background
logotype
image1 image2 image3

Nuh to’foni

 Biz Nuhni o‘z qavmiga (payg‘ambar qilib) yubordik. Bas, u ularning orasida ellik yili kam ming yil turdi. Bas, ularni zolim (kofir) bo‘lgan hollarida to‘fon (balosi) tutdi. («Ankabut» surasi, 14-oyat) Nuh Payg‘ambar (a.s.) o‘z qavmiga Alloh tomonidan elchi qilib yuborilgan edi. Parvardigorning buyruqlaridan o‘zlarini chetga olgan va Unga sheriklar qilgan qavmini Nuh Payg‘ambar (a.s.) faqat yolg‘iz Allohgagina xizmat qilishlari va o‘z jamoalarida hukm surayotgan yolg‘on ibodatlardan voz kechishlari kerakligi to‘g‘risida ogohlantirdi. Garchi Nuh (a.s.) o‘z qavmiga buyuk notiqlik va donolik bilan murojaat kilgan va ularni Allohning jazosidan ogoh qilgan bo‘lsa-da, ular Payg‘ambarni tan olmadilar va Allohga sherik qilishda davom etdilar. Shunda Alloh Nuh (a.s.)ga imonsizlarni suvga cho‘ktirish orqali jazolajagini xabar qildi.

 

Shuningdek, Alloh O'z Elchisiga haqiqiy dinni mamnuniyat bilan qabul qilgan hamda Yolg‘iz va Yagona Allohga ibodat qilgan mo‘minlarni O'z rahm-shafqati ila qutqarib qolajagini ham ma'lum qildi. Nuh qav-mining halok etilishi va mo‘minlarning qutqarilishi Qur'onning bir oyatida shunday tasvirlanadi:

Shunda uni yolg‘onchiga chiqardilar. Bas, (Biz) uni va u bilan birga (imon keltirgan)larni kema ichida (saqlab, to‘fondan) qutqardik va oyatlarimizni yolg‘onga chiqarganlarni (suvga) g‘arq qildik. Ular (qalbi) ko‘r kishilar edi. («A'rof» surasi, 64-oyat)

Jazo vaqti yetganda, yerdagi suv buloqlari shiddatli yomg‘irlar bilan birlashib, ulkan suv toshqinini keltirib chiqardi. (Alloh hammadan ko‘p bilguvchidir.) Toshqin kelishidan oldin, Alloh Nuh (a.s.) bilan so‘zlashib, unga quyidagicha vahiy qiladi:

Bas, Biz unga vahiy qildik: «Bizning himoyamizda va vahiymiz bilan bir kema yasagin! Bas, kachonki, Bizning amrimiz kelib, tannurdan (olov o‘rniga) favvoralar otilgan vaqtida, u kemaga har (jonivor)dan bir juftdan va oilangni solgin! Lekin kofirlardan kim haqida Bizni so‘zimiz (g‘arq bo‘lishi haqidagi hukmimiz) kechgan bo‘lsa (ularni tark qilgin) hamda ular haqida (najot so‘rab) Menga xitob (iltijo) qilmagin! Ular, albatta, (to‘fon suviga) g‘arq qilinuvchidirlar!»  («Mu'minun»surasi, 27-oyat)

Nuh (a.s.)ning kemasiga minganlardan boshqa butun qavm suvga g‘arq qilindi. O'lganlar ichida payg‘ambarning o‘g‘li ham bo‘lib, u tog‘dan boshpana topib, qutulib qolaman deb o‘ylagan edi.

(So‘ngra) aytildi: «Ey, Yer! Suvingni yutgin! Ey, osmon! O'zingni tutgin (yog‘ishni bas qil!)» Suv quridi, buyruq ado etildi va (kema) Juvdiy (tog‘i) uzra qo‘ndi hamda «Zolimlar qavmiga - halokat!» - deyildi. («Hud» surasi, 44-oyat)

Yahudiylarning muqaddas diniy kitoblari hamda boshqa xalqlarning turli madaniy mafkuralarida keltirilgan ushbu to‘fonning tafsiloti Alloh nozil kilgan va buzilmasdan qolgan yagona ilohiy matn bo‘lmish Qur'onning tafsiloti bilan taqqoslanganda, Qur'onning tafsiloti boshqa tafsilotlar ichida eng ishonchli ekanligi namoyon bo‘ladi. Tavrot (buzilgan matn)da ta'kidlanishicha, bu to‘fon umumbashariy bo‘lgan va butun dunyoni qamrab olgan. Aksincha, bunga aloqador Qur'on oyatlaridan ko‘rinib turibdiki, to‘fon hududiy bo‘lgan va butun dunyo emas, balki faqatgina Nuh Payg‘ambar (a.s.)ni inkor etgan qavmgina jazoga loyiq, deb topilgan. Bu to‘fonda halok qilinganlar Nuh (a.s.)ning xabarlarini rad etib, o‘z raddiyalarida qat'iy turgan odamlar edilar. Qur'onda mazkur to‘fonning umumbashariy bo‘lganligi qayd etilmagan. Quyidagi oyatlarda bu xususda shunday xabar beriladi:

Darhaqiqat, Nuhni o‘z qavmiga (payg‘ambar qilib) yubordik. (U dedi): «Men sizlarga aniq ogohlantiruvchiman. Allohdan o‘zgaga sig‘inmangiz! Men sizlarga alamli azob (kelishi)dan qo‘rqaman.» («Hud» surasi, 25-26-oyatlar)

Shunda uni yolg‘onchiga chiqardilar. Bas, (Biz) uni va u bilan birga (imon keltirgan)larni kema ichida (saqlab, to‘fondan) qutqardik va oyatlarimizni yolg‘onga chiqarganlarni (suvga) g‘arqqildik. Ular (qalbi) ko‘r kishilar edi. («A'rof» surasi, 64-oyat)

Arxeologik topilmalarga ko‘ra, Nuh to‘foni Mesopotamiya tekisligida sodir bo‘lgan bo‘lib, uning shakli hozirgi ko‘rinishdan juda katta farq qilar edi. Yuqoridagi diagrammada tekislikning bugungi kundagi chegaralari nuqgali qizil chiziq bilan ko‘rsatilgan. Bu chiziqdan tashqarida bo‘lgan keng hudud o‘sha paytda dengizning bir qismi bo‘lganligi ma’lum.

Shohidi bo‘lib turganimizdek, Qur'on bizga butun dunyo emas, balki faqatgina Nuh Payg‘ambar (a.s.)ning qavmi halok qilinganligi to‘g‘risida xabar beradi. Nasroniy va yahudiylarning muqaddas diniy kitoblari (ya'ni Tavrot va Injil)da buzib ko‘rsatilgan izohlarning Qur'onda tuzatilib xabar berilishi, uning butunligicha Alloh tomonidan tushirilgan bir kitob ekanligini tasdiqlaydi.

To‘fon sodir bo‘lgan, deb taxmin qilingan hududda olib borilgan qazishmalar ham to‘fon butun yer yuzida emas, balki Mesopotamiyaning bir qismiga ta'sir o‘tkazgan keng ko‘lamli falokat bo‘lganligini ko‘rsatdi.

Suvlar pasaygach, kema to‘xtaydi. Qur'onda vahiy qilinganidek, kemaning to‘xtash joyi al-Juvdiy bo‘lgan. Garchi arabcha «juudii»so‘zining o‘zi «baland joy, tepalik» degan ma'nolarni anglatsa-da, u ba'zida ma'lum bir tog‘ni anglatish uchun ham qo‘llaniladi. Mana shu nuqtai nazardan olib qaralganda, «juudii» so‘zi barcha yerlarni qamrab olish emas, balki faqat muayyan bir balandlikka yetgan suvlarni nazarda tutadi. Boshqacha qilib aytganda, biz Qur'ondan to‘fonning (yahudiylarning muqaddas diniy kitobi va boshqa afsonalarda ta'kidlanganidek) Yer yuzidagi barcha yerlarni va hamma tog‘larni emas, balki ma'lum bir joyni yutganligini bilibolamiz.

To‘fonning arxeologik dalillari

Agar, misol uchun, tabiiy ofat, to‘satdan ro‘y bergan ko‘chish yoki urush tsivilizatsiyaning barbod bo‘lishiga sabab bo‘lsa, o‘sha tsivilizatsiyaga oid izlar yaxshi saqlanadi. Odamlar yashagan uylar va ular o‘z kundalik hayotida ishlatgan narsalar tezda tuproq ostida ko‘milib ketadi. Bular shu tarzda uzoq muddat inson qo‘llari tegmagan holda saqlanadi. O'tmishni o‘rganuvchi talabalar uchun (oxir-oqibat ular ma'lum bo‘lgach) ular bebaho manbaga aylanadi.

Keyingi paytlarda Nuh to‘foniga oid ko‘plab dalillarning kashf qilinishi dunyoning eng mashhur arxeolog va tarixchi olimlarining e'tiborini tortdi. Miloddan avvalgi taxminan 3000 yilda sodir bo‘lgan, deb hisoblanadigan to‘fon butun tsivilizatsiyani yo‘q qildi va uning o‘rniga butunlay yangi tsivilizatsiyaning tashkil topishiga imkon yaratdi. To‘fondan qolgan dalillarning minglab yillar davomida saqlanib qolishi yovuzlar olgan bu jazodan so‘ng kelgan odamlar uchun ibrat bo‘ladi.

Mesopotamiya tekisligida va uning atrofida sodir bo‘lgan to‘fonni o‘rganish uchun ko‘plab arxeologik qazishmalar amalga oshirildi. Buning natijasida, Mesopotamiya tekisligidagi to‘rt asosiy shahar: Ur, Uruk, Kish va Shuruppaklarda to‘fondan qolgan alomatlarga duch kelindi.

Bu shaharlarda o‘tkazilgan arxeologik qazishmalar mazkur shaharlarning miloddan taxminan 3000 ming yil avval to‘fon ostida qolganliginiko‘rsatdi.

Ur shahridagi (bugungi kunda u Tall al-Muqqayyar nomi bilan ma'lum) tsivilizatsiya qoldiqlarining eng eskisi miloddan avvalgi 7000 yilga borib taqaladi. Inson tsivilizatsiyasining eng qadimiy namunalaridan biri bo‘lgan Ur shahri birin-ketin tug‘ilgan va yo‘q bo‘lgan tsivilizatsiyaning makoni bo‘lgan hududdir.


Ur shahrini o‘rganish orqali qilingan arxeologik kashfiyotlar u yerdagi tsivilizatsiya dahshatli to‘fon orqali to‘xtatilganligi va uning o‘rniga yangi tsivilizatsiya asta-sekin paydo bo‘lganligi haqida bizga aniq ma'lumot beruvchi dalillarni oshkor qildi. Leonard Vulli Bag‘dod va Fors ko‘rfazi o‘rtasidagi cho‘l zonasida Britaniya muzeyi va Pensilvaniya universiteti tomonidan olib borilgan hamkorliqdagi qazishma ishlariga rahbarlik qildi. Vullining qazishmalari nemis arxeologi Verner Keller tomonidan quyidagicha tasvirlanadi:

«Ur qirollarining qabrlari» - arxeologlarning belkuraklari ibodatxonaning janubidagi ellik futli tepalikda ishga tushib, tuproq ostida qolib ketgan qabrlarning bir uzun qatorini topgach, ularning kashf qilinganligidan xursandchiliqdan jo‘shib ketgan Vulli shu tariqa chindanda shohona shukuhli Shumer zodagonlarining qabrlarini qayta tikladi. Tosh yerto‘lalar haqiqiy xazina sandiqlari edi, chunki ular qimmatbaho qadahlar, ajoyib shaklli ko‘zalar, vazalar, bronzadan yasalgan ovqatlanish buyumlari, sadaf koshinlar, lojuvardlar bilan to‘lib-toshgan, changga belangan jismlar kumush bilan qoplangan edi. Arfa va chiltorlar devorda osilganicha turar edi...

Bir necha kunlardan so‘ng Vullining ishchilari unga «biz yerto‘laga yetdik», deb aytganida, u qoniqish hosil qilish uchun qazilgan shaxta qudug‘idan pastga qarab otildi. Dastavval Vullining xayolidan «mana, nihoyat», degan o‘y kechdi. U yerni faqat suv orqaligina to‘planishi mumkin bo‘lgan qum, toza qum bosgan edi. Ular kovlashni davom ettirish va shaxta qudug‘ini chuqurroq qazishga qaror qildilar. Belkuraklar yerga chuqurroq va yana chuqurroq botar edi: uch fut, olti fut va hanuz toza loy. Nogahon, o‘ninchi futga kelib loy qatlami qanchalik qo‘qqisdan boshlangan bo‘lsa, shunchalik bexosdan nihoyasiga yetdi. Deyarli o‘n fut qalinliqdagi bu gil quyqasi ostida ular inson yashagan makondan dalolat beruvchi aniq dalillarga duch keldilar... Urdagi tepalik ostida makonning ikki davrini bir-biridan aniq ajratib turgan bu ulkan gil quyqasiga nisbatan berilishi mumkin bo‘lgan yakkayu yagona izoh suv bosqini demaqdir...231

Mesopotamiya tekisligida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida qalinligi 2,5 metr (8 fut) bo‘lgan loy va gil qatlamining mavjudligi aniqlandi. Bu qatlam, shubhasiz, to‘fon suvlari orqali tashib kelingan gildan iborat bulib, u faqatgina Mesopotamiya tekisligi ostida uchraydi.

Mikroskopik tahlillar Urdagi tepalik ostida hosil bo‘lgan bu ulkan gil quyqasi qadimgi Shumer tsivilizatsiyasini mahv etishga qodir bo‘lgan katta va qudratli suv bosqini oqibatida to‘planganligini ko‘rsatdi. «Gilgamesh» dostoni va «Nuh» hikoyasi Mesopotamiya sahrosi ostida chuqur qazilgan bu shaxta qudug‘ida birlashgan edi.

Maks Malloven bir zumda bunday ulkan alluviy massasining hosil bo‘lishi bahaybat sel falokati natijasida yuz berishi mumkinligini aytgan Leonard Vullining o‘y-fikrlarini so‘zlab berdi. Vulli, shuningdek, Shumerning Ur shahrini Al-Ubayd shahridan (uning aholisi to‘fondan qolgan sirlangan sopol idishlardan foydalanar edilar) ajratgan suv bosqini qatlamini ham ta'riflab berdi.232

Bu dalillar Ur shahri to‘fon ta'siri ostida qolgan joylardan biri bo‘lganligini tasdiqlaydi. Nemis arxeologi Verner Keller nazarda tutilayotgan qazishmalarning ahamiyati haqida ham to‘xtalib o‘tdi. U o‘z so‘zini davom ettirar ekan, Mesopotamiyada olib borilgan arxeologik qazishmalarda balchiqli qatlam ostida qolgan shahar qoldiqlarining hosilasi bu hududda chindan ham suv bosqini bo‘lganligini isbotlashini ta'kidlaydi.233

To‘fonning izlarini o‘zida aks ettirgan boshqa bir Mesopo-tamiya shahri esa hozirgi kunda Tall al-Uhaymer nomi bilan ma'lum bo‘lgan shumerliklarning Kish shahridir. Qadimiy Shumer qaydno-malarida bu shahar «Buyuk to‘fondan so‘ng paydo bo‘lgan ilk sulola manzili» deb tasvirlanadi.234

Hozirgi kunda Tall al-Fara deb ataladigan janubiy Mesopo-tamiyadagi Shuruppak shahri ham to‘fon izlarini o‘zida aks ettiradi. Bu shaharda 1920-1930 yillar orasida Pensilvaniya universiteti xodimi Erik Shmidt tomonidan arxeologik tadqiqotlar o‘tkazildi. Bu qazishmalar tarixdan ilgarigi so‘nggi yillardan Urning 3 sulolasi davri (mil. avv. 2112-2004 yillar) gacha cho‘zilgan hayotning uchta qatlamini oshkor qildi. Eng e'tiborga molik topilmalar ma'muriy qaydlar va so‘zlar ro‘yxati keltirilgan yozuv taxtalari bilan birga yaxshi qurilgan uylarning vayronasi bo‘lib, ular miloddan avvalgi to‘rtinchi ming yillik oxirlarida yuqori taraqqiy etgan jamiyatning allaqachon mavjud bo‘lganligidan dalolat beradi.235

Agar zukko olimlarning fikrlari tekshirib ko‘rilsa, aniqki, ular to‘fon tafsilotiga tayanch bo‘luvchi dalil juda kuchli ekanligini ta'kidlaydilar. Bu fikrga ko‘ra, ushbu dahshatli suv toshqini taxminan miloddan avvalgi 3000-2900 yillarda sodir bo‘lgan. Mallovenning aytishicha, yerdan 4-5 metr pastda, Shmidt gil va qum aralashmasidan hosil bo‘lgan (suv toshqini orqali yuzaga kelgan) sariq tuproq qatlamiga yetgan.

Bu qatlam qo‘rg‘on profiliga qaraganda tekislik sathiga yaqinroq bo‘lgan va uni qo‘rg‘onning yon-atrofida kuzatish mumkin edi. Jamdat Nasr davrini Qadimgi qirollik zamonidan ajratib turuvchi bu gil va qum aralashmasidan hosil bo‘lgan qatlamni Shmidt «kelib chiqishi daryodan bo‘lgan bir qum» deb ta'rifladi va . uni Nuh to‘foni bilan bog‘ladi.236

Qisqasi, Shuruppak shahridagi arxeologik qazishmalar suv toshqinining izlari miloddan avvalgi taxminan 3000-2900 yillarga borib taqalishini oshkor qildi. Boshqa shaharlar bilan birga Shuruppak ham, shubhasiz, to‘fon ostida qolgan.237

To‘fon ostida qolganligidan dalolat beruvchi oxirgi joy Shuruppakning janubidagi Uruk shahridir. Bugungi kunda u Tall al-Varka nomi bilan ma'lum. Xuddi boshqa shaharlardagi kabi, bu yerda ham suv bosqini qatlami topilgan. Boshqa shaharlarga o‘xshab, bu suv bosqini qatlami ham miloddan avvalgi 3000-2900 yillarga borib taqaladi.238

Furot va Dajla daryolari Mesopotamiyani bu boshidan u boshigacha ajratib turadi. Bu yerda shu narsa anglashiladiki, qadimgi davrda bu ikki daryo boshqa barcha katta-kichik suv manbalari bilan birga, yomg‘ir suvlari bilan qo‘shilib, dahshatli suv toshqinini keltirib chiqaradigan darajada toshib ketgan. Bu hodisa Qur'onda quyidagicha zikr etiladi:

Biz osmon darvozalarini (tinimsiz) quyiluvchi suv bilan ochib yubordik. Yana yerdan buloklar chiqarib qo‘ydik. Bas, (osmon va Yer) suvi taqdir qilib qo‘yilgan bir ish uzra uchrashdilar. Uni (Nuhni) esa taxtalar va mixlar yordamida yasalgan kemada ko‘tardik. («Qamar» surasi, 11-13-oyatlar)

Tadqiqot natijasida qo‘lga kiritilgan kashfiyotlar yaxshilab o‘rganib chiqilsa, to‘fonning butun Mesopotamiya tekisligini qoplagani ma'lum bo‘ladi. To‘fonning izlarini o‘zida aks ettirgan Ur, Uruk, Shuruppak va Kish shaharlari ketma-ketligiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularning bir chiziqda yotishini ko‘ramiz. Bundan tashqari, miloddan avvalgi taxminan 3000 yillarda Mesopotamiya tekisligining geografik tuzilishi uning bugungi kundagi ko‘rinishidan keskin farq qilar edi. U davrlarda Furot daryosining o‘zani bugungi kundagiga qaraganda ancha sharq tomonda, uning yo‘li esa Ur, Uruk, Shuruppak va Kish orqali o‘tuvchi bir chiziqda yotar edi. Shuning uchun, Furot daryosi o‘z qirg‘oqlarini yorib o‘tib, bu to‘rt shaharni vayron qilgan, degan ma'no ang-lashiladi. (Alloh hammadan ko‘p bilguvchidir.)

Alloh Nuh to‘foni xabarlarini o‘sha zamonda yashagan odamlar uchun ibrat, undan keyin yashaganlarga esa qimmatli saboq bo‘lsin uchun yetkazdi. Payg‘ambar va kitoblar vositasida Alloh turli qavmlarga yo‘riqnoma yo‘lladi. Biroq Uning payg‘ambarlari tomonidan odamlarga yetkazilgan matnlarning asli har safar o‘zgartirilar edi. Odamlar to‘fonning haqiqiy tafsilotiga madaniy, mistik va mifologik unsurlarni qo‘shar edilar. Qur'on Allohdan ekanligi va U uni abadiy o‘z holicha saqlab qolishi tufayli, u o‘tmishning arxeologik topilmalariga to‘g‘ri keluvchi yagona manbadir. (Qarang: Horun Yahyo. Perished Nations,Ta-Na Publishers, Buyuk Britaniya, 2001; Global Publishing, Istanbul, 2002)

_______________

231. Verner Keller, Und die Bibel hat doch recht (Bibliya tarix sifatida; Kitoblar kitobining tasdig‘i), (Nyu-York: William Morrow: 1964), 25-29. 
232. Maks Mallouen, Noah’s Flood Reconsidered (Nuh to‘foni qayta ko‘rib chiqildi) (Iroq: XXVI-2: 1964), 70. 
233. Keller, Und die Bibel hat doch recht, 23-32. 
234. «Kish» (Kish), Britannica Micropaedia 6, 893. 
235. «Shuruppak» (Shuruppak), Britannica Micropaedia 10, 772. 
236. Maks Mallouen, Early Dynastic Period in Mesopotamia, Cambridge Ancient History 1-2, (Mesopatamiyada ilk sulola davri, Kembrij qadimiy dunyo tarixi 1-2) (Kembrij: 1971), 238. 
237. Jozef Kempbell, Eastern Mythology (Sharqona afsonalar), 129. 
238. Bilim ve Utopya (Fan va Utopiya jurnali), iyul, 1996, 176. Footnote, 19. 


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.