background
logotype
image1 image2 image3

Najot arqonini mahkam ushlang

HIKMATLI KALIMALAR

Soib ibn al-Musayyabdan:
«Umar ibn Hattob odamlarga o‘n sakkizta serhikmat kalimalarni qoldirganlar».
Aytdilar:
— Biror kishini biror ishda senga itoat qilishda Allohga gunohkor bo‘lgani uchun jazolasang, uning itoatsizligi o‘sha ishda sening Allohga itoat qilishingdek bo‘lsa, bas, uni jazolamaysan.

— Birodaringdan sen o‘ylagandek foyda kelishi uchun uning ishini eng yaxshi o‘rinlat.

— Bir musulmonning og‘zidan chiqqan so‘zni yomonga yo‘yma, sen u so‘zni yaxshilikka yo‘yish-ga harakat qil.
— Kim o‘zini tuhmat qilinadigan o‘rinda ko‘rsatsa, unga nisbatan yomon gumon qiladiganlarni malomat qilmasin.
— Kim o‘z sirini berkitsa, yaxshilik uning qo‘lidadir.
— O‘zingga sodiq do‘stlar tanla, ular panohida yashaysan, chunki ular kengchilikda ziynat, qiyinchilikda qalqondirlar.
— O‘zingga doim rost so‘zlarni ixtiyor qil, agar seni rostlik o‘ldirsa ham.
— Foydasiz narsaga urinma.
— Hali bo‘lmagan ishdan so‘rama, chunki bo‘lgan ishdan unga ortmaysan.
— Sening najotingga xayrxoh bo‘lmagan kishidan hojatingni so‘rama.
— Yolg‘on qasam ichishni yengil sanama, uning sababidan Alloh seni halok qilur.
— Fojirlar ila hamsuhbat bo‘lma, ularning fujurlaridan o‘rganasan.
— Dushmaningdan uzoq bo‘l. 
— Do‘stingdan ehtiyot bo‘l, ishonchlisi mustasno. Allohdan
qo‘rqqangina ishonchli bo‘lur.
— Qabrlar oldida odob bilan tur.
— Itoat vaqtida o‘zingni xor tut.
— Gunoh oldida najot arqonini mahkam ushla.
— Ishingda Allohdan qo‘rqqanlar ila maslahatlash. Zero, Alloh: «Allohdan olim bandalari qo‘rqadi» (Fotir, 28, mazmuni), deb marhamat qilgan».

KALIT VA TISH

Vahb ibn Munabbahga aytildi: «Jannatning kaliti «La ilaha illalloh» emasmi?
U kishi aytdilar: «Xuddi shunday, lekin har bir kalitning tishlari bo‘ladi. Kim jannat eshigiga o‘sha tishlar ila kelsa, eshik unga ochiladi. Kim jannat eshigiga o‘sha tishlar ila kelmasa, jannat unga
ochilmaydi».

SHUKRNI BERKITMOQ UNI INKOR ETMOQDIR

Bir ayol erining olijanob xulqlarini onasi oldida sifatlab, shunday dedi:
— Ey onajon, kim maqtov libosini yozsa, yaxshi ishni ado etibdi. Shukrni berkitgan kishi oshkora qilish vojib bo‘lgan haqiqatni yashirib, kufroni ne’matga kiribdi.
Onasi qiziga:
— Ey qizginam, maqtovni qoyillatibsan, uning mukofotini anglabsan, endi yomonlashga aslo o‘rin berma. Men senda maqtashni ham, yomonlashni ham faqat sinab ko‘rganingdan keyingina aytadigan aqlni ko‘rdim, — dedi.
Qiz:
— Ey onajon, to sinamagunimcha maqtamadim, shuningdek, bilmagunimcha sifatlamadim, — dedi.

U ZOTNING BIRODARLARIDAN BO‘LAYLIK

Abu Hurayradan, roziyallohu anhu, rivoyat qilinadi:
«Rasululloh qabristonga keldilar va:
— Mo‘minlar qavmida yashovchilarga assalomu alaykum! Biz ham, inshaalloh, sizlarga borib qo‘shilguvchilarmiz, deydigan birodarlarimizni ko‘rishni orzu qilardim, - dedilar. Shunda sahobalar:
— Biz sizning birodarlaringiz emasmizmi, yo Rasululloh? —deyishdi. Janobi Rasululloh:
— Sizlar mening sahobalarimsizlar, birodarlarimiz esa, hali kelganlaricha yo‘q, — dedilar, Sahobalar:
— Hali kelmagan ummatingizni qanday taniysiz, yo Rasululloh? — deb so‘rashdi. Rasululloh:
— Axir bir kishi o‘zining peshonasi va oyog‘i oq otlarini boshqa bir to‘da qop-qora otlar ichidan taniyolmaydimi? — dedilar. Sahobalar:
— Tanib oladi, yo Rasululloh, —deyishdi. Janobi Rasululloh:
— Ular qiyomatda dunyodagi tahoratlari sababidan peshonalari va oyoqlari nurli bo‘lgan holda keladilar. Men ulardan oldin havzi Kavsarga borgan bo‘laman. Ogoh bo‘linglar, bir qancha kishilar hovuzimdan adashgan tuyani haydagandek haydaladilar. Men ularga, bu yoqqa kelinglar, deb nido qilaman. Menga aytiladiki, ular sizdan so‘ng dinni o‘zgartirishgan. Shunda men: «Uzoq bo‘linglar, uzoq bo‘linglar», deyman.

* * *

Umar ibn Hattob o‘g‘illari Abdullohga (har ikkalasidan ham Alloh rozi bo‘lsin) yozgan ekanlar: «Ey o‘g‘ilcham, Allohdan qo‘rqqin. Zero, kim Allohdan qo‘rqsa, Alloh uni saqlaydi. Unga kim tavakkal qilsa, Alloh kifoya qiladi, kim Unga shukr aytsa, Alloh unga ne’matni ziyoda qiladi. Taqvo sening ko‘z qorachig‘ing, qalbing jilosi bo‘lsin. Shuni yaxshi bilginki, kim Alloh huzuridan savob umid qilmasa, unga ajr ham yo‘qdir. Kimda shafqat bo‘lmasa, unda mol-dunyo bo‘lmas, xulqi yo‘qda tirishqoqlik (yangilik) bo‘lmas.
Hazrati Umar, roziyallohu anhu, aytadilar:
— To kishida zaiflikdan bo‘lmagan muloyimlik, ko‘pollikdan bo‘lmagan kuch-qudrat topilmasa, bu ish (boshliq bo‘lish) o‘z samarasini bermaydi.

GUNOHKORNING XOTIRJAMLIGI

Avn ibn Abdulloh odamlarga nasihat qilib der ekanlar:
«Bizdan ham pok bo‘lgan zotlar, albatta, Allohdan qo‘rqadilar. Bizlar esa, bizga ega bo‘lmagan kishidan qo‘rqamiz. Pok bo‘lgan zotlar Allohdan qo‘rqishadi-yu, gunohkor qanday qilib xotirjam yuradi. Pok zotlar ilmi, fazilati tufayli Allohdan qo‘rqadi, gunohkor esa aqli kamligidan xotirjam yuradi».

JANNAT AHLLARI

Ibn Abbosdan, roziyallohu anhu, aytdilar; «Bir kuni Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, chiqib dedilar:
— Menga barcha ummatlar ko‘rsatildi. Bir payg‘ambar bir kishi bilan, yana bir payg‘ambar ikki kishi bilan, yana bir pay-g‘ambar bir to‘p kishilar bilan, yana bir payg‘ambar yolg‘iz o‘zi, hech bir hamrohi yo‘q holda o‘tdilar. So‘ng juda ko‘p olomonni ko‘rdim, ular ko‘pligidan uzoq-uzoq ufqlarni ham to‘sganlar, umid qildimki, shular mening ummatim bo‘lsalar. Shunda: bular Muso, alayhissalom, qavmlari bilan kelyaptilar, deyildi.
So‘ng menga, qaragin, deyildi. Qarasam, uzoqdan qoralikni ko‘rdim. Ular juda ko‘p bo‘lib, ko‘pligidan ufqni ham to‘sib qo‘yishgan edi. Keyin menga yana aytildi: “Hov, anavilarga, hov anavilarga kara!” Ko‘rsam, son-sanoqsiz insonlar, ular shuncha ko‘pki, yeru osmonni to‘ldirib yubordilar. Shunda menga: «Bular sening ummating», deyildi.
Bularning oldilarida yetmish ming nafar jannatga hisob-kitobsiz kiradiganlar kelmoqda. Ular hodisalardan shumlanmaganlar, folbinu sexrgarlarga bormaganlar, o‘zlarini o‘tda kuydirib davolamaganlar, faqat o‘z Robbisiga tavakkul qilgan kishilardir, — deyildi.
Shunda Ukkosha ibn Mixsan turib:
— Yo Rasululloh, duo qiling. Alloh meni shulardan qilsin, — dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
— Ey Alloh, buni o‘shalardan biri qilgin, - deb duo qildilar.
Shundan so‘ng boshqa odam turib:
— Allohga duo qiling, meni ham o‘shalardan qilsin, — dedi. Payg‘ambarimiz, alayhissalom:
— Bunga Ukkosha sendan oldin keldi,— dedilar».

Salohiddin Muhiddin tarjimalari
“Hidoyat” jurnalining 2002-yil, 9-sonidan olindi.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.