background
logotype
image1 image2 image3

Kecha va kunduz hikmati

U eslatma olmoqchi yoki shukr qilmoqchi bo‘lgan kishilar uchun kecha va kunduzni (o‘zaro) o‘rinbosar qilib qo‘ygan zotdir” (Furqon, 62).

1. Kecha va kunduzning (o‘zaro) o‘rinbosar qilinishi. Oyati karimadagi “xilfatan” (o‘rinbosar qilib) so‘zi xususida Abu Ubayda (r.a.) bunday degan: “Bu lafz bir narsadan keyin kelgan ikkinchi narsa haqida qo‘llanadi. Kecha bilan kunduz biri boshqasining ortidan keladi”.

Ibn Abbos (r.a.) esa bunday tafsir qilgan: “Alloh taolo kecha va kunduzni bir-biriga o‘rinbosar qildi. Shunga ko‘ra, kechasi biror ish boshlab tugatolmagan bo‘lsa, uni kunduzi oxiriga yetkazadi yoki aksincha”.

Anas ibn Molik (r.a.) aytadi: “Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bir kuni kechalari Qur’on o‘qiy olmaydigan hazrat Umar (r.a.)ga: “Ey Xattobning o‘g‘li, Alloh sen haqingda oyat tushirdi”, dedilar va ushbu oyatni o‘qib, “Kechalari qilolmagan ibodatingni kunduzingda, kunduzlari qilolmagan ibodatingini esa tunlaringda ado et”, deb buyurdilar” (Faxriddin Roziy).

Mujohid ikkinchi xil tafsirni aytadi: “Xilfatan” so‘zi xilof (bir-biriga teskari) so‘zidan olingan. Ya’ni kunduz yorug‘, kecha qorong‘uligi uchun shunday ifodalangan. Ammo birinchi tafsir kuchliroq va to‘g‘riroqdir.

“...eslatma olmoqchi yoki shukr qilmoqchi bo‘lgan kishilar uchun... ya’ni, Alloh taolo buni behuda yaratmaganini bilganlar uchun. Zero, bunday zotlar mazkur haqiqatni bilganlaridan keyin Alloh taolo yaratgan borliqqa ibrat nazari bilan qaraydilar. Aql, fikr, anglash va fikrlash qobiliyati kabi ne’matlar uchun shukr qiladilar.

Umar ibn Xattob, Ibn Abbos va Hasan (r.a.) oyati karimani bunday sharhlashgan: “Kechqurun biror xayrli ishni qilolmaganlar, kunduzi amalga oshiradi. Kunduzi uddalolmaganlar esa, kechasi bajaradi”. Sahih hadisda bunday marhamat qilingan: “Kimning kechasi o‘qiydigan namozi bo‘lsa-yu, bostirib kelgan uyqusi o‘qishiga xalal berib, quyoshning chiqishi bilan peshin namozi orasida (o‘sha namozini) o‘qisa, albatta, Alloh taolo bu bandaga o‘sha namozning ajrini yozadi va uyqusi ham sadaqa (kabi) bo‘ladi” (Nasaiy rivoyati).

2. Kamroq uxlash bilan vaqtdan yutish. Ibn Arabiy aytadi: “Alloh taolo bandani jonli va ilm sohibi qilib yaratgan. Uning kamoli ham shu bilan. Buning ziddiga esa unga uyqu ofati va daf’i hojat ehtiyojini berish bilan xilqatini noqis qilgan. Zero, komillik Yaratuvchiga xosdir. Shu ma’noda kishi oz yeyish va Alloh taoloning itoati yo‘lida bedor bo‘lish bilan uyqusini bartaraf eta olsa, shuni qilsin. Kishi oltmish yil yil yashasa, kechalarni uxlab o‘tkazish bilan umrining yarmini behudaga sovursa, kunduzlarining oltidan birini ham dam olish maqsadida uxlab o‘tkazsa va natijada, umrning uchdan ikki qismini uyquga “bag‘ishlashsa”, bu chindan ham afsuslanarli holdir. Uchdan ikki qism umrini foniy lazzatlar yo‘lida sarf qilishi o‘rniga hech narsaga muhtojligi yo‘q, aslo zulm qilmaydigan va amallar mukofotini to‘liq beradigan Zotning roziligi va abadiy lazzat yo‘lida bedor bo‘lmaslik eng katta nodonlik va aqlsizlikdir”.

3. Kecha va kunduzning fazilati. Ibn Arabiy aytadi: “Narsalar asliy jihatdan bir-biriga o‘xshaydi. Ustunlik sifatda namoyon bo‘ladi. Kecha va kunduzdan qaysi birining fazilatliroq ekani xususida turli fikrlar bor. Ammo kunduzning fazilati ortiqligiga dalillar rad etib bo‘lmas darajada bisyor. To‘g‘risini Alloh bilguvchiroqdir”.

Imom Qurtubiyga ko‘ra esa, kechaning qadri juda ulug‘dir. Shuning uchun ham Alloh taolo payg‘ambariga kechalari namoz o‘qishni amr qiladi: “Tunda (bedor bo‘lib, namozga) turing! Faqat ozgina (uxlashga vaqt qolsin) (Muzzammil, 2).

Mo‘minlar ham kechalari namoz o‘qishgani uchun “Ularning yonboshlari o‘rindiqlardan ajrab turar (oz uxlaydilar) deb madh etadi (Sajda, 16). Payg‘ambarimiz (a.s.): “Suv olovni o‘chirganidek, sadaqa gunohni o‘chiradi. Kishining yarim kechasi o‘qigan namozi... va kechasi Alloh taolo duolarni qabul qiladigan vaqt bor...” degan so‘zlaridan ham kechaning fazilati naqadar ulug‘ligini bilib olish mumkin.

4. Shukr qilmoqchi bo‘lganlar. Bu o‘rinda zikr qilingan shukr Alloh taoloning kecha bilan kunduzni hayot kechirish asosi qilgani sabablidir. “Nima u Rahmon?” (Furqon, 60) deydigan kimsalar kecha va kunduz haqida aql bilan fikr yuritsalar edi, ikkisi tengsiz ne’matligini tushungan bo‘lardilar. Natijada esa, Rahmon bu ne’matlarni bandalarga tortiq qilgan Zot ekanini anglab yetardilar va shukrini ado etardilar.

Imom Qurtubiy va Faxriddin Roziy tafsirlari asosida No‘mon Abdulmajid tayyorladi.

“Irfon” taqvimining 2013 yil 1-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.