background
logotype
image1 image2 image3

Rasulullohning yashirin da’vatga o’tishlari

Muhammad alayhis-salom asta-sekin dinga da'vat etishni boshladilar. Odamlarni birovga na foyda, na ziyon keltirish qo'lidan kelmaydigan butlarga cho'qinishni yig'ishtirib, Ollohga ibodat qilishga chaqirdilar. Odamlarning: "Biz ota-bobolarimiz tutgan yo'ldan yurib, ular tanlagan dinga sig'inyapmiz", deyishdan boshqa vaj-korsoni yo'q edi. Bu odamlar o'ta takabbur, dimog'idan eshak qurti yog'iladigan mag'rur, go'zal odob-axloqning yaqiniga ham yo'lashmagan edi. Mana shu fe'llari tufayli ularning o'rtasida qon to'kish, bot-bot talon-taroj, urush-janjal chiqib turardi. Rasululloh mana shu johil kimsalarga mehr-oqibat, qon-qondoshlikni ulug'lovchi islom dinini olib keldilar. Aqli raso insonlar u kishining gaplariga ishonib, butlarga sig'inishni bas qilishdi, biroq yuqori martabali amaldorlar o'z obro'-e'tiboridan ajrab qolishdan qo'rqib, islomni rad etishdi. Kibru, havosi bunga yo'l qo'ymadi. Islom dinini birinchi bo'lib Huvaylidniig qizi va rasulullohning umr yo'ldoshi Xadicha bilan amakilarining o'g'li Ali qabul qildi. Alini payg'ambar alayhis-salom o'z tarbiyalariga oldilar, chunki yurtda qahatchilik yuz berib, serfarzand Abutolibning tirikchiligi g'oyat og'irlashib qolgan edi.

Rasululloh amakilari Abbos ibn Abdumuttalibga: "Birodaring Abutolib jo'ja-birday jon, qahatchilik bechoraning iligini chaqib qo'ydi. Yur, uning ogirini yengillatib, bittadan bolasini olaylik", dedilar. Bu taklifdan Abutolibning boshi ko'kka yetdi. Abbos Jafar ibn Abutolibni, payg'ambar alayhis-salom esa Ali ibn Abutolibni oldilar. U to balog'at yoshiga yetguncha xuddi o'z farzandlaridek suyub tarbiyaladilar. Ali balogat yoshiga yetgach, hamma narsada rasulullohdan ibrat olib ish tutdi, jaholat davrining hoyu-havaslariga ko'ngil bermadi, yomon xulq-atvorlardan saqlandi, butga cho'qinishdan o'zini tiydi. Ulardan ibrat olib Zayid ibn Horisa ibn Shurahbil ham musulmon bo'ldi. U rasulullohniig ozodgardasi (ozod qilgan quli) bo'lib, odamlar Muhammadning o'g'li deyishardi. Payg'ambar alayhis-salom uni sotib olib, ozod qilganlaridan keyin xuddi o'z farzandlaridek tarbiyalagan edilar. Arablarda asranda bola ham o'z farzandi qatori hisoblanib, meros olar, o'z navbatida u ham meros berardi. Rasululloh enagalari Ummu Aymanni Zayidga olib berdilar. Bu oiladan tashqaridagi dastlab islomga kirgan odam taym jamoasidan Abubakr ibn Abu Quhofa (ibn Omir ibn Ka'b ibn Sa'd ibn Taym ibn Murra) edi. Rasulullohning bolalik do'stlari bo'lgan bu odamning guvohlik berishicha, payg'ambar alayhis-salom umrlarida biron marta axloqsizlik qilmaganlar, biron marta yolg'on gapirmaganlar. Muhammad payg'ambar Abubakrga Ollohdan vahiy kela boshlaganini aytganlarida u: "Sen menga ota-onamdek qadrdonsan, doim rost gapirgansan, Ashhadu al-la ilaha illallohu va ashhadu annaka rasululloh (guvohlik beramanki, bir Ollohdan boshqa hech iloh yo'q, sen Ollohning barhaq elchisisan)", dedi.

Abubakr quraysh qabilasining nufuzli, hushaxloq, saxovatli, suhbati shirin boylaridan biri edi. U rasulullohning yaqin yordamchisiga aylandi, har bir ishni ikkovlon bamaslahat qiladigan bo'lishdi. "Men islom diniga da'vat etganlar orasida faqat Abubakrgina hech ikkilanmay imonga kelgan", degan edilar payg'ambar alayhis-salom. Arablar islom dinini o'tkinchi bir narsa, payg'ambarimizning da'vatlariii shuhratparastlik vasvasasi deb qarashlarini bilganlari uchun imonga chaqirishni o'ta maxfiy olib bordilar. Rasululloh ham, Abubakr ham faqat o'zlari ishonadigan, sirdosh odamlarini da'vat qila boshladilar. Abubakr tufayli ko'pchilik dinga kirdi. Shulardan biri Umaviy jamoasidan Usmon ibn Affon (ibn Abul-Os ibn Umayya ibn Abdushams ibn Abdumonof) bo'ldi. Uning islom dinini qabul qilganidan xabar topgan amakisi Hakam Usmonni bog'lab ho'yib: "Ota-bobongning dinidan haytib, yangi dinni topdingmi? Xudo haqqi bu niyatingdan qaytmasang, shu holda yotaverasan", dedi. Usmon Xudoning nomini o'rtaga qo'yib, dindan qaytmasligini aytdi. Uning qat'iyatini ko'rgan amakisi oyoq-qo'lini yechib yuborishga majbur bo'ldi. Islom diniga kirgan paytda Usmon o'ttizlarga kirgan navqiron yigit edi.

Endigina balog'at yoshiga yetgan Zubayir ibn Avvom (ibn Huvaylid ibn Asad ibn Abduluzzo ibn Qusay)ni amakisi chandib tashlab, og'zi-burniga tutun haydadi. Onasi, Abdulmuttalibning qizi Safiya ham o'rtaga tusholmadi. Zubayir bu qiynoqqa katta matonat bilan chidadi. Zuhra jamoasidan bo'lmish Abdurahmon ibn Avfning islomga kirishdan oldingi ismi Abduamr edi. Rasululloh unga Abdurahmon deb ot qo'ydilar. Shu jamoadan Sa'd ibn Abuvaqqos Molikning onasi, Abu Sufyon ibn Umayyaning qizi Hamna o'g'lining musulmon bo'lganini bilgach: "Bu diningdan qaytib, Muhammadning payg'ambarligini rad qilmaguningcha uyga kirmayman, tuz totmayman", deya shart qo'ydi va uch kungacha gapiga amal qildi. Bu holdan dovdirab qolgan Sa'd maslahat so'ragani rasulullohning huzurlariga keli. Olloh Ankabut surasining 8-oyatida bu haqdagi hukmni nozil qildi: "Insonni ota-onasiga yaxshi muomala qilishga buyurdim. Agar ota-onang noma'lum bir narsani menga sherik keltirishga (buyurib) zo'rlasa, itoat etma. Sizlar mening dargohimga qaytib borasizlar, sizlarga o'z qilmishinglarni ayon qilaman". Ko'rinib turibdiki, Olloh taolo ota-ona musulmon yoki kofir bo'lishidan qat'i nazar, izzat-ikrom qilishni, bordi-yu, kufrona yo'lga boshlab, Ollohga boshqa narsalarni sherik keltirishga undasa, amriga itoat etmaslikni buyuradi. Garchi ota-onaning haqqi har qancha ulug' bo'lmasin bunday vaziyatda u narsa farzandning zimmasidan soqit etiladi. Ota-ona roziligini istab, Ollohga osiylik qilgan holda biron maxluq yoki butga sig'inish durust emas. Yuqoridagi oyatda jazo berish Ollohning ilkida ekanligi, bola ota-onasining xudoga shirk keltirasan deb o'tkazgan zulmidan aslo ranjimasligi kerakligi, oxiratda jazoga giriftor bo'lmasligi uchun e'tiqodda sobit turish uqtiriladi.

Taym jamoasidan Talha ibn Ubaydulloh ham dastlab musulmon bo'lganlardan. Bu odamlar rasulullohning ismi va sifatlarini rohiblardan eshitgan, u kishining so'zlari benihoya foydali ekanligini, nuqsonu qusur to'lib-toshgan arab jamiyatini faqat islom dinigina isloh qilishi mumkinligini, faqat shu yo'l bilangina Ollohning roziligiga erishish imkoni borligini anglab darrov imon keltirganlar. Ozod etilgan rumlik qul Suhayb bilan Ammor ibn Yosir, uning onasi Sumayya birinchilar qatori islomni qabul qilganlardan.

Qurayshlik bir mushrikning qo'ychivoni Abdulloh ibn Ma'sud payg'ambar alayhis-salomning go'zal xulq-atvorlarini ko'rib, yaxshi gaplarini eshitgach, darrov butga cho'qinishni tashlab, imon keltirdi. Abdulloh hamisha Rasululloh bilan birga bo'lishga urinar, biron joyga otlansalar oldilarida yo'l boshlab yurar, yuvinsalar pana qilib turar, uxlasalar posbonlik qilar, uyg'onganlarida oyoq kiyimlarini kiydirib qo'yardi.

Dastlab musulmon bo'lganlardan Abuzar sahroda yashovchi, shirin so'zi bilan tosh yuraklarni eritib yuboradigan notiq a'robiylardan edi. U Payg'ambar alayhis-salomning ovozalarni eshitgach, bir birodarini otga mindirib, o'zni osmondan vahiy keladigan zot dsb hisoblaydigan odamni ko'rib, gaplarini eshitib kel, deb Makkaga jo'natdi. Birodari topshiriqni ado etib, iziga qaytgach: "Uning gaplari hech ham she'rga o'xshamaydi", dedi. Abuzar bu gapdan qanoat hosil qilmay shartta otlanib, Makkaga yetib keldi. Masjidga kirib, Payg'ambar alayhis-salomni izladi, lekin birovdan so'rab-surishtirishga botinmadi, u kishi bilan gaplashganlarni quraysh mushriklari yomon ko'rishini yaxshi bilardi. Kun kech bo'lgach, Ali uning musofirligini bilib, uyiga olib ketdi. Ikkovlon gap-so'zsiz ovqatlanishdi (Arablar uch kungacha mehmondan kelish sababini so'rashmaydi). Tong otgach, Abuzar suv to'la meshi bilan narsalarini olib masjidga bordi, biroq rasululloh uni ko'rmadilar. Kech kirgach, Ali yana uni uyiga olib ketdi va churq etmay ovqatlanib yotishdi. Uchinchi kun ham shu tahlid o'tgach, Ali uning bu yerga nima maqsadda kelgani bilan qiziqsindi. Abuzar: "Menga yo'l ko'rsatishga va'da bersang aytaman", dedi. Ali rozilik bergach, muddaosini bayon etdi. "Muhammad alayhis-salom rostdan ham xudoning payg'ambari, - dedi Ali. - Ertaga ertalab men bilan birga masjidga borasan. Mabodo biron xavf-xatar sezsam to'xtayman, bo'lmasa orqamdan ergashib ketaverasan". Ertasiga Abuzar Aliga ergashib rasululloh huzurlariga kirdi, u kishining gaplarini eshitgan zahoti imon keltirib, musulmon bo'ldi. Payg'ambar alayhis-salom: "Joyingga qaytib, to mendan biron topshiriq borguncha ko'rgan-bilganlaringni odamlaringga so'zlab ber", dedilar. Abuzar tashqariga chiqib, baland ovozda: "Ashhadu al-la ilaha illollohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rosuluh", deb yubordi. Mushriklar kela solib uni do'pposlay ketishdi. Abbos uni himoya qilib: "Abuzar shom yo'lida joylashgan G'ifor qabilasidan. Savdo-sotiqqa ketayotganinglarda holingiz nima kechishini o'ylab ko'rmaysizlarmi?" degan tahdid bilan qutqarib qoldi. Lekin Abuzar bu ishini ertasiga ham takrorladi va yana mushriklarning gazabiga uchradi: bu gal ham Abbos joniga aro kirdi. Abuzar rostgo'y va har qanday tamadan yiroq odam edi.

Quraysh qabilasidan Said ibn Zayd bilan umr yo'ldoshi (Xattobning qizi, Umarning singlisi) Fotima, Abbos ibn Abdulmuttalibning ayoli (Horis Hiloliyaning qizi) Ummulfazli Liboba, rasulullohning amakilarining o'g'li Ubayda ibn Xoris ibn Abdumuttalib, ibn Hoshim, ammallarining o'g'li maxzum jamoasidan Abusalama, quraysh qabilasidan Umar ibn Maz'un Jumahi va uning ikki qarindoshi Qudoma, Abdulloh, shu qabiladan Arqam ibn Abu Arqam Maxzumi ham dastlab musulmon bo'lganlardan.

Birinchi musulmonlardan ummaviy avlodidan Xolid ibn Said (ibn Os ibn Umayya ibn Abdushams)ning otasi quraysh oqsoqoli edi. Agar Xolid

Salla o'rasalar, u kishini hurmat qilganliklari uchun qabiladoshlaridan hech kim salla o'ramas edi. Xolid tushida tubsiz bir chuqurga tushib ketadi. Rasululloh yordamga kelib uni qutqarib oladilar. Xolid ertasiga payg'ambar alayhis-salamning huzurlariga kelib: "Ey Muhammad, sen nimaga da'vat qilasan?" deb so'radi. Sarvari olam: "Zoringni eshitmaydigan, hech narsani ko'rmaydigan, foyda-ziyon yetkazolmaydigan butlarni tashlab, hech qanday sherigi yo'q yolg'iz Ollohga ibodat qilishga, ota-onaning hurmatini bajo keltirishga, kambag'allikdan qo'rqib bolasini o'ldirmaslikka, xoh yashirin, xoh oshkora yomonliklarga qo'l urmaslikka, nohaq odam o'ldirmaglikka, yetimlarning molini yemaslikka, tosh-tarozini to'g'ri tutishga, qarindosh-urug'ingga zarar yetkazmasa-da, odil hukm chiqarishga, va'daga vafodor bo'lishga da'vat qilaman", dedilar. Xolid bu gaplardan qattiq ta'sirlanib, imon keltirdi. O'g'ilning musulmon bo'lganidan xabar topgan otasi unga ko'p ozor berdi, ta'minotini to'xtatib, butunlay och qo'ydi. Xolid rasulullohning huzurlaridan boshpana topdi. Xolidga ergashib qarindoshi Amr ibn Said ham islom diniga kirdi.

Payg'ambar alayhis-salomda bu odamlarni zo'rlab islomga olib kiradigan kuch-qudrat, ularni ota-ona, mol-mulklaridan voz kechishga majbur qiladigan favqulodda biron vosita ham yo'q edi. Aksincha Abubakr, Umar, Usmon, Xolid ibn Saidga o'hshaganlar boy-badavlat, qo'lini qayoqqa uzatsa yetadigan obro'-e'tiborli zotlar edi. Islomga kirgan qullar esa rasulullohga ergashib, o'zlarini battar xor-zorlikka, adadsiz zulmga giriftor etishdi, agar o'z hojalarining izmidan chiqishmasa, tinchgina tirikchiligini o'tkazaverishardi. Ular Olloh-ning hidoyati tufayli noto'g'ri yo'ldan qaytdilar, adashib-uloqib yurishganlarini anglab rasululloh ko'rsatgan yorug'likka talpindilar, garchand ko'plari azob-uqubatlarga uchragan bo'lsalar-da, qalblari islom nuri bilan munavvar bo'lib, Ollohning roziligiga erishdilar.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.