background
logotype
image1 image2 image3

Dihyatul Kalbiy

To‘liq ismi: Dihya ibn Xalifa ibn Farva ibn Fazola Kalbiy Quzo’iy.

Alloh taolo nabiylar va rasullarga vahiy eltish vazifasini yuklagan buyuk farishta Jabroil (alayhissalom) Payg‘ambarimiz huzuriga Dihya Kalbiyning (roziyallohu anhu) suratida kelar edi.

Islomni qabul qilishi: Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Dihyaning Islomga kirishini juda xohlardilar. Chunki uning yetti yuzga yaqin qarindoshi bo‘lib, yaqinlari orasida ta’siri kuchli edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Yo Alloh, Dihya Kalbiyning musulmon bo‘lishini nasib et”, deb duo qildilar. Bir kuni Dihya Islomni qabul qilish haqida o‘ylab qoldi. Alloh taolo payg‘ambariga bu haqda xushxabar berish uchun bomdod namozidan keyin: “Ey Muhammad, hozir sening huzuringga Dihya kiradi”, deb vahiy qildi. Ba’zi sahobalar johiliyat davrida Dihya bilan chiqishmay yurganlaridan Payg‘ambarimiz (alayhissalom) xabardor edilar. Sahobalarning unga sovuq muomala qilib qo‘yishlaridan va Dihyaning Islomdan yuz o‘girishidan xavotirlandilar. Dihya masjidga kirib keldi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) o‘rinlaridan turib, ridolarini yechib, yerga to‘shadilar va uni o‘tirishga taklif etdilar. Dihya Kalbiy Rasulullohning (alayhissalom) ehtiromlaridan to‘lqinlanib, yig‘lab yubordi va ridoni yerdan ko‘tarib, o‘pdi. Yuz-ko‘zlariga surtdi.

Fazilatlari: Ibn Sa’dning (rahmatullohi alayh) aytishicha, Dihya Badr jangidan oldin Islomni qabul qilgan. Lekin unda ishtirok eta olmagan. Sha’biy (rahmatullohi alayh) aytadi: Dihya Kalbiy bunday xotirlagan: “Men Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) jundan to‘qilgan chopon va bir juft kavush hadya qildim, ularni yirtilib ketgunicha kiydilar”.

Yahyo ibn Salama otasidan, u kishi Dihya Kalbiydan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Payg‘ambarimiz (alayhissalom) meni maktub bilan Qaysarga elchi qilib yubordilar. Saroy eshigiga yetib kelganimda: “Men Alloh elchisining elchisiman”, dedim. Ular bu so‘zdan dahshatga tushdi. Bir kishi Qaysar huzuriga kirib ruxsat so‘radi. Shundan so‘ng meni ichkariga kiritishdi. Maktubni Rum qaysariga uzatdim. Maktub boshida: “Allohning elchisi Muhammaddan Rum podshosi Qaysarga” degan yozuv bor edi. Saroyda o‘tirgan Qaysarning amakivachchasi bundan g‘azablanib: “Nima uchun maktubni sening noming bilan boshlamabdi, shu sabab sen uni bugun o‘qima”, dedi. Qaysar atrofidagi odamlarga chiqib ketishlarini buyurdi va o‘zi ruhoniyni chaqirdi. Ruhoniy maktubni o‘qigach: “Allohga qasam, bu bizga Iso va Muso bashorat qilgan Allohning elchisidir”, dedi. Qaysar: “Nima qilish kerak deb o‘ylaysan?” deb undan so‘radi. Ruhoniy: “Unga ergashmog‘imiz kerak”, dedi. Shunda Qaysar: “Sen aytayotgan narsani yaxshi tushunib turibman. Lekin unga ergasholmayman. Unday qilsam, saltanatimdan ayrilaman. Rumliklar meni o‘ldiradi”, dedi” (Imom Buxoriy, Imom Muslim).

Jabroil (alayhissalom) uning suratida: Ismoil Istanbuliyning “Ruhul Bayon” tafsir kitobida quyidagi ma’lumotlar keltiriladi: “Jabroilning (alayhissalom) Dihya Kalbiy (roziyallohu anhu) suratida vahiy olib kelishi Dihya Islomga kirishidan oldin ham sodir bo‘lgan”.

Ummu Salama onamiz (roziyallohu anho) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir odam bilan gaplashib o‘tirardilar. Haligi kishi turib ketgach, u zot (alayhissalom) mendan: “Ey Ummu Salama, bu kishi kimligini bilasanmi?” deb so‘radilar. Shunda men: “Bu Dihya Kalbiy”, dedim. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) o‘rtamizda bo‘lib o‘tgan voqeani sahobalarga aytib bermagunlaricha kelgan kishi Jabroil (alayhissalom) ekanini bilmagan edim”.

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Jabroil mening oldimga Dihyaning suratida keladi. Dihya juda chiroyli va xushsurat odam”, deb aytardilar”.

Abu Muhammad ibn Qutayba (roziyallohu anhu) aytadi: Dihya Kalbiy (roziyallohu anhu) Madinadagi sahobiylarning eng go‘zal va xushsurati bo‘lganiga shubha yo‘q. Shuning uchun ham Jabroil (alayhissalom) uning suratiga kirib, vahiy olib kelardilar”.

Olimlardan biri aytadi: “Dihya o‘z zamonasining eng xushsurat kishisi bo‘lgan. Jabroil (alayhissalom) bu sahoba suratida Rasulullohning (alayhissalom) oldilariga kelishining ham o‘ziga yarasha hikmati bor edi. Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) azobning xabari yoki tanbeh oyatlari nozil bo‘lgan paytda elchining istarali yuzi u zotga (alayhissalom) taskin berardi”.

* * *

Sahih rivoyatda keladi. Xaybar jangi kunida asirlar ichidan Safiyya onamiz Dihya Kalbiyga (roziyallohu anhu) ulush bo‘lib tushdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Dihyadan Safiyya onamizni (roziyallohu anho) sotib olib, ozod qildilar, so‘ng uylandilar.

* * *

Yarmuk jangida qatnashganidan so‘ng Damashq shahrining janubida joylashgan Mizza degan kichik qishloqda yashadi. O‘sha yerda hazrat Muoviya (roziyallohu anhu) zamonida dunyodan o‘tdi.

 

Surayyo IBROHIMOVA tayyorladi.

 "Hidoyat" jurnalidan olindi.


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.