background
logotype
image1 image2 image3

Rasulullohning oshkora da’vatga o’tishlari

Mushriklarning tahdidi kuchayib ketganligi sababli rasululloh qurayshning katta yig'inlarida oshkora da'vat olib bormadilar. Musulmonlar pinhona ibodat qilishar, nomozlarini ko'pincha Makkaning tog'lariga chiqib, pana-pastqamda o'qishardi. Ularning soni o'ttizdan oshganda rasululloh hammalarini bir joyga jamlab, din ahkomlarini o'rgatishlari va yo'q-yo'riq ko'rsatishlari zarur bo'lib qoldi. Shu maqsadda birinchilar qatori islom diniga o'tgan Arqam ibn Abu Arqamning hovlisiga yig'ildilar. Shu paytgacha Hijr surasining: "Senga buyurilganini oshkora o'rtaga tashla, mushriklar bilan teng bo'lma", degan 94-oyati nozil bo'lguncha maxfiy ish tutilgan edi. Bu oyat kelgach, rasululloh Ollohning va'dasi va yordamiga ishonib, oshkora da'vatga o'tdilar. Sarvari olam Safo tog'iga chiqib: "Hoy Fihr jamoasi, hoy Adi jamoasi!" - deya butun quraysh xalqini chaqirdilar, ba'zi urug' va jamoalarga odam yubordilar, hamma jam bo'lgach: "Agar hozir sizlarga tog'ning orqasida Makkaga hujum qilish uchun otliq qo'shin poylab turibdi, desam ishonasizlarmi?" - deb so'radilar. Odamlar: "Ishonamiz, shu paytgacha sening yolg'on gapirganingni hech kim eshitmagan", deyishdi. Rasululloh: "Men sizlarni Ollohning qattiq azobidan ogohlantiradigan payg'ambarman", dedilar. Odamlarning orasida turgan Abulahab ibn Abdulmuttalib: "He, o'l-e, bizni shu gapga chaqirdingmi?" - dedi g'azablanib. Parvardigor bu odam to'g'risida Tabbat surasida: "Abulahabning ikki qo'li shol bo'lib qolsin! Shol bo'lishi muqarrar! Mol-mulki va yig'ib-tergan narsalari asqotmaydi, u lovullab turgan do'zaxga tushadi. Uning o'tin tashiguvchi xotini ham lang'illagan do'zaxga tushadi, uning bo'yniga gattiq o'rilgan arqon solinadi", deydi. O'tin tashish deyilishida bu ayolning so'zamol, ig'vogarligi ko'zda tutilgan, chunki u ayollar yig'ilgan joylarda Payg'ambar alayhis-salom haqida har xil uydirmalarni to'qib-chatib, tarqatib yurardi. Shundan so'ng Olloh Shuaro surasida: "Hesh-aqrabolaringni ogohlantir" degan oyatni nozil qildi. Bu oyat rasulullohning qarindosh-urug'lari Abdumonof avlodi bo'lmish Hoshim, Navfal, Abdushams jamoasiga taalluqli edi. Shu suraning 215-216-oyatlarida Parvardigor: "Senga ergashgan mo'minlarni qanoting ostiga ol. Hesh-aqrabolaring da'vatingdan bosh tortishsa, men sizlarning qilmishinglardan bezorman degin", deya ta'kidlaydi. Rasululloh darrov harindosh-urug'larini yig'ib: "Elchi hech qachon o'z odamlariga yolg'on gapirmaydi. Xudo haqqi maboda men boshqalarga yolg'on so'zlaganimda ham sizlarga yolgon aytmayman, boshqalarni aldaganimda ham sizlarni hargiz aldamayman. Yakkayu yagona Ollohning nomi bilan qasam ichib aytamanki, men butun insoniyatga, xususan, sizlarga Xudo yuborgan elchiman. Ollohning nomi bilan qasam ichib aytamanki, xuddi uyquga ketgandek o'lasizlar, uyg'ongandek tirilasizlar, qilmishinglar uchun hisob berasizlar, yaxshiliklar uchun mukofotlanasizlar, yomonliklar uchun jazolanasizlar. Qarorgohinglar abadiy jannat yoki do'zax bo'ladi", dedilar. Bu gaplardan yig'ilganlar qattiq ta'sirlandilar. Faqat birgina amakilari Abulahabning tosh diydasi yumshamadi. Muhammadga butun arab xalqi qarshi qo'zg'almasidan oldin uni bu yo'ldan qaytarish kerak. Agar uni odamlarga tutib bersanglar kamsitilgan bo'lasizlar, tutib bermasanglar arablar birlashib, bizga urush ochadi", dedi u jazavasi tutib. "Xudo haqqi, toki tirik ekanmiz Muhammadni himoya qilamiz", dedi Abutolib. Yig'ilganlar shu qarorga kelib tarqalishdi.

Rasululloh oshkora da'vatga o'tganlaridan keyin quraysh qabilasida to'rt odam yig'ilsa, u kishining ustidan kuladigan, haqoratlaydigan bo'lishdi. Maboda ko'cha-kuyda ko'rib qolishsa: "Abu Kabshaning o'g'li nuqul osmondan keladi-ya. Nimasiga ishonarkin", deya masxara qilishardi. Sarvari olam esa bunga javoban: "Xudo haqqi, sizlar bobokalonimiz Ibrohimning diniga xilof ish tutyapsizlar", deya inson o'z qo'li bilan yasagan jonsiz butlarga sig'inishni nodonlik, jaholat deb atardilar. G'azablangan olomon ota-bobolari sig'ingan butlarning qahriga uchrashdan qo'rqib, payg'ambar alayhis-salomga nisbatan kin-adovat bilan qarashardi. U kishini zolimlardan asrash o'rniga Hoshim jamoasining oqsoqoli amakilari Abutolibning huzuriga borib, jiyanini yo'lidan qaytarishni, qanoti ostiga olib himoya qilmaslikni talab etdilar. Abutolib ularni otang yaxshi, onang yaxshi deya yaxshi gapirib, hovridan tushirdi. Rasululloh o'z faoliyatlarini bemalol olib baraverdilar. Unga sari qabiladoshlarining jaholati junbushga minib, bir-birlarini rasulullohga qarshi turishga undashardi. Ular yana Abutolibning huzuriga kelib: "Sen bizning eng obro'li, mo'tabar oqsoqolimiz bo'la turib, gapimizga quloq solmayapsan, jiyaningni qaytarish o'rniga himoya qilyapsan, ota-bobolarimizning dinini haqoratlashiga, bizlarni nodon deb atashiga, ilohlarimizni behurmat qilishiga yo'l qo'yyapsan. Bu ishing yaxshilikka olib bormaydi", deyishdi. Mushriklar Islom diniga, uning targ'ibotchisiga qanchalik tish qayrashsa, payg'ambar alayhis-salom ularni Xudo bergan aqlni ishlatib, yaxshi bilan yomonni bir-biridan farqlamaslikda ayblardilar.

Qur'oni Karimning "Baqara" surasidagi 170-oyatda: "Qachonki ularga, "Olloh nozil qilgan kitobga ergashinglar, deyilsa, ular: "Yo'q, biz ota-bobolarimizni diniga e'tiqod qilamiz, deyishadi. Agar ota-bobolari hech narsani tushunib yetmagan va adashgan bo'lsa ham, ularning diniga ergashdingmi?" deyiladi. "Moida" surasining 104-oyatida ham: "Mushriklarga Qur'on va payg'ambar tomonga yuzlaninglar", deyilsa, ular: "Bizga ota-bobolarimizning dini kifoya", deyishadi. Agar ota-bobolari adashgan va hech narsadan bexabar bo'lishsa ham "ularniig dini kifoya qilaveradimi?" deyiladi. "Luqmon" surasining 21-oyatida esa: "Ularga Olloh nozil qilgan kitoblarga ergashinglar", deyilsa, ular: "Biz ota-bobolarimizning diniga ergashamiz", deyishadi. "Agar ota-bobolarini shayton do'zaxga chaqirib turgan bo'lsa ham ergashaverishadimi?" deyiladi." Olloh "Zuxruf" surasining 22-oyatida mushriklarning bahonalarini bayon etib, bunday deydi: "Yo'q, unday emas, biz ota-bobolarimizning bir xil dinga, ya'ni budparastlikka e'tiqod qilganini bilamiz, biz ularning izidan yuramiz".

Olloh taolo mutaassiblikda va tarsolikda mushriklarning bu gaplari ota-bobolarining aynan takrori ekanini "Zuxruf" surasining 24-oyatida ta'kidlab o'tadi: "U, ota-bobomizga e'tiqod qilgan dindan ko'ra to'gri bir dinni olib kelsam nima deysizlar", desa, ular: "Sen olib kelgan dinga ishonmaymiz", deyishadi. Ularning ota-bobolariga sobitlik bilan astoydil taqlid qilishliklari ajdodlarining beaqllik, gumrohlikda ayblanishiga sabab bo'lishi turgan gap. Lekin mushriklar es-hushini yig'ib olish o'rniga battar jazavaga tushib, Abutolibga: "Muhammadga ayt, yangi dinga da'vatini yig'ishtirsin. Gapimizga ko'nmasang, Muhammad bilan sen bir tomon, biz bir tomon bo'lib, to bir-birimizni o'ldirguncha kurashamiz", deya tahdid solishdi. Abutolib uchun o'z xalqidan ajralib qolish og'ir edi, biroq Xudoning payg'ambari va jiyanidan voz kechishi ham mumkin emasdi. Shu bois payg'ambar alayhis-salomni huzuriga chorlab: "Ey jiyan, odamlar kelib har xil talab va shartlarni qo'yib ketishdi. Endi o'zingni ehtiyotingni qil, bundan buyon seni asrash qo'limdan kelmaydi", dedi. Payg'ambar alayhis-salom u kishining nochor ahvolini his etib: "Ey amaki, Ollohning nomi bilan qasam ichib aytamanki, agar o'ng qo'limga quyoshni, chap qo'limga oyni tutqazishsa ham Xudoning o'zi boshlagan ishimga ravnaq bermaguncha yoki shu yo'lda halok bo'lmagunimcha tanlagan yo'limdan voz kechmayman", dedilar va o'pkalari to'lib teskari qarab oldilar. "Menga qara, ey jiyan, - dedi Abutolibning ham ko'ngli buzilib. Rasululloh o'girilib qaragan edilar:

- Bor, nimani xohlasang, gapiraver, Xudoga qasamki, seni ularga topshirib qo'ymayman.

Bu gap payg'ambar alayhis-salomga qanot baxsh etdi.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.