background
logotype
image1 image2 image3

Shayx Ahmad Diydot ibrati

Bundan bir necha yil muqaddam “Injil Muhammad alayhissalom haqlarida nima deydi?” nomli mo‘’jazgina risola butun dunyoga tar-qaldi va katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Uning muallifi Janubiy Afriqo Respublikasida istiqomat qiluvchi Ahmad Diydod ismli musulmon olimi nasroniylik ruhoniyi Hayten bilan munozara qilib, Injilning Eski Ahd qismida oxirgi payg‘ambar Muhammadning (alayhissalom) kelishlariga ochiq bashorat borligini isbotlab bergan edi.

Ahmad Diydod shunday yozadi: “Tavrot beshinchi kitobining 18-bob 10-oyati bo‘lajak payg‘ambarning Muhammad (alayhissalom) qiyofalarida dunyoga kelishini tasdiqlovchi yana bir dalildir. Ushbu so‘zlarga diqqat qiling: “Mening nomim bilan gapiradigan u payg‘ambar...”. Muhammad (solallohu alayhi va sallam) kimning nomi bilan, kimning nomidan gapiradilar?.. Qur’oni karimning 9-surasidan boshqa barcha suralari “Bismillahir rohmanir rohim” (Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan...”) deb boshlangan. Musulmonlar hamma halol ishlarini shu duo bilan boshlaydilar. Nasroniylar esa: “Ota, O‘g‘il va Muqaddas Ruh nomi bilan” ishga kirishishadi, shunday emasmi? Shu tariqa men Injildagi u bashorat Isoga (alayhissalom) emas, payg‘ambarimiz Muhammadga (alayhissalom) oid ekanini isbotlovchi yigirmaga yaqin dalil keltirdim”.
Dunyoda ming-minglab kishilarning tafakkurini tubdan o‘zgartirib yuborgan va ularning Islomga kirishlariga sabab bo‘lgan bu shijoatli olimning tarjimai holi ko‘plarni qiziqtirishi tabiiy. Xo‘sh, Ahmad Diydod kim?
Ahmad Diydod 1918 yili Janubiy Afriqo Respublikasining Durban shahrida tikuvchi oilasida tug‘ildi. O‘sha paytda Janubiy Afriqo oz sonli oqlar va tub qoratanli aholi o‘rtasidagi fojiaviy ziddiyatlar pallasiini boshidan kechirayotgan edi. Otasining Ahmaddan tashqari Abdulloh, Qosim va Umar ismli yana uch o‘g‘li bor edi. Keyinchalik Qosim va Umar yirik sarmoyador boylar bo‘lishdi. Abdulloh esa 1956 yili Qohiradagi Al-Azhar dorilfununiga o‘qishga kirdi. Uning islomiy harakat bilan tanishuvi shu yerda boshlandi. U vataniga qaytgach, hamfikr do‘stlari bilan “Musulmon yoshlar harakati” degan tashkilot tuzdi.
Ahmad Diydod boshqa qoratanli fuqarolar qatori har kuni o‘nlab marta ko‘chada, maktabda, do‘konda haqorat va kamsitishlarga duch kelar edi. Boshlang‘ich sinflarni a’lo bitirgan Ahmad o‘rta maktabga o‘tkazildi. Ammo unda atigi ikki yilgina o‘qidi, so‘ng oilaga yordam berish uchun ishga kirishga majbur bo‘ldi. Ishga joylasharkan, u ishlaydigan kichkinagina qahvaxona kelajakda katta dorilfununga aylanib ketishini xayoliga ham keltirmagan edi.
Qahvaxona katoliklarning diniy seminariyasi yaqinida edi. Bu yerga kelgan seminariya talabalari, muallimlari har gal bolaning jig‘iga tegishardi. Ular Ahmadga “Sen musulmonmisan?” deya baqirishar, javobini ham kutmay: “Sening dining yolg‘on”, “Pay-g‘ambaring yolg‘onchi”, “Kitobing uydirma”, “Borar jo-ying do‘zax” kabi so‘zlarni aytib, jazavaga tushishardi. Bu hol har kuni takrorlanardi. Avvaliga nas-roniylarning qilmishi Ahmadning g‘azabini qo‘zg‘adi. Ammo keyinchalik u: “Haqiqat qaerda-yu, yolg‘on qaerdaligini aniqlab olishim kerak”, degan qarorga keldi. Shu paytdan boshlab u o‘zining ozginagina maoshidan har oyda islomiy adabiyotlar sotib olishga pul ajratib qo‘yadigan bo‘ldi.
Bir kuni cherkov tomonidan Islomga qilingan hujumlarning guvohi bo‘lgan hind ruhoniyining “Haqiqatni topish” nomli kitobi Ahmadning qo‘liga tushib qoldi. Muallif unda aksilislomiy xurujlarga, shuningdek, hind nasroniylarining Islom haqida bergan savollariga javob qaytargan edi. Keyinchalik Diydod shunday deydi: “Bu kitob menga ko‘p narsa berdi, undan juda ko‘p savollarimga javob topdim”.
Injilni o‘rganish Ahmad Diydodning mustaqil bilim olishida navbatdagi bosqich bo‘ldi. U Yangi Ahdning turli nashrlaridan bir nechtasini sotib oldi va matnlarni muqoyasa qilar ekan, ularda jiddiy qarama-qarshiliklarni topdi. O‘z-o‘zidan: “Ularning qay biri to‘g‘ri?” degan savol tug‘ildi.
Yosh Ahmad ana shu bir-biriga zid kelgan o‘rinlarni qog‘ozga tushirdi va har kuni qahvaxonada jig‘iga teguvchilarga ko‘rsatdi. O‘smirning jiddiy savollariga seminariya ilohiyotchilarining javob berolmay dovdirab qolishgani bir umr Ahmadning esidan chiqmaydi. “Ular gangib qolishgan, nima de-yishni bilishmasdi, — deya eslaydi Ahmad Diydod. — Keyinchalik hech kim musulmonligim uchun ta’na qilolmaydigan bo‘ldi”. Bu voqea yosh Diydodga eng yaxshi himoya hujumga o‘tish ekanini anglatdi.
Oradan bir necha yil o‘tgach, Ahmad Diydod janubiy afriqolik sanoatchi va huquqshunos, adliya ishlari bilimdoni G‘ulom Husayn Fanaka bilan tanishib qoldi. Diydod va Fanaka tabiatlari va dunyo-qarashlariga ko‘ra bir-biriga juda o‘xshashardi. Ularni birlashtirib turgan narsa asosan Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) va u zotning sahobalari kabi Alloh taologa va musulmon ummatiga ixlos bilan xizmat qilish niyati edi. Yangi do‘st timsolida Ahmad Diydod islomiy ma’rifatni yoyish ishida sobitqadam safdosh topdi. Ular ilomiy bilimlarni birga o‘rganishar, dinlarni muqoyasa qilish bilan shug‘ullanishar edi. Bu paytga kelib Ahmad Diydod nasroniylarning ruhoniylari bilan bahs-munozaralarda muntazam qatnashar, o‘zida mohir da’vatchi mahoratini rivojlantirar edi.
Ahmad va G‘ulom ko‘p vaqtlarini da’vatga bag‘ishlashardi. 1956 yili ular Durbanda “Da’vat” tashkilotini ro‘yxatdan o‘tkazishdi va uning vakillari sifatida shahar-qishloqlardagi cherkov va nasroniylik o‘quv yurtlariga bora boshlashdi. Ular odamlarga Injil va nasroniy aqidasining qarama-qarshiliklarini tushuntirib berishardi.
Ahmad Diydod safdoshi bilan birga mamlakatni uzunasiga ham ko‘ndalangiga ham kezib, kishilar ongida to‘ntarish yasadi, ularning tushuncha va e’tiqodini butkul o‘zgartirib yubordi. Cherkov doirasidagi buhron fosh bo‘lib qoldi. Yuzlab nasroniylar Ahmad Diydod bilan suhbatdan keyin Islomga o‘tganlarini e’lon qilishdi. Durbanning ovloq ko‘chalaridan biriga joylashgan “Da’vat” tashkiloti eshiklari mamlakatning hamma burchaklaridan oqib kelayotgan muxlislar ko‘pligidan aslo yopilmasdi.
Keyptaunlik sarmoyador, shahardagi bir necha do‘konlarning egasi Solih Muhammad bilan tanishuv ham Diydod tarjimai holida muhim voqea bo‘ldi. Janubiy Afriqo Respublikasining savdo markazi — Keyptaun aholisining asosiy qismi nas-roniylar edi. Shaharda cherkov va nasroniylik o‘quv yurtlarining rivojlangan infratuzilmasi mavjud edi. Ammo Keyptaunda kattagina musulmon jamoasi ham istiqomat qilishiga qaramay, musulmonlarning shahardagi maqomlari uncha baland emasdi.
Ahvolni bir oz o‘nglash maqsadida Solih Muhammad nasroniy ruhoniylari bilan munozaralar o‘tkazish uchun Ahmad Diydodni Keyptaunga taklif etdi. Musulmon olimining muxoliflar bilan birinchi bahslariyoq jamiyatda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Har bir uchrashuvga ko‘p sonli jamoat to‘planar, ular orasida yirik tojirlar, davlat xizmatchilari bo‘lar edi. Ahmad Diydod qisqa vaqt ichida ko‘plab oqil insonlar ongiga ta’sir o‘tkazishga erishdi. Uning ismi qoratanli aholi erki uchun kurashchi Nelson Mandelaning nomi bilan bir qatorda tilga olinadigan bo‘ldi. Keyptaunni esa “Ahmad Diydod shahri” deb ataydigan bo‘lishdi.
O‘zining aytishicha, u erishgan yutuqlarda rafiqasi Havvo xonimning ham katta xizmatlari bor. Birgalikdagi hayotlarining birinchi kunlaridayoq Havvo xonim erining haqiqiy safdoshi va yordamchisiga aylandi. Chunki erining faoliyati katta jismoniy va ruhiy kuch-quvvat talab etardi. Har gal uyga qaytarkan, uni xonadonida mehribon va g‘amxo‘r ayoli, ajib osoyishtalik, farog‘at va orom kutib olardi.
Farzandlari, eng avvalo, musulmon bo‘lgani holda har biri o‘z hayot yo‘lidan borishdi. Katta o‘g‘li Ibrohim elektronika sohasida muhandis bo‘lib yetishdi, yana bir o‘g‘li Yusuf esa hozir yirik tijoratchi.
Ahmad Diydod hozirgi diniy arboblarga yetishmayotgan ko‘p fazilatlar sohibi edi. Do‘stlari va yaqinlari ta’kidlashicha, u hamisha halim, samimiy, qanoatli bo‘lib, suhbatdoshlarini tinglashni bilar, ularning savollariga odob bilan, lekin qat’iy javob qaytarar edi. Va’dasiga doimo vafo qilardi, hech qachon uchrashuvga kechikib bormasdi. Nihoyatda mashhurligiga qaramay, o‘zini haddan tashqari kamtar va xokisor tutar, ovqatlanish va kiyinishda hamma qatori bo‘lishga urinar edi. Eskigina “Folksvagen-juk” mashinasi uning yagona ulovi edi. Ahmad Diydod tozalik va tartibni juda yaxshi ko‘rardi. Uning mo‘’jazgina ishxonasi hamisha tartibli, pokiza bo‘lar, kitoblar tokchalarga chiroyli terilgan, stol ustida ortiqcha hech narsa bo‘lmas edi.
U o‘zi boshlagan ish davomli bo‘lishi zarurligini yaxshi tushunardi. Buning uchun mustahkam zamin yaratish kerak edi. Musulmon olimi o‘ziga xos ko‘tarinkilik va qat’iyat bilan ana shu maqsadni amalga oshirishga kirishdi. Uning sa’y-harakatlari bilan Janubiy Afriqo Respublikasida bir necha o‘quv yurt-lari va markazlar ochildi. Ular orasida Durbandagi Ahmad Diydod uslubi o‘rgatiladigan Islom da’vati xalqaro markazi asosiy o‘rinni egallaydi. Markazda sakkiz kurs bo‘yicha ikki yil ta’lim beriladi. Olimlar va voizlarning ko‘pi Ahmad Diydod maktabini o‘tagan va uni shaxsan yaxshi taniydigan kishilardir. Jahonning ko‘pgina mamlakatlaridan kelgan talabalar bu markazda islomiy ilmlarni va da’vatning eng zamonaviy usullarini o‘rganib vatanlariga qaytishmoqda.
Ahmad Diydod da’vat ishida zamonaviy texnologiya, telekommunikatsiyalar, internet va yo‘ldoshli telekanallardan foydalana olmadi. Chunki bu yangiliklarning ko‘pi olim og‘ir xastalikka uchraganidan keyin paydo bo‘ldi. Shunga qaramay, u chiqishlari va ruhoniylar bilan bahs-munozaralari or-qali o‘n minglab kishilar ongida to‘ntarish yasadi. Uning qator tillarga tarjima qilingan asarlari yolg‘on aqida va shubha-gumonlar ummonida ko‘pchilikka mayoq bo‘lib kelyapti. Umrining nihoyasida Shayx Ahmad Diydod to‘shakka mixlanib qolganiga qaramay, Allohning diniga xizmat qilishni davom ettirdi. Har kuni o‘nlab maktub va elektron yozishmalarga javob qaytarar, murojaat qilganlarning hammasidan qimmatli maslahatlari va pand-nasihatlarini darig‘ tutmasdi.

Rinat NIZOMIDDINOV
“Hidoyat” jurnalining 2004-yil, 5-sonidan olindi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.