background
logotype
image1 image2 image3

Muborak oy tuhfasi. 6-kun

Assalomu alaykum aziz dindoshim!
Bugun Ramazonning oltinchi kuni. Ayyomingiz xayrli o'tsin!

Muborak kun Oyati


بسم الله الرحمن الرحيم
اللّهُ لاَ إِلَـهَ إِلاَّ هُوَ الْحَيُّ الْقَيُّومُ لاَ تَأْخُذُهُ سِنَةٌ وَلاَ نَوْمٌ لَّهُ مَا فِي السَّمَاوَاتِ وَمَا فِي الأَرْضِ مَن ذَا الَّذِي يَشْفَعُ عِنْدَهُ إِلاَّ بِإِذْنِهِ يَعْلَمُ مَا بَيْنَ أَيْدِيهِمْ وَمَا خَلْفَهُمْ وَلاَ يُحِيطُونَ بِشَيْءٍ مِّنْ عِلْمِهِ إِلاَّ بِمَا شَاء وَسِعَ كُرْسِيُّهُ السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضَ وَلاَ يَؤُودُهُ حِفْظُهُمَا وَهُوَ الْعَلِيُّ الْعَظِيمُ
Alloh - Undan o'zga iloh yo'qdir. (U hamisha) tirik va abadiy turuvchidir. Uni na mudroq tutar va na uyqu. Osmonlar va Yerdagi (barcha) narsalar Unikidir. Uning huzurida hech kim (hech kimni) Uning ruxsatisiz shafoat qilmas. (U) ular (odamlar)dan oldingi (bo'lgan) va keyingi (bo'ladigan) narsani bilur. (Odamlar) Uning ilmidan faqat (U) istaganicha o'zlashtirurlar. Uning Kursiysi osmonlar va Yerdan (ham) kenglik qilur. U ikkisining hifzi (tutib turishi) Uni toliqtirmas. U oliy va buyukdir.
(Baqara surasi, 255-oyat, Oyatal kursiy) 
  

Muborak kun Hadisi


Ro‘za va Qur’on qiyomat kunida banda uchun shafoat so‘raydi. Ro‘za: «Rabbim, men uni taom va mayllardan to‘sdim, endi uni shafoat qilaman qabul et!» deydi. Qur’on: «Men uni tunlari uyqudan to‘sdim, endi uni shafoat qilaman qabul et!» deydi. Shundan so‘ng ularning shafoatlari qabul qlinadi.
   

Muborak kun Hikmati


Kishining olim bo‘lishiga Alloh taolodan qo‘rqmog‘i, ilmsiz qolishiga esa amaliga mag‘rurlanishi kifoya qiladi. Masruq
   

Muborak kun Hikoyati


Rivoyat qiladilarkim, payg‘ambarimiz hazrat Muhammad alayhissalomga Allohning rasuli vazifasi berilgan choqda Iblis alayhila’naning yordamchilari hovliqib kelib: — Bir payg‘ambar jo‘natilibdi va bir ummat paydo bo‘libdi, — deb xavotir bilan xabar berishibdi. Shunda Iblis so‘rabdi: — O’sha ummat nafsning havoyi istaklariga berilib yashashni sevarmikin? Yordamchilar «ha, sevarkan», deb javob berishganda, Iblis hotirjamlik va mamnunlik bilan debdiki: — Nafsning havoyi istaklariga berilib yashashni sevsalar — masala yo‘q, biz uchun tashvishli yeri ham yo‘q. Butga topinishlari mutlaqo shart emas. Men ularni uch vosita bilan yo‘ldan ozdiraman: Birinchisi — haqsiz va g‘ayriqonuniy foyda topdirish orqali, ikkinchisi — topgan-tutganlarini loyiq bo‘lmagan narsalarga harj qildirish orqali va uchinchisi — loyiq bo‘lgan narsalarga sarflashdan yuz o‘girish orqali. Bilingkim, butun yomonliklarning manbai shulardir.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.