background
logotype
image1 image2 image3

Asmo binti Yazid

Mazkur sahobiyaning to‘liq ismi Asmo binti Yazid ibn Sakan ibn Rofe’ ibn Imri ul-Qays Ansoriy bo‘lib, kunyasi Ummu Omir (Ummu Salima) edi. Ibn Hajar Asqaloniy “Al-Isoba” kitobida Asmo binti Yazidni Muoz ibn Jabalning amakivachchasi deb yozadi. U ansorlarning peshqadam sahobiyalaridan edi. Mus’ab ibn Umayrning chorlovi bilan imon keltirdi. Asmoning ko‘pgina yaxshi jihatlari bor edi: aqlli, ibodatli, sabrli va ixlosi baland ayol edi. Barcha sahobalar Asmo haqida faqat yaxshi so‘z aytar edilar.

Asmo Islomning ilk davrida Madinada yashadi, muborak nubuvvatdan fayz oldi. Kuchli xotira, fasohatli so‘z, chiroyli nutq sohibasi bo‘lganligidan uni “ayollar voizi” deyishardi.

Asmo qiziquvchan bo‘lib, ko‘p savol berar edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan sakson bitta hadis rivoyat qilgan. Ansoriya ayollarning faqihi sifatida shuhrat qozongan. Bir necha marta jannat bilan bashoratlangan edi.

Aynan shu xislatlari uchun ham ayollar biror masalada Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ga murojaat qilish kerak bo‘lib qolsa, Asmoni yuborishar, u masalani Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga chiroyli uslub bilan yetkazardi. Bir kuni ular o‘zaro: “Erkaklar ko‘proq savobga ega bo‘lishadimi yoki ayollarmi?” degan masalada bahslashib, bir to‘xtamga kela olishmadi. Aniq javobni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan so‘rab bilishga qaror qilishdi. Tabiiyki, buning uchun Asmo binti Yazidni vakil etib tanlashdi. Asmo odob bilan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kirdi va: “Ota-onam Sizga fido bo‘lsin, yo Rasululloh! Men ba’zi ayollarning Sizga yuborgan vakiliman. Shubha yo‘qki, Alloh taolo Sizni erkagu ayolga payg‘ambar qilib yubordi. Biz ham Sizga va yakka Allohga imon keltirganmiz. Biz ayollar uylarimizda o‘tirib, erlarimizning shar’iy istaklarini bajaramiz. Erkaklar esa juma namozi o‘qishadi, namozlarini jamoat bilan ado etishadi, kasal ko‘rgani borishadi va janoza namozlariga qatnashishadi. Hamda takror-takror haj va umra amallarini bajarishadi... Biz ayollar ularning mollarini qo‘riqlaymiz, kiyimlarini yuvib-tozalaymiz, tikib-yamaymiz. Farzandlarini parvarishlaymiz. Mana shu hamma xizmatlarimiz bilan erlarimizning savoblariga sherik bo‘la olamizmi?”

Payg‘ambarimiz (alayhis­salom) Asmo­ning gaplarini eshitgach, yonlaridagi sahoba­­lariga qarab: “Siz diniy savol so‘ragan ayollar orasida bundan ham chiroyli gapiradiganini ko‘rganmisiz?” deya uning zakovati va fasohatini e’tirof etdilar. Keyin Asmoga va u orqali barcha ayollarga ushbu xushxabarni aytdilar: “Ey xotin, eshit va seni vakil qilib yuborgan boshqa xotinlarga ham yetkaz. Agar bir xotin eri bilan yaxshi munosabatda bo‘lib, uning roziligini olsa, sen sanab o‘tgan barcha fazilatli amallarning hammasida eri bilan teng savobga ega bo‘ladi” (“Usudul g‘oba”).

Bu xushxabarni eshitgan ayollar behad xursand bo‘ldilar. Chunki endi uy ishlari ezadigan yuk emas, balki savobga doxil qiladigan ibodatligi ayon bo‘lgan edi.

Ansor sahobalar haqida gapirar ekanmiz, biz birinchi navbatda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga yaqin bo‘lganlari tufayli ularning eng yaxshi sifatlari haqida eslaymiz.

Saxiylik – bu go‘zal sifat, shu sifat ansorlarni boshqalardan ajratib turgan, saxovatlari tufayli ularning rizqiga barakot berib qo‘yilgan. Ibn Asokirning “Tarix” kitobida Asmo binti Yazid (roziyallohu anho)dan bunday rivoyat qilinadi: «Bir kuni men Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ni uchratib qoldim va U zotni mehmonga taklif qildim. U zot uyimizga tashrif buyurdilar va men ularga tamaddi qilishlari uchun go‘sht bilan pishloq keltirdim. U zot sahobalariga: “Allohning nomi bilan yenglar”, dedilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) va ularning sahobalari ovqatlanishdi. Allohga qasamki, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning barakotlari tufayli non va go‘sht xuddi tegilmagandek turganini ko‘rdim, lekin u yerda 40 kishi ovqatlangan edi. So‘ng Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) mening idishimdan suv ichdilar va ketdilar. Shundan keyin men va oila a’zolarim qachon kasal bo‘lsak yoki xayru barakot istasak, o‘sha suvdan ichib Allohning izni bilan shifo topardik. Rizqimizga ham baraka kirardi».

Payg‘ambarimiz (sol­lallohu alayhi va sallam)­ning vafotlaridan so‘ng Asmo binti Yazid Abdul­malik ibn Marvon davrigacha Shomda yashadi. Hijriy 69 yilda vafot etdi, Alloh rozi bo‘lsin.

Mohira Zufarova tayyorladi | Hidoyat.uz


2004-2017 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.