background
logotype
image1 image2 image3

Burayda ibn al-Husayb

Burayda ibn al-Husayb (roziyallohu anhu) Aslam qabilasidan bo‘lib, kunyalari bir nechta bo‘lgan. Eng mashhuri Abu Abdullohdir. Uning Islom dinini qabul qilishi quyidagicha ro‘y berdi: “Ikki jahon sarvari Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Abu Bakr (roziyallohu anhu) bilan birga Makkadan Yasribga yo‘lga chiqqanlarida, mushriklar u zot (sollallohu alayhi va sallam)ni tutib o‘ldirganga katta mukofotlar berishni va’da qildilar. Bu xabar Makka atroflariga qadar tarqaldi. Burayda ham bu mukofotlarni qo‘lga kiritish maqsadida odamlari bilan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning ortlaridan yo‘lga tushdi. Bir joyda u zot (sollallohu alayhi va sallam) va Abu Bakr (roziyallohu anhu)ga duch keldi. Uning o‘zi bunday hikoya qiladi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ni uchratganimda mendan: “Sen kimsan?” deb so‘radilar.
– Burayda, – dedim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Abu Bakr (roziyallohu anhu)ga qarab:
– Ko‘nglimiz yorishdi va xotirjam bo‘ldi, – dedilar. So‘ng yana savolga tutdilar:
– Kimlardansan?
– Aslam qabilasidan.
– Demak, tinchlikdamiz.
–  Aslamning qaysi urug‘idansan?
– Sahm urug‘idanman, – dedim.
So‘ng Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) Abu Bakr (roziyallohu anhu)ga yuzlanib, tabassum bilan: “Ey Abu Bakr, sening ulushing chiqdi”, dedilar (“sahm” so‘zining ma’nosi ulush deganidir). Men bu suhbatdan ta’sirlanib: “Siz kimsiz?” deb so‘radim. “Allohning rasuli Muhammad”, deb javob berdilar Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)».
Shundan so‘ng Burayda (roziyallohu anhu) shahodat kalimasini keltirib, musulmon bo‘ldi. Yonidagi odamlari bilan Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) orqalarida turib namoz o‘qidi. Ularning qo‘lida oz miqdorda sut bor edi. Sutni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga berishdi, u zot (sollallohu alayhi va sallam) sutdan ichdilar va Burayda (roziyallohu anhu)ni duo qildilar. O‘sha kecha Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) Burayda (roziyallohu anhu)ga Maryam surasining ilk oyatlarini o‘rgatdilar. So‘ng hammalari birgalikda Yasribga yo‘l olishdi.
Manzilga yetay deb qolishganida Burayda (roziyallohu anhu): “Yo Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam), Yasribga bayroqsiz kirmaylik”, deya boshidagi sallasini yechib, nayzasining uchiga bog‘ladi. Manzilga qadar Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) va Abu Bakr (roziyallohu anhu)ni qo‘riqlab bordi. Oradan bir muddat o‘tgach, o‘zi ham Madinaga kelib joylashdi. Doim Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning yonlarida bo‘lishga harakat qilgan Burayda (roziyallohu anhu) juda muhim vazifalarni sidqidildan bajarardi. Uzoq vaqt bayroqdorlik qildi. Shu bilan birga, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uni Aslam va G‘ifor qabilalariga zakot yig‘uvchi qilib tayinladilar.
Burayda (roziyallohu anhu) Alloh uchun qilinadigan har qanday ishga rozi bo‘lardi. Boshqalarni doim yaxshilikka chorlar, odamlar orasida tarafkashlik paydo etmaslikka harakat qilardi. Umar (roziyallohu anhu) boshqaruvi davrida Basraga, Usmon (roziyallohu anhu) davrida Xurosonga safar qildi. Bu diyor aholisi orasida dinni yoyishga xizmat qildi, Qur’onni o‘rgatdi.
Burayda (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan oldin bayroq ko‘targan hamda Xurosonda yashagan eng oxirgi sahobiydir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan 164 ta hadis rivoyat qilgan. Milodiy 683 yilda Xurosonda vafot etgan.

Nargiza Mirzaliyeva | Hidoyat.uz

 

BURAYDA ibn al-HUSAYB, to‘liq ismi Abu Saxl Burayda ibn al-Husayb ibn Abdullo al-Aslamiy (? - 684) - sahoba. Muhammad (sav) Madinaga hijrat qilib ketayotib, to‘xtagan vaqtlarida u va uning qishlog‘i aholisi (taxminan 80 xonadon) islomga kirgan.

Uhud jangdan so‘ng Burayda Madinaga kelib, ko‘plab g‘azotlarda qatnashgan. Madina, Basra shahrilari so‘ngra Xurosonda yashagan. Marv shahri yaqinidagi qishloqlardan birida vafot etgan.

Islom ensiklopediyasidan


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.