background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 4-kun

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 4-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 

Rasululloh SAVning duolari

Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohumma inniy a'uvzu bika minal ‘ajzi val kasali val jubni val harami val buxli va a'uvzu bika min ‘azobil qabri vaa'uvzu bika min fitnatil mahya val mamoti», boshqa rivoyatda «Va zila'iddayni va g‘alabatir rijal», deb aytardilar (ma'nosi: Allohim, Sening noming bilan ojizlikdan, dangasalikdan, ko‘rqoqlikdan, munkillab qariya bo‘lishdan, baxillikdan, qabr azobidan, tirik va o‘liklar fitnasidan hamda qarz yukidan va kishilarning g‘olib kelishidan panoh tilayman). Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Abu Molik Horis ibn Osim al-Ash'ariy (r.a) rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: - Tahorat-pokizalik iymonning yarmidir. «Al-hamdu lillah» mezonni to‘ldiradi. «Subhanalloh va al-hamdu lillah» osmonlaru yer oralig‘ini to‘ldirishadi - yoki to‘ldiradi. Namoz nurdir. Sadaqa- zakot (iymonning sahihligiga) dilil-burhondir. Sabr ziyodir! Qur'on sizning foydangizga yoxud zararingizga ishlaydigan hujjatdir. Hamma tong sahardan harakat qilib o‘zini (Allohga yoki shaytonga) sotadi. Pirovardida nafsini (dunyo xorligi-yu Oxirat azobidan) xalos qiladi yoki (gunoh-ma'siyatlarga botib,) uni halok etadi. (sahih, Muslim rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bir odam yo‘lda ketayotib chanqab qoldi-da, bir quduqni uchratib, uning ichiga tushib suv ichdi. So‘ng, quduqdan chiqib, bir itning tashnalikdan harsillab tuproq namini yalayotganini ko‘rdi. Shunda u o‘ziga-o‘zi: «Bu it ham men kabi chanqab qolibdi» - deb quduqqa qayta tushdi va mahsisini suvga to‘ldirdi-da, quduqdan chiqib itga ichirdi. Olloh taolo bul amali solihi uchun uning gunohlarini kechirdi», - dedilar. Shunda sahobalar: «Yo Rasulalloh, hayvonlarga suv ichirsak ham, bizga savob tegurmi?» - deyishdi. Janob Rasululloh: «(Biz sug‘oradirgan) har bir jonzotda biz uchun savob (ajr) mavjuddur», - dedilar». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Hazrat Aliga: «Sen mendan va men sendandurman», - deganlar.

Hazrat Umar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam  Alidan rozi bo‘lib bu dunyodan ko‘z yumdilar», - deydilar. (Sahih, Buxoriy rivoyati)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.