background
logotype
image1 image2 image3

Hudaybiya sulhi

Bunday usul bilan musulmonlarga bas kelolmasligiga ko'zi yetgan mushriklar Suhayl ibn Amrni sulh tuzish uchun yuborishdi. U musulmonlar qarorgohiga kelib, rasulullohga uchragach: "Ey Muhammad, yuz bergan voqealar bizning dono kishilarimiz ko'rsatmasi bo'yicha emas, nodonlarning hovliqmaligi tufayli sodir bo'ldi. Qo'lga tushgan asirlarni qo'yib yuboringlar", dedi. "Oldin sizlar bizning odamlarimizni ozod qilinglar, keyin biz ham asirlarni qo'yib yuboramiz", dedilar payg'ambar alayhis-salom. Mushriklar Usmon ibn Affon boshchiligidagi o'n kishini musulmonlar ham jangu jadalda qo'lga tushganlarni ozod qilishdi, Shundan keyingina Suhayl quraysh xalqi musulmonlar bilan tuzmoqchi bo'lgan sulhning quyidagi shartlarini ma'lum qildi:

1. Ikki tomon o'n yilgacha bir-biri bilan urush qilmaslik;

2. Qurayshlardan qochib borganlarni musulmonlar qaytarib berishi, musulmonlardan mushriklar tomonga o'tganlarni esa qaytarmaslik;

3. Payg'ambar alayhis-salom bu yil Baytullohni tavof qilmay qaytib ketishi, kelgusi yili quraysh xalqi Makkadan chiqib ketganda sahobalar bilan qinga solingan qilich va kamondan boshqa qurol-yaroq olmay muqaddas maskanni uch kun ziyorat qilishi;

4. Arab qabilalariga musulmonlar yoki qurayshlardan panoh tilash ixtiyorini berish.

Payg'ambar alayhis-salom sulhning barcha talablariga rozi bo'ldilar. Rasulullohning kelishuvchanlik qilganlaridan ajablangan sahobalar: "Nega endi musulmon bo'lib biz tomonga o'tganlarni qaytarib beramizu dindan qaytgan murtadlarni ulardan qaytib olmaymiz?" deyishdi. payg'ambar alayhis-salom: "Murtad bo'lib ular tomonga qochib o'tganlarni Olloh bizdan yiroqlashtirsin. Ulardan biz tomonga o'tganlarni qaytarib bersak parvardigor ularning mushkulini osonlashtirib, najot yo'lini ko'rsatadi", dedilar. Sulhning 3-bandi musulmonlarga juda og'ir botdi, chunki rasulullohning tushlarida Baytullohni emin-erkin ziyorat qilib qaytganlari ayon bo'lgan edi. Rasulullohning aytganlari amalga oshmasligi mumkinligidan hayratga tushgan Umar Abu Bakrdan buning sababini so'radi. "Rasululloh Ka'bani albatta bu yil tavof qilamiz, deganmidilar?" dedi.

Shundan keyin sulhnoma rasmiylashtirildi. Uni Ali ibn Abutolib yozdi. Rasululloh aytib turdilar. Rasululloh sulhnomani Bismillahir rohmanir rohim, deb boshlagan edi, Suhayl: "Bismikallohhumma (Ey Olloh, sening noming bilan boshlayman) deb yoz", deya talab qildi. Payg'ambar alayhis-salom o'shanday yoz deb buyurdilar. Keyin: "Ollohning elchisi shunga sulh qiladiki", degan edi, Suhayl: "Sen Ollohning elchisi ekaningni bilganimizda senga qarshi chiqmas edik, Muhammad ibn Abdulloh deb yoz, dedi. Payg'ambar alayhis-salom yana Suhaylning aytganidek yozishni buyurdilar, biroq Ali yozganlarini o'chirishga unamadi. Shunda rasulullohning o'zlari xatni o'chirib tuzatish kiritdilar.

Sulhnoma ikki nusxa yozilib, biri mushriklarga topshirildi, ikkinchisi musulmonlarning o'zlarida qoldi. Kutilmaganda sulhnoma yozilayotgan joyga oyog'iga kishan solingan Abu Jandal ibn Suhayl chigirtkadek irg'ishlab kirib keldi. U musulmon bo'lib Madinaga hijrat qilishni ixtiyor etgani uchun otasi qamab qo'ygan ekan. Rasululloh musulmonlardan panoh istab kelgan Abu Jandalni yupatib: "Mendan xafa bo'lmay qismatingga sabr qil. Olloh taolo seni, senga o'xshash musulmonlarni o'z panohida asrab najot yo'lini ko'rsatadi. Biz qurayshlar bilan sulh tuzib, ahdu paymon qilishdik, uni buzishimiz mumkin emas", dedilar. Sulh tuzilgach, payg'ambar alayhis-salom Xuzoa qabilasini, qurayshlar esa Banu Bakr qabilasini o'z himoyasiga olishdi.

Sulh tuzilib bo'lingach, payg'ambar alayhis-salom sahobalarga sochlarini oldirib, qurbonlik qilib, ehromdan chiqishni buyurdilar. Motamsaro kayfiyatdagi musulmonlar rasulullohning amrini bajo keltirishga unchalik oshiqmadilar. Bundan ranjigan payg'ambar alayhis-salom rafiqalari Ummu Salamaning huzuriga kirib, sahobalar gapini yerda qoldirishganiii aytdilar. Ummu Salama: "Shartlari juda ham og'ir sulhga rozilik berdingiz, Makkaga kirmay, Baytullohni tavof qilmay qaytish musulmonlar uchun katta musibat, ularni to'g'ri tushunib, afv eting. Yaxshisi, oldin o'zingiz ehromdan chiqing", dedi.

Payg'ambar alayhis-salom qurbonlik qilib, sochlarini oldirdilar. Sahobalar ham u kishining amriga itoat etdilar. Shundan keyingina musulmonlar Madinaga qaytishdi. Ikki raqib tomon bir-biridan amin bo'ldilar. Oradan ko'p o'tmay Uqba ibn Abu Muaytning qizi, Usmonning ona bir hamshirasi Ummu Gulsum Madinaga qochib keldi. Mushriklar uni qaytarib berishni talab qilishganda Ummu Gulsum: "Ey rasululloh, men ayol kishiman, agar ularga qaytarib bersang meni dindan chiqarishadi", dedi.

Shu asnoda bu masalani oydinlashtiradigan Mumtahina surasining 10-oyati nozil bo'ldi: "Ey mo'minlar, agar mo'mina ayollar hijrat qilib kelishsa ularni sinab ko'ringlar. Ularning imoni Ollohga yaxshi ayondur. Agar ularning mo'minaligini bilsanglar, kofirlarga qaytarib, bermanglar. Ular kofirlarga halol emas, kofirlar ham ularga halol emas. Kofir erlari ularga bergan mahrlarini qaytarib beringlar. Erlariga mahrlarini qaytarib bergach, ularni nikohingizga olsangiz gunohkor bo'lmaysiz. Kofir ayollarni amringizda saqlamang, ularga bergan mahrlaringizni talab qiling, kofirlar ham (hijrat qilib kelgan asllardan) mahrlarini talab qilsin. Ollohning hukmi ana shunday. Olloh odillik bilan hukm chiqaradi. Olloh hamma narsani bilguvchi, hikmat bilan ish qilguvchidir. Muslima ayollar boshqa yurtlarni ko'rishga ishtiyoqmandligidan yoki musulmon erga turmushga chiqish istagi borligi uchun emas, balki Ollohning roziligini istab, payg'ambarni do'st tutgani uchun hijrat qilgan bo'lsa, mushriklarga qaytarilmay uning eriga mahrigina berilardi xolos. Shundan keyin biron musulmon uni bemalol nikohiga olishi mumkin. Mazkur oyatdan musulmon bo'lmagan ayolga uylanish haromligi va unga berilgan mahrni qaytib olib, o'zini oilasiga jo'natib yuborish kerakligi oydinlashadi.

Abu Basir Utba ibn Usayd Saqafiy musulmon bo'lib, payg'ambar alayhis-salomning yenlariga qochib keldi. Qurayshlar orqasidan ikki kishini jo'natib, uni talab qilishdi, rasululloh Abu Basirga qaytib ketishni buyurdilar. "Ey rasululloh, Olloh meni kofirlardan qutqarsa-yu, sen dindan chiqaradiganlarga qaytarib bermoqchimisan? dedi Abu Basir ranjib. "Olloh sen bilan urug'-aymog'ingga najot yo'lini ko'rsatadi", dedilar rasululloh. Abu Basir noiloj qurayshlarning oldiga tushib Makkaga yo'l oldi. Zulhulayfa degan joyga stganda Abu Basir soqchilardan birini o'ldirdi, ikkinchisi esa qochib ketdi. Abu Basir yana Madinaga qaytdi-da: "Ey rasullulloh, aytganing bo'ldi, men dushman ta'qibidan qutuldim", dedi. "Endi istagan joyga ketaverishing mumkin, Madinada turma, dedilar rasululloh. Abu Basir qurayshning karvoni Shomga o'tadigan yo'l ustida makon tutib yotdi.

Makkadan qochib kelgan musulmonlar uning yoniga jam bo'laverdi, sahroyi arablardan ham bir guruhi ularga qo'shildi. Abu Jandal ibn Suhayl ham kelib qo'shildi. Keyin qurayshning savdo karvoni o'tadigan yo'lni to'sib olishdi. Bundan qattiq tashvishga tushgan mushriklar sulhnomaning ikkinchi bandini bekor qilib, qochib borgan musulmonlarga o'z yonidan joy berishni rasulullohdan o'tinishdi. Payg'ambar alayhis-salom ularning bu taklifiga rozilik berdilar, shu bilan Hudaybiyada Abu Jandal mushriklarga qaytarilganda musulmonlar boshiga tushgan tashvish aridi. Bu voqea sahobalarga saboq bo'ldi, ular payg'ambar alayhis-salom boshqalarga nisbatan uzoqni ko'rib, ko'pchilikning faqatgina hozirgi emas, balki kelgusidagi g'amini yeb ish tutajaklariga ishonch hosil qilishdi.

Musulmonlar bilan kofirlarning bir-birlariga aralashib yurishi natijasida Islom dinining ta'sir doirasi kengaydi. Hatto hazrati Abu Bakr Siddiq: "Islom tarixida Hudaybiya g'alabasidan ko'ra kattaroq g'alaba bo'lgan emas", degan edilar. Muhammad alayhis-salom bilan parvardigori olam o'rtasidagi aloqalardan bexabar odamlar shoshma-shosharlik qilishadi, Olloh taolo esa shoshilmay, har bir ishni tadbir bilan o'z xohish-irodasiga binoan amalga oshiradi. Payg'ambar alayhis-salom Hudaybiyadan qaytganlarida Fath surasi nozil bo'ldi. Bu sura: "Biz senga ravshan bir g'alabani ato etdik", degan bir oyat bilan boshlanadi. Hudaybiya g'azoti ravshan g'alaba deb atalishi Abu Bakr Siddiqning fikrini tasdiqlaydi.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.