background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 5-kun

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 5-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin! 
 
Qur’oniy duolar
 
Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, ustimizdan sabru toqat yog‘dirgil, qadamlarimizni sobit qil va O’zing bizni bu kofir qavm ustiga g‘olib qil! (Baqara surasi, 250-oyat) 
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
 
Beshinchi hadis. 
Hasan ibn Alidan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Shubhali narsani shubhasiziga qo‘y», dedilar. (Ya’ni, shubhali narsani tark qilib, shubhasiz narsani ol.) Termiziy va Nasaiy  rivoyatlari. 
 
Buyuk sahobalar o'gitlari
 
Hazrat Alining (r.a.) vasiyati
Hazrati Ali (r.a.) o’g’li Hazrati Hasanga vasiyat qilgan edilar:
-Bilmagan narsang haqida so’zlama;
-vazifang bo’lmagan ishga kirishma, har ishni ahliga qoldir;
-falokat kelishidan qo’rqqan yo’lingni tark et, zero bir ishda falokat sezilganda, unit ark etmoq qo’rquv bilan olg’a surmoqdan hayrlidir;
-o’zingdan kuchli zolimlar orasida sabr etmoqqa o’rgan, zero, haqsizlik qarshisida haq uchun sabr etmoq eng yaxshi axloqdir;
-kishi dunyoda oxirati uchun nima hozirlagan bo’lsa, ertaga shu narsaga erishadi;
-so’z ahli bo’lishdan ko’ra ish ahli bo’lgin. 
 
Saodat asri qissalari


Yomonlikka yaxshilik
Abu Hurayradan, roziyallohu anhu rivoyat qilinadi:
«Bir kun bir ayol oldimga kelib: 
— Men ham zino qildim, ham zinodan tug’ilgan bolamni o‘ldirdim. Endi shu gunohimdan tavba qilsam bo‘ladimi?  — deb so‘radi. 
— Sen uchun tavba yo‘q! — dedim men ayolga. — Alloh ko‘zingni ko‘r qilsin, hech bir qulaylik bermasin...
Shundan so‘ng ayol yig‘lab, tizzalariga urib chiqib ketdi. Ertasi kuni bomdod namozini o‘qib bo‘lgach, bu voqeani aytgan edim – Janobi Payg‘ambarimiz alayhissalom: 
— Sen ayolga naqadar yomon javob beribsan. Sen axir “Ular Alloh bilan birga boshqa biron ilohga iltijo qilmaslar va Alloh (o‘ldirishni harom qilgan) biron jonni nohaq o‘ldirmaslar hamda zino qilmaslar. Kim mana shu (gunohlardan birontasini) qilsa, uqubatga duchor bo‘lur. Qiyomat kunida uning uchun azob bir necha barobar qilinur va u joyda xorlangan holida mangu qolur. Magar kim tavba qilsa va imon keltirib yaxshi amallar qilsa, bas, Alloh ana o‘shalarning yomonlik-gunohlarini yaxshilik-savoblarga aylantirib qo‘yur. Alloh mag‘firatli, mehribon Zotdir” (Furqon, 68-70) mazmunli oyatlarni o‘qimaganmiding? — deya marhamat qildilar. 
Shundan so‘ng darhol ayolni chaqirtirib, unga bu oyatlarni o‘qib berdim. Ayol sevinganidan o‘sha zahoti sajda qildi va:
— Menga qutulish eshigini ochgan Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsin, — dedi».


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.