background
logotype
image1 image2 image3

Iram shahri

1990 yilning boshlarida dunyoning taniqli gazetalari «Muhtasham arab shahri topildi», «Afsonaviy arab shahri topildi» va «Qumlarning Atlantisi, Ubar» degan rasmiy bayonotlar bilan chiqdilar. Arxeologik topilmaning eng qiziqarli tomoni bu shaharning Qur'onda eslatib o‘tilishida edi. Shu kunga qadar ko‘plab odamlar Od qavmining bir afsona ekanligini yoki uning o‘rni hech bir zamonda topilmaganligini ta'kidlar edilar. Bunday noyob kashfiyotdan so‘ng ular hayratdan yoqa ushladilar.

Qur'onda eslatib o‘tilgan bu afsonaviy shaharni topgan shaxs mashhur hujjatli filmlar yaratuvchi va arxeologiya bo‘yicha ma'ruzachi Nikolas Klapp edi.239 Arabshunos hamda sovrindor hujjatli filmlar yaratuvchisi bo‘lgan N. Klapp arab tarixi bo‘yicha o‘zi o‘tkazayotgan izlanish davomida juda qiziq bir kitobni uchratib qoladi. Arabia Felix nomli bu kitob 1932 yilda ingliz tadqiqotchisi Bertram Tomas tomonidan yozilgan edi. Arabia Felix rimliklar tomonidan Arabiston yarim oroliga berilgan nom bo‘lib, u hozirgi kundagi Yaman va Ummonning katta qismini o‘z ichiga oladi. Yunonistonliklar bu hududni «Eudaimon Arabia", o‘rta asr arab olimlari esa uni «Al-Yaman as-Sayid» deb nomlaganlar.240 Bu nomlarning barchasi «Baxtli Yaman» ma'nosini anglatadi, chunki bu hududda yashovchi odamlar Hindiston va Arabiston yarim orolining shimoliy hududlari o‘rtasida avj olgan serdaromad savdo-sotiqishlarida vositachi sifatida ish yuritar edilar. Bundan tashqari, bu hududda yashovchi qabilalar nodir daraxtlardan olinadigan xushbo‘y yelim - «fruncincense» ishlab chiqarar vatarqatar edilar.

 

Ingliz tadqiqotchisi Bertram Tomas bu qabilalar hayotining to‘liq tafsilotini bayon qiladi va mazkur qabilalarning biri tomonidan asos solingan qadimiy shaharning izlarini topganligini aytadi.241 Bu badaviylarning «Ubar» nomli shahri edi. B. Tomasning bu hududga qilgan safarlaridan birida sahroda yashayotgan badaviylar unga juda eski yo‘llarni ko‘rsatib, bu yo‘llar qadimiy shahar bo‘lgan Ubarga olib borishini aytdilar. Bu mavzu yuzasidan katta qiziqish bilan ishga kirishgan Bertram Tomas o‘z tadqiqotini oxiriga yetkazmasdan oldinroq olamdan o‘tdi.

N. Klapp ingliz tadqiqotchisi B. Tomasning yozganlarini o‘rganib chiqib, kitobda tasvirlangan, ya'ni yo‘q bo‘lib ketgan shaharning mavjudligiga ishonch hosil qildi. U tezda o‘z izlanishini B. Tomas to‘xtab qolgan joydan boshlab davom ettirishga kirishib ketdi. N. Klapp Ubarning mavjudligini isbotlash uchun o‘z missiyasida ikki xil turli yondashuvdan foydalandi. Birinchidan, u badaviylar mavjud, deb aytgan yo‘lni izlab topdi va o‘z ishiga yordam berish uchun NASA (Milliy Aeronavtika va Fazo boshqarmasi)dan shu hududning tasvirini sun'iy yo‘ldosh orqali olib berishni iltimos qildi. Uzoq davom etgan kurashdan so‘ng, u hukumat organlarini o‘zi juda xohlagan hududning rasmlarini olishga ko‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi.242

N. Klapp Kaliforniyaning Hantington kutubxonasida qadimiy qo‘lyozmalar va xaritalarni o‘rganishda davom etdi. Bu yerdan u o‘zi jiddiy o‘rganayotgan hududga oid xaritani tezda topdi. U 200 yilda Misr-Yunon geografi Ptolemey tomonidan chizilgan va bu hududda topilgan eski shaharning o‘rni hamda bu shaharga olib boruvchi yo‘llarni ko‘rsatuvchi xaritani qo‘lga kiritdi.

Shu orada Klapp NASA a'zolari tomonidan sun'iy yo‘ldosh fotosuratlari olinganligi to‘g‘risidagi xabarni olgach, uning tadqiqoti yanada jonlandi. Suratlardagi bevosita ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘lmagan karvon yo‘llari N. Klappning diqqatini tortdi. Ular osmondan faqatgina bir butun bo‘lib ko‘rinishi mumkin edi. Bu fotosuratlarni o‘z qo‘lidagi eski xarita bilan solishtirgach, N. Klapp bir zumda eski xaritadagi yo‘llar sun'iy yo‘ldosh orqali olingan suratlardagi yo‘llar bilan mos tushganligini anglab yetdi va bu yo‘llar tugagan keng joyni bir vaqtlar shahar bo‘lgan, deb tushundi.

Nihoyat, N. Klapp va undan oldin yashab o‘tgan B. Tomasning mehnati hamda NASA tadqiqotchilarining madadi bilan badaviylar tomonidan og‘zaki aytib yurilgan hikoyalarning mavzusi bo‘lmish bu afsonaviy shahar o‘rni kashf qilindi. Bir oz fursat o‘tgach, arxeologik qazishmalar boshlandi va qadimiy shahar qoldiqlari oshkor qilindi. Yo‘qolib ketgan bu shaharga «Qumlarning Atlantisi, Ubar» degan nom berildi.

Savol tug‘iladi: Qur'onda eslatib o‘tilgan Od qavmining shahri shu ekanligini tasdiqlagan narsa nima edi?

Ushbu joyda olib borilgan izlanishning boshidanoq bu vayrona shahar Od qavmiga tegishli, deb tushunilgan edi. Tadqiqotchilar Qur'onda aniq qilib eslatib o‘tilgan Od qavmining yerida minoralar shaklida qad ko‘targan Iramning ustunlarini kashf qildilar.

Qazishmalarni olib borayotgan guruh a'zosi Doktor Yuris Zarinsning aytishicha, modomiki minoralar Ubarga xos xususiyatlarga ega ekan va Iramning minoralari yoki ustunlari bor, deb qayd etilgan ekan, demak, bu o‘zlari qazigan hududning Iram, ya'ni Qur'onda tasvirlangan Od qavmining shahri ekanligini isbotlovchi eng ishonchli dalildir:

Rabbingiz Od (qabilasi)ni nima qiddi, qo‘rmadingazmi?! (Ular) baland ustunli Iram (shahridan) bulib, (boshqa) yurtlarda uning uxshashi yaratilmagan edi. («Fajr» surasi, 6-8-oyatlar)

Ko‘rib chiqqanimizdek, o‘tmish voqealari haqida Qur'onda bayon etilgan xabarlarning tarixiy ma'lumotlar bilan to‘liq muvofiq kelganligi Qur'on Allohning so‘zi ekanligiga yana bir dalildir. (Qarang: Horun Yahyo.Perished Nations, Ta-Na Publishers, Buyuk Britaniya, 2001; Global Publishing, Istanbul, 2002)

_________________

239. Tomas H. May II, «Ubar, Fabled Lost City, Found by LA Team» (Ubar, afsonaviy yo‘qolib ketgan shahar, arxeologlar guruhi tomonidan topildi) The Los Angeles Times, 5 fevral, 1992. 
240. Kamal Salibi, A History of Arabia (Arabiston tarixi) (Caravan Books: 1980). 
241. Bertram Tomas, Arabia Felix: Across the «Empty Quarter» of Arabia (Arabia Felix: Arabistonning «bo‘m-bo‘sh choragi» bo‘ylab), (Nyu-York: Schrieber»s Sons: 1932), 161. 
242. Charlin Krabb, «Frankincense», Discover, yanvar, 1993. 


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.