background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 11-kun

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 11-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 

Rasululloh SAVning duolari

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohumma aslih liy dinillaziy huva ‘ismatu amriy, va aslih liy dunyayallatiy fiyha ma'oshiy va aslih liy oxiratillatiy fiyha ma'odiy, vaj'alil hayota ziyodatan liy fiy kulli xayrin vaj'alil mavta rohatan liy min kulli sharrin», deb aytardilar (Ma'nosi: Allohim, ishlarimni saqlovchi dinimni isloh qil. Yashaydiganim dunyoimni isloh et. Qaytishim unga bo‘lgan oxiratimni isloh qil. Har bir yaxshilikda hayotimni ziyoda qil. Va har bir yomonlikda o‘limni rohat qil.) Imom Muslim rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qildilar: «Inson (o‘z) vujudining har bir bo‘g‘imi uchun Quyosh chiqib (olamni munavvar qilguvchi) har kuni (Olloh taolo yo‘lida) xayru ehson (amali solihlar) qilmog‘i lozim bo‘lib, uning ikki odam orasini kelishtirib qo‘ygani ham savobdur, (safarda) hamrohini uloviga mingashtirib olib yoki uning yukini uloviga ortib olib, yordam qilgani ham savobdur, (birovning ko‘nglini ko‘targuvchi, unga dalda berguvchi) yaxshi (shirin) so‘z aytgani ham savobdur, namoz (uqiyman, deb) qo‘ygan har biri qadami ham savobdur va (odamlarga) ozor berguvchi (tosh, kesak, najosat kabi) narsalarni yo‘ldan olib tashlagani ham savobdur». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qildilar: «Men birlan odamlar [ya'ni, mening odamlarni jahannam o‘tidan qutqarmoq bo‘lib Islomga qilgan da'vatim birlan odamlarga dillari ziynatlab (aldab) ko‘rsatgan botil (yolg‘on, bekorchi) narsa] - o‘t yoqqan odam birlan o‘tga uchib kelgan parvonalar (yoki turli hasharotlar)ga o‘xshaydi. (O't yeqqan kishi) o‘shal hasharotlarni (harchand haydamasin), ular o‘zlarini o‘tga uraveradilar. Ikki ayol bo‘lib, ularning o‘g‘ilchalari o‘zlari birlan birga erdi. Nogahon bir bo‘ri kelib, ulardan birining o‘g‘ilchasini olib ketdi. Shunda (o‘g‘ilchasini bo‘ri olib ketgan ayol) dugonasiga: «Darhaqiqat, bo‘ri sening o‘g‘ilchangni olib ketdi», - dedi. U: «Yo‘q, sening bolangni olib ketdi», - dedi. Natijada ikkalasi tortisha-tortisha Dovud alayhissalomning huzurlariga borishdi. Dovud alayhissalom yoshi katta ayolning foydasiga hukm chiqarib, (omon qolgan bolani o‘shanga berdilar. Chunki, bola o‘sha ayolning qo‘lida erdi. Ikkinchi ayol Dovud alayhissalomning hukmlariga qarshilik qilmoqqa ojizlik qildi). So‘ng, ikkala ayol Sulaymon ibn Dovudning huzurlariga borishib, bo‘lgan voqeani ul kishiga aytib berishdi. Shunda Sulaymon alayhissalom: «Menga pichoq keltiringizlar, bolani ikki nimta qilib, ularga bo‘lib beraman», - dedilar. Yoshi kichik ayol: «Bunday qilmangiz, Olloh taolo xayringizni bersin! Bu bola shu ayolning bolasi», - dedi. Shundan so‘ng, Sulaymon alayhissalom bolani yoshi kichik ayolga bermoqni hukm qildilar».(sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Baro raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Zayd ibn Horisaga: «Sen bizning birodarimiz va mavlomizsan!» - deb marhamat qildilar». (Sahih, Buxoriy rivoyati)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.