background
logotype
image1 image2 image3

Hubayb ibn Adiy

Hubayb ibn Adiy Madinaning Avs qabilasidan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning yurtiga hijrat qilgan kundan boshlab yonlariga kelib-ketib yurdi va ko‘p o‘tmay olamlarning Robbi Alloh taologa iymon keltirdi.

U Islom shoiri Hasson ibn Sobit ta’riflaganidek: «Ansorlar ichra bir burgut edi, yaxshi xulqli, pok nasabli yigit edi…» Badr jangida yuzma-yuz kelgan mushriklardan biri Horis ibn Amr ibn Navfalni yengdi. Jang tugab, Quraysh qo‘shini Makkaga qochganida Xorisning o‘g‘illari otalari o‘limidan xabar topib, uni o‘ldirgan musulmonning ismini eslab qolishdi: Hubayb ibn Adiy!

* * *

Musulmonlar Badr g‘azotidan Madinaga qaytishdi.

Hubayb obid va zohid inson edi. Qalbida zohidlar tabiati va obidlar niyati mujassam edi. U Madinada chin dildan ibodatga berildi. Tunlari namoz o‘qir, kunduzlari ro‘za tutar va Allohdan mag‘firat so‘rar edi.

Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qurayshning sirlaridan, tayyorgarliklaridan xabar topish, yana urushish niyatlari bor-yuqligini bilib kelish uchun sahobalaridan o‘n kishini tanladilar. Osim ibn Sobit boshchiligidagi bu sahobalar orasida Hubayb ham bor edi.

Guruh yo‘lga chiqdi. Makka bilan Afson o‘rtasidagi bir joyga yetganlarida Huzayl qabilasining Bani Hayyon degan urug‘iga ularning yo‘lga chiqqani haqida xabar yetib keldi. Mushriklar eng merganlaridan yuz kishini olib, guruh izidan tushishdi.

Agar dushmanlardan biri qumda yotgan xurmo danagini ko‘rmaganida, balki, ularni topa olmagan bo‘lishardi. O‘sha odam danaklardan birini olib, arablarga xos sinchkovlik bilan tikilib qaradi. Keyin esa atrofdagilarga bunday dedi: «Bu Yasrib (Madina) danagi. Ularni topishimiz uchun mana shu to‘kilgan danaklardan ko‘z uzmay borishimiz kerak».

Yerdagi xurmo danaklaridan iz olib, yura boshlashdi. So‘ng uzoqda musulmonlarni ko‘rishdi.

Osim ibn Sobit izlaridan mushriklar tushganini bilgach, do‘stlariga tog‘ cho‘qqisiga chiqishni buyurdi.

Dushmanning yuzta mergani tog‘ atrofini o‘rab oldi. Musulmonlarga aslo zarar yetkazmasliklarini aytib, taslim bo‘lishga undashdi. Musulmonlar Osim ibn Sobit yoniga to‘planib, uning amrini kutishardi.

Osim bunday dedi: «Allohga qasam, mushriklarning qo‘lida asir bo‘lishni istamayman. Allohim, bizning ahvolimizni Payg‘ambaringga bildir». Shu payt dushmanlar ularni o‘qqa tuta boshlashdi. Osim va yetti nafar sherigi shahid buldi. Dushmanlar boshqalar taslim bo‘lishsa, jonlari omonda qolishini aytib, pastga tushishga da’vat etiщdi.

Uch kishi: Hubayb ibn Adiy va uning ikki do‘sti tog‘dan tushdi. O‘qchilar Hubayb va dusti Zayd ibn Dasinani bog‘lashdi.

Uchinchi musulmon va’daga xiyonatni sezib, avvalgi do‘stlari kabi fidoyilik yulini tanladi.

Hubayb bilan Zayd qanchalik urinishmasin, arqonlarni yecha olishmadi. Xoin o‘qchilar ikkala musulmonni Makkaga olib borib, mushriklarga sotishdi.

Mushriklar tilida «Hubayb» ismi jarangladi.

Horis ibn Amrning o‘g‘illari Badrda o‘ldirilgan otalarini yodga olib, bu ismni eslashlari bilanoq yuraklaridagi adovat junbushga keldi. Uni sotib olishga yugurishdi…

Mushriklar ikki guruhga bo‘lindi. Ularning bir guruhi Hubaybning do‘sti Zayd ibn Dasinani olib ketishdi.

*  * *

Hubayb qo‘rquvni quvib, qoyalarni erituvchi sokinlik, mardlik va ishonch bilan duo o‘qiy boshladi. Alloh u bilan birga edi.

Hubaybni asirlikda saqlayotgan uy sohibi Horisning qizlaridan biri kunlarning birida asir yoniga kirganida ko‘rgan manzarani odamlarga aytish uchun yugurdi:

«Hubaybning bir bosh uzum yeyayotganini kurdim. U zanjirband. Makkada esa hozir, umuman, uzum topilmaydi. Men bu uzum Hubaybga Allohning bergan rizqi, deyiщdan boshqa bir so‘zni aytolmayman».

Haqiqatan ham bu Allohning solih bandasiga bergan rizqi edi. Xuddi avvallari Maryam binti Imronga bergan rizqi kabi:

«Zakariyo har gal (Maryamning) oldiga — masjidga kirganida, oldida rizq (muhayyo) turganini ko‘rar edi. U: «Ey Maryam, bu narsalar senga qayoqdan keldi?» — deb so‘rasa, (Maryam): «Bular Alloh huzuridan. Albatta, Alloh O‘zi xohlagan kishilarga behisob rizq berur», — deb javob berar edi» (Oli Imron, 37).

*  * *

Mushriklar Hubaybga birodari Zayd ibn Dasinaning o‘limi xabarini aytdilar. Bu xabardan uning talvasaga tushib, o‘limning dahshatidan qo‘rqishini istardilar… Holbuki, Allohning marhamati kengligini ular bilishmasdi.

Mushriklar Hubaybga iymon keltirgan Robbi va Muhammaddan voz kechsa, ozod qilishlarini aytishdi. Biroq ularning bu gaplari bir o‘q bilan quyoshni urib tushirish kabi besamar harakat edi.

Albatta, Hubaybning iymoni quvvatda, otash va issiqlikda bamisoli quyosh edi.

O‘zidan ziyo taratib, qorong‘u dillarni yoritar, yaxshilik istagan qalblarni isitar edi. Ammo unga yomonlik istab yaqinlashganni kuydirib tashlardi.

O‘z yo‘riqlariga sola olmasliklariga ishonch hosil qilgach, Hubaybni Tan’im degan joyga olib ketishdi. Manzilga yetgach, Hubayb ikki rakat namoz o‘qish uchun izn so‘radi. Bu namoz Alloh Rasuli bilan, dini bilan vidolashish, inkor etishga ichki tayyorgarlik, deb uylagan mushriklar ruxsat berishdi.

Hubayb ikki rakat namoz o‘qidi. Dilida iymonning lazzatini his qildi. Namozini to‘xtovsiz davom ettirishni xohlardi. Qatl qilmoqchi bo‘lganlarga o‘girilib, bunday dedi: «Alloh haqqi, agar o‘limdan qo‘rqyapti, deb o‘ylamasangiz edi, yana namoz o‘qishda davom etaverardim».

So‘ng qo‘llarini ko‘kka ko‘tarib, duo qildi.

Arab tarixida birinchi marotaba uni chormix (xochga o‘xshatib yasalgan dor)ga tortib o‘ldirishdi.

Xurmo daraxtidan katta chormix yasab, Hubaybni unga bog‘lashdi. Mushriklar yig‘ilib, xursandchilik qilishar, o‘qchilar nayzalarini charxlashar edi. Bu vahshiyliklar chormixga bog‘langan qahramonga ataylab ko‘z-ko‘z qilindi. U esa hatto ko‘zini pirpiratmadi, yuzidan xotirjamlik yuqolmadi.

* * *

Hubayb qatl etilgan joy yaqinida qush va burgutlar aylanib uchib yurishardi. Ular guyo qassoblar o‘z ishini yakunlab ketgach, toza jasaddan yeb, rohatlanishni ko‘zlashardi. Biroq bir oz fursat o‘tib, kushlar bir joyga to‘planishdi. Tortishib, bahslashganday shovqin solishdi. So‘ngra osmon bag‘rini yorib, uzoqlarga uchib ketishdi.

Guyoki chormixga tortilgan jasaddan mo‘min va solih inson hidini olib, unga yaqin kelib zarar yetkazishdan tortingandek edi ular.

Hubaybni xurmo daraxtidan yasalgan chormixga bog‘laganlarida u ko‘kka boqib, buyuk Robbiga bunday iltijo qilgan edi: «Allohim, biz Rasuling keltirgan dinni tarqatdik, Sen uni bizga qilingan yomonliklardan xabardor et».

Allohga uning duosini ijobat  etdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinada turib ashoblarining dahshatli o‘limi xabarini his qildilar. Ulardan birining jasadi osilib turgani ko‘zlariga ko‘rindi.

Darhol Miqdod ibn Amr va Zubayr ibn Avvom chaqirildi. Ular otlarga minib, shamoldek yeldilar. Alloh ularni manziliga yetkazdi. Do‘stlari Hubaybning jasadini tushirib, uni namli bag‘riga olishga tayyor turgan pokiza yerga olib ketdilar.

* * *

Hozirgacha hech kim Hubaybning qabri qaerdaligini bilmaydi. Har holda, shunday bo‘lgani to‘g‘ri edi. Toki tarix xotirasida u chormixga tortilgan ilk qahramon sifatida yodda qolsin.

Gulsara Soatxonova tarjimasi | Siyrat.uz


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.