background
logotype
image1 image2 image3

Men qanday musulmon bo‘ldim?

Mening aytmoqchi bo‘layotganlarimni sizlar allaqachon bilasizlar: payg‘ambar Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) olib kelgan risolat haqiqat dinidir. Inson sifatida bizlarga ong, zakovat berilishi bilan birga, ulkan mas’uliyat ham yuklangan. Bu dunyo hayoti oxirat uchun tayyorgarlik maskani ekanini anglash, turli aldamchi o‘y-orzulardan saqlana olish Allohning yerdagi vakili qilib yaratilgan inson uchun g‘oyatda muhimdir.

Mazkur sinov dunyosidan o‘tolmaganlar qayta imtihon topshirishga qo‘yilmaydilar. Zero, Qur’oni karimda aytilishicha, ko‘plab insonlar Hisob kuni yana imkoniyat berilishini so‘rab yolborganlarida, Alloh taolo shunday der ekan: “Agar sizlarni orqaga qaytarsam, yana shu ishlarni qilasizlar”.

DASTLABKI DINIY TARBIYA

Men zamonaviy dunyoning barcha hashamatlari mavjud jamiyatda ulg‘aydim. Dastlabki diniy tasavvurni ota-onamdan oldim. Ular menga Xudo mavjud, U bilan Iso orqali aloqa qilinadi, deb o‘rgatishdi. Men shu e’tiqodga rioya qildim, lekin, e’tirof etaman, uni to‘la qabul qilolmaganman.
Isoning haykallarini ko‘p kuzatardim. Ular jonsiz toshlardan boshqa narsa emasdi. Xudoni uchta deyishganida ham fikrlarim chalkashib, boshi berk ko‘chaga kirib qolardim.

POP YULDUZI

Ulg‘aygan sarim dindan uzoqlashib bordim. Meni boshqa narsa — shou-biznes olami o‘ziga rom qildi. Biz yashagan davr barcha yoshlarning ideali, orzuyi zamonaviy rok-pop yulduzlari bo‘lish edi. Men ham shu oqimning yetakchilaridan bo‘ldim. Ehtimol, o‘sha paytlar pul topish, shou-biznes qilishni mening yagona xudoyim, deb o‘ylagan bo‘lsam ham ajab emas.
Tog‘amning chiroyli moshinasi bor edi. “U bunga qanday erishdi?”, derdim o‘zimga. “Uning puli ko‘p, shuning uchun!” deb xulosa qilardim.
Atrof-muhitning menga ta’siri shunaqa bo‘ldi. Mol-dunyoni “Xudo” deb o‘yladim. So‘ng hayotimni shu asosga qurishga ahd qildim: ko‘p pul topish, dabdabali yashash...
Bir-ikki o‘rtoqlarimni yig‘ib, qo‘shiqlar yarata boshladim. Boy bo‘lsam, muhtojlarga yordam beraman, degan niyatim ham yo‘q emasdi. Lekin odam biror narsaga erishsa, yanada ochko‘z bo‘lib ketarkan. Ko‘p o‘tmay maqsadlarimga ham erishdim: pul, shuhrat o‘zi oqib kela boshladi. Gazit-jurnallarda har kuni rasmlarim bosilardi. Borib-borib ko‘ngil bu rohat-farog‘atlardan ham qoniqmay qoldi. Spirtli ichimliklar ichishga mukkamdan ketdim.

SHIFOXONADA

Shon-shuhratlar cho‘qqisiga chiqqanimga bir yil bo‘lar-bo‘lmas qattiq kasal bo‘lib qoldim. Shifoxonada yotish menga hayotim haqida jiddiyroq o‘ylab ko‘rish imkonini berdi: Menga nima bo‘ldi? Qayday yashayapman? Shu jismni rohatlantirishdan boshqa maqsadim ham bormi dunyoda? Nega bu yerdaman? Nega yotibman?
Sharq falsafasiga azaldan qiziqishim bor edi. Shifoxonada yotgan kunlarim unga oid kitoblarni o‘qiy boshladim. O‘lim va ruhning ko‘chishi masalasi meni o‘ziga rom qilib oldi. Anglagan narsam shu bo‘ldiki, inson faqat tanadangina iborat emas ekan...
Bir kuni ko‘chada ketayotsam, yomg‘ir quyib yubordi. Darhol panaga qochdim. Ivib o‘tirib, miyamga bir fikr keldi: “Shoshma, tanamga yomg‘ir tekkach, u ho‘l bo‘layotgani haqida menga axborot berdi. Shu bois bu yoqqa qochdim. Demak, tana ham eshakday qaysi tomonga boshlasang, o‘sha yoqqa yuradigan narsa ekan-da. Faqat unga qayoqqa yurish kerakligini o‘rgatish kerak. Yo‘qsa, o‘zi xohlagan tomonga boshlab ketaveradi”.
Menda tanani Xudoning xohishiga ko‘ra boshqarish istagi tug‘ildi. Sharq falsafasiga yanada qattiq berildim. Nasroniylikdan ko‘nglim qolib bo‘lgandi.
O‘sha davrlarda yaralgan qo‘shiqlarimda mazkur hissiyotlarim aks etdi. Ulardan birida shunday satrlar borligini eslayman: “Xudo qandayligini bilsam edi, do‘zax qandayligini bilsam edi, shu chang bosgan kulbalarda ham Seni tanish mumkinmi?”
Qo‘shiqlarimdan biri hatto “Xudoni anglash yo‘li” deb atalardi. Bu qo‘shiqlar bilan shuhratim yanada oshdi. Iztiroblarim esa kamaymasdi. Bir tomondan, boylik, shon-shuhratim oshib borsa, ikkinchi tomondan haqiqatni topishga bo‘lgan intilishlarim ham kuchayib borardi. O‘ylab-o‘ylab, buddiylik eng to‘g‘ri yo‘l, degan qarorga keldim. Lekin hali uning shartlarini bajarishga tayyor emasdim. Tarkidunyochilik qilish qiyin edi.
Injilni qayta o‘rganib chiqib ham qalbimga halovat beradigan hech narsa topa olmadim. Unda hali Islom haqida hech narsa bilmasdim. Lekin men axtargan mo‘’jiza yuz berdi...
Akam Quddusga borib qaytdi. U yerdagi masjidga kiribdi. Odam to‘planganiga qaramay, u yerda tinchlik, sokinlik hukmronligini ko‘rib, qattiq ta’sirlanibdi. Shu taassurotlarini aytib qoldi.

QUR’ON

Akam Londonga qaytgach, Quddusdan olib kelgan Qur’onni menga hadya qildi. U hali musulmon bo‘lmagan, lekin Islomdan qattiq ta’sirlangani ko‘rinib turar edi. Shu bois ham menga Qur’onni o‘qishni tavsiya qildi.
Qur’on mening barcha savollarimga javob bera oladigan mukammal dasturilamal ekanini tasavvur ham qilmagan edim. Men kimman, yashashdan maqsadim nima, haqiqat nima o‘zi kabi savollarning barchasiga javob axtarishim Islomning haqiqiy din ekaniga imon keltirishim bilan yakunlandi. Din g‘arb tushunadigan nuqtai nazardan mutlaqo boshqacha ekan, u faqat keksalar uchun emas ekan. G‘arbda kim dinni mahkam tutsa, hayotini faqat u bilan bog‘lasa, bundaylar mutaassib hisoblanadi. Albatta, men mutaassib emas edim.
Mening tana va ruh to‘g‘risidagi tushunchalarim chalkash edi. Endi angladimki, ruh bilan tana bir-biridan ayri sanalmaydi. Dindor bo‘lish uchun toqqa ketish yo tarkidunyo qilish shart emas. Biz faqat Xudoning buyrug‘iga ergashishimiz kerak, xolos. Shunda darajamiz farishtalarnikidan ham yuqori bo‘ladi.
Men yana shuni angladimki, hamma narsa Xudoga tegishli, hamma narsani U yaratgan. Men o‘zimni o‘zim yaratmaganman. Men Islomdagi mukammal hayot yo‘liga amal qilish uchun yaratilganman.
Men o‘zimni musulmondek his qila boshladim. Mendagi kibr yo‘qola boshladi.
Qur’onni o‘qib, nasroniylikdagi ko‘plab chalkashliklarning sababini ham tushunib oldim. Xudo yuborgan barcha payg‘ambarlar bir xil e’tiqod olib tushishgan. Faqat odamlar keyinchalik ularni o‘zgartirib yuborgan. Nasroniylik bilan yahudiylik o‘rtasidagi farq va ziddiyatlar ham shundan. Yahudiylar Isoni (alayhissalom) qabul qilishmagan va Xudoning So‘zini o‘zgartirib tashlashgan. Nasroniylar ham haddilaridan oshib, Isoni (alayhissalom) “Xudoning o‘g‘li” deb atab olishgan.
Xullas, Qur’onni o‘qib, hamma savollarimga javob, ruhiy iztiroblarimga davo topdim. U yaratilgan narsalarga emas, faqat birgina Zotga, Buyuk Yaratuvchiga ibodat qilishni buyuradi. Qur’on oy va quyoshga Allohning yaratgan mo‘’jizalari sifatida qarashga o‘rgatadi. Biz quyosh bilan oyning bir-biridan farqli ekanini yaxshi bilamiz. Ular yerdan turli xil uzoqlikda joylashgan. Lekin bizga bir xil masofada ko‘rinadi. Ba’zi xususiyatlari bilan biri ikkinchisining o‘rnini bosa oladi ham.
Fazogirlar samodan yerning zarradek kichik ekanini ko‘rib, butun Koinot Allohning cheksiz rahm-shafqati va inoyati bilan shu kichikkina zarraga xizmat qilayotganini yaxshi bilishadi. Bunaqa mo‘’jizalarni ko‘p ko‘rishganidan ularning aksariyati xudojo‘y bo‘lib ketishgan.
Qur’onni o‘qib chiqqach, menda musulmon birodarlar bilan tanishish istagi tug‘ildi.

MEN MUSULMONMAN

Men ham akamga o‘xshab Quddusga safar qildim. U yerda musulmonlar bilan tanishish uchun bir masjidga kirdim. Taraddudlanib turganimni ko‘rib, bir kishi mendan nima qilmoqchiligimni so‘radi. Chamamda, u mendan shubhalandi. Men unga niyatimni aytdim. So‘ng birgalashib masjidga kirdik.
Londonga qaytgach, Nafisa ismli muslima bilan tanishdim. Unga musulmon bo‘lmoqchiligimni aytganimda, Yangi Qirollik masjidiga borishimni tavsiya qildi. Bu voqea 1977 yil sodir bo‘lgan edi. 
Nafs va shayton istaklaridan voz kechib, to‘g‘ri yo‘lga yuz tutish payti kelgan edi. Bir kuni juma namozidan so‘ng imom huzuriga kirdim va uning oldida shahodat kalimasini aytib, imon keltirdim.
Hech qanday vositalarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri Allohga bog‘lanish, murojaat qilish menga bir olam huzur bag‘ishladi. Alloh bilan banda o‘rtasida hech qanday to‘siq yo‘q ekani mening Islomga muhabbatimni yanada oshirib yubordi.
Islomning mukammal din ekaniga imon keltiraman. Qur’onning Alloh kitobi va Muhammadning (sollallohu alayhi va sallam) Alloh payg‘ambari ekaniga guvohlik beraman. Hidoyatga boshlagan Rabbimizga hamdlar bo‘lsin.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) yo‘llarini mahkam tutaylik, shundagina najot topamiz.

Behzod ABDUSAMAD tarjimasi
“Hidoyat” jurnalining 2004-yil, 5-sonidan olindi


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.