background
logotype
image1 image2 image3

Hijratning beshinchi yili

DUMATUL JANDAL G'AZOTI

Shu yilning rabiul avval oyida Madinadan o'n besh kunlik masofadagi Dumatul Jandaldagi bir guruh arobiy yo'lto'sarlik qilib, odamlarni qon-qaqshatayotgan Madinaga bostirib kirib musulmonlarni qilichdan o'tkazmoqchiligi ma'lum bo'ldi. Payg'ambar alayhis-salom o'rinlariga Sibo' Urfutani qoldirib, bu ofatning oldini olish maqsadida ming nafar sahoba bilan yo'lga chiqdilar. Kechasi yo'l bosib, kunduzlari yashirinib yaqinlashib kelganlarida arobiylar bilib qolib, tum-taraqay qochib ketishdi. Musulmonlar ularning chorvasini qo'lga kiritishdi. Bir-ikkita podachidan boshqa hech kimni uchratolmay orqalariga qaytishdi. Yo'l-yo'lakay Bazora qabilasining boshlig'i Uyayna ibn Hisni bilan hamkorlik bitimi tuzildi. Bu qabilaning yeri giyoh ko'karmaydigan yaydoq dashtga aylanib ketgani uchun rasululloh ularga mollarini boqishga Madinadan 36 mil uzoqdan yer ajratib berdilar.

BANI MUSTALAQ G'AZOTI

Shu yilning sha'bon oyida payg'ambar alayhis-salom Uhud urushida qurayshga yordam bergan Mustalaq qabilasining boshlig'i Horiz ibn Ziror musulmonlarga qarshi yurishga tayyorgarlik ko'rayotganidan xabar topdilar. Rasululloh o'rinlariga Zayid ibn Horisani qoldirib, katta qo'shin bilan yo'lga chiqdilar. Ayollaridan Oisha bilan Ummu Salama ularga hamroh bo'ldilar. Ilgari biron jangovor yurishda qatnashmagan munofiqlar o'lja olish umidida safga qo'shilishdi. Yo'lda bani Mustalaqning bir josusi qo'lga tushdi, biroq so'ralgan savollarga javob berishdan bosh tortgani uchun qatl etildi.

Musulmonlarning katta qo'shin bilan kelayotganidan xabar topgan bani Mustalaqning lashkarboshisi Horis vahimaga tushdi, qo'rqqanidan bir qism askarlari qochib ketdi. Musulmonlar Muraysi' yetib kelgach, bani Mustalaq odamlarini Islom diniga da'vat etishdi, biroq ular bosh tortishgach, ikki tomon safga tizilib kamondan bir soat o'q uzishishdi. Keyin musulmonlar yoppasiga hujumga o'tib, g'alaba qildilar. Ikki ming tuya, besh ming qo'y qo'lga kiritildi. Payg'ambar alayhis-salom mol-hollarni boshqarishni Shaqronga, asirlarga qarashni Buraydaga topshirdilar. Asirlar ikki yuz qiz bo'lib, ular orasida qabila boshlig'ining qizi Barra ham bor edi. Asirlar musulmonlarga taqsimlab berildi.

Bani Mustalaq qabilasi arablar orasida eng kuchli va jangovor qabila hisoblanardi. Ayollarining asir olinib, quldek taqsimlanishi ularga g'oyat og'ir botardi. Bu narsani yaxshi bilgan payg'ambar alayhis-salom juda katta oliyjanoblik va mardlik namunaeini namoyon etdilar, ayollarni ozod etishning musulmonlar rozi bo'ladigan yo'lini o'ylab topdilar. Sarvari olam, Horisning qizi Barrani nikohlariga olib, Juvayriya deb atadilar. Shu bilan musulmonlar asirlarni rasulullohning qudalari hisoblab, ozod qilib yuborishdi. Oisha raziyallohu anhoning ta'biricha, Juvayriya o'z qavmi uchun g'oyat sharofatli ayol bo'ldi. Payg'ambar alayhis-salomning marhamatlaridan qattiq ta'sirlangan bani Mustalaq qabilasi yoppasiga imon keltirdi, ilgari musulmonlarning ashaddiy dushmani hisoblangan odamlar endi ularning yaqin do'stlariga aylanishdi. Agar rasululloh tadbikorlik qilmaganlarida ikki o'rtadagi adovat battar kuchayib, ancha-muncha qon to'kilishi mumkin edi. Bu g'azot jarayonida ibratli ikki voqea yuz berdi.

Byrinchisi, Umar ibn Xattobning xizmatkori bilan Xazraj qabilasining ittifoqchilaridan bo'lmish bir odam urushib qolishdi. Umarning xizmatkori uni urib, yarador qildi va ikkalovi o'z qavmini yordamga chaqirdi. Agar rasululloh kelib qolmaganlarida ikki o'rtada boshlangan dahanaki jang qon to'kilishiga sabab bo'lishi hech gap emasdi. "Yana johiliyat davridagi tarafkashliginglarni qilmoqchimisizlar? Yo'qotinglar bunday yaramas odatni!" dedilar rasululloh va jabrdiydaning o'chini olib berdilar. Shu bilan janjal barham topdi.

Bu voqeani eshitgan Abdulloh ibn Ubay xafa bo'lib o'z qabiladoshlariga: "Men hech qachon bugungidek xo'rlikni ko'rmagan edim. Ularni yurtimizga kiritib, uyimizning to'ridan joy bersagu buning evaziga bizni savalashadimi? Itingni semirtirsang o'zingni qopadi, deganlari shu ekan-da. Xudoga qasamki Madinaga qaytsak albatta aziz u yerdan xorni chiqarib tashlaydi. Aslida-ku bu xo'rlikni o'zinglar tilab oldinglar. Ularni uyingizga chaqirib mol-mulkingizni baham ko'rdingiz. Agar quchoq ochib kutib olmaganingizda boshqa tomonlarga ravona bo'lishardi. Bunisi ham yetmagandek Muhammad uchun urushib joninglarni qurbon qilyapsizlar, bolalaringiz yetim bo'lib chirqirab qolishyapti, ular esa ko'paygandan ko'payyapti. Bundan keyin ularga yordam bermanglar, kambag'allashib, Madinadan ketishga majbur bo'lishsin", dedi. Shu yerda hozir bo'lgan imoni butun Zayd ibn Irqam ismli yigit bu gaplardan payg'ambar alayhis-salomni voqif etdi.

Rasulullohning yuzlari o'zgardi, uzoq sukutga cho'mdilar va xabarchiga yuzlanib: "Balki, unda biron xusumating bordir, shuning uchun atay bunday gaplarni to'qiyotgandirsan?" dedilar. "To'qiyotganim yo'q, bunday gaplarni o'z qulog'im bilan eshitdim", dedi Zayd ibn Arqam. "Yanglish eshitgan bo'lishiing mumkin", deya bu gapga nuqta qo'yishga urindilar payg'ambar alayhis-salom. Umar rasulullohdan ibn Ubayni o'ldirishga ruxsat so'radi. "Ey Umar, odamlar Muhammad sahobalarini o'ldira boshladi, deyishsa yaxshi bo'ladimi?" dedilar payg'ambar alayhis-salom va odamlarning e'tiborini chalg'itib, bu gapni o'rtadan ko'tarib yuborish uchun kun zabtiga olgan jaziramada lashkarni safarga otlanishga buyurdilar. Usayid ibn Huzayr bunday issiqda yo'lga chiqishning boisini so'radi. "Qabiladoshingning gapini eshitmadingmi? U Madinaga qaytgach, "Aziz undan xorni chiqaradi debdi", dedilar rasululloh. Usayil u kishiga: "Ey rasululloh, istasang sen uni haydab chiqarasan. Ollohga qasamki "u xor va sen - azizdirsan" dedi.

Oftob tig'ida yo'l bosgan odamlar manzilga yetgan zahoti uyquga ketishdi. Ansorlardan bir guruhi Abdulloh ibn Ubayga rasulullohdan kechirim so'rashni taklif etishdi, biroq u takabburlik bilan bosh tortdi. Shu lahzada Munofiqun surasi nozil bo'lib, Abdulloh ibn Ubay va uning hamfikrlarining sharmandasi chiqdi. Zayd ibn Arqamning aytganlari rostligi isbotlandi. Abdulloh ibn Ubayning o'g'li bu gapdan xabar topgach, otamni birov o'ldirsa, u kishi bilan o'rtamizda dushmanlik tug'ilib qolishi mumkin, yaxshisi bu ishni o'zim ado etay, deb ijozat so'raganida rasululloh uni fikridan qaytarib otasini izzat-ikrom qilishga buyurdilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.