background
logotype
image1 image2 image3

Sodom va Gomorra shaharlari halokati

 Lut Payg‘ambar (a.s.) Ibrohim Payg‘ambar (a.s.) bilan bir davrda yashagan va u Ibrohim Payg‘ambar (a.s.)ga qo‘shni bo‘lgan qavmga elchi qilib yuborilgan edi. Lut (a.s.)ning qavmi, butun olamda o‘sha kunga qadar hech kim qilmagan bir fahsh - besoqolbozlik bilan shug‘ullanar edilar. Lut (a.s.) odamlarga eng og‘ir gunohlardan biri bo‘lib hisoblangan bu fahshdan voz kechishni aytganda va ularga Allohning xabarini yetkazganda, ular unga rad javobini berdilar, uning Payg‘ambar ekanligini inkor etdilar va o‘zlarining jirkanch hayot tarzini davom ettirdilar. Buning oqibatida, bu qavm Alloh tomonidan dahshatli bir falokatda halok etildi.

Lutni ham (payg‘ambar qilib yubordik). O'z qavmiga aytdi: «Shunday (yomon) fahsh ishni qilasizmi? Sizlardan oldin butun olamda hech kim uni qilmagan edi. Sizlar xotinlar qolib, shahvat bilan (nafsni qondirish uchun) erkaklarga «kelasiz». Ha, sizlar isrofgar qavmdirsizlar.» («A'rof» surasi, 80-81-oyatlar)

Ular ustiga (azobni) yomg‘irdek yog‘dirdik. Bas, jinoyatchilar oqibati qanday bo‘lganiga boqing! («A'rof» surasi, 84-oyat)

Biz fosiq (fahsh ishlarni qiluvchi) bo‘lganlari uchun bu qishloq ahli ustiga osmondan azob (tosh) yog‘diruvchidirmiz. Biz aql yurgizadigan qavmga (ibrat uchun) u (qishloq)dan aniq asorat qoldirganmiz. («Ankabut» surasi, 34-35-oyatlar)

Lut (a.s.) yashagan va keyinroq halok qilingan bu shahar Tavrotda «Sodom» deb nomlangan. Qizil dengizning shimolida yashagan bu qavm Qur'onda yozilganlarga uyg‘un bir tarzda halok etilganligi ma'lum bo‘ldi. Arxeologik qazishmalar bu shaharning O'lik dengiz yaqinida, ya'ni hozirgi kundagi Isroil-Iordaniya chegarasida bo‘lganligini aniqladi. Olimlarning fikriga ko‘ra, mazkur hudud katta miqdordagi oltingugurt moddasi bilan qoplangan. Shu sababdan u yerda na hayvon va na o‘simlik kabi hech bir hayot shakli uchramaydi va bu hudud halokatning bir ramzi sifatida saqlanib qolgan.

Oltingugurt vulqon portlashlari natijasida paydo bo‘ladigan elementdir. Binobarin, Qur'onda bildirilgan halokat shakli zilzila hamda vulqon portlashlari bo‘lganligiga doir aniq dalillar mavjud. Nemis arxeologi Verner Keller bu hudud to‘g‘risida quyidagilarni ma'lum qiladi:

Aniq shu hudud orqali o‘tgan bu ulkan yoriqning asosi bilan birgalikda, Sodom va Gomorrani o‘z ichiga olgan Siddim vodiysi bir kuni yer qa'riga ravona bo‘lgan edi. Ularning vayron bo‘lishi kuchli zilzila va uning ketidan portlashlar, chaqmoqlar, tabiiy gazning chiqishi hamda umumiy katta yong‘in natijasida yuz bergan... Yerning cho‘kishi siniqning bor bo‘yicha pastda harakatsiz yotgan vulqon kuchlarini qo‘zg‘atgan. Bashan yaqinidagi Iordaniyaning yuqori vodiysida hanuz so‘ngan vulqonning yuksak kraterlari mavjud; katta maydonga yoyilgan lava va chuqur bazalt qatlamlari ohaktoshli yuza ustidan joy olgan.243

Bu lava va bazalt qatlamlari u yerda bir zamonlar vulqon otilganligi va zilzilalar sodir bo‘lganligidan darak beruvchi muhim dalillardir. Har qanday holatda ham Lut ko‘li yoki O'lik dengiz bevosita seysmik faol hudud, boshqacha so‘zlar bilan aytganda zilzilabelbog‘iuzrayotadi:

O'lik dengizning asosi Rift vodiysi nomli tektonik botiqlikda joylashgan. Bu vodiy shimoldagi Galili dengizi (Bahr Tabareya)dan janubdagi Arabah vodiysining o‘rtasigacha 300 kilometr (186 milya)ga cho‘zilgan.244

Lut qavmining boshiga tushgan falokatning texnik jihati geologlar tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotda aniqlandi. Bunga ko‘ra, Lut qavmini butunlay yo‘q qilgan zilzila Yer qobig‘idagi juda uzun bir yoriq natijasida harakatga kelgan. Iordan daryosi o‘zining 190 km (118 milya)lik masofasi bo‘yicha jami 180 metr (590 fut) pastlaydi. Bu hamda O'lik dengizning dengiz sathidan 400 metr pastlikda ekanligi, bu yer va uning atrofida bir zamonlar buyuk bir geologik hodisa sodir bo‘lganligini isbotlovchi dalillardandir.

Iordan daryosi va O'lik dengizning bunday qiziq strukturasi bu hudud orqali o‘tuvchi yoriq yoki siniqning faqatgina bir qismini tashkil etadi. Bu yoriq Taurus tog‘larining etaklaridan boshlanadi va O'lik dengizning janubiy qirg‘oqlaridan o‘tib, janub tomonga yo‘naladi va Arabiston cho‘li orqali Aqaba ko‘rfaziga yetib boradi. U yerdan Qizil dengizni kesib o‘tib, Afrikada nihoyaga yetadi. Bu hududlarda kuchli vulqon harakatlari kuzatiladi. Ular shunday hajmda sodir bo‘ladiki, qora bazalt va lava Isroildagi Galili tog‘larida, Iordaniyaning baland yassitog‘ qismlarida, Aqaba ko‘rfazida va boshqa yaqin yerlarda uchrashi mumkin.

Bu qoldiqlar va geografik xususiyatlar O'lik dengiz bo‘yida buyuk bir geologik hodisa sodir bo‘lganligidan darak beradi.

National Geographic jurnalining 1957 yil dekabr oyi nashri bu mavzu yuzasidan quyidagi ma'lumotlarni keltiradi:

Behosil biyobon bo‘lgan Sodom tepaligi O'lik dengiz uzra tik qad ko‘targan. Haligacha Sodom va Gomorra shaharlarining xarobalarini hech kim topa olgani yo‘q, lekin olimlarning fikrlariga ko‘ra, bu shaharlar ushbu qoyalarning qarshisidagi Siddim vodiysi bo‘lgan. Ehtimol, zilziladan so‘ng O'lik dengizning toshqin suvlari ularni yutib yuborgan bo‘lishi mumkin.245

Halokatga yuz tutgan bu shaharga oid ma'lumotlardan biri, xuddi «Hijr» surasining 76-oyatida vahiy qilingani kabi, bu shaharlarning hali ham asosiy yo‘l ustida ekanligi haqidadir.

Geograflar bu hududni Arabiston yarim orolidan Suriya va Misrga qadar cho‘zilgan O'lik dengizning janubi-sharqidagi bir yo‘l ustida bo‘lganligini aniqladilar. (Qarang: Horun Yahyo. Perished Nations, Ta-Na Publishers, Buyuk Britaniya, 2001; Global Publishing, Istanbul, 2002)

 

Bas, Biz u shaharni ostin-ustun qilib yubordik va ularning ustiga sopoldan (yasalgan) tosh Shirdik. Albatta, bu (hodisa)da farosatli kishilar uchun alomatlar bordir. Darvoqe, u (aholisi halok etilgan shahar) doimiy yo‘l ustidadir. Albatta, bunda mo‘minlar uchun alomatlar bordir. («Hijr» surasi, 74-77-oyatlar)

 

Axir ular yer yuzida sayr etishib, o‘zlaridan avvalgi payg‘ambarlarni inkor qilib, imonsiz kimsalarning oqibatlari qanday bo‘lganini ko‘rsalar bo‘lmaydimi?! O'shalar bulardan (Makka kofirlaridan) ko‘ra kuvvatliroq bo‘lgan va (o‘z) yerlarini bular obod qilganidan ko‘ra ko‘proq ishlov berib, obod qilgan edilar-ku! Ularga ham o‘z payg‘ambarlari hujjatlar keltir-ganlar. Bas, Alloh ularga zulm qiluvchi bo‘lmadi, lekin ular o‘zlariga zulm qiluvchi bo‘ldilar. («Rum» surasi, 9-oyat)

______________

243. Keller, Und die Bibel hat doch recht, 75-76. 
244. «Le Monde de la Bible» (Bibliya dunyosi), Archeologie et Histoire, iyul-avgust, 1993. 
245. G. Ernest Rayt, «Bringing Old Testament Times to Life» (Tavrot davrini hayotga qaytarib), National Geographic 112, dekabr, 1957, 883. 


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.