background
logotype
image1 image2 image3

Qanoat — dilni yorituvchi ne’mat

Alloh taolo Qur’oni karimda: “Yerda o‘rmalovchi biror narsa (jonzot) yo‘qki, uning rizqi (taminoti) Allohning zimmasida bo‘lmasa!” (Hud 6) deb marhamat qiladi.

Qushlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, ertalab sahardan bolasi va o‘zi uchun uchib ketadi. Mana bu yerda non bor, u yerda don bor deb hech joyda aytilmagan, ammo Alloh taolo uning rizqini berishiga ishonchi komil. Bir bosganda ezilib ketadigan qurt-qumursqadan boshlab, katta-katta jonivorlargacha barchasining rizqini Xudoi taolo beradi. Chunki Xudoi taolo Qur’oni karimda O‘zining zimmasidagi ishni aytdi: “barchasining rizqi Allohning zimmasidadir”, deb.

“Bas, qachonki, namoz ado qilingach, yerda tarqalib, Allohning fazli (rizqi) dan istayveringiz!” (Jum’a, 10)

Odam farzandi rizqini Allohdan deb bilib, ish qilishi kerak. Shu bilan birgalikda halol rizqni tanlashi lozim. Uydan chiqib rizqini axtarishi bu albatta o‘zini, ahli oilasini birovlardan behojat qilish uchun bo‘ladi.

Hikoyat: Bir kuni Payg‘ambarimiz s.a.v. sahobalari bilan bomdod   namozidan keyin o‘tirgan edilar. Bir baquvvat yigit masjiddan tezlik bilan chiqib bozorga yugurdi. Shunda sahobalar: Ajabo! Undan ko‘ra oxirat ishiga shunchalik shoshilsa arzirdi – deganlarida, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Bunday demanglar, agar bu yigit o‘zini insonlardan behojat qilish uchun yo ota-onasi va oilasini boqish uchun bu ishni qilsa, Xudoi taolo nazdida ibodatdek bo‘ladi. Agar dunyo ko‘paytirib maqtanish uchun, boshqalarga ko‘z-ko‘z qilish uchun bu amalni qilsa, bu shaytonning amalidandir”.

Alloh taolo yana bizlarni ogohlantirib qo‘ymoqda:

“Siz (kofirlardan ayrim) toifalarni sinashimiz uchun bahramand qilgan dunyo hayoti go‘zalliklaridan iborat narsalarga ko‘zlaringizni termultirmang! Robbingizning rizqi yaxshiroq va boqiyroqdir” (Toho 131)

Demak, Alloh taolo har birimizga qancha miqdorda rizq bergan bo‘lsa, ana shunga qanoat qilaylik. Qanoat degani bergan rizqiga shukr qilish va rozi bo‘lishdir. Lekin to‘xtab qolish degani emas. Bugun sizga qancha rizq berildi, mana shunga qanoat qiling, haddan tashqari yelib-yugurmang, ya’ni ibodat vaqtini, ota-onaning ko‘nglini ovlash paytini, oila bilan bo‘lish vaqtini qanoatsizlik qilib rizq uchun sarflamang. Chunki har vaqtning hisob kitobi bor.

Abu Ali ibn Sino: “Kishi uchun eng foydali, dilini yorituvchi narsa qanoatdir. Eng zararli va nafratlanarli narsa esa hirs va g‘azabdir. Boshqalarda ko‘rganni qattiq istamaslik ham qanoat sanaladi”, deganlar.

Abu Amr Sayboniydan rivoyat qilinadi “Bir kuni Muso a.s. Alloh taolodan so‘radilar: Yo Robbim, qaysi bandang Senga suyukliroq? Alloh taolo dedi: Meni ko‘p eslaydigani. Yo Robbim, qaysi bandang Sening nazdida odilroq? Alloh taolo dedi: o‘z nafsini tergab turadigani. Yo Robbim, qaysi bandang eng boy? Alloh taolo dedi: bergan rizqimga qanoat qiluvchisi

Abu Turob Naxshabiy: “Qanoat rizqini Allohdan olmoqdir”, deganlar.

“Alloh (O‘zi) xohlagan kishilarning rizqini keng va (xohlagan kishilarning rizqini) tang qilur.” (Ra’d surasi 25-26)

Payg‘ambarimiz s.a.v. dan Abu Hurayra rivoyat qiladilarki “Boylik pulning ko‘pligida emas, balki nazarning to‘qligidadir”.

Umar ibn Sadr.a. otalaridan eshitib xabar beradilar: Rasulloh s.a.v dan qo‘yidagi so‘zni eshitdim: “Rizqning xayrlisi insonga kifoya qiladigani, zikrning yaxshisi esa maxfiysidir”.

Anas ibn Molik, Rasululloh s.a.v.dan rivoyat qiladilar “Agar odam bolasi ixtiyorida ikki vodiy to‘la oltin bo‘lsa ham, u uchinchisini istaydi. Odam bolasi ko‘zini faqat tuproq to‘ldiradi, xolos”.

Hakim Hotam Lifofiy bunday so‘zlari bor edi: “Boylikni molu dunyodan talab etdik, ammo u qanoatda ekan”.

Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Kimki musulmon bo‘lib, kifoya qilgudek rizqlangan bo‘lsa va Alloh taolo o‘sha bergan rizqiga qanoatli etib qo‘ygan bo‘lsa, batahqiq o‘sha kishi najot topibdi”.

Sa’d ibn Abi Vaqqos r.a. o‘zlarining o‘g‘illariga nasihat qilib dedilar: “O‘g‘lim, agar Xudodan boylikni so‘rasang, qanoat ne’mati bilan so‘ragin. Chunki qanoati bo‘lmagan insonning har qancha moli bo‘lsa ham boy bo‘lolmaydi”.

To‘y-xashamlar borasiz, odamlar oldida turli noz-ne’matlar, har biridan tanovul qilib turgan hollarida: “Hozir yashash qiyin bo‘lib qoldi-da...” u yog‘i hammamizga ma’lum bo‘lgan diydiyo. Darhaqiqat, Sa’d ibn Abi Vaqqos r.a. aytganlaridek: “Qanoati bo‘lmagan inson nolishdan hech to‘xtamaydi”.

Abu Hurayradan rivoyat qilinadiki: Rasululloh s.a.v. aytganlar: “Bir bandaiki dunyoga hirs qo‘ymasa, ya’ni oxiratni dunyodan avval qo‘ysa yoki hojatidan ortiqroq mol jamlamasa, Alloh taolo uning qalbida hikmatni o‘stiradi, tilida hikmatni gapirtiradi va qalb ko‘zi dunyoning ayblarini sezadi va dunyoning dardini va davosini ham ko‘rgazadi va nihoyat Alloh taolo bandani dunyoning ofatu balolaridan sog‘-salomat chiqarib, jannatiga kirgizadi”.

Hikoyat: Bir kuni Salmon Forsiy r.a.ning oldilariga mehmon keldi. Salmon Forsiy r.a. mehmonga arpa noni bilan tuz olib chiqdilar. Shunda mehmon dediki: “Qani endi shu non bilan qatiq bo‘lsa, yaxshi bo‘lur edi”. Salmon Forsiy r.a. uylaridan u narsa topilmadi. So‘ngra tahorat oladigan oftobasini garovga qo‘yib, qatiq keltirdilar. Mehmon yeb bo‘lgandan keyin duo qildi: “Hamdlar bo‘lsin Xudogaki, bergan rizqu nasibasiga bizlarni qanoatli qildi”. Salmon Forsiy r.a. dedilar: “Agar senda qanoat bo‘lganda edi, mening oftobam garovga qo‘yilmas edi”.

Salama ibn Ubaydullo ibn Misan Ansoriy otalaridan rivoyat qiladilar: Rasululloh s.a.v. aytganlar: “Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg‘onganda oilasi tinch, tani sog‘ va uyida bir kunlik yegulik bo‘lsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha ne’matlar mujassam ekan”.

Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi: Bir kuni Payg‘ambarimiz s.a.v. bizlarga: “Kimga yaxshi amallarni o‘rgatayin, bas unga u amal qiladi yoki uni amal qiladigan kishiga o‘rgatadi”, dedilar. Shunda “Men Yo Rasululloh”, dedim (Abu Hurayra r.a.). Payg‘ambarimiz s.a.v. qo‘limdan ushlab, beshta amalni sanab o‘tdilar. “Alloh taoloning harom qilgan narsalaridan taqvo qil, odamlarning obidrog‘i bo‘lasan. Alloh taoloning qismatidan rozi bo‘l, insonlardan behojat bo‘lasan. Qo‘shningga chiroyli muomala qil, haqiqiy mo‘min bo‘lasan. O‘zingga ravo ko‘rgan narsani birovlarga ham ravo ko‘r, haqiqiy musulmon bo‘lasan va ko‘p kulma. Bas ko‘p kulishlik qalbni o‘ldiradi ”.

Abu Abbos raziyaallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh s.a.v. shunday duo qilar edilar: “Allohim! Menga bergan rizqingda qanoatli qilgin, uni men uchun barakotli qilgin va barcha yo‘qotganlarim o‘rnini xayrlisi bilan to‘ldirgin”.

Po‘latxon Kattayev,

Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi


2004-2017 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.