background
logotype
image1 image2 image3

Ser Jeyms: «Iqrorligimni yozib qo‘y»

Hind allomasi Inoyatulloh al-Mashriqiy G‘arbda katta shuhrat qozongan. Nomzodini Nobel mukofotiga tavsiya etishganida rad qilgan. U Qur’oni karimning ilmiy mo‘‘jizalaridan ta’sirlangan ingliz olimi Jeyms Jend haqida quyidagi ajoyib hikoyani so‘zlab bergan ekan: “Ming to‘qqiz yuz to‘qqizinchi yil. Yakshanba kuni edi chog‘i. Sharros yomg‘ir quyardi. Bir yumush bilan uydan chiqdim. Shu payt ko‘chada Kembrij universitetining ustozi, mashhur falakshunos olim Jeyms Jendning cherkovga kelayotganini ko‘rib qoldim. Qo‘ltig‘iga Injil va shamsiyasini qistirib olibdi. Unga yaqin borib salom berdim.

Javob qilmadi. Yana salom berdim. U o‘ychan tikilib turdida: “Mendan nima istaysan?” dedi. Men: “Sizga ikki savolim bor, janob. Birinchidan, shunday kuchli yomg‘irda nega shamsiyangizni ishlatmayotganingizni bilmoqchiydim”, dedim. Ser Jeyms tabassum qilib, tezda shamsiyasini ochdi. “Ikkinchi savolim shuki, olamga mashhur sizday olimni cherkovga qatnashga nima majbur qiladi?” deb so‘radim. Bu savolimga ser Jeyms javob berolmay, bir oz o‘ylanib qoldi. So‘ngra: “Bugun kechqurun men bilan choy ichsangiz”, deb uyiga taklif qilib qoldi.

Oqshom tushgach, olimning uyiga bordim. Uy bekasi eshik oldida qarshilab, ser Jeyms meni kutayotganini aytdi. Xonaga kirib, ustiga choy qo‘yilgan stolchaga tikilganicha xayollariga g‘arq bo‘lib o‘tirgan professorni ko‘rdim. U mening kirganimni payqab: “Boya nima haqda so‘rovding?” dedi. Javobimni kutmayoq samoviy jismlarning tuzilishi, ularning muqarrar nizomi, cheksizligi, jozibiyati va kishini lol qoldiruvchi nurlar to‘foni haqida ma’ruza qila ketdi. Uning so‘zlarini tinglar ekanman, Allohning haybati jalolatidan qalbim larzaga kelganini his etdim.

Ser Jeyms bo‘lsa, sochlari tikkaygan holatda, ko‘zlaridan duv-duv yosh oqizib, Allohdan qo‘rquv tufayli qo‘llari titrab o‘tirar edi. Birdan u menga o‘girilib gapira boshladi:

—  Ey Inoyatulloh! Alloh maxluqlarining ajoyibligiga nazar solsam, ilohiy jalolatdan vujudim qalt-qalt titraydi. Allohga iltijo etib, “Sen ulug‘san!” deganimda bu duoni butun borlig‘im quvvatlayotganini his qilaman. Ulug‘ bir saodat va ajib bir taskin shuurimni chulg‘aydi, o‘zimni dunyoda eng baxtiyorlarning ham baxtlisi kabi his etaman. Inoyatulloh, nega cherkovga qatnayotganimni endi tushungandirsan?

Bu suhbat ongimda g‘alayon paydo qilgan edi. Men suhbatdoshimga shunday dedim:
—  Ey janob, menga so‘zlab bergan ilmiy tafsilotlaringizdan g‘oyat qattiq ta’sirlandim. Shu bois Qur’oni karimning bir oyati yodimga keldi. Ijozat bersangiz, sizga ham o‘qib bersam...
—  Xursand bo‘lardim, — deya bosh silkidi u.

Men oyatni o‘qiy boshladim:
—  «...Yana tog‘lardan ham oq, qizil — rango-rang yo‘l(li tog‘lar) ham, tim qora (tog‘lar) ham bordir. Shuningdek, odamlar, jonivorlar va chorva hayvonlari orasida ham rang-baranglari bordir. Allohdan bandalari orasidagi olim-bilimdonlarigina kurqur...» (Fotir, 27—28, mazmuni).

Shu jumlalarni o‘qiganimda ser Jeyms baralla qichqirib yubordi:
—   Nima deding?! «Allohdan bandalari orasidagi olim-bilimdonlarigina qo‘rqur...» Dahshat, g‘aroyib, judayam ajoyib!!! Bu ellik yillik o‘rganish va mushohadalarimning isboti-ku! Kur’onda chindanam shunday oyat bormi? Agar shunday bo‘lsa, mening iqrorligimni yozib ol, Inoyatulloh: Qur’on albatta Alloh tomonidan vahiy qilingandir!

Mubashshir AHMAD tarjimasi
«Hidoyat» jurnalining 2003 yil 7-sonidan olindi. 

2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.