background
logotype
image1 image2 image3

Abdulloh Zulbijodayn

Abdulloh ibn Nahm ibn Afifning asl ismi Abduluzzo bo‘lgan. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) nomini Abudullohga o‘zgartirib, “Zulbijodayn” (ikki bo‘lak mato egasi) deya laqab qo‘yganlar. Abdulloh (roziyallohu anhu) akalari Huzoiy va Mag‘faldan oldin musulmon bo‘ldi. Amr ibn Avf Muzaniy hamda Amr ibn Avf (roziyallohu anhumo) undan hadis rivoyat qilishgan. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) besh kishini o‘z qo‘llari bilan qabrga qo‘yganlar. Ulardan biri Abdulloh Zulbijodayn (roziyallohu anhu)dir.

* * *

Muhammad ibn Sa’d (roziyallohu anhu) bunday deydi: «Zulbijodayn moli yo‘q bir yetim edi. Otasi o‘lganda unga meros qoldirmadi. Amakisi qaramog‘iga olib, unga davlat berdi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga kelganlarida Zulbijodayn musulmon bo‘lishni juda-juda istadi. Lekin amakisiga aytishga botinolmay yurdi. Shu tarzda yillar o‘tdi.

Bir kuni u: “Ey amaki, Islomni qabul etishingizni uzoq kutdim. Lekin siz buni istamas ekansiz. Shunday ekan, musulmon bo‘lish uchun menga ruxsat bering”, dedi. Amakisi: “Agar Muhammadga ergashadigan bo‘lsang, qo‘lingda bir tiyin qoldirmayman. Bergan hamma narsamni tortib olaman, hatto kiyimingni ham”, dedi. Shunda Zulbijodayn: “Allohga qasam, men musulmon bo‘ldim va toshlarga ibodat qilishni tashladim. Mana, menda bori. Ularni oling”, dedi-da, barcha narsani qaytarib berdi. Amakisi hatto uning shalvarini ham yechib oldi.

Onasi qalin bir dag‘al matoni ikkiga bo‘ldi va bir bo‘lagini shalvar, ikkinchi bo‘lagini ko‘ylak qilib berdi. Shundan so‘ng Abdulloh Zulbijodayn Madinaga qarab yo‘lga tushdi. O‘shanda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Variqon tog‘i etagidagi masjidda edilar. Zulbijodayn bu yerga sahar vaqti yetib keldi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) bomdod namozini o‘qib bo‘lganlaridan so‘ng odatlaricha, odamlarga yuzlandilar. Shu vaqt notanish yigitni ko‘rib qoldilar va: “Sen kimsan?” deb so‘radilar. U o‘zini tanishtirdi. Ismi “Abduluzzo” edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sening isming Abdulloh, laqabing Zulbijodayndir”, dedilar

Shu-shu Abdulloh Zulbijodayn (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning mehmonlariga aylandi va Qur’oni karimni o‘rganishga kirishdi».

* * *

Abdulloh (roziyallohu anhu) masjidda namoz o‘qiyotganida ovoz chiqarib qiroat qilishi bilan mashhur edi. Bir kuni Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu): “Yo Rasululloh, Qur’onni baland ovozda o‘qiyotgan anavi a’robiyni ko‘ryapsizmi, axir odamlarni bundan qaytargan edingiz-ku?” deb so‘radi. Shunda Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Ey Umar, uni tinch qo‘y, u Alloh va rasuli uchun hijrat qilgan muhojirdir”, deb marhamat qildilar.

Uqba ibn Omir (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Zulbijodayn ismli kishi haqida: “U Alloh taolo (azobidan) qo‘rqib ko‘p yig‘lovchi bandadir”, deb aytdilar. Chunki u Qur’oni karimni o‘qib, Alloh taoloni ko‘p zikr etar va baland ovozda duo qilardi”.

Adro’ (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)­ni qo‘riqlab yurardim. Bir kecha tashqariga chiqqanlarida meni ko‘rib qolib, qo‘limdan tutdilar va biz birga ketdik. Yo‘lda namoz o‘qiyotgan kishining yonidan o‘tdik. Uning baland ovozda qiroat qilayotganini ko‘rib: “Menimcha, u riyokor”, dedim. Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Yo‘q, aksincha, u ko‘p tavba qiluvchidir”, dedilar. Men o‘sha kishiga qaradim, u Abdulloh Zulbijodayn (roziyallohu anhu) ekan” (Imom Ahmad).

* * *

Abdulloh Zulbijodayn (roziyallohu anhu) Tabuk g‘azotiga chiqqanida: “Yo Rasululloh, shahid bo‘lishimni so‘rab, Allohga duo qiling”, dedi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Menga samura daraxtining po‘stini keltir”, dedilar. U topshiriqni bajargach, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) po‘stloqni olib Abdulloh (roziyallohu anhu)ning bilagiga bog‘lab qo‘ydilar va: “Yo Alloh, men uning qonini kofirlarga harom qilaman”, deya duo qildilar. Buni eshitgan Abdulloh (roziyallohu anhu): “Yo Rasululloh, men istayotgan narsa bu emas”, deb e’tiroz bildirdi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Agar sen Alloh yo‘lida g‘oziy bo‘lib yo‘lga chiqsang va isitmalab, vafot etsang, shahidsan. Ulovingdan yiqilib, bo‘yning sinsa ham shahidsan”, deb tushuntirdilar. Ular Tabukda bir kun turdilar. So‘ng Abdulloh Zulbijodayn (roziyallohu anhu) vafot etdi (Imom Voqidiy, “Mag‘oziy” asari).

Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) Abdulloh Zulbijodayn (roziyallohu anhu)ning vafoti haqida bunday hikoya qiladi: «Yarim kechasi o‘rnimdan turdim. O‘shanda men Payg‘ambarimiz (alayhissalom) bilan Tabukda edim. Shu vaqt askarlar tomonida mash’ala ko‘rindi. Borib qarasam, Rasululloh (sollallohu alayhi va salam), Abu Bakr va Umar (roziyallohu anhumo) ekan. Abdulloh Zulbijodayn Muzaniy (roziyallohu anhu)ning joni uzilgan edi. Ular unga qabr kovlashibdi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) qabrga tushdilar. Abu Bakr va Umar Abdulloh (roziyallohu anhu)ni u zot (alayhissalom)ga uzatishmoqda edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Do‘stingizni menga yaqin keltiringlar”, dedilar. Mayyit qabrga tushirildi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Abdullohni lahadga qo‘yib bo‘lgach: “Yo Alloh, men undan rozi bo‘ldim. Sen ham undan rozi bo‘l”, deb duo qildilar. Shundan keyin: “Koshki qabr egasi men bo‘lsam edim”, deb orzu qildim» (Hofiz ibn Hajar).

Manbalar asosida Luqmonxon Olimov tayyorladi | Hidoyat.uz


2004-2017 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.