background
logotype
image1 image2 image3

Hakim ibn Hazom

Bu sahobiy haqida Payg‘ambarimiz (alayhissalom) bunday deganlar: "Makkada to‘rt kishi bor, ular Islomga kirmay mushrik holicha qolib ketishi aqlga sig‘maydi. Ulardan biri Hakim ibn Hazomdir".

   Alloh rasulining e'tiboriga tushgan bu saodatli sahobiyning tug‘ilishi ham o‘zgacha bo‘lgan edi. Onasi unga homilador yurgan kunlarining birida dugonalari bilan ibodat qilish uchun nima sababdandir eshigi ochiq qolgan Ka'ba ichiga kiradi. To‘satdan to‘lg‘oq tutib, hatto tashqariga chiqishga ham ulgurolmaydi. Shoshilinch keltirib solingan bir sholcha ustida o‘g‘li Hakim tug‘iladi.

 

   Hakim ibn Hazom ibn Xuvaylid nasl-nasabi pokiza, obro‘li va badavlat bir xonadonda tug‘ilib, tarbiya topdi. U mo‘minlar onasi Xadicha binti Xuvaylidga jiyan edi. Aqlli, xush axloqli va oliy fazilatlar sohibi bo‘lib voyaga yetdi. Quraysh qabilasining sharaflilaridan, johiliyat davrida ham Haram ziyoratiga kelganlarni taom bilan ta'minlovchi mansabini ham egallagan edi.

    Ammo uning hurmat va maqomini oshirgan narsa bu emas. Hakim Hazrati Mahammadga (alahissalom) payg‘ambarlik kelmasidan oldin ham u zot bilan qalin do‘st edi. Besh yosh katta bo‘lishiga qaramay , hamisha u zotning suhbatlarida hozir, safarlarida hamroh bo‘lgan. Payg‘ambarimiz ham do‘stligi va muhabbatiga yarasha uni yaqin tutar, sevar edilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Hadicha binti Xuvaylidga uylanganlaridan so‘ng bu do‘stlik qarindoshlik rishtalari ila mustahkamlandi.

     Ana shunday inson qalbini keyinchalik bir afsus-nadomat va o‘kinch-iztirob mahzun qilardi. Payg‘ambarning do‘sti va eng yaqin kishisi bo‘laturib, risolat kelganidan yigirma yil o‘tib, Makka fathi chog‘idagina Islomga kirdi. Nachora, bu ham Alloh taoloning irodasi edi. Hakim Allohga mushrik, Payg‘ambarga dushman bo‘lgan kunlarini hayoti sahifalaridan o‘chirib tashlashini istardi.

   Bir kuni qilmishlaridan afsuslanib, yig‘lab o‘tirganini o‘g‘li ko‘rib qoldi va:

   -Nega yig‘layapsiz, otajon? - deb so‘radi.

   Ota xo‘rsinib javob qildi:

  -Nega yig‘lamayin, o‘g‘lim, meni xatolarim bo‘zlayapti... Eng katta xatoim juda kech musulmon bo‘lganimdir. Endi yer yuzidagi barcha oltinni odamlarga ehson qilsamda, uncha ko‘p savob ololmayman. Badr va Uhudda Alloh menga najot berdi: "Bundan buyon Qurayshga yordam bermayman, Muhammadga qarshilik qilmayman, Makkadan tashqariga chiqmayman", deb so‘z bergan edim. Ming afsus , Qurayshga yordam ko‘rsatishga majbur bo‘ldim. Har safar Islomga kirmoqchi bo‘lganimda Qurayshning yoshi ulug‘ oqsoqollari nima deyisharkin deb o‘ylardim. Jihiliyat tartib-qoidalarini mahkam ushlaganlarini ko‘rib, ularga ergashdim. Bizni kibrimiz, ko‘r-ko‘rona ergashuvimiz halok qildi. Endi men yig‘lamay, kim yig‘lasin, o‘g‘lim?!

   Makka fathi kuni Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam) ona shaharlariga kirganlarida ham do‘stlariga ehtirom ko‘rsatishni istadilar va jarchilarga bunday nido qilishni buyurdilar:

   "Kim "Ashhadu alla ilaha ilallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va  rosuluh", deb guvohlik keltirsa, moli va joni omonda.

   Kim Ka'baga kelib, qurolini topshirsa, moli va joni omonda...

   Kim uyiga kirib, eshigini berkitib olsa, moli va joni omonda...

   Kim Abu Sufyonning uyiga kirsa, moli va joni omonda...

   Kim Hakim ibn Hazomning uyiga kirsa, moli va joni omonda..."

   Hakimning uyi Makka etagida, Abu Sufyoniki esa yuqori qismida edi.

   Islomga kech kirgan Hakim nima qilib bo‘lsa-da, xatolarini yuvish payida bo‘ldi. Shu yo‘l bilan u qalbini zildan ezib yotgan armon toshlarini eritmoqchi edi. Johiliyat davrida Quraysh qabilasi mashvarat va kengashlar o‘tkazadigan qadimiy "Dorun nadva" hovlisi Hakimning mulkiga aylandi. Rasululohni o‘ldirish rejasini ham mushriklar aynan shu hovlida tuzishgan edi. Hakim ibn Hazom mudhish o‘tmishning ustiga unutish pardasini yopish va yoqimsiz xotiralardan batamom xalos bo‘lish niyatida tarixiy hovlini yuz ming dirhamga sotib yubordi. Quraysh yigitlaridan birining: "Eh amaki, Quraysh iftixori bo‘lgan shunday hovlini sotib yubordingiz-a", degan taassufiga javoban: "Sen qattiq yanglishyapsan, o‘g‘lim, faxrlanish davri o‘tdi, iftixorga arzigurlik faqat taqvo qoldi. Bu hovlini sotib, puliga jannatdan uy sotib olmoqchiman", dedi va "Dorun nadva"ning hamma pulini muhtojlarga tarqatdi.

    Hakim ibn Hazom Islomga kirganidan keyin haj qildi. Chiroyli bezatilgan yuzta tuyani haydab keldi va barini Alloh taologa qurbat hosil etish uchun qurbonlik qildi.

   Keyingi yili Arafot vuqufida turar ekan, yonida yuzta qul bor edi. Bo‘ynilaridagi kumush halqachalarda: "Alloh azza va jalla uchun ozoddir, Hakim ibn Hazom nomidan" deb yozib qo‘yilgan edi.

    Yana bir haj mavsumida esa mingta qo‘y haydab keldi va ularni qurbonlik qilib, go‘shtini faqirlarga tarqatdi.

***

    Yangi musulmon bo‘lgan Hakim Rasullullohning (sallallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib, Hunayn jangida tushgan g‘animatdan nasiba berishlarini so‘radi. Payg‘ambar (alayhissalom) bir ulush berdilar. U yana so‘radi. Yana berdilar. So‘ray-so‘ray Hakimning ulushi yuzta tuyaga yetdi. Shunda Faxri koinot:

    - Ey Hakim, dunyo shirin va jozibali. Kim undan qanoat ila olsa, barakaga erishadi, kim ochko‘zlik bilan olsa, barakadan mahrum bo‘ladi. Tepadagi (beruvchi) qo‘l pastdagi (oluvchi) qo‘ldan yaxshiroqdir, - dedilar.

    Buni eshitgan Hakim:

   -Ey Allohning rasuli, Allohga qasamki, sizdan keyin hech kimdan hech narsa so‘ramayman. To dunyodan ketgunimcha hech kimdan hech narsa olmayman, - dedi.

   U so‘zining ustidan chiqdi. Dunyodan ko‘z yumgunicha hech kimdan hech narsa so‘rab olmadi.

Shodiya Ahmad tayyorladi.
"Hidoyat" jurnalisdan olindi.

Hakim ibn Hizom

Mo‘minlar onasi Xadicha binti Xuvaylidning jiyani Hakim ibn Hizom ibn Xuvaylid Ka’bai muazzama ichkarisida tug‘ilgan yagona insondir. 

 * * *

Hakim ibn Hizom obro‘li, badavlat oilada oqil, yaxshi xulqli bo‘lib ulg‘aydi. Qavmi uni hurmat qilib, rifodat (johiliya davrida muhtoj hojilarga ovqat ulashuvchi) mansabini berishgan edi.
Hakim ibn Hizom Muhammad Rasululloh bilan payg‘ambarlik kelmasidan oldin qalin do‘st edi. Besh yosh katta bo‘lsa ham olamlar Sarvari uni o‘zlariga yaqin tutar, do‘stligiga do‘stlik, muhabbatiga muhabbat bilan javob qilardilar.
Rasululloh Hakimning ammasi Xadicha binti Xuvaylidga uylanganlaridan keyin o‘rtalaridagi aloqa qarindoshlik bilan yanada mustahkam bo‘ldi. 

* * *

Payg‘ambar Hakimdek esli-hushli, aql-farosatli odamning ishlaridan hayron bo‘lardilar. U va u kabi bir necha kishilarning tez kunda Islomni qabul qilishiga umid bog‘lardilar.
Makka fathidan bir kun oldin Rasululloh sahobalarga:
– Makkada to‘rt kishi bor, ularning musulmon bo‘lmay, mushrikligicha qolib ketishi aqlga sig‘maydi, – dedilar.
– Ular kimlar, yo ey Allohning rasuli? – deb so‘rashdi.
– Attob ibn Usayd, Jubayr ibn Mut’im, Hakim ibn Hizom va Suhayl ibn Amr, – deb javob berdilar.
Allohning fazli bilan barchasi Islomni qabul qildi.

* * *

Rasululloh Makka fath etilganidan so‘ng ham Hakim ibn Hizomga hurmat ko‘rsatdilar va jarchilarga bunday deyishni buyurdilar:
“Kim sherigi bo‘lmagan Allohdan boshqa iloh yo‘q, Muhammad Uning quli va elchisidir, deb guvohlik keltirsa, moliyu joni omonda. 
Kim Ka’baga kirib, qurolini topshirsa, moliyu joni omonda.
Kim uyiga kirib, eshigini berkitib olsa, moliyu joni omonda.
Kim Abu Sufyonning uyiga kirsa, moliyu joni omonda.
Kim Hakim ibn Hizomning uyiga kirsa, moliyu joni omonda...”
Hakimning uyi Makkaning quyi, Abu Sufyonniki esa yuqori qismida edi.

* * *

Hunayn g‘azotidan so‘ng Hakim ibn Hizom Rasulullohning huzurlariga borib, o‘ljadan ulush so‘radi. Payg‘ambarimiz so‘raganini berdilar. Yana so‘radi. Sarvari olam yana ulush ajratdilar. So‘ray-so‘ray Hakimning ulushi yuzta tuyaga yetdi. Shunda Payg‘ambarimiz : 
– Ey Hakim, dunyo shirin va maftunkor. Kim undan qanoat bilan foydalansa, barakaga erishadi. Ochko‘zlik bilan harakat qilgan, undan mahrum bo‘ladi. Tepadagi qo‘l pastdagisidan yaxshiroqdir, – dedilar.
Buni eshitgan Hakim:
– Yo Rasululloh, Buyuk Zotga qasam, endi hech kimdan hech narsa so‘ramayman, – dedi va umrining oxirigacha shu so‘zida turdi.
Abu Bakr davrida bir necha xazinadan ulushini olishga uni chaqirishdi, ammo u hech narsa qabul qilmadi.
 
Zamira QOSIMOVA tayyorlagan.
"Hidoyat" jurnalidan olindi.


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.