background
logotype
image1 image2 image3

Nima uchun biz — musulmonlar taraqqiyotda dunyodan orqaga qolib ketdik?

Dunyo tarixiga nazar tashlasak, Islom diyorlarida ilm-fan yuksak darajada rivojlangan. Musulmon olimlari dunyoga juda ko‘p kashfiyotlarni taqdim qilganlar. Islom diyorlarida ilm-fan rivojlangan paytlar musulmonlar dunyoning eng boy kishilari hisoblanishgan. Hozir-chi?

Nima uchun biz musulmonlar rivojlangan G‘arb dunyosi oldida ojiz bo‘lib qoldik?

Ushbu savolga javob o‘laroq Islomoboddagi ilmiy tadqiqot markazi professori Doktor Farrux Salim hayratli ma’lumotlarni taqdim qildi.

Nima uchun biz musulmonlar bunaqa ojiz bo‘lib qoldik?

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, sayyoramizda musulmonlarning umumiy soni 1 476 250 000 kishidan ortiqroq. Undan bir milliardi Osiyoda yashaydi, 400 millioni Afrikada, 44 millioni Yevropada va 6 millioni Amerikada istiqomat qiladi. Yer sayyorasidagi har beshta shaxsdan bittasi musulmondir. Har bir hinduga ikkita musulmon, har bir buddistga ikkita musulmon, har bir yahudiyga yuzta musulmon to‘g‘ri keladi.

Siz biror marta o‘zingizga savol berib ko‘rdingizmi, nima uchun biz musulmonlar taraqqiyotdan bunaqa orqada qolib ketdik?

Javob: Muammo ta’limda

Xalqaro Islom Hamkorlik tashkilotiga 57 ta davlat a’zodir. Ushbu 57 davlat hududida umumiy 500 ta universitet bor. Har uch million musulmonga bitta universitet to‘g‘ri keladi. Birgina Amerika Qo‘shma Shtatlarining o‘zida 5578 ta universitet bor, har 57 000 amerikalikka bitta universitet to‘g‘ri keladi.

Shanxay Jiao Tong universiteti butun dunyodagi universitetlar natijalarini solishtirib chiqdi va qiziqarli tomoni shundaki, dunyoning 500 ta eng kuchli universitetlari ro‘yxatida bir dona musulmon davlatlaridan universitet yo‘q.

BMT bergan ma’lumotlarga ko‘ra, xristian dunyosida savodxonlik darajasi 90 foizni tashkil etadi. Aholisining asosiy qismi xristianlardan iborat bo‘lgan 15 mamlakatda savodxonlik darajasi 100 foizni tashkil etadi.

Musulmon dunyosida savodxonlik o‘rtacha 40 foizni tashkil etadi. Aholisi 100 foiz savodli bo‘lgan bir dona ham musulmon davlati yo‘q.

Xristian dunyosida savodxonlarning 98 foizi o‘rta maktabni tugatadi, bizda bo‘lsa savodxonlarning faqatgina 50 foizigina o‘rta maktabni tugatadi.

Xristian dunyosida savodi chiqqanlarning 40 foizi Oliy ta’lim dargohida o‘qiydi, bizda bo‘lsa bor yo‘g‘i ikki foizi.

Nima uchun biz bunaqa ojiz bo‘lib qoldik?

Chunki biz bilim ishlab chiqara olmayapmiz, chunki biz musulmon ilm dunyosini yarata olmayapmiz. Aholisining asosiy qismi musulmonlardan iborat bo‘lgan davlatlarda har bir million musulmonga 230 nafar olim to‘g‘ri keladi. AQShda har million kishiga 4000, Yaponiyada 5000 olim to‘g‘ri keladi. Butun arab dunyosida faoliyat yuritadigan olimlar soni 35 000 nafar, har bir million arabga 50 texnik-injener to‘g‘ri keladi. Xristian dunyosida har bir million aholiga 1000 injener to‘g‘ri keladi. Musulmon dunyosi yalpi ichki mahsulotning 0.2 foizini, G‘arb esa 5 foizini ilm-fanga sarflaydi.

Xulosa: Biz bilim ishlab chiqara olmayapmiz.

1000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan matbuot soni va million aholiga nisbatan nechta yangi sarlavhali kitob chop etilishi aholi orasida bilim qanchalik yaxshi tarqalishini ko‘rsatib turadigan jihatdir. Pokistonda bir kunda har ming kishiga 23 ta gazeta, Singapurda 360 ta gazeta chop etiladi.

Buyuk Britaniyada yangi chop etiladigan kitoblar soni solishtirilsa, har million kishiga yilida 2000 ta yangi kitob yozilib, chop etiladi. Misrda har bir million aholiga 20 ta yangi kitob yozib chop etiladi.

Xulosa: Biz musulmonlar orasida bilimni tarqata olmayapmiz.

Zamonaviy dunyoda ma’lum bir mamlakatda ilm-fan qanchalik rivojlanganligini ushbu mamlakatdan eksport qilinadigan yuqori texnologiya vositalari sonidan bilib olsa bo‘ladi. Masalan, Pokiston davlatining bir yillik eksport tovarlarining faqatgina 1 foizi yuqori texnologiyalarga to‘g‘ri keladi. Saudiya Arabistoni, Marokash, Kuvayt, Jazoirda vaziyat yanada achinarli. Ushbu mamlakatlar eksportining faqatgina 0.3 foizigina yuqori texnologiyalarga to‘g‘ri keladi. Singapurda ushbu ko‘rsatkich 58 foizga teng.

Xulosa: Biz ilm-fanni amalda qo‘llay olmayapmiz.

Bilasizmi, kelajak bilimni chuqur egallagan jamiyatlarga tegishli bo‘ladi.

Qiziqarli ma’lumot. Islom Hamkorlik tashkilotining 57 a’zosining bir yillik umumiy yalpi ichki mahsuloti 3 trillion dollarga bormas ekan. Birgina AQShning yalpi ichki mahsuloti 18 trillion dollar, Xitoyniki 12 trillion, Yaponiya 4.2 trillion, Germaniya bo‘lsa bir yilda 3.4 trillion dollarlik mahsulot ishlab chiqarar ekan. Biz 57 davlat bir bo‘lib birgina Germaniyaning yalpi ichki mahsulotini ishlab chiqara olmas ekanmiz.

Neftga boy arab dunyosining uch boy mamlakati Saudiya Arabistoni (643 mlrd), Qatar (200 mlrd), BAA (359 mlrd)ning birgalikdagi umumiy yalpi ichki mahsuloti hajmi (neftni ham hisobga olganda) bir trillion 200 milliard dollarlar atrofidadir. Birgina Ispaniya bir yilda 1 trillion 256 milliard, Polsha 509 milliard dollar qiymatga ega yalpi ichki mahsulot ishlab chiqaradi.

Xulosa, butun dunyo umumiy mahsulot hajmiga nisbatan musulmon dunyosi juda kam mahsulot ishlab chiqaradi, buni ostida esa ilm-fanning qoloqligi yotadi.

Biz, musulmonlar, agar kelajak bizga tegishli bo‘lsin desak avvalo bor e’tiborimizni, ilm-fanning, ta’limning rivojlanishiga qaratishimiz kerak. Faqat shu orqaligina yana biz dunyoning eng taraqqiy qilgan jamiyatiga aylanishimiz mumkin, bo‘lmasa hali-hanuz vaziyat o‘zgarmaydi.

Feruz Allayev tayyorladi.


2004-2017 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.