background
logotype
image1 image2 image3

Ka’b ibn Molik

 
Ka’b ibn Molik (roziyallohu anhu) ansoriylarning ulug‘laridan, Yasribda katta e’tibor va obro‘ topgan kishilardan edi. U Aqoba kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan ahdlashib, musulmon bo‘ldi. Faxri koinotning Badr va Tabukdan boshqa yurishlarida qatnashdi. Ka’b ibn Molik Payg‘ambarimizdan (alayhissalom) o‘nlab hadis rivoyat qilgan. Makkada vafot etgan. 
Uhud kuni Payg‘ambarimiz (alayhissalom) yaralandilar. Shunday paytda kimdir: «Muhammad o‘ldi!» deb baqirdi. Shu payt Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) musulmonlar tomon kela boshladilar. U zotni (alayhissalom) birinchi bo‘lib Ka’b ibn Molik tanib qoldi va baland ovozda: «Ey musulmonlar, suyunchi! Rasululloh tiriklar!» deb qichqirdi. Rasululloh (alayhissalom) unga: «Jim!» ishorasini qildilar. Musulmonlar atroflarida to‘planishdi. Keyin birgalashib, toqqa ko‘tarilishdi.
 
* * *
 
Ka’b ibn Molikdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinishicha, u masjidda ibn Abu Hadraddan qarzini berishini talab qildi. Shunda ikkovlarining ovozlari ko‘tarildi. Shovqinni hatto Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uylari ichida turib eshitdilar. Keyin  hujralari pardasini ochib: «Ey Ka’b!» deb chaqirdilar. «Labbay, yo Rasululloh!» dedi u. «Qarzdan bunchasini kech», deb uning yarmiga ishora qildilar. «Shunday qilganim bo‘lsin, ey Allohning rasuli», dedi. Keyin Rasululloh Ibn Abu Hadradga: «Tur, qarzni ado et», dedilar (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy, Nasaiy rivoyati).
 
* * *
 
Ka’b ibn Molik (roziyallohu anhu) aytadi: «Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) Tabuk safarlari mevali daraxtlar soya solib, bu manzara odamga yoqadigan paytga to‘g‘ri keldi. Menda bunday rohat-farog‘atlarga moyillik bor edi. Erta tongda u zot yonlariga tayyorgarlik qilish uchun borardim-u, lekin hech narsa qilmay qaytib kelar edim. Xizmat qilib yuraverdim. Musulmonlar Payg‘ambar (alayhissalom) bilan birga jo‘nashdi. Men esa yo‘lga tayyor emasdim. Ularga orqadan yetib olishni ham o‘yladim, ammo bu ham menga nasib qilmadi”.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Tabukdan qaytganlari xabari kelganida meni g‘am bosa boshladi. Shunda bahonalar izlashga kirishdim. «Ertaga nima deb u zotning g‘azablaridan qutulib qolsam bo‘ladi?» deb o‘ylar edim. Aqlli kishilardan yordam so‘radim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yetib kelganlari ma’lum bo‘lganida meni yomon xayollar tark etdi. Oxiri rost gapirishga ahd qildim.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) erta tongda shaharga kirib keldilar. Safardan qaytsalar, oldin masjidga kirib, ikki rakat namoz o‘qir, so‘ngra odamlar bilan uchrashar edilar. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Joylariga kelib o‘tirganlarida Tabukka bormay qolganlar u zotga uzr ayta boshlashdi. Men ham u zot huzurlariga kelib, salom berdim. Menga sal g‘azabnok holatda tabassum qildilar. So‘ngra: «Kel», dedilar. Men qarshilariga o‘tirdim. U zot bormaganim sababini so‘raganlarida: «Allohga qasam, menda uzr yo‘q», dedim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Rost gapirding. Tur, to Allohning hukmi kelgunicha kut», dedilar.
Yana ikki kishiga shunday javob aytildi. Uchovimizga odamlar bilan gap-lashish taqiqlandi. Shu holatda ellik kunni o‘tkazdik.
Madina bozorida yursam, shaharga don sotgani kelgan Shom dehqonlaridan biri: «Kim menga Ka’b ibn Molikni ko‘rsatib qo‘yadi?» dedi. Odamlar menga ishora qilishdi. U oldimga kelib, G‘asson podshohi bitgan maktubni uzatdi. Unda bunday deb yozilgan edi: «Bizga xabar yetdi, do‘sting senga jafo qilibdi. Huzurimizga kel, biz senga tasalli beramiz». Maktubni o‘qigach: «Bu bir fitna», dedim va yoqib yubordim. 
Elliginchi kuni uyimda bomdod namozini o‘qidim. Namozdan so‘ng Allohni zikr qildim. Yuragim siqilib, keng yer tora- yib ketgandek bo‘lib turgan paytda Abu Bakr Siddiqning (roziyallohu anhu) bir tepalikka chiqib, baland ovozda: «Ey Ka’b ibn Molik, xursandlik xabari!» deb baqirganini eshitdim. Alloh taolo «Yana qolgan uch kishining ham (tavbalarini qabul etdi). Ularga keng yer torlik qilgan, yuraklari tang bo‘lgan va Alloh (g‘azabi)dan faqat Uning O‘ziga qochish bilan panoh topilishini bilishganidan so‘ng ular tavba qiluvchilardan bo‘lishlari uchun Alloh tavbalarini qabul etdi» (Tavba, 118) oyatini tushirgan edi. Bir kishi oldimga ot choptirib keldi. Aslam qabilasidan yana bir kishi piyoda keldi. Bu kishi tog‘ oshib kelib, baland ovoz bilan xushxabar berdi. Sevinganimdan unga ustki kiyimlarimni yechib, kiydirib qo‘ydim. So‘ng Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga jo‘nadim. Odamlar yo‘lda tavbam qabul bo‘lgani bilan meni tabriklashardi.
Masjidga kirdim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) atroflarida odamlar bilan o‘tirgan ekanlar. Shunda Talha ibn Ubaydulloh (roziyallohu anhu) men bilan qo‘shqo‘llab so‘rashdi. So‘ng Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) salom bersam, xursand bo‘lganlaridan u zotning yuzlari yorishib ketdi.
Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) oldilarida o‘tirib: “Albatta, Alloh rostgo‘yligim sababidan najot berdi. Endi tavbamning natijasi o‘laroq, umrimning qolgan qismida faqat rost gapiraman...” dedim (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
 
Abdurahmon Ra’fat Posho kitobi asosida Ahmad Muhammad tarjimasi.
“Hidoyat” jurnalining 2011 yil, 4-sonidan olindi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.