background
logotype
image1 image2 image3

Amir Hamzaning musulmon bo’lishi

Mushriklarning payg'amabar alayhis-salomga qilgan xurujlari amakilari Hamza ibn Abdulmuttalibning iymon keltirishiga sabab bo'ldi. Abu Jahl rasulullohni haqoratlaganda qarindoshlari oraga tushmadi, lekin Hamzaning xizmatkori chidolmay o'z hojasini vijdonsizlikda aybladi. Qoni qaynab ketgan Hamza borib Abu Jahlning yoqasidan oldi. "Mana men ham Muhammadning dinidaman. Bundan keyin uni so'kkaningni ko'ray-chi", deya tahdid soldi. Shu voqea tufayli Olloh Hamzaning ko'zini ochdi, u to so'nggi nafasigacha islomga sodiq, fidoyilardan bo'lib qoldi. Jismoniy jihatdan haddan tashqari baquvvat, o'ta jasur Hamza musulmonlarning qalqoniga, mushriklarning yuragiga g'uluv soladigan qudratli bahodirga aylandi va unga Asadulloh (Olloh-ning sheri) deya nom berildi.

Rasulullohga ergashganlarning hammasi ta'nayu malomatlarga uchradi, himoyachi qavmu qarindoshlari yo'qlarning holiga voy edi. Ollohning roziligini istagan musulmonlar bu azoblarga sabr-toqat bilan bardosh berishdi, birovi ham dindan qaytgani yo'q. Parvardigor mana shunday ahdida sobit, imoni mustahkam odamlar orqali dinni kamolotga yetkazdi. Agar bu zotlar dastlab dunyodagi ojizu notavon kimsalar bo'lishsa, alaloqibat yer yuzining podsholariga aylanishdi. Qasos surasining beshinchi oyatida bu haqda shunday deyiladi: "Yer yuzida xo'rlanganlarga marhamat qilmoqchimiz", ularni yetakchilar va vorislarga aylantirmoqchimiz . Olloh va'dasida sobit zot.

Bilol ibn Raboh qurayshlik Umayya ibn Xalafil Jo'mahining quli edi. Umayya o'z quli islom diniga kirganini eshitgach, uning bo'yniga arqon solib, bolalariga jonli o'yinchoq sifatida berib qo'ydi. Xuddi buyumdek, hayvondek xo'rlangan Bilol Ollohning birligiga sira shak keltirmadi. Bu azoblar kor qilmaganini ko'rgan Umayya yozning eng jazirama kunlari uni qoq peshinda hovur ufurib turgan cho'lga olib borardi. Yerga oyoq bosib bo'lmas, qumga tuxum qo'ysa pishar, tovondan o'tgan issiq miyadan tutun chiqarardi. Umayya Bilolni issiq qumga chalqancha yotqizib, ustiga bahaybat tosh bostirar va Muhammaddan yuz o'girib, Lot, Uzzo degan butlarga cho'qinmasang, mana shunday azobda qiynab o'ldiraman der, Bilol esa og'ishmay: "Olloh bir, Olloh bir", deya javob qaytarardi. Kunlarning birida xuddi shunday dahshatli azobning ustiga Abubakr kelib qoldi. "Ey Umayya, bir bechoraga shuncha azob bergani Ollohdan qo'rqmaysanmi? Uni tokay qiynaysan?" dedi u. "Uni sen yo'ldan ozdirding. Qani qo'lingdan kelsa, uni qutqarib olmaysanmi?" - dedi Umayya zahrini sochib. Abubakr shu zahoti Bilolni sotib olib, ozod qildi. Olloh Abubakr va Umayya haqida Vallayli surasining 14-21-oyatlarida bunday deydi: "Sizlarni lang'illab turgan do'zaxdan ogohlantirdim. Unga badbaxt odamlar tushadi. (Umayya) badbaxtki, haqni inkor etdi va haqiqatdan yuz o'girdi. Eng muttaqiy (Abubakr) undan yiroq qilindi. U poklanish uchun mol-mulkini sarflaydi. U birovning yaxshiligini qaytarish uchun yaxshilik qilmaydi. Faqat ulug' parvardigorining roziligiga erishishga intiladi. Uning o'zi ham albatta xursand bo'ladi". Abubakr mollarini sotib, Bilolni ozod qilgani xudoning roziligi uchun bo'lgan ish ekani yuqoridagi oyatlarda ta'kidlab o'tildi. Ollohning roziligi Abubakr raziyallohu anhu uchun beadad sharaf edi. U Biloldan boshqa islomga o'tib, xo'jayinlarining zulmiga uchragan bir talay qulni ozod qildi. Ularning orasida Bilolning onasi Hamoma, Omir ibn Fuhayra, Abu Fukayha og'ir qiynoqlardan ikki ko'zi ko'r bo'lib qolgan Zinnira ismli ayol bor edi.

"Bularga ergashayotganlarga qarab yoqamni ushlayman. Muhammad da'vat etayotgan din rostdan ham haq din bo'lsa, hammadan oldin uni biz qabul qilishimiz kerak edi. Bizdan avval qanday qilib Zinniradek qul haq yo'lni topishi mumkin?" der edi Abu Jahl hayratga tushib. Bunga javoban Olloh Ahqof surasining 11-oyatini nozil qildi: "Kofirlar mo'minlarga agar islomda biror xayriyat bo'lsa edi, ular bunga bizdan oldin ishonishi mumkin emas. Ular hidoyat topmaganligi uchun bu narsani ko'hna uydirma, deyishadi". Bani Zuhraning kanizagi Ummu Unaysni ham Abubakr ozod qildi. Asvad ibn Abdiyag'us bu bechorani qiynardi.

Ammor ibn Yosir ota-onasi bilan og'ir zulmga giriftor bo'ldi. Ularning zabun ahvolini ko'rgan rasululloh: "Yosirning oilasi, sabr qilinglar, sizlarga jannat va'da etilgan. Ey Olloh, Yosirning oilasidan mag'firatingni darig' tutma", dedilar. Jabrdiydalar zulmga sabr-toqat bilan bardosh berdilar. Ammorning ota-onasi azobga chidolmay o'ldi. (Olloh ularni rahmat qilsin) Ammor esa qiinoq jonidan o'tib ketgach, og'zida dindan qaytganini aytdi. Chunki Abu Jahl unga temir kiyimlarni kiydirib, yozning jazirama oftobiga solib qo'yardi. Ammorning a'zoyi badani qavarib, terisi shilinib tushar edi. Odamlar joni azobda qolgan chorasiz qulning og'zidan chiqib ketgan gaplarni ushlab olib, ana, Ammor dindan qaytdi, deya ovoza tarqatishdi. Bunga javoban payg'ambar alayhis-salom Ammorning butun vujudi imon bilan sug'orilgan, dedilar. Olloh Ammorning murtadlar jinsidan emasligini Nahl surasining 106-oyatida bayon etgan: "Imon keltirgandan keyin xudoni inkor etganlar (qalban imonda barqaror turib, qiyin-qistov ostida dindan qaytdim deganlar bundan mustasno) va kufr bilan ko'nglini xotirjam qilganlar Ollohnig g'azabiga yo'liqishadi hamda og'ir azobga giriftor bo'lishadi".

Johiliyat zamonida asirga tushgan Xabbob ibn Aratni Ummu Anmor sotib olgan edi. Xabbob rasulloh bilan yaqin do'st edi, shu bois birinchilar qatori imon keltirdi. Uning musulmon bo'lganidan xabar topgan bekasi qizdirilgan temirni yelkasiga bosib azob bera boshladi. Zulmdan sillasi qurigan Xabbob bir kuni Ka'baning devori tagida dam olib o'tirgan rasulollohning oldilariga kelib: "Bizning haqimizga duo qilmaysanmi?" deb so'radi. Rasululloh: "Ilgari musulmon odamlarni temir taroq bilan qiynashgan. Bigizdek uchli taroqni badanga botirib, to suyagi chuqquncha tarashgan, go'shti titiLib, paylari uzilgan odamlar qonsirab o'lishgan. Ba'zilarning bo'yniga arra tortishgan. Musulmonlar shunda ham dindan qaytishmagan. Yaratgan egam islom dinini g'olibu muzaffar qilishi muqarrar. O'shanda Yamanning San'o shahridan yo'lga chiqqan yo'lovchi Hazri Mavtgacha hech narsadan xavotir olmay bemalol yetib keladi, bo'rilar orasiga kirib qolgan qo'y bexavotir yuraveradi", dedilar.

Rasululloh bu gaplarni aytgan paytlarida musulmonlarning holi tang, ro'shnolik ko'rishlari dargumon, eng zakiy odam ham najot topishiga ishonmas edi. Faqat payg'ambar alayhis-salomgina Olloh dillariga solgan vahiy tufayli kelajakni oldindan ko'rib, bashorat qildilar. Parvardigori olam musulmonlarning irodasini mustahkamlash uchun Ankabut surasining 2-3-oyatlarini nozil qildi: "Insonlar imon keltirsak sinovlardan ozod bo'lamiz, deb o'ylashadimi? Ulardan avvalgilarni ham sinagan edik. Olloh rost gapiruvchilarni ham, yolg'onchilarni ham juda yaxshi biladi". Abubakr Siddiq ham islom dinini qabul qilgani uchun ko'p aziyat chekdi. Mushriklarning zulmi jonidan o'tib ketgach, Habashistonga hijrat qilishga qaror qildi. Makkadan besh kunlik yiroqdagi Barko'lg'imod degan joyga yetib kelganda ibn Dag'na degan kishi bilan uchrashib qoldi. Ibn Dag'na qora qabilasining oqsoqoli edi. U Abubakrdan qayerga ketayotganini so'radi. Abubakr qabiladoshlarining zulmidan qochib, yurtidan bosh olib chiqqanini, Ollohga ibodat qilishdan boshqa niyati yo'qligini aytdi. "Yo'qsillarning holidan xabar olsang, xesh-aqrobalaringga silai-rahm qilsang, ojizlarni qo'llasang, mehmonlarni ochiq chehra bilan kutsang, mazlumlardan yordamingni ayamasang, sendek odamni yurtidan haydab chiqarishadimi? Bu qanday noinsoflik, - dedi ibn Dag'na. - Yur, yurtingga qayt, seni men himoyamga olaman. Ibodatingni tug'ilib o'sgan joyingda qil". Ikkovlon birgalashib orqaga qaytishdi. Ibn Dag'na quraysh oksoqollaryga uchrashib, Abubakrdek odamni yurtiga sig'dirmaslik adolatdan emasligini aytdi. Ibn Dag'naning o'rtaga tushishi quraysh oqsoqollariga qattiq ta'sir qildi. "Abubakrga ayt. Xudosiga hovlisida ibodat qilsin, Ka'bada qur'on o'qib bizni ranjitmasin. Oshkora diniy faoliyat olib bormasin. Unga ergashib bola-chaqamiz yo'ldan ozishidan qo'rqamiz", deyishdi ular. Abubakr bu talablarga rozi bo'ldi. Toat-ibodatini o'z uyida ado etaverdi. Keyinchalik hovlisiga masjid qurdirib, oshkora ibodat qilishga o'tdi. Mushriklarning bola-chaqalari, ayollari kelib, uning qanday namoz o'qishini, Qur'on tilovatini qiziqsinib kuzata boshlashdi. Abubakr ko'ngli bo'sh odam edi. Qur'on o'qiganda o'zini tutolmai ho'ng-ho'ng yig'lar edi. Quraysh oqsoqollarining yuragiga battar vahm tushdi, darrov ibn Dag'nani chaqirtirib kelib diydiyo qilishdi: "Sen o'rtaga tushganing hurmati uchun Abubakr qaytib kelishiga, hovlisida namoz o'qishiga rozi bo'lgan edik. Lekin izzatini bilmagan bu kimsa hovlisiga masjid qurdirib, oshkora ibodatga o'tdi. Bola-chaqamiz uning hovlisidan beri kelmay atrofida o'ralashib yurishibdi. Ular yo'ldan ozib ketishidan qo'rqyapmiz. Agar yashirin ibodat qilishga, baland ovozda Quron o'qimaslikka va'da bersa berdi, bo'lmasa, endi sen o'rtaga tushma, homiylikdan voz kech, bu odam o'rtaga tushishingga arzimaydi. Endi uning oshkora ibodat qilishiga yo'l qo'yolmaymiz", deyishdi. Boshi qotgan ibn Dag'na: "Ey Abubakr, ikkalamiz yaxshi niyatda ahdu paymon qilishgan edik. Sen yo o'sha paytdagi va'daga binoan ish tutishing, yo mening homiyligimdan voz kechishing kerak. Ssn tufayli odamlar orasida ibn Dag'na lafzida turmas ekan, degan gap tarqalishini istamayman", dedi. Abubakr uning homiyligidan voz kechib, Ollohning himoyasiga suyaiajagini bildirdi. Ularning o'rtasidagi ahdning buzilishi Abubakrgl juda ko'p tashvish keltirdi. O'sha paytda mushriklardan jabr ko'rmagan musulmonning o'zi yo'q edi. Lekin bu azob-uqubatlar ularni dindan qaytarmadi, aksincha imonlarini mustahkamladi. Rasulullohga ergashganlar orasida musulmonchilik tufayli bu dunyoda biron narsaga erishishni ko'zlagan, manfaat orqasidan quvgan odam yo'q edi. Agar o'rtada manfaat ilinji ko'ndalang tursa ularning imondan qaytishi juda ham oson bo'lardi.

Islom dini yoyilmasligi uchun qo'llagan chora- tadbirlari samara bermaganidan, musulmonlarning soni kamayish o'rniga ortib borayotganidan tashvishga tushgan mushriklar maslahat kengashiga yig'ildilar. Abdushams ibn Abdumonof jamoasidan Utba ibn Robia Abshami hammaga gapi o'tadigan qabila boshliqlaridan biri edi. U yig'ilganlarga murojaat qilib: "Men Muhammadga uchrashib bir-ikkita narsani taklif etay, zora birontasini ma'qul ko'rib, bizni o'z diniga da'vat etishni to'xtatsa", dedi. Bu fikr hammaga ma'qul tushdi. Utba izlab kelganda rasululloh masjidda namoz o'qiyotgan edilar. "Ey jiyan, - dedi Utba. - Hammaga ma'lumki, sen nasl-nasabi toza odamsan. Shuning uchun seni qattiq hurmat qilamiz. Lekin hozir o'ylab topgan ishing birligimizga putur yetkazdi, odamlarimizni aqlsizga, ma'budlarimizni qo'lidan hech narsa kelmaydigan haykalga, dinimizni keraksiz ermakka, shu dinga e'tiqod qilgan ota-bobolarimizni kofirga chiqarding. Bu ishing bizni tashvishga solib qo'ydi. Shu sababli huzuringga bir-ikkita taklif bilan keldim. Qaysi birini qabul qilsang, biz o'shanisiga rozimiz". "Qanday takliflar ekan, eshitib ko'ray-chi", dedilar rasululloh. "Ey jiyan, agar yangi dinga da'vat qilishdan maqsading boylik topish bo'lsa, mol-dunyo yig'ib, seni hammamizdan boy-badavlat odamga aylantirib yuboraylik. Agar ko'ngling shon-shuhratni tusab qolgan bo'lsa, o'zimizga rahnamoyu boshliqlikka saylab faqat sening maslahating bilan ish tutaylik. Agar podsho bo'lishni istasang, ertagayoq taxtga chiqaraylik. Mabodo jin chalib ketib, chorasiz dardi bedavoga uchragan bo'lsang, sarf-xarajatini to'lab davolataylik. Bunaqa dardga chalingan odam davolanmasa tuzalishi qiyin", dedi Utba. "Gaping tugadimi?" dsb so'radilar rasululloh. "Ha, tugadi", dedi Utba. "Unday bo'lsa, gaplarimga yaxshilab quloq sol, - dedilar sarvari olam va Qur'ondagi fussilat surasining dastlabki oyatlarini o'qidilar.

- Bismillahir rohmavir rohim. Homim. Bu benihoya mehribon va shafqatli Olloh nozil qilgan vahiydir, oyatlari ravshan bayon etilgan kitobdir, biladigan qavm uchun nozil bo'lgan bashoratchi va ogohlantiruvchi arabcha Qur'ondir. Afsuski, ularning aksariyati yuz o'girishadi, unga (Qur'on oyatlariga) quloq solishmaydi. Ular dillarimiz chalg'igan, sen da'vat etayotgan narsalarni tushunmaymiz. Quloqlarimiz og'irlashib qolgan. Sen bilan bizning o'rtamizda parda bor. Sen o'z ishingni qil, biz ham o'z tirikchiligimizdan qolmaylik, deyishadi. Sen ularga men ham sizlarga o'xshagan odamman, menga yolg'iz Ollohdan o'zga iloh yo'q, deya vahiy qilindi, unga yuzlaninglar, faqat undangina mag'firat tilanglar, degin. Mushriklarning holiga voy! Ular zakot berishmaydi, oxiratni inkor etishadi. Imon keltirgan va yaxshi amallarni qilganlarga albatta uzluksiz savob berilajak. Sen ularga: Sizlar zaminni ikki kunda yaratgan Ollohni inkor etasizlarmi, unga shirk keltirasizlarmi? U jam'i olamlarning parvardigori, degin. Olloh zaminni, tog'larni barpo etib, qut-baraka koniga aylantirdi, jonli mavjudotlarning rizqini oldindan belgilab qo'ydi. Bu ishlarni to'rt kunda birdaniga nihoyasiga yetkazdi. Qiziquvchilar uchun shu javobning o'zi kifoya. Shundan so'ng osmonni yaratishga chog'landi, ungacha samo tuman holatida edi. Olloh osmon bilan zaminga o'z maylingiz bilan yoki majburan keling, deb buyurdi. Ular o'z ixtiyorimiz bilan keldik, deyishdi. Parvardigor yetti qavat osmonni ikki kunda yaratdi. Har bir osmonga o'zining vazifasini tayin etdi. Eng pastdagi osmonni yulduzlar bilan ziynatlab asrab-avayladi. Bu hamma narsani bilguvchi muzaffar Ollohning tadbir-laridir. Agar ular (mushriklar) bo'yin tovlashsa, sizlarni Od va Samud qavmlarining boshiga tushgan kulfatga o'xshash azobdan ogohlantiraman, degin. Ilgari ketma-ket kelgan payg'ambarlar yagona Ollohdan boshqa narsaga ibodat qilmang, deyishsa, ular: agar parvardigorimiz istasa farishtalarni yuborar edi, biz bu payg'ambarlarni butunlay inkor qilamiz, deyishadi".

Utba, qarindoshligimizning haqqi-hurmati tilovatingni bas qil, dedi-da, shartta o'rnidan turib, iziga qaytdi. Yo'liga ko'z tikib o'tirgan oqsoqollarning huzuriga kelib: "Muhammaddan shunday gaplarni eshitdimki, xudo haqqi, ilgari bunday kalomni sira eshitgan emasman. Uning gaplari she'rga ham, kohinning duolariga ham, sehru joduga ham o'xshamaydi. Ey quraysh oqsoqollari, Muhammadga tegmaylik, u o'z maylicha yuraversin. Xudo haqqi Muhammadning menga aytgan gaplari hammayoqqa yoyilib, odamlarni qiziqtirib qo'yadi. Mabodo Muhammadni boshqa qabilalar oradan ko'tarib tashlashsa, undan oson qutilgan bo'lasizlar, bordiyu, u golib chiqsa, bu sizlarning ham g'alabanglar hisoblanadi", dedi. Mushriklar Muhammad sening es-hushingni og'dirib qo'yibdi shekilli, deyishdi va rasulullohga odam jo'natib, ikkala tomonning odamlarini bir-biriga moslab, hammaga ma'qul keladigan yo'l topishni taklif etishdi. Olloh taolo bunga javoban Kofirun surasini nozil qilib, rasulullohga yo'l ko'rsatdi: "Ey kofirlar, sizlarning cho'qinayotgan butlaringizga men cho'qinmayman, sizlar ham men ibodat qilayotgan Ollohga sig'inmaysizlar. Men sizlarning butlaringizga cho'qinganim yo'q, sizlar ham men topinayotgan Ollohga ibodat qilmadinglar. Sizlarning diningiz o'zingiz uchun, meniki ham o'zim uchun, degin". Bundan ruhlangan payg'ambar alayhissalom: "Meni Ollohga sherik keltirish taklifinglarga ko'nadi deb xomtama bo'lmanglar", dedilar. Bu umidi ham puchga chiqqan mushriklar hech bo'lmasa, Qur'ondagi ularning g'ashini keltiradigan, butlarni ayblab, butparastlikka tahdid soladigan oyatlarni boshqalariga almashtirishni, loaqal sal o'zgartirishni o'tinishdi. Olloh bunga javoban Yunus surasining 15-oyatini nozil qildi: "Qur'onni o'zimcha o'zgartirolmayman, faqat menga vahiy qilingan narsalargagina ergashaman, degin".

Rasululloh bilan mushriklar shunday bahs-munozara qilayotgan kunlarning birida g'alati voqea yuz berdi. Bu hodisa ojiz odamni nazar-pisand qilmaslik durust emasligiga bir ishoradir. Rasululloh quraysh oqsoqollarini imonga keltirish umidida Qur'on bilan dinning mohiyatini tushuntirayotganlarida allaqachon musulmon bo'lgan ko'zi ojiz Abdulloh ibn Ummu Maktum kelib qoldi. Payg'ambar alayhis-salom quraysh oqsoqollarining samimiy muomalasidan erib, zora shu bahonada islomga kirib qolishsa degan umidda jon koyitib gapirardilar. Ummu Maktum: "Ey rasululloh, Olloh senga bildirgan narsalarni menga ham o'rgatgin", dedi va gapni cho'zib yubordi. Bu rasulullohning g'ashlarini keltirgan bo'lsa-da, indamay oqsoqollar bilan suhbatlarini davom ettiraverdilar. Ayni vaqtda qurayshning kattalari Ummu Maktumni yoqtirishmasligini, agar suhbatni buzib, u bilan gaplashsalar endigina insofga kelib turgan oqsoqollar yana to'nini teskari kiyib olishi mumkinligidan xavfsirab, unga qayrilib qaramadilar ham. Payg'ambar alayhis-salomning bunday muomalasi uchun Olloh koyib, Abasa surasining oyatlarini nozil qildi: "(U) peshonasini tirishtirib, yuzini teskari burdi, chunki uning yoniga ko'zi ojiz (Abdulloh) kelgan edi. Uning poklanishi yoki va'z-nasihat tinglab, bahra olishi mumkinligini sen qaydan bilasan? O'zing nasihatga behojat hisoblaydigan odamga esa yuzlanasan. U poklanmasa, senga baribir emasmi? Sendan ma'rifat istab yugurib kelgan odam esa Ollohdan qo'rqadi. Sen bu odamga qayrilib qaramading ham". Shu voqeadan keyin payg'ambar alayhis-salom biron faqir kimsaga olayib qaraganlari yo'q. Mabodo Ummu Maktum kelib qolsa: "Robbim u tufayli meni koyigan kishi, marhabo, marhamat qilsinlar", derdilar.

Talab va shartlari o'tmaganidan tarvuzi qo'ltig'idan tushgan mushriklar boshqacha yo'l tutmoqchi, rasulullohdan biron mo'jiza ko'rsatishni talab qilib uyaltirmoqchi bo'lishdi. Ular yig'ilishib: "Ey Muhammad, agar rost payg'ambar bo'lsang oyni ikkita qilib ko'rsat", deyishdi. Olloh o'z payg'ambarini mulzam qilib qo'ymaslik uchun oyni qoq ikkiga bo'lib ko'rsatdi. Rasululloh: "Ana, ko'ringlar", deya osmonga ishora qildilar. Bu g'aroyib hodisani juda ko'p kishilar aynan bir xil rivoyat qilishgani uchun yolg'on bo'lishi mumkin emas. Olloh taolo bu voqeani qamar surasining 2-7-oyatlarida: "Qiyomat yaqinlashdi, oy bo'lindi", deya bayon etadi. Mushriklar bu voqeadan ta'sirlanish o'rniga, Muhammad sehr ishlatib, odamlarning ko'zini bog'ladi, deyishdi. Olloh yuqoridagi suraning 3-oyatida: "Ular biror mo'jizani ko'rganda teskari qarashadi, uni odatdagi sehr deyishadi", deydi.

Shundan keyin mushriklar qarshilik ko'rsatish niyatida qaysarlik bilan rasulullohdan boshqa mo'jiza ko'rsatishni talab qilishadi va xuddi Isro surasining 90-93-oyatlarida bayon etilgandek shart qo'yishadi. "Toki sen yer ostidan bironta buloqni qaynatib chiqarmaguningcha gaplaringga aslo ishonmaymiz. Yo qoq o'rtasidan kattakon anhor oqib o'tadigan xurmozor, tolzor bog'ing bo'lsin, yo o'zing aytgandek ustimizga osmonni parchalab tashla, yo payg'ambarligingga guvoh qilib xudo bilan farishtalarni oldimizga olib kel. Loaqal biz o'qiy oladigan biron kitob ko'rsatmaguningcha osmonga chiqib tushganingga ishonmaymiz", deyishadi ular. Olloh ularning talablariga javoban Isro surasining 90-93-oyatlarida: "Sen, robbim pokdir, men bor-yo'g'i payg'ambar bo'lgan bir insonman, degin", dedi. Mushriklarning dili mutaassiblik va jaholat bilan shu qadar qorayib ketganki, har qancha mo'jiza ko'rsatilsa ham, baribir, imonga kelishmasligini parvardigor yaxshi bilar edi. Shu bois An'om surasining 109-oyatida bu haqda shunday deydi: "Ularga mo'jiza ko'rsatilsa-da, baribir, ishonmasligini bilmaysizlarmi?" Anfol surasining 32-oyatida aytilgandek: "Ey Olloh, Qur'on chindan ham sen tomondan nozil qilingan bo'lsa, ustimizga tosh yogdirgin yoki bizga og'ir azob yuborgin", degan odamlardan yaxshilik kutish mumkinmi? Dili qoraygan bu kimsalar Qur'onni chindan ham sen yuborgan bo'lsang bizni hidoyat qilgin, deyishgani yo'q. Ular payg'ambarni mulzam qilish niyatida mo'jiza ko'rsatishni so'rashar, xudoning elchilari esa imon keltirishdan bosh tortayotgan kofirlar Od va Samud qavmidek qirilib ketishidan ko'rqib ular istagan mo'jizani xudodan so'rashmas edi. Olloh Isro surasining 59-oyatida aytgan gaplari bu fikrni tasdiqlaydi: "Avvalshlarning karomatlarini yo'qqa chiqarishgani uchun mo'jizalarni namoyon etmadik".

Iso alayhis-salom Hirdavsning huzuriga kirganlarida u payg'ambardan mo'jiza ko'rsatishni talab qilgan. Isoyi masih talabini rad etgani uchun Hirdavs u zoti muborakning ustilaridan kulib, payg'ambarning ashaddiy dushmani Bilotusga qaytarib bergan. Vaholanki, u Iso alayhis-salom uchun jon koyitar, u kishi bilan ko'rishishni orzu qilardi. Faqat qulfi dili muhrlangan bo'lgani uchun unga imon esh bo'lmadi. Bu voqea injilning Luqo nusxasidagi 23-bobida batafsil bayon etilgan.

Mushriklar musulmonlarni biron dalil-isbot bilan lol etolmagach, kuch ishlatishga qaror qilishdi. Ibrohim payg'ambarning qavmi ham chorasiz qolganda shunday sharmisorlikdan qaytmagan edi. Anbiyo surasining 69-oyatida bu yovuz qavm tilidan shunday deyilgan: "Ibrohimni kuydirib ma'budlaringizga yordam bering, deyishdi". Mushriklar ham musulmonlarning rasulullohga ergashishga yo'l qo'ymaslik uchun har qadamda bir shumlik o'ylab topishdi, qo'llaridan kelgan har qanday razolatdan qaytishmadi. Rasululloh sahobalarga: "Turli tomonga tarqalib ketinglar, Olloh tez kunlarda sizlarni topishtiradi", dedilar. Sahobalar qayoqqa borishni so'rashganida rasululloh Habashistonga yo'l ko'rsatdilar.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.