background
logotype
image1 image2 image3

Abu Hurayra

ABU HURAYRA (602 - 679, Madina) - mashhur sahoba, roviy, faqihlardan. Asli ismi Abdurahmon ibn Sahr al-Davsiy Abdushams. Rasululloh tomonidan Abdurrahmon deb atalgan. Mushuklarni juda sevgan. Bir kun uning etagida bir mushuk bolasini ko‘rgan Rasuli Akram, "Abu Hurayra" - mushukning otasi deya lutf etgan va u ham bundan iftixor etib, ushbu laqab bilan shuhrat topgan.

Tijorat va boyligi yoxud ma'lum bir mashg‘uloti bo‘lmagani uchun ashobi Suffa sirasiga kiritilgan. U Doril-irfondan dars olgan va huzuri Rasulotdan bir lahza ham ayrilmagan. Ajoyib faqih bo‘lib, ifto (fatvo beruvchi) mavqeiga ko‘tarilgan.

Umar (ra) tomonidan Bahrayn voliyligiga tayinlangan. Usmon (ra) zamonida Makka qozisi va Muoviya davrida Madina voliysi bo‘lgan. Favqulodda quvvai-hofizaga ega bo‘lgan.

Abu Hurayra uch yil muttasil Nabiy (as)ning majlisidan ajralmagan va bu muddat mobaynida kuch-quvvatini Rasuli Akram(sav)ning so‘zlari va ishlarini egallash hamda qayd etishga baxsh etgan.

5374 hadis rivoyat etgan. Bulardan 335 tasida Imom Buxoriy va Imom Muslim hamfikrdirlar, 93 tasi faqat Buxoriyda, 189 tasi yolg‘iz Muslimda, qolgan 4757 tasi boshqa hadis kitoblarida keltirilgan.

Islom ensiklopediyasidan

 

Abu Hurayra r.anhu

Mashhur sahobiylardan birlari. Ashobi kirom ichida eng ko'p hadis rivoyat qilgan zot. Ismlari haqida turli rivoyatlar mavjud. Eng sahihrog'i Abdurrahmon ibni Sahr. Yamanning Davs qabilasidanlar. Kunyalari Abu Hurayra. Haybar yili iymon keltirganlar. 59 hijrida 78 yoshlarida vafot etganlar. 
Hijratning 7 yili iymonga kelganlar. Bu Haybar g'azoti vaqtida ro'y bergan. Shundan keyin Abu Hurayra r.anhu Rosul Akramni hech ham tark qilmaganlar. Madinada qolib Ashobi Suffa ning a'zolaridan biri bo'lishgan. Juda faqir bo'lganlar. Masjidda qolib ibodat bilan mashg'ul bo'lganlar. Chunki u zotning tijorat va mol qayg'usi bilan mashg'ulliklari bo'lmagan. 
Madinaga kelishliklarini o'zlari shunday anglatadilar: Rosulullloh s.a.v Haybardalik vaqtlarida Madinaga muhojir sifatida keldim. Bomdod namozini Rosululloh s.a.v Madinaga voliy qilib tayinlab ketgan kishilari Sibo' ibni Urfuta r.anhu imomliklarida o'qidim. Birinchi rak'atga Maryam surasini ikkinchi rak'atga Mutoffifun surasini o'qidi. Namozdan keyin Sibo'ning yoniga bordik. U bizlarga taom berdi." 
Rosul Akramning yonlarida juda ko'p bo'lishliklari u zotga juda ko'p hadis eshitish va rivoyat qilish imkonini berdi. Rosul Akramning oldilariga kelganliklaridan keyin faqat U zoti bobarokotga hizmat qilishlik bilan mashg'ul bo'ldilar. Bilmaydigan hamma narsalarini Rosul Akramning o'zlaridan so'rab o'rgandilar. Rosul Akramga 4 yil hizmat qildilar. Bir zot Abdulloh ibni Umar r.anhumolardan so'radi: Abu Hurayra r.anhu Rosululloh s.a.v dan shunaqangi ko'p hadis rivoyat qiladi, shu to'g'rimi?

Ibni Umar shunday javob berdilar: Allohga qasamki, hech qaysisida shak va shupha yo'qdir. Chunki Abu Hurayra hamisha Rosul Akramdan savol so'rar va olgan javoblarini yodlar edi". 
Yana bir marta Oishai Siddiqa r.anho onamizda so'radilar: Rosulloh s.a.v ning so'zlarini va hollarini sizmi yaxshi bilasiz yoki Abu Hurayra? Hz. Oisha shunday dedilar: Abu Hurayra biladi. Chunki men uy ishlari bilan band bo'lganimda u Rosulullohing yonlaridan ayrilmas edi. 
Mulla Aliyul Qorining habar berishlaricha Abu Hurayra r.anhu jami 5364 ta hadis rivoyat qilganlar. U zotdan esan tahminan 500 ga yaqin kishi rivoyat qilgan. U zotdan hadis rivoyat qilganlardan biri Bashir ibni Nuhayqdir. U Abu Hurayradan eshitib yozganlarini to'plab keyin Abu Hurayraga o'qib berib izin olgandir. 
Abu Hurayra r.anhu Rosululloh s.a.v ning vafotlaridan keyin eng sevgan ishi U Zoti bobarokotdan hadis rivoyat qilishlik bo'lgan. Hz. Abu Bakri Siddiq r.anhu davrlarida idora ishlari bilan mashg'ul bo'lmaganlar. Hz. Umar r.anhu davrlarida esa Bahraynga volilik qilganlar. Hz. Usmon r.anhu davrlarida Makkaga qozilik qildilar. Hz. Muoviya davrlarida Madina voliysi bo'ldilar. . Har Juma kuni namozdan oldin hadisi sharif darslarini berganlar. 
Usmon an Nahai shunday buyuradi: Abu Hurayra r.anhuni yeti kun mehmon qildim. Kechalarini namoz o'qib Qur'on o'qishlik bilan o'tkazardi."


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.