *

Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu) sahobalar orasida ilmi va farosati bilan ham ajralib turardi. Ushbu voqeani Oizulloh ibn Abdulloh zikr qiladi:
– Umar ibn Xattobning (roziyallohu anhu) davrida Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) masjidlariga bir qancha sahobalar bilan kirdik. O‘ttiz nafardan ortiq odam suhbatlashib o‘tirgan majlisga qo‘shildim. Ular Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) eshitgan hadislarini eslashardi. Oralarida qorachadan kelgan, shirinsuxan istarali yigit o‘tirardi. Menimcha u qavmning orasidagi eng yoshi edi. Sahobalar hadis aytishsa, o‘sha yigit sharhlab, fatvo berar edi. So‘ramasalar javob bermasdi, ya’ni ortiqcha gapirmas edi. Majlis tugaganidan keyin unga yaqin bordim va so‘radim:
– Ey Allohning bandasi! Siz kimsiz?
– Men Muoz ibn Jabalman – deb javob berdi sahobiy.

*   *   *

Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) barcha sohada Muoz ibn Jabalning (roziyallohu anhu) maslahati bilan ish ko‘rar, uning fatvosiga tayanar edi. Sahobiyga hurmati sababli “Agar Muoz ibn Jabal bo‘lmaganida, Umar shak-shubhasiz halok bo‘lardi”, derdi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafot etganlarida Muoz (roziyallohu anhu) Yamanda ul zot buyurgan ishlarni bajarayotgan edi. Abu Bakr (roziyallohu anhu) vaqtida Madinaga qaytib keldi.
Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu) boy edi. Kelganidan so‘ng Umar ibn Xattob Abu Bakr (roziyallohu anhum) bilan kengashib, Muoz ibn Jabalga (roziyallohu anhu) molidan kambag‘allarga ehson qilishni maslahat berdi. Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu) esa hech nima demadi.
Ertasi kuni tongda Umar ibn Xattob Muozni (roziyallohu anhu) o‘z uyi oldida hayajonlangan, yig‘lab turgan holda ko‘rdi. U kishi yig‘idan zo‘rg‘a tiyilib, Umar ibn Xattobga (roziyallohu anhu) murojaat qildi:
“Ey Umar, kecha kechasi tush ko‘rdim. Ummon girdobi meni o‘ziga tortib, g‘arq qilmoqchi bo‘layotgan emish. Shunda siz kelib meni qutqarib qoldingiz...” Ikkovlari shu zahoti Abu Bakrning (roziyallohu anhu) oldilariga borishdi. Muoz ibn Jabal Abu Bakrga (roziyallohu anhum) o‘z molining yarmini olishini va muhtojlarga istaganicha ehson qilishini aytdi...

*   *   *

Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Muozni (roziyallohu anhu) tongda uchratib qoldilar va savolga tutdilar:
– Ey Muoz, uyqudan qay holatda uyg‘onding?
– Haqiqiy mo‘min bo‘lib uyg‘ondim, yo Rasululloh, – dedi Muoz.
– Har narsaning haqiqati bo‘ladi, imoningning haqiqati nima?
– Uyg‘onganimda kelayotgan tunni ko‘ra olamanmi-yo‘qmi – bilmayman. Uyquga ketishimdan oldin tongni ko‘ra olamanmi-yo‘qmi – bilmayman. Yana qadam bosib yurayotganimda keyingi qadamimni bosa olamanmi-yo‘qmi – bilmayman. Xayolimda, o‘tib ketgan qavmlarga qiyomatda kitoblari berilayotganini, jannat ahli rohatlanayotganini, gunohkorlar esa qiynalayotganini ko‘rganday bo‘laveraman.
Shunda Rasululloh (alayhissalom):
– Haqiqatni bilibsan, unda bardavom bo‘lgin, ey Muoz, dedilar.

*   *   *

Muoz ibn Jabal umrini insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga, foydali ilm qoldirishga bag‘ishladi. Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) u kishi haqida: “Muoz Allohga bo‘ysunuvchi, haqiqiy musulmon edi. Biz uni Ibrohimga (alayhissalom) o‘xshatar edik”, der edi.
Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu) qarindosh-urug‘lari bilan Shomga ko‘chib o‘tadi va u yerda ilm bilan shug‘ullanadi. Bir qancha muddat o‘tganidan so‘ng Shomning amiri Abu Ubayda ibn Jarroh vafot etadi. Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) Muoz ibn Jabalni Shomga boshliq etib tayinlaydi.
O‘lim to‘shagida yotgan Umar ibn Xattobdan (roziyallohu anhu) kimni noib qilib ketishini so‘raganlarida, Umar shunday deydi:
– Agar Muoz hayot bo‘lganida uni albatta o‘zimdan keyingi xalifa qilib qoldirardim. Rabbimning oldiga borganimda u mendan: “Muhammadning ummatiga kimni bosh qilib qoldirding?” desa, Rabbimga: “Ularga Rasulullohning: “Qiyomatda olimlarning boshlig‘i Muoz ibn Jabal bo‘ladi”, deganlarini eshitganim uchun Muoz ibn Jabalni qoldirdim”, der edim.
Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu) Shomga boshliq etib tayinlanganidan so‘ng bir necha oy umr ko‘rdi va 33 yoshida olamdan o‘tdi.

Abu Ayyub | "Hidoyat" jurnalidan


HALOL VA HAROMNI ENG BILUVCHIROQ INSON

 Janob Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vassalomga yetmish kishidan iborat bo‘lgan ansoriylar Ikkinchi Aqoba bay’atini berishayotgan vaqtda, shu ansorlar orasida yuzidan nur taralib turuvchi, qarashlari ma’noli yosh bir yigit ham bor edi. U o‘zining xotirjamligi va salobati bilan o‘tirganlarning barchasini xayratga solardi. U so‘zlayatgan vaqtda, go‘yoki hamma yer nurga to‘lib turganday bo‘lardi.

 Bu yigit Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu edi. Demak, u ansoriylardandir.

 Ikkinchi Aqoba bay’ati kuni Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassalom ga bay’at berib, Islom dinini qabul qilgan avvalgi sahobiylar qatoriga qo‘shildi. Islom dinini qabul qilgan avvalgi sahobiylarga xos bo‘lganidek, Muoz ibn Jabal r.a. ham Rosululloh sallallohu alayhi vassalom ishtirok etgan biror bir marosim, yoki biror bir g‘azotni tark etmadi.

 Muoz ibn Jabal fazilatlarining ko‘rkamrog‘i va xislatlarining ulug‘rog‘i — u zotning yuksak ilm sohibi ekanligidir. U kishining ilm va fiqhlari shunday cho‘qqiga yetdiki, hatto Rosululloh sallallohu alayhi vassalom u zot haqida:

 “Ummatim orasida halol va xaromni eng biluvchirog‘i — Muoz ibn Jabal”— deb marhamat qildilar.

 Muoz ilm-ma’rifat va shijoatu-zakovatda hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga o‘xshash edi.

 Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassalom Muoz ibn Jabalni Yamanga hokim qilib jo‘natayatgan vaqtda dedilar:

 “Ey Muoz, nima bilan hukm qilasan?”

 “Allohning kitobi bilan” - dedi Muoz.

 “Agar Allohning kitobida topolmasangchi? — deb so‘radilar Rosululloh .

 “Rosulining sunnati bilan hukm qilaman” — dedi Muoz.Rosululloh sallallohu alayhi vassalom:

 “Agar rosulining sunnatida topmasangchi? — dedilar. Muoz:

 “O‘z rayim bilan ijtihod qilaman, sira sustkashlik qilmayman” - dedi.

Rosululloh sallallohu alayhi vassalom ning muborak yuzlarida xursandlik alomatlari paydo bo‘lib, dedilar:

 “Rosulullohning elchisini Rosulullohni rozi qiladigan narsaga yo‘llab qo‘ygan Allohga hamdu sanolar bo‘lsin”.

Muoz ibn Jabalning Allohni kalomi va rosulining sunnatiga muhabbati nihoyatda cheksiz edi. Yana shu bilan birgalikda Alloh Ta’lo u zotga ijtihod qilish qobiliyatini in’om etgan edi. Balki mana shu ijtihod qilishga bo‘lgan qudrati va aql-zakovatini iste’mol qilishdagi shijoati, uni o‘z birodarlari va zamondoshlaridan ustun qiluvchi fiqhiy boyliklarni egallashiga imkon bergandir. Va shu tufayli Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassalom uni:

“Insonlar orasida halol va xaromni eng biluvchirog‘i” - deb vasf qildilar. Tarixiy rivoyatlar ham u haqida ko‘p iliq so‘zlarni hikoya qiladi.

Keling, shu rivoyatlarga bir nazar solsak.

Aizulloh ibn Abdulloh hazrati Umar r.a. xalifaligining avvalida Rosululloh sallallohu alayhi vassalom ashoblari bilan birga bir majlisda qatnashganligi haqida deydi:

 “O‘ttiz kishidan ziyod bo‘lgan ashoblar majlisiga kirdim. Barchalari Rosululloh sallallohu alayhi vassalomdan hadis rivoyat qilishardi. Mana shu zikr majlisida qorachadan kelgan yosh bir yigit ham bor edi. Uning so‘zlari juda ma’noli, o‘zi esa og‘ir-vazmin edi. Majlis ahlining yosh jihatidan eng kichigi ham mana shu yigit ekaniga e’tibor berdim. Shunga qaramay, majlis ishtirokchilari biror bir hadisda ishtiboh (ikkilanish) qilsalar, u zotga murojaat qilardilar. U esa o‘z navbatida ularga mana shu ishtibohlarini yechib berar edi. U inson faqat savol bilan murojaat qilingan vaqtda so‘zlar, boshqa paytda esa, sukut saqlab, majlisga quloq tutib o‘tirardi. Majlis tugagach, men u zotning yoniga kelib, undan:

“Ey Allohning bandasi, siz kim bo‘lasiz?” — deb so‘radim. U esa:

“Men Muoz ibn Jabalman” — dedi.

 * * *

Mana bu kishi Abu Muslim al-Xavloniydir. U bizga quyidagini hikoya qiladi:

 “Hims shahrining masjidiga kirdim. Yuzlaridan nur taralib turgan bir yosh yigit, yoshlari ulug‘ insonlarning o‘rtalarida o‘tirardi. U yigit so‘zlamasdan sukut saqlab turar, qachonki qavm biror narsa ustida shak qilsa, unga yuzlanib savol qilar edi. Men yonimda o‘tirgan bir kishidan u yigit kim ekanligini so‘radim. U kishi:”Bu Muoz ibn Jabal”- deb javob qildi. Shu zahotiyoq mening qalbimda o‘sha yigitga nisbatan muhabbat paydo bo‘ldi”.

 * * *

 Shahr ibn Xavshab dedi:

“Payg‘ambar alayhis salom ashoblari so‘zlashayotgan vaqtlarida, Muoz ibn Jabal oralarida bo‘lsa, undan haybatlanishardi”.

 * * *

Mo‘minlarning amiri Umar ibn Xattob roziyallohu anhu juda ko‘p masalalarda Muoz ibn Jabal bilan maslahat qilar edi. Hatto, Muoz ibn Jabalning rayi va fiqhidan foydalanilgan maqomlarda, Umar ibn Xattob:

 “Agar Muoz ibn Jabal bo‘lmaganda, Umar shak-shubhasiz halok bo‘lar edi” - der edi.

Muoz ibn Jabal haqidagi hamma tarixiy rivoyatlardan bizga, u zot barcha majlislarning gavhari ekanligi ma’lum bo‘ladi. U kishi doim o‘tirsa, atrofini odamlar o‘rab olar edilar.O‘zi kam gap, faqatgina o‘tirgan kishilarning u zotga savol bilan murojaat qilishlari uni gapirtirar edi.

 Ba’zi zamondoshlari:

“Muoz ibn Jabal gapirayotgan vaqtda, go‘yoki u zotning og‘zidan nuru-gavhar chiqayotgandek bo‘lardi” - deb vasf qilardilar.

Muoz ibn Jabal yosh bo‘lishiga qaramay, ilmi tufayli shu maqomga yetishdi. U Umar roziyallohu anhu xalifaligi davrida o‘ttiz uch yoshida vafot etdi. Muoz ibn Jabal o‘ta ochiq qo‘l va saxovatli inson edi. Undan biror narsa so‘ralsa, o‘sha zahoti xursand bo‘lgan holda, so‘ragandan ham ziyoda qilib berardi. Rosululloh sallallohu alayhi vassalom uni Yamanga jo‘natgan vaqtdan, to vafot topgunlariga qadar, Muoz Yamanda musulmolarga din ta’limotlarini o‘rgatdi. Vaqtiki Abu Bakr r.a. xalifa etib tayinlangach, u Yamandan Madinaga qaytdi. Muoz ibn Jabal Yamanda katta boylik orttirgan edi. Bu haqida Umar r.a. juda yaxshi bilar edi. Umar ibn Xattob xalifa Abu Bakr r.a. dan Muozning boyliklarini undan olib, faqir miskinlarga tarqatib yuborishni talab qildi.

 Shu alfozda Umar xalifaning hukmini kutmasdan Muozning uyi tomon yo‘l oldi. U yerga yetib kelgach, Muozdan molini tarqatib yuborishni talab qildi.

Ammo Muoz pok inson edi. Har qancha boylikka ega bo‘lsa ham, faqat halol yo‘l bilan ega bo‘lganini yaxshi bilar edi. Shuning uchun, bu talabni rad etdi. Umar maqsadi hosil bo‘lmagach, uyiga qaytib ketdi. Ertasi kuni tongda, Muoz ibn Jabal Umar r.a ning hovlisi tomon juda tez yurib borardi. Hazrati Umar r.a. oldidan chiqishi bilanoq, u zotni Muoz quchoqlab, ko‘zlaridan yoshlari oqa boshladi. Bu holatdan Umar r.a. taajjub qilib, buning sababini so‘radi. Muoz ibn Jabal:

“Kecha tunda tush ko‘rdim. Go‘yo, men katta dengizga sho‘ng‘ib, cho‘kayotgan emishman. Birdan sen yetib kelib, meni qutqarib olibsan” — dedi. Shundan so‘ng ikkalovlari xalifa Abu Bakr r.a.ning huzuriga borishdi. Muoz xalifadan o‘zining mol davlatini muhtojlarga taqsim qilishini talab qildi. Ammo Abu Bakr r.a.:

“Men sendan hech narsa olmayman”— deb, rad javobini aytdi. Bu suhbatga guvoh bo‘lib turgan Umar ibn Xattob Muozga qarab dedi:

“Ana endi halol va pok bo‘ldi”.

Albatta, agar Muoz o‘z boyligini shari’at man qilgan yo‘l bilan qo‘lga kiritgan bo‘lganda, Abu Bakr Muozda bir dirham ham qoldirmasdan olib qo‘yib, tarqatib yuborgan bo‘lar edi. Umar r.a. ham Muozga tuhmat va hasad qilmoqchi emasdi. Umar mol dunyoni suymagani sababli, o‘ziga yaxshi ko‘rgan holatni birodariga ham istayotgan edi, xolos. Bu insonlar barcha musulmonlar uchun namuna bo‘lguvchi edilar. Bular kamolat cho‘qqisiga yetishish uchun bir-birlari bilan musobaqalashar edilar. Ularning barchasi yaxshilik karvonida sayr qiluvchi edilar.

Shundan so‘ng, Muoz Shomga yo‘l oldi. U yerda odatdagidek musulmonlarga din ahkomlaridan ta’lim berib, ularga ustozlik qildi. Shu vaqtda Muozning eng yaqin do‘stlaridan bo‘lmish, Shom viloyatining hokimi Abu Ubayda vafot topdi. Mo‘minlarning amiri Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Muoz ibn Jabalni Shomga hokim etib tayin qildi. Muoz hokim etib tayinlanganidan bir necha oy ham o‘tmay, bo‘ysunib Allohning huzuriga qaytuvchi bo‘lgan holda vafot etdi.

Umar r.a. o‘zidan keyin Muoz ibn Jabalni xalifa etib qoldirishni niyat qilgan edi. Umar ibn Xattobga vafotidan avval:

“Agar bizlarning tepamizga o‘zingdan keyin xalifa qoldirmoqchi bo‘lsang, kimni qoldirasan? Bas, aytgin, biz unga sendan keyin bay’at beraylik” - deb murojaat etildi. Umar:

“Muoz ibn Jabal hayot bo‘lganida edi, albatta, uni o‘z o‘rnimga qoldirgan bo‘lar edim. So‘ngra Robbimning huzuriga borganimda, Robbim mendan:

“Muhammad sallallohu alayhi vassalom ummatining tepasiga kimni xalifa qilib qoldirding?” – deb so‘rasa, bas, men javob berardimki:

“Ularning tepasiga Muoz ibn Jabalni xalifa etib qoldirdim, chunki, Payg‘ambar sallallohu alayhi vassalom dan:

“Muoz ibn Jabal qiyomat kunida ulamolarning imomi bo‘ladi”— deganlarini eshitganman”.

Muoz ibn Jabalni faqat Umar r.a. emas, balki, Rosululloh sallallohu alayhi vassalom ham nihoyatda yaxshi ko‘rgan edilar.Bir kuni Rosululloh sallallohu alayhi vassalom Muozga:

 “Ey Muoz, Allohga qasamki, seni yaxshi ko‘raman. Har namozingni so‘ngida, “Allohumma ainni ala zikrika va shukrika va husni ibadatika” (Allohim seni eslashga va senga shukr qilishga va senga go‘zal ibodat qilishga yordam ber) deyishlikni unitmagin” - dedilar.

Ha ... Allohim yordam ber. Payg‘ambar sallallohu alayhi vassalom ashoblarini doim Allohdan yordam so‘rashlikka targ‘ib etar edilar. Chunki, Allohning yordami va madadisiz hech narsaga erishib bo‘lmaslik ochiq va ravshandir. Muoz ibn Jabal bu darsni nihoyatda puxta o‘zlashtirib, hayotiga ajoyib ravishda tatbiq eta oldi.

 Bir kuni tongda Rosululloh sallallohu alayhi vassalom Muozga yo‘liqib, undan so‘radilar:

“Qanday tong ottirding, ey Muoz?”. Muoz:

“Haqiqiy mo‘min bo‘lib tong ottirdim ya Rosulalloh” — dedi. Rosululloh:

“Albatta, har qanday haqning haqiqati bo‘ladi. Sening iymoningning haqiqati nimada” - deb savol qildilar. Muoz dedi:

“Qachonki tong ottirsam, to kech tushishigacha hayot bo‘lishimga gumondaman. Va qachonki, kech kirgizsam, to tonggacha hayot bo‘lishimga gumondaman. Bir qadam tashlab, ketidan ikkinchisini tashlashga ulgurishimga gumon qilaman. Men go‘yoki, barcha insonlar tiz cho‘kkan holda, hisob-kitobga chaqirilayotganliklarini ko‘rib turgandayman. Yana go‘yo, jannat ahlini ne’matlanayotganini va do‘zax ahlini azoblanayotganini ko‘zim bilan ko‘rib turgandayman”. Rosululloh sallallohu alayhi vassalom:

“Haqiqatni bilibsan. Bas, endi uni mahkam tutgin” — dedilar.

Albatta,....batahqiq Muoz o‘zini va taqdirini Allohga to‘laligicha topshirgan edi. Undan boshqasini istamas edi.

Ibn Mas’ud r.a. Muozni ko‘klarga ko‘tarib:

“Albatta, Muoz to‘g‘ri yo‘ldan adashmay, Allohga qunut bilan ibodat qiluvchi inson edi. Biz uni Ibrohim alayhis salom ga o‘xshatar edik” — deb maqtagan edi.

Muoz ilm olishga va Allohni juda ko‘p zikr etishga qattiq da’vat etardi. Insonlarni naf beruvchi ilm istashlariga targ‘ib qilardi. Muoz:

 “Olimning yo‘ldan toyishidan ehtiyot bo‘ling, haqni haq bilan taning. Albatta, haqda nur bor”— der edi. Musulmonlardan biri unga:

 “Menga ilm o‘rgat” - deb murojaat etdi. Muoz undan:

 “Men senga ta’lim bersam, itoat etasanmi? — deb so‘radi.U musulmon:

 “Axir, men senga itoat etishga nihoyatda chanqoqman” — dedi. Muoz unga dedi:

 “Ba’zan nafl ro‘zasini tutgin, ba’zan og‘zing ochiq yurgin. Kechaning ba’zi qismida namoz o‘qi, ba’zi qismida orom ol. Halol kasb qilgin. Gunohdan tiyilgin. Faqat musulmon holingda vafot topgin. Mazlumning duosidan qo‘rq”.

 Muoz ilmni ma’rifat, ya’ni bilishlik va amal deb hisoblardi. U dedi:

 “Ey insonlar, hohlagan ilmingizni o‘rganing, toki o‘sha ilmga amal qilmas ekansiz, Alloh sizga bu ilm bilan manfaat bermaydi”

Muoz ibn Jabal vaqtini sira ham befoyda o‘tkazmas edi. Umrining juda ko‘p qismini ilm va Allohning zikriga bag‘ishladi. Asvad ibn Hilol:

 “Biz Muoz bilan ketayotganimizda, ko‘pincha u bizga: “Keling, o‘tiring, bir soat iymonlashaylik” — deb aytar edi.” — dedi.

 Yuqorida aytganimizdek, u ko‘pincha sukut saqlab o‘tirardi. Mumkin, bu sukutning sababi, chuqur tafakkur bo‘lsa, chunki u Rosulullohga bir qadam ketidan ikkinchisini tashlashga gumon qilishini aytgan edi. Albatta, buning sababi, Robbisining zikriga ziyoda mashg‘ul bo‘lib, o‘z qilgan amal va harakatlarini doim hisob-kitob qilib yurganidandir.

 Mana Muozning o‘lim vaqti yetib keldi. Uni Alloh bilan yo‘liqishiga chaqirilyapti.

 Albatta, har bir inson o‘z hayoti mobaynida nimani muhabbatini qalbiga jo qilib yashagan bo‘lsa, o‘lim soatida beixtiyor o‘sha narsa uning tilida zohir bo‘ladi. Muoz ibn Jabalning o‘lim soatidagi so‘zlari uning butun hayotiga qisqa va aniq izoh berar edi.

 Muoz ibn Jabal osmonga ko‘zlarini tikib, Robbisiga munojat qildi:

 “Allohim, albatta, men sendan qo‘rqaman. Lekin hozirgi soatda sening rahmatingni umid qilayapman. Allohim, sen albatta bilasanki, men bu dunyoni uning ziynatlari, anhoru ekinlari va boyliklari uchun sevmaganman. Ammo issiq yoz kunlarida ro‘za tutishlik, uzun tunlari namoz o‘qishlik va ilm ahllari bilan ilmiy majlislarda o‘tirishlik uchun sevganman” - dedi.

 Go‘yoki o‘lim bilan salomlashganday, o‘ng qo‘lini uzatib, chuqur o‘lim mastligida beixtiyor:

 “Xush kelibsan, ey o‘lim, marhabo” — deya jon taslim etdi.

Rijolun havlar-rasul | Hadis.islom.uz

Rasululloh(s.a.v.)ning yo‘lchi yulduz misoli do‘stlaridan biri, ansorlarning peshqadamlaridan bo‘lmish Mu’oz ibn Jabal (r.a.)ning to‘liq ismlari Mu’oz ibn Jabal ibn Amr ibn Avs al-Ansoriy al-Hazrajiy, kunyalari Abu Abdurrahmondir. Mo‘minlik tojini o‘n sakkiz yoshda kiygan bu sahobiy Payg‘ambarimiz bilan birgalikda barcha yurishlarda ishtirok etganlar. Rasululloh (s.a.v) u kishini muhojirlardan Abdulloh ibn Mas’ud bilan birodar tutintirgan edilar.

Payg‘ambarimiz (a.s.) Mu’ozni juda yaxshi ko‘rar va buni o‘zlariga ham aytib turardilar. Zero, ashobi kirom orasida bu sahobiy kelishgan qad-qomatli odamgina emas, balki yumshoq fe’lli, hayoli va jo‘mard kishi sifatida ham tanilgandilar.

Qur’oni to‘liq yod olgan qorilar orasida ham hazrati Mu’ozning o‘ziga xos o‘rinlari bo‘lib, bu haqda Payg‘ambarimiz (a.s.): “Qur’onni mazkur to‘rt kishi – Abdulloh ibn Mas’ud, Ubay ibn Ka’b, Mu’oz ibn Jabal va Huzayfaning mavlosi Solimdan o‘rganing”, deya marhamat qilganlar (Ahmad ibn Hanbal rivoyati).

Mu’oz ibn Jabal hayot kechirishda zuhdu taqvoga katta ahamiyat berardilar. Kechalari tahajjudga turar va namoz so‘ngida: “Allohim! Hozir ko‘zlar uyquda, ko‘kda yulduzlar porlab turibdi. Sen esa doimo barhayotsan va har lahza maxluqlaringni kuzatib turasan… Rabbim, menga dunyo va oxiratda hidoyat nasib et! Shubhasiz, Sen va’danga xilof qilmaysan”, deb duo qilardilar (Ibn Asir rivoyati).

Hazrati Mu’ozning sahobiylardan Ibn Abbos, Ibn Umar va boshqalardan rivoyat qilgan hadislari 157 tani tashkil etadi. Bu zot ayni paytda faqih sahobiylardan bo‘lib, Rasululloh (s.a.v.) hayotlik davrlaridayoq fatvo bera boshlagan edilar. Payg‘ambarimiz (a.s.) bu xususda: “Ummatim orasida halol va haromni eng yaxshi biladigan kishi Mu’oz ibn Jabaldir!” – degan edilar (“Tajridi sarih”).

Payg‘ambarimiz (a.s.) Mu’oz ibn Jabalni kishilarga islomni o‘rgatish, Qur’onni tushuntirib berish va yod oldirish uchun Yamanga yuborganlar. Jo‘nab ketayotganlarida Rasululloh (s.a.v.) bilan o‘rtalarida kechgan mazkur suhbatni hazrati Mu’oz keyinchalik eng ezgu xotira sifatida so‘zlab berganlar: “Allohning Rasuli o‘shanda mendan so‘radilar: “Ey Mu’oz, (sendan bir masala so‘ralganda) nima bilan hukm qilasan?” Men: “Allohning kitobi bilan”, dedim. “Agar undan (javobini) topa olmasang-chi?” – so‘radilar yana. “Rasulullohning sunnatlari bilan”, deb javob qildim. “Undan ham topa olmasang-chi?” – yana savol berdilar Rasululloh (s.a.v). “Unda o‘z ra’yim bilan ijtihod qilaman”, dedim. Shunda u zot (a.s.): 2Nabiysini rozi bo‘lgan narsada muvaffaqiyatli qilgan Allohga hamdlar bo‘lsin!” – dedilar (Ibn Sa’d rivoyati).

Yamanga jo‘nab ketayotgan Mu’oz ibn Jabal bilan Rasuli akram (s.a.v.) ushbu muborak so‘zlarni aytib vidolashdilar: “Ey Mu’oz, balki bu so‘nggi uchrashuvimiz bo‘lar. Alloh senga hidoyat nasib etsin, oldingdan va ortingdan, o‘ngingdan va so‘lingdan, ostingdan va ustingdan keladigan har turli balo-ofatlardan saqlasin. Sendan insonlar va jinlarning yomonliklarini nari qilsin. Ey Mu’oz, balki masjidimni va qabrimni ziyorat qilarsan”. Bu so‘zlarni Mu’oz yurak-bag‘rilari o‘rtalib eshitdilar va qayg‘udan yig‘lab-yig‘lab, xasrat bilan yo‘lga chiqib ketdilar.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning aytganlari bo‘ldi – Mu’oz Yamandan Abu Bakrning xalifaligida qaytdilar. Qolgan umrlarini Shomda o‘tkazdilar va Iordaniyada toun kasaliga chalinib, juda erta – o‘ttiz sakkiz yoshlarida vafot etdilar.

"Irfon taqvimi"dan

Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning ashoblari payg‘ambarlardan keyin yer yuzida qadam bosgan eng ulug‘ zotlardir. Ular muqaddas dinimizga amal qilib tarqatuvchi, uni qo‘llab-quvvatlovchi yordamchilar edilar. (Alloh taolo ulardan rozi bo‘lsin).

Qalbida iymoni, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga muhabbati bor kishilar albatta sahobai kiromlarni yaxshi ko‘radi, ularga muhabbat qiladi.

Sahobai kiromlarning Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga qanchalar vafodor, naqadar sadoqatli ekanini, o‘zlari, farzandlari hatto ota-onalaridan ustun qo‘yganini birgina Ul Zotning bir og‘iz so‘zlariga “ota-onam sizga fido bo‘lsin”, “jonim sizga fido bo‘lsin” deb muhabbat va latofat ila javob berganliklari ko‘rsatib beradi.

Ulamolarimizdan biri Alloh taolo o‘z kalomi sharifida nozil qilgan

اللَّهُأَعْلَمُحَيْثُيَجْعَلُرِسَالَتَهُ

“…Alloh payg‘ambarlikni qaerga qo‘yish (ravo ko‘rish)ni yaxshi biluvchidir…” (An’om surasi 124-oyat) oyati borasida shunday deydi:

“Alloh taolo sahobai kiromlarni shu qadar ulug‘ bir fazl, buyuk sharaf egasi qilganki, bu fazlu sharafga hech bir kimsa yeta olmaydi. Chunki, Alloh taolo O‘z dinini Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallam ila mukammal bo‘lishi va qiyomatgacha davom etishini iroda qilgan. Ana shu insonlarning eng yaxshisi, ko‘ngillarning eng mahbubi bo‘lgan Zotga esa sahobai kiromlarni do‘st, suhbatdosh, safdosh, himoyachi qilib tanlab oldi. U Zotnint merosxo‘ri, shariatining davomchilari va tarqatuvchilari qilib sayladi. Bu – eng oliy fazl, mana shu Bani Isroil payg‘ambarlari orzu qilgan sharafdir”.

Xazraj qabilasining raisi Sa’d ibn Muoz (raziyallohu anhu)ningtaklifi bilan butun xazrajliklar musulmon bo‘lishdi. Ular orasida Muoz ibn Jabal (raziyallohu anhu) ham bor edi. Mo‘minlik tojini o‘n sakkiz yoshida kiygan bu yigit Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam)ni ko‘rish uchun Madinadan Makkaga keldi. Ikkinchi Aqoba bay’atida, keyinchalik esa barcha yurishlarda ishtirok etdi.

Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam)ning yo‘lchi yulduz misoli do‘stlaridan biri, ansorlarning peshqadamlaridan Muoz ibn Jabal ibn Amr ibn Avs edi. Kunyasi: Abu Abdurrahmon. Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam) Madinaga kelganlari hamon u zot (alayhissalom)dan ajralmadi. Qur’oni karimdan saboq oldi, islom shariatini o‘rganib, hatto Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam) zamonlarida Qur’oni karimni to‘liq yod olgan olti sahobaning biri bo‘ldi. Bu haqda Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam): “Qur’onni mazkur to‘rt kishi – Abdulloh ibn Mas’ud, Ubay ibn Ka’b, Muoz ibn Jabal va Huzayfaning mavlosi Solimdan o‘rganing”, deya marhamat qilganlar (Ahmad ibn Hanbal).

Ashobi kirom orasida bu sahobiy kelishgan qad-qomatli odamgina emas, balki yumshoq fe’lli, hayoli va jo‘mard kishi sifatida ham tanilgandi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) uni juda yaxshi ko‘rar va buni o‘ziga ham aytib turardilar. Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam): “Ey Muoz, Allohga qasam, men seni juda yaxshi ko‘raman. Shuning uchun sen har bir namoz so‘ngida: “Yo Alloh, zikring, shukring va Senga go‘zal ibodat qilishimda menga ko‘mak ber”, deb duo qilishni unutma”, deganlar.Uni muhojirlardan Abdulloh ibn Mas’ud (raziyallohu anhu) bilan birodar tutintirganlar.

Muoz ibn Jabal (raziyallohu anhu) hayot kechirishda zuhdu taqvoga katta ahamiyat berardi. Kechalari namoz so‘ngida: “Yo Alloh, hozir ko‘zlar uyquda, ko‘kda yulduzlar porlab turibdi. Sen esa doimo barhayotsan va har lahza maxluqlaringni kuzatib turasan... Rabbim, menga dunyo va oxiratda hidoyat nasib et! Shubhasiz, Sen va’dangga xilof qilmaysan”, deb duo qilardi (Ibn Asir).

Hazrat Muoz (raziyallohu anhu) Ibn Abbos, Ibn Umar va boshqalardan rivoyat qilgan hadislari 157 tani tashkil etadi. Bu zot ayni paytda faqih sahobalardan bo‘lib, Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam) hayot paytlaridayoq fatvo bera boshlagan edi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) bu xususda: “Ummatim orasida halol va haromni eng yaxshi biladigan kishi Muoz ibn Jabaldir!” deganlar (“Tajridi sarih”).

Shuningdek, Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam) Muoz ibn Jabalni kishilarga islomni o‘rgatish, Qur’ondan ta’lim berish va yod oldirish uchun Yamanga yuborganlar. Jo‘nab ketayotganida Payg‘ambarimiz (alayhissalom) bilan o‘rtalarida kechgan mazkur suhbatni hazrat Muoz (raziyallohu anhu) keyinchalik eng ezgu xotira sifatida so‘zlab bergan: “Allohning Rasuli o‘shanda mendan so‘radilar: “Ey Muoz, (sendan bir masala so‘ralganda) nima bilan hukm qilasan?” Men: “Allohning kitobi bilan”, dedim. “Agar undan (javobni) topa olmasang-chi?” so‘radilar yana. “Rasulullohning sunnatlari bilan”, deb javob qildim. “Undan ham topa olmasang-chi?” yana savol berdilar Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam). “U holda o‘z ra’yim bilan ijtihod qilaman”, dedim. Shunda u zot (alayhissalom):Payg‘ambari rozi bo‘lgan narsada muvaffaqiyatli qilgan Allohga hamdlar bo‘lsin!” dedilar(Ibn Sa’d).

Yamanga jo‘nab ketayotgan Muoz ibn Jabal bilan Rasuli akram (sallallohu alayhi va sallam) ushbu muborak so‘zlarni aytib vidolashdilar: “Ey Muoz, balki bu so‘nggi uchrashuvimiz bo‘lar. Alloh senga hidoyat nasib etsin, oldingdan va ortingdan, o‘ngingdan va so‘lingdan, ostingdan va ustingdan keladigan har turli balo-ofatlardan saqlasin. Sendan insonlar va jinlarning yomonliklarini nari qilsin. Ey Muoz, balki masjidimni va qabrimni ziyorat qilarsan”. Bu so‘zlarni Muoz yurak-bag‘ri o‘rtanib eshitdi va qayg‘udan yig‘lab-yig‘lab, hasrat bilan yo‘lga chiqdi.

Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam)ning aytganlari bo‘ldi. Muoz ibn Jabal (raziyallohu anhu) Yamandan Abu Bakr (raziyallohu anhu)ning mo‘minlarga rahbarligi vaqtida qaytdi. Qolgan umrini Shomda o‘tkazdi va Iordaniyada toun kasaliga chalinib, juda erta – o‘ttiz sakkiz yoshida vafot etdi. Alloh u zotdan rozi bo‘lsin!

Safvatullo Qayumov| Muslim.uz


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.