background
logotype
image1 image2 image3

Qur’onda raqamli hisoblar (abjad hisobi)

Arab alifbosidagi har bir harf raqamli qiymatga ega. Boshqacha qilib aytganda, arab tilidagi har bir harf biror raqamni anglatadi. Bir qator hisoblash amallari shu asosda bajarilishi mumkin. Bunday hisoblash turi raqamli hisoblar (abjad) yoki «hisaab al-jummal» deb ataladi.253 Alifboning har bir harfi biror raqamni anglatishini bilgan musulmonlar uni bir qancha sohalarda qo‘llaganlar. «Ilm al-jafr» bu sohalardan biridir.

«Jafr» kelajakda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsalarni bashorat qilish ilmidir. Bunga ko‘ra, ramziy shakllar va harflarning raqamli qiymatlarini taqqoslash bu soha bilan mashg‘ul bo‘lgan kimsalar tomonidan ishlatiladigan usullardan biridir.

«Abjad» va «jafr» usullari o‘rtasvdagi asosiy farq shundaki, birinchisi allaqachon sodir bo‘lgan voqealarga, keyingisi esa kelajakda sodir bo‘ladigan voqealarga ishorat qiladi.254

Hisoblashning bu usuli yozuvning bir shakli bo‘lib, uning tarixi bir necha asr oldingi davrlarga borib taqaladi va u Qur'on nozil qilinishidan oldin keng miqyosda qo‘llanilar edi. Arab tarixida sodir bo‘lgan har bir narsa harflarning raqamli qiymatlari hisobga olingan holda yozilar va shu tariqa har bir voqeaning sanasi qayd etib borilar edi. Bu sanalar harflarning raqamli qiymatlarini bir-biriga qo‘shish orqali chiqarilar edi.

Qur'onning ayrim oyatlari «abjad» usuli asosida tekshirib ko‘rilsa, bu oyatlarning ma'nolari bilan to‘liq mos tushadigan bir qator sanalarning paydo bo‘lishini ko‘rishimiz mumkin. Bu oyatlarda ishorat qilingan narsalar haqiqatda mazkur usul orqali hisoblab chiqilgan sanalarda sodir bo‘lganligiga shohid bo‘lgani-mizda, oyatlardagi bu voqealarga taalluqli sirli alomatlar mavjudligini tushunib yetamiz. (Alloh hammadan ko‘p bilguvchidir.)

Qiyomat yaqinlashdi. Oy ham bo‘lindi. («Qamar» surasi, 1-oyat)

Yuqoridagi oyatda qo‘llanilgan arabcha «inshaqqa» (bo‘lindi) so‘zi «shaqqa» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, «biror narsaning ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoq, tuproqni haydamoq yoki kovlamoq» degan ma'nolarda ham ishlatilishi mumkin.

Biz (osmondan) suvni mo‘l yog‘dirdik. So‘ngra yerni (giyohlar unsin, deb) yordik. Sungra Biz unda donlarni undirdik, uzum va ko‘katlarni, zaytun va xurmolarni, qalin daraxtzor bog‘larni, mevayu giyohlarni ham. («Abasa» surasi, 25-31-oyatlar)

Ko‘rib turganimizdek, yuqoridagi oyatda ishlatilgan «shaqqa» so‘zi «ikkiga bo‘lish» emas, balki «tuproqni yorib, turli ekinlarni undirish» ma'nosida kelgan. Mana shu jihatdan olib qaralganda, «shaqqa» so‘zining «Oy ham bo‘lindi» («Qamar» surasi, 1-oyat) ifodasidagi ma'nosi uning 1969 yilgi oyga qo‘nish va Oyda amalga oshirilgan izlanishlarni nazarda tutayotganligida ham ko‘rinishi mumkin. (Alloh hammadan ko‘p bilguvchidir.) Haqiqatda, bu yerda boshqa bir juda muhim alomat mavjud. «Qamar» surasidagi bu oyatda ishlatilgan ayrim so‘zlarning «abjad» qiymatlari ham 1969 raqamini keltirib chiqaradi.

Bunday hisoblash usulida alohida urg‘u berilishi kerak bo‘lgan muhim bir jihat shundaki, unda juda katta va matnga aloqador bo‘lmagan sonlarning kelib chiqish ehtimoli bor. Juda kichik aloqador sonlarning hosil bo‘lish ehtimoliga qaramay, bunday aniq raqamlarning kelib chiqishi hayratlanarli bir holdir.

Qiyomat /yaqinlashdi/. Oy ham bo‘lindi.

Hijriy: 1390, Grigoriy: 1969

«Yaqinlashdi» jumlasi hisobga olinmaydi, chunki u arab tilida oyatning boshida keladi.

1969 yilda amerikalik astronavtlar Oyda tadqiqot o‘tkazishdi, turli uskunalar bilan uning tuprog‘ini kovlashdi, uni yorib, Yerga namuna olib qaytishdi.

Biroq biz shu narsani ta'kidlashimiz lozimki, albatta, Oyni bo‘lish Allohning Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga bergan mo‘‘jizalaridan biridir. Bu mo‘‘jiza hadislarning birida quyidagicha tasvirlanadi:

Makka xalqi Rasulullohdan ularga mo‘‘jiza ko‘rsatishni so‘radilar. Shunda Rasululloh ularga Oyning ikki bo‘lakka bo‘linganini ko‘rsatdilar. Makkaliklar bu ikki bo‘lak orasida Hiram tog‘ini ko‘rdilar. (Sahih Buxoriy)

Yuqoridagi mo‘‘jiza oyatda vahiy qilingan Oyning bo‘linishidir. Binobarin, Qur'on barcha zamonlarga qaratilgan Kitob bo‘lganligi bois, bu oyat bugungi kunimizda Oyning tadqiq etilishini nazarda tutmoqda, deb tushunilishi mumkin. (Alloh hammadan ko‘p bilguvchidir.)

Qur'onning boshqa bir matematik mo‘‘jizasi 19 raqamining oyatlarda shifrlanish usulidir. Qur'ondagi «Uning ustida o‘n to‘qqiz (farishta qo‘riqchilik qilur)» («Muddassir» surasi, 30-oyat) oyatida urg‘u berilgan son Kitobning bir qancha joylarida shifrlangan. Bunga quyidagi ba'zi misollarni sanab o‘tish mumkin:

Basmala 19 harfdan iborat.

Qur'on 114 (19 x 6) suradan iborat.

Nozil qilingan birinchi sura (96-sura) oxiridan 19-suradir.

Qur'onda nozil qilingan ilk oyatlar 96-suraning birinchi besh oyati bo‘lib, bu oyatlardagi so‘zlarning jami soni 19 tadir.

Ko‘rib turganimizdek, birinchi besh oyat 19 ta so‘zdan iborat. « و» so‘z emas, balki harfdir. Shu singari, « ب» harfi ham hisobga olinmadi.

Vahiy etilgan ilk sura, ya'ni «Alaq» surasi 19 oyatdan va 285 (19 x 15) harfdan tashkil topgan.

Eng oxiri vahiy qilingan sura, ya'ni «Nasr» surasi, jami 19 so‘zdan iborat.

Bundan tashqari, «Nasr» surasining Allohning yordami haqida so‘z ketgan birinchi oyati 19 harfdan tashkil topgan.

Qur'onda 114 ta basmala bor yoki 19 x 6.

Qur'onda jami 113 sura basmala bilan boshlanadi. Basmala bilan boshlanmaydigan yagona sura, 9-sonli «Tavba» surasidir. «Naml» surasi ikkita basmalali yagona suradir.

Bularning biri suraning boshida, boshqasi esa 30-oyatdadir. Basmala bilan boshlanmaydigan «Tavba» surasidan boshlab sanasak, «Naml» surasi 19-sura bo‘lib keladi.

«Tavba» surasidan 19 sura keyin keladigan 27-raqamli «Naml» surasining boshida hamda 30-oyatida basmala bor. Demak, 27-surada ikkita basmala mavjud. Basmalalarning 114 ta bo‘lishini ta'minlovchi 27-suraning 30-oyatidir. Oyat va sura raqamlarini, ya'ni 30 va 27 larni bir-biriga qo‘shsak, 57 (19 x 3) sonini chiqaramiz.

«Tavba» surasidan (9) «Naml» surasiga (27) qadar jami suralar soni quyidagichadir: 342(9+10+11+12+13+14+15+16+17+18+19+20+21+22+23+24+ 25+26+27). Bu raqam 19 ni 18 ga ko‘paytirganda hosil bo‘ladi.

Raqamlari 19 va 19 ning ko‘paytmasi bo‘lgan oyatlarda (ya'ni 19, 38, 57, 76 va boshqa oyatlar) kelgan Alloh ismlarining jami soni 133 (19x7) dir.

«Bir» ma'nosini anglatuvchi «vahd» so‘zining «abjad» qiymati 19 dir. Bu so‘z Qur'onda bir eshik, bir ovqat turi kabi so‘zlar bilan ishlatilgan. Ammo «Alloh» nomi bilan esa 19 marta qo‘llanilgan.

«Vahd» so‘zi 19 marta ishtirok etgan sura va oyat raqamlarining jami 361 (18 x 19) dir.

«Yolg‘iz Allohga ibodat eting» ifodasining arabchasi «vahdahu» 7:70, 39:45, 40:12, 40:84 va 60:4 raqamli oyatlarda uchraydi. Buraqamlar (ularning takroriylarisiz) qo‘shilganda 361 (19 x 19) soni kelib chiqadi.

Ilk boshlovchi harflar (Alif, Lom, Mim; «Baqara» surasining 1-oyati) va so‘nggi boshlovchi harflar (Nun; «Qalam» surasining 1-oyati) o‘rtasidagi oyatlar soni 5263 (19 x 277) tadir.

Boshlovchi harflari bor bo‘lgan birinchi sura va boshlovchi harflari bor bo‘lgan so‘nggi sura o‘rtasida boshlovchi harflarga ega bo‘lmagan 38 (19 x 2) sura mavjud.

«Rahmon» (shafqatli) so‘zi Qur'onda 57 (19 x 3) marta qo‘llangan.

Qur'onda o‘ttiz xil turli raqamlar qayd etilgan.

1  7        19      70      1000

2  8        20      80      2000

3  9        30      99      3000

4  10      40      100    5000

5  11      50      200    50000

6  12      60      300    100000

Bu raqamlarning jami (takroriy kelganlar hisobga olinmaganda) soni 162146 dir. Bu 19 x 8534 demakdir: 1+2+3+4+5+6+7+8+9+10+11+12+19+20+30+40+50+60+70+80+90+100+200+300+1000+ +2000+3000+5000+50000+100000=162146 (19 x 8534)

Bu o‘ttiz raqamga qo‘shimcha ravishda, Qur'onda yana sakkizta kasrli son nazarda tutilgan: 1/10, 1/8, 1/6, 1/5, 1/4, 1/3, 1/2 va 2/3. Shu tariqa, Qur'on jami 38 (19 x 2) ta turli raqamlarni o‘z ichiga olgan.

Qur'onning boshidan hisoblaganda 19 ta oyatdan iborat birinchi sura «Infitor» surasidir. Bu suraning boshqa bir fazilati shundaki, uning oxirgi so‘zi «Alloh»dir. Bu ayni zamonda Rabbimizning «Alloh» deb zikr etiladigan ismining Qur'on oxiridan 19-marta ishlatilishidir.

Qof harfi bilan boshlanadigan 50-sura jami 57 (19 x 3) ta Qof harflarini o‘z ichiga olgan. Boshida Qof harfi bo‘lgan 42-surada ham 57 ta Qof harfi bor. 50-sura 45 ta oyatdan iborat. Ular qo‘shilganda jami 95 (19 x 5) natijani hosil qiladi. 42-surada 53 ta oyat mavjud. Bular ham 95 (42 + 53) natijani hosil qiladi.

«Qof» surasining ilk oyatida Qur'on uchun qo‘llanilgan «Majid» so‘zining «abjad» qiymati 57 (19 x 3) dir. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, sura ichidagi Qof harfining jami soni ham 57 dir.

Qur'onda Qof harfining ishlatilish sonini hisoblaganimizda jami 798 (19x42) soniga ega bo‘lamiz. Qirq ikki soni esa boshlovchi harflarining orasida Qof bo‘lgan boshqa bir suraning raqami hamdir.

68-sura Nun harfi bilan boshlanadi. Uning bu surada uchraydigan jami soni 133 (19x7) tadir. Sura raqamlari 19 ning ko‘paytmasi bo‘lgan suralarning oyatlar sonini (basmalani hisobga olgan holda) bir-biriga qo‘shganimizda quyidagicha natija kelib chiqadi:

SURA        OYAT

19x1  19-sura        99

19x2  38-sura        89

19x3  57-sura        30

19x4  76-sura        32

19x5  95-sura        9

19x6  114-sura      7

JAMI  266 (19x14)

«Yosin» surasi Yo va Sin harflari bilan boshlanadi. Bu surada Sin harfi 48 marta, Yo harfi esa 237 marta uchraydi. Bu harflarning jami 285 (19 x 15) dir.

Yolg‘izgina bir sura, ya'ni 7- sura «Alif, Lom, Mim, Sod» boshlovchi harflar bilan boshlanadi. Alif harfi bu surada 2529 marta, Lom harfi 1530 marta, Mim harfi 1164 marta va Sod harfi 97 marta ishlatilgan. Demak, bu to‘rt harf jami 2529 + 1530 + 1164 + 97 marta yoki 5320 (19 x 280) marta ishlatilgan.

Alif, Lom va Mim harflari arabchada eng ko‘p qo‘llaniladigan harflardir. Ular birgalikda olti suraning, ya'ni 2, 3, 29, 30, 31 va 32 raqamli suralarning boshidan joy olgan. Mazkur olti suraning har birida bu uch harfning jami ishlatilganlik soni 19 ning ko‘paytmasi bo‘lib keladi: 9899 (19 x 521), 5662 (19 x 298), 1672 (19 x 88), 1254 (19 x 66), 817 (19 x 43) va 570 (19 x 30). Bu uch harf ushbu 6 surada jami 19874 (19 x 1046) marta ishlatilgan.

Alif, Lom va Ro boshlovchi harflari 10, 11, 12, 14 va 15-suralarda ishlatilgan. Bu harflar mazkur suralarda jami 2489 (19 x 131), 2489 (19 x 131), 2375 (19 x 125), 1197 (19 x 63) va 912 (19 x 48) marta ishlatilgan.

Alif, Lom va Ro boshlovchi harflari jami 1482 (19 x 78) marta ishlatilgan. Alif harfi 605 marta, Lom harfi 480 marta, Mim harfi 260 marta va Ro harfi 137 marta uchraydi.

Qof, Ha, Yo, Ayn va Sod boshlovchi harflari faqatgina 19-surada ishlatilgan. Bu surada Qof harfi 137 marta, Ha harfi 175 marta, Yo harfi 343 marta, Ayn harfi 117 marta va Sod harfi 26 marta uchraydi. Bu besh harf ushbu surada jami 137+175+343+117+26=798 (19 x 42) marta ishlatilgan. Bu mavzu bo‘yicha boshqa topilmalar quyidagicha: Butun Qur'onda,

«Atii'» (itoat et!) so‘zi 19 marta ishlatilgan,

«Abd» (banda), «aabid» (ibodat qiluvchi) va «i'buduu» (ibodat qilinglar) so‘zlari jami 152 (19 x 8) marta ishlatilgan.

Quyida keltirilgan Allohning ismlaridan ba'zilarining raqamli abjad qiymatlari ham 19 ning ko‘paytmasidir:

Al-Vaahid (Yagona) 19 (19 x 1)

Al-Jaami' (Jamlovchi) 114 (19 x 6)

_____________________

253. Ismail Yakit, Turk-Islam Kulturunde Ebced Hesabi ve Tarih Dusurme (Turk-Islom madaniyatvda abjad hisobi va tarixni chiqarib olish), 36. 
254. Yuqoridagi manbadan, 56. 


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.