background
logotype
image1 image2 image3

Makkaning fath etilishi

Olloh taolo biron ishni ro'yobga chiqarishni iroda qilsa, sabablarini hozirlab, to'siqlarini bartaraf etadi. Payg'ambar alayhis-salom quraysh xalqi bo'ysunmaguncha arablar yalpisiga bo'ysunmasligini, Makka u kishining izmiga o'tmaguncha boshqa shaharu o'lkalar itoat etmasligini yaxshi bilar, shu bois tezroq Makkani fath etish fikrida edilar. Biroq u zoti muborak va'dasiga qat'iy amal qiladigan kishi bo'lganlari uchun Hudaybiyada qurayshlar bilan tuzilgan sulh shartnomasiga binoan bu niyatlaridan o'zlarini tiyib turardilar. Dunyoning izmi parvardigori olamning ixtiyorida, u nimani iroda qilsa, amalga oshiradi, istagan ishiga ma'lum sabab va qulayliklar yaratib beradi.

Ma'lumki, yuqorida zikr etilgan sulhdan keyin Huzoa qabilasi musulmonlarning, Bakr qabilasi qurayshlarning himoyasiga olingan edi. Johiliyat davrida bu ikki qabila bir-biri bilan yovlashib, muttasil qir-pichoq bo'lib yurishardi. Islom dini dunyoga kelgach, ularning o'rtasidagi adovat bosilib, surunkali urush janjallar barham topgan edi. Mana shunday tinch-osuda kunlarning birida Bakr qabilasining bir odami payg'ambar alayhis-salomni mayna qilib ashula aytdi. Huzoa qabilasidagilardan bir kishi buni eshitib, ashulachini do'pposladi. Bu narsa necha yildan beri bosilib, usti bitib qolgan eski yaradek kin-adovatni yana qo'zg'atib yubordi. Bani Bakr qabilasi ko'hna alamlarini eslab, shu bahonada dushmanidan o'ch olish niyatida urush harakatiga tushib, ittifoqchisi qurayshlardan yordam so'radi. Qurayshlar maxfiy ravishda ularga odam, qurol-yarog' jo'natishdi. Bakr qabilasi Huzoa qabilasiga hujum qilib, tinchgina yashayotgan yigirma chog'li odamni o'ldirdi.

Huzoa qabilasi payg'ambar alayhis-salomga Amr ibn Salim boshchiligida elchilar yuborib, bani Bakr bilan qurayshlarning xiyonatkorona qilmishlarini ma'lum qilishdi. Rasululloh bu xabardan qattiq xafa bo'ldilar hamda elchilarga: "Sizlarni o'zimni asragandek asrayman", dedilar. Qurayshlar o'ylamasdan qilgan ishi usun afsuslanishdi va yuz berishi mumkin bo'lgan ko'ngilsizlikning oldini olish maqsadida Abu Sufyon ibn Harbni Madinaga yuborishga qaror qilishdi. Abu Sufyon ikki qabila o'rtasida yuz bergan qirg'indan payg'ambar alayhis-salom hali bexabar degan o'yda bemalol Madinaga kelib, rasulullohning nikohidagi qizi Ummu Habibaning uyiga tushdi. Abu Sufyon payg'ambar alayhis-salomning palosida o'tirmoqchi bo'lgan edi, qizi uni tortib oldi. Abu Sufyon: "Qizim, bu palosni ayaganingmi yoki meni ayaganingmi?" deb so'radi. Ummu Habiba: "Otam bo'lsang ham rostini aytay: sen mushrik, nopok odamsan. Senday odam payg'ambarning palosida o'tirishi mumkin emas", dedi. Abu Sufyon qattiq ranjib: "Qizim, sen mendan ayrilgandan keyin aynib ketgan ekansan", dedi-da, shartta uydan chiqib ketdi va to'ppa-to'g'ri masjidga borib, payg'ambar alayhis-salomga uchrashdi, tashrifining sababini aytib, sulh muddatini uzaytirishni taklif etdi. "Biron gap bo'ldimi?" deb so'radilar rasululloh. "Yo'q hech narsa bo'lgani yo'q", deb javob berdi Abu Sufyon. "Unday bo'lsa avvalgi sulh bo'yicha ish tutamiz, uning muddatini o'zgartirishning hojati yo'q", deya gapni cho'rt kesdilar sarvari olam.

Tarvuzi qo'ltig'idan tushgan Abu Sufyon muhojirlarning boshliqlariga uchrashib maqsadini amalga oshirish uchun ko'mak so'radi, biroq ularning hammasi xuddi kelishib olishgandek aynan rasulullohning javobini berishdi. Ko'zlangan maqsadiga erisholmagan Abu Sufyon noiloj Makkaga qaytib ketdi. Makkadagalar esa: "Sen aynib, Islom diniga kirib ketganga o'xshaysan", deb unga malomat toshini yog'dirishdi. Abu Sufyon o'zini oqlash uchun butlarning oldida cho'qinib qasam ichdi.

Payg'ambar alayhis-salom esa sahobalarga safar tadorikini ko'rishni buyurdilar. Makkaga otlanganliklarini faqat Abu Bakrga aytdilar. "Ey rasululloh, qurayshlar bilan o'rtamizda imzolangan shartnoma bor-ku", dedi Abu Bakr ajablanib. "Ha, bor, dedilar rasululloh. - Lekin qurayshlar shartnomani buzishdi-ku". Shundan keyin payg'ambar alayhis-salom Madina atrofidagi qirlarda yashovchi arablarni safarbarlikka da'vat etib: "Kimki Ollohga va oxirat kuniga ishonarkan, ramazon oyida Madinaga jam bo'lsin", dedilar. RasululLohning chaqirig'ini eshitgan Aslam, G'ifor, Muzayna, Ashja', Juhayna qabilalarining vakillari Madinaga to'planishdi. Bu xabar ovoza bo'lib, qurayshlar harbiy safarbarlik e'lon qilishi mumkinligini o'ylab, rasululloh niyatlarini pinhon tutdilar. Sarvari olamning ko'nglida Makkada qon to'kish emas, balki Xudoning muqaddas dargohining hurmatini saqlagan holda qurayshlarni tinch yo'l bilan itoat qildirib, imonga keltirish niyati bor edi. U kishi Xudoga yolborib: "Ey Parvardigor, men yetib borguncha ayg'oqchilar makkaliklarni ketayotganimizdan xabardor etib qo'yishlaridan asragin", deya iltijo qildilar.

Badr g'azotida qatnashgan sahoba Hotab ibn Abi Bultaa payg'ambar alayhis-salomning Makkani fath etish uchun katta qo'shin to'plab yo'lga chiqayotganlari haqida xat yozib bir ayoldan yashirincha jo'natib yubordi. Bu hodisa rasulullohga vahiy orqali ma'lum bo'ldi. Josus ayolni qaytarib kelish uchun darrov Ali, Zubayr, Miqdodlar yuborildi. Ular Hox nomli bog' oldida josus ayolni quvib yetishdi-da, xatni talab qilishdi, biroq u surbetlik bilan yonida hech qanday xat yo'qligini aytib, jinoyatini tan olmadi. Ta'qib etuvchilar yaxshilikcha xatni bermasa, yechintirib tintishlarini aytgandan keyingina u noiloj sochining orasiga yashirilgan xatni chiqarib berdi. Ta'qib etuvchilar xatni payg'ambar alayhis-salomga topshirishgach, u kishi Hotabni chaqirtirib, xiyonatkorligining sababini so'radilar. "Ey rasululloh, men qurayshlardan emasman, muhojirlar quraysh qabilasidan, - dedi Hotab. - Muhojirlarning Makkada qolgan bola-chaqalarini qanotiga oladigan yaqinlari bor, mening u yoqda hech kimim yo'q. Qurayshlar qilgan yaxshiligim evaziga u yoqda qolgan bola-chaqalarimga muruvvat ko'rsatisharmikan, degan umidda yashirincha xat jo'natganman. Lekin murtad bo'lib dindan qaytganim yo'q".

Rasululloh: "Hotab rostini aytdi", dedilar. U zoti muborakning josusga muruvvat ko'rsatib mehribonchilik bilan gapirishlari Umar ibn Xattobning zardasini qaynatib yubordi. "Ey rasululloh, ijozat ber, men bu munofiqning kallasin olay", dedi u sakrab o'rnidan turarkan. "Hotab Badr g'azotida qatnashgan, - dedi rasululloh. Olloh taolo Badr g'azotida qatnashganlarning qay ahvolga tushganini bilgani uchun bundan buyon istagan ishinglarni qilinglar, sizlarni mag'firat qildim, deganidan xabaring yo'qmi? Bu haqda parvardigori olam Mumtahina surasining: "Ey mo'minlar, mening dushmanimni va dushmanlaringizni do'st tutmang. Ular sizlarga kelgan haqiqatni inkor, etishgan-ku. Ularga do'stlik ko'rsatsanglar parvardigoringiz Ollohga imon keltirganingiz uchun payg'ambar bilan sizlarni yurtingizdan haydab chiqarishadi. Agar sizlar mening yo'limda kurashish va mening roziligimga erishish uchun otlangan bo'lsanglar, ular bilan qanday do'st tutinishingiz mumkin? Men sizlar pinhon saqlagan va oshkor etgan narsalarni bilaman. Qay biringiz ularga do'stlik ko'rsatsa, u to'g'ri yo'ldan adashgan bo'ladi", degan birinchi oyatini nozil qildi.

Payg'ambar alayhis-salom Ramazon oyining o'rtasida katta qo'shin bilan yo'lga chiqdilar. Madinada Abdulloh ibn Ummu Maktumni bosh qilib qoldirdilar. Islom qo'shini o'n ming kishidan iborat edi. Ular Abvo degan joyga yetib kelganlarida rasulullohning ashaddiy dushmanlaridan ikkitasi uchrab qoldi. Ulardan biri Badr jangida qatnashgan Ubayda ibn Horisning qarindoshi, rasulullohning amakivachchasi Abu Sufyon ibn Horis ibn Abdulmuttalib; ikkinchisi u kishining xotinlari Ummu Salamaning qarindoshi Abdulloh ibn Abu Umayya ibn Mug'ira edi. Bu ikkovlon musulmon bo'lish uchun rasulullohning huzurlariga kelishayotgan ekan. Payg'ambar alayhis-salom ularni behad quvonib qarshi oldilar. "Bugun sizlar sira ham ayblanmaysizlar. Olloh sizlarni mag'firat qilsin! Olloh eng marhamatli zotdir", dedilar.

Qo'shin yo'lida davom etib Qudayd degan joyga kelganda payg'ambar alayhis-salom sahobalarning ochlikdan behad qiynalib ketishganini ko'rib og'iz ochishni buyurdilar, o'zlari ham ovqatlandilar. Yo'lda bola-chaqalarini olib Madinaga ketayotgan amakilari Abbos ibn Abdulmuttalib uchradi. Rasululloh u kishiga bola-chaqasini Madinaga jo'natib, o'zi Makkaga qaytishini maslahat berdilar. Qo'shin Maruzahron degan joyga yetib kelganda payg'ambar alayhis-salom o'n mingta gulxan yoqishni buyurdilar. Quraysh mushriklari Muhammad had-hisobsiz qo'shin bilan kelayotgan ekan, degan xabarni eshitgach, vaziyatni bilib kelishga Abu Sufyon ibn Xarb, Hakim ibn Hizom, Budayl ibn Vaqoni yuborishdi. Ular Maruzahronga kelib xuddi Arofat*da yoqiladigandek son-sanoqSyz gulxanlarni ko'rishdi.

Abu Sufyon: "Bu gulxanlar Arofatning gulxanlariga o'xshaydi", dedi. Budayil ibi Varqo: "Amr aymog'ining gulxanlari bo'lsa kerak", dedi. "Bani Amr aymog'ining bunchalik ko'p gulxan yoqadigaya odami yo'q," degan e'tiroz bildirdi Abu Sufyon. Kuzatib turgan musulmon soqchilari ularni ushlab olib, rasulullohning huzurlariga olib borishdi. Abu Sufyon imon keltirib musulmon bo'ldi. Payg'ambar alayhis-salom Abbosga: "Abu Sufyonni ikki tog' oraligiga olib bor, musulmon birodarlarini ko'rsin", dedilar. Abbos Abu Sufyonni aytilgan joyga olib keldi. Ularning oldidan har bir qabila lak-lak odami bilan gulduros solib o'tardi. Abu Sufyon har bir to'p qaysi qabilaning odami ekanini so'rab-surishtirdi. Ansorlarning qabilasi o'tayotganda tug' ko'targan Sa'd ibn Uboda: "Ey Abu Sufyon, bugun qonli urush bo'ladigan, Ka'bada qon to'kishga ruxsat beriladigan kun", dedi. Abu Sufyon esa unga javoban: "Ey Abbos, Ka'bada urush qilish ta'qiqlangan kun kunlarning eng yaxshisi", dedi.

Rasululloh eng kichik guruh safida kelar, ularning bayroqdori Zubayr ibn Avvom edi. Abu Sufyon rasulullohga Sa'dning gapini aytdi. "Sa'd bekorlarni aytibdi, dedilar rasululloh. Bugun Ollohning Ka'basi ulug'lanadigan, uning ustiga yopinchiq yopiladigan kun". Payg'ambar alayhis-salom o'z guruhining a'lamini Makkaning quyi tomonidagi Xujun tog'iga qadashni, Xolid ibn Validga shaharning past, Kuday tomonidan kirishni buyurdilar. O'zlari esa bir guruh odam bilan Tepa, Kudo' tomondan kirib bordilar.

Jarchi oldinda yurib kimki o'z hovlisiga yoki masjidga kirib olsa, omon qolajagini, Abu Sufyonning uyiga kirgan odamga ham teginilmasligini e'lon qildi. Shu tarzda omonlik berish rasulullohning o'zlariga xos fazilatlari edi. Faqat musulmonlarga ko'p zarar yetkazgan, gunohi haddan tashqari og'ir kishilar bundan mustasno bo'lib, ular muqarrar o'ldirilishi e'lon qilindi. Abdulloh ibn Sa'd ibn Abiy Sarh shundaylarning biri edi. Islomning avvalida musulmon bo'lgan bu odam vahiylarni yozadigan kotib edi. Keyinchalik murtadlik ko'chasiga kirib: "Muhammad Aliymun Hakiym, deb yoz deganda, G'ofurun Rahiym, deb yozsam ham mayli, bunisi ham bo'laveradi degan", deya rasullulohga tuhmat qilgan. Ikrima ibn Abu Jahl, Safron ibn Umayya, Hubor ibn Asvad, Horis ibn Hishom, Zuhayr ibn Abu Umayya, Ka'b ibn Zuhayr, Hamzaning qotili Vahshiy, Abu Sufyonning xotini Hind va yana bir guruh kishilar shunday noma'qulchiliklar qilishgan. Garchand bunday kimsalarning gunohi katta bo'lsa-da, payg'ambar alayhis-salom tig' ko'tarib qarshilik ko'rsatmagan odamni o'ldirishni qat'iyan man etdilar.

Xolid ibn Valid boshchiligidagi qo'shin quraysh mushriklarini vahimaga soldi, shu bois qanday bo'lmasin uni chekintirish niyatida askar to'plab jang qilishdi. Qisqa to'qnashuvdayoq mushriklardan 24 kishi o'ldi, musulmonlardan esa ikki kishi shahid bo'ldi. Xolid ibn Valid boshchiligidagi Islom askarlari Makkaning quyi tomonidan hujum qilib kirib kelishdi.

Payg'ambar alayhis-salom boshchiligidagi qo'shin esa sira ham qarshilikka uchramadi. Rasululloh peshonalari tuyaning o'rkachiga tekkuncha, boshlarini quyi solganlaricha Ollohga tavozu qilib, parvardigorning ne'matlariga qayta-qayta shukronalar aytar edilar. Bu quvonchli hodisa ramazonning yigirmasida, jum'a kunining tong pallasida yuz berdi. Hajun degan yerga yetganda rasululloh tuyadan tushib, alam tiktirdilar, o'z dargohlarini ham shu yerga qurdirdilar. Ummu Salama bilan Maymuna payg'ambar alayhis-salomga hamroh bo'lib, birga safarga chiqishgan edi.

Musulmonlar bir oz hordiq chiqargach, rasululloh Abu Bakr Siddiq bilan birga gaplashib, Fath surasini o'qib, Ka'ba ziyoratiga ravona bo'ldilar. Tuyaning ustidan tushmay Ollohning ziyoratgohini yetti marta tavof etdilar hamda asolari bilan Hojarul Asvadni istilom qildilar. Baytullohning atrofiga 360 but tiklangan edi. Rasululloh qo'llaridagi aso bilan haykallarni nuqib: "Endi Islom dini dunsga keldi, butparastlik zavol topdi, u qayta tiklanmaydi", dedilar. So'ngra butlarni olib tashlashni buyurdilar. Musulmonlar u kishining amrini shu zahoti bajo keltirishdi. Navbat qo'llarida taqsim (fol ko'rish) o'qlarini tutgan Ibrohim va Ismoil alayhis-salomning haykaliga kelganda odamlar nima qilarini bilmay dovdirab qolishdi. "Olloh mushriklarni juvonmarg qilsin! - dedilar payg'ambar alayhis-salom. - Ibrohim bilan Ismoil taqsim o'qlarini ishlatishmaganini mushriklarning o'zlari ham juda yaxshi bilishadi. Qo'rqmay olib tashlayveringlar." Bu Ka'baning birinchi marta butlardan tozalangan sharafli kun bo'lib qoldi. Barcha arab xalqi tomonidan ulug'lanadigan muqaddas Ka'ba chin ma'nodagi ziyoratgohga aylandi. Ba'zi bir joylarni hisobga olmaganda arab zaminida butparastlik tugatildi.

*Arofat - Makkadan 22 chaqirim olisdagi vodiy. Haj mavsumida shu yerda quyosh botguncha turish haj ibodatining muhim farzlaridan biri hisoblanadi.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.